Ma'naviyat va mafkura bir-birlari bilan mustahkam bog’langandir.
Ma'naviyat insonning ruhiyati, o'zini-o'zi anglashi, yuksaklikka intilishidagi salohiyati bo'lsa, mafkura - ma'lum bir davlat, jamiyat, millat, sinf va ijtimoiy guruhlar huquqiy, falsafiy, badiiy, diniy g'oya, nazariya va qarashlar tizimi hisoblanadi.
Mafkuraning ma'naviyatda tutgan o'rni shundaki, u inson, jamiyat, yohud millat yoki guruhlarning intilishlari, ruhiyatlari va kayfiyatlarini o'zida mujassamlashtiradi. Ma'naviyat singari mafkuraning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi roli nihoyatda kattadir.
Prezidentimiz Islom Karimov ta'kidlaganidek,
«Mafkura faqat bugun emas, balki hamma zamonlarda ham eng dolzarb siyosiy-ijtimoiy masala, har qanday jamiyatni sog'lom, ezgu maqsadlar sari birlashtirib, uning o'z muddaolariga erishishi uchun ma'naviy-ruhiy kuch-quvvat beradigan poydevor bo'lib kelgan»
Mafkura jamiyat taraqqiyotida quyidagi vazifalarni bajaradi:
birinchidan
davlat rivojlanishining iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va ma'naviy-ma'rifiy sohalaridagi vazifalarni o'zida mujassamlashtiradi;
ikkinchidan
bir davlat, bir mamlakat miqyosida barcha fuqarolarni, turli millat, elat, sinflar va ijtimoiy guruhlarni bir g'oya va maqsad sari birlashtirishga xizmat qiladi;
uchinchidan
davlat olib boradigan ichki va tashqi siyosat g'oyalarini o'zida mujassamlashtirib, uni fuqarolarga targ'ib etadi;
to'rtinchidan
Davlat doirasida yashayotgan fuqarolarni yaratuvchilik, bunyodkorlik, ijodkorlik faoliyatlarini faollashtiradi va ularni jamiyat maqsadlariga yo’naltiradi;
beshinchidan
xalqning orzu-umidlarini o'zida ifoda ettiradi, jamiyatda mavjud bo'lgan muammolarni hal qilish uchun butun jamiyat va fuqarolarni harakatga keltiradi;
oltinchidan
mafkura jamiyatda ma'lum siyosiy, iqtisodiy va ma'naviy-ma'rifiy qarashlarni shakllantiradi.
Mustaqillik bizni porloq rivojlanish imkoniyatlariga ega qildi. Xalqimiz katta orzu-ma qsadlar va intilishlar bilan yashayapti. Huquqiy davlat, adolatli fuqarolik jamiyati - oldimizda turgan nurafshon manzildir.
Ammo bu manzillar o'z-o'zidan dunyoga kelmaydi, uni o'z-o'zidan mashaqqatsiz, izlanishlarsiz, yaratuvchilik, ijodkorlik ishlarisiz egallanmaydi.
Yangi jamiyat yuksak darajada rivojlangan ongni, ma'naviy kamolotni yanada baland bosqichga ko'tarilishini taqozo etadi. Ilg’or demokratik qoida va tushunchalar bilan boyigan milliy mustaqillik mafkuramiz ana shu yangi ma'naviyatning hal qiluvchi mezonlaridan biridir.
Yuqoridagilardan kelib chiqadigan bo'lsak, ma'naviyat mafkurasiz rivojlana olmasligini ko'ramiz. Chunki, inson ruhiyatini shakllantirish, milliy qadriyatlarni tiklash va jamiyat maqsadlarini amalga oshirishda mafkura harakatga keltiruvchi kuch sifatida katta ahamiyat kasb etaveradi.