Mashg'ulotlarni kuzatish bo'yicha umumiy ko'rsatmalar Ijobiy natijalarga erishish ta'lim jarayonining to'g'ri tashkil etilishiga bog'liqdir. Mashg'ulotlarga kirishda, eng avvalo, gigienik sharoitlarga rioya qilishga e'tibor berish kerak: mashg'ulot o'tkaziladigan xona yaxshi shamollatilgan bo'lishi lozim; me'yoriy yoritilgan va yorug'lik chap tomondan tushib turgan bo'lishi kerak; jihozlar, asbob-uskuna va materiallar hamda ularni joylashtirish pedagogik, gigienik va estetik talablarga javob berishi kerak. Mashg'ulotlarning davomiyligi belgilangan me'yorlarga muvofiq kelishi kerak, vaqtdan esa to'liq foydalanish lozim. Mashg'ulotning boshlanishi, bolalar e'tiborining uyushtirilishi, bolalar oldiga ta'lim yoki ijodiy vazifalarning qo'yilishi, uni bajarish usullarining tushuntirilishi katta ahamiyatga egadir.
Tarbiyachining ishi kuzatilar ekan, uning bolalar bilan aloqasini, ularning muvaffaqiyatlariga qiziqish bildirilayotganligini, ularga xayrixohlik va mohirlik bilan munosabatda bo'linayotganligini, bolalar oldiga o'quv-ijodiy topshiriqning qo'yilishini e'tiborga olish muhimdir. Ayniqsa, tarbiyachining nutqiga (savodli, tushunarli, emotsional ta'sirli qilib gapira oladimi) alohida e'tibor berish kerak.
Tarbiyachi harakat usullarini tushuntirishi, ko'rsatishlar vaqtida bolalarni faollashtirishi, ularni aytayotgan gaplarni anglashga, eslab qolishga undashi muhimdir. Bolalarga u yoki bu holatni takrorlashlariga, aytishlariga (masalan, masalani hal qilish, o'yinchoqni qanday yasash) imkon berish kerak. Tushuntirishlar 3-5 daqiqadan ortiq vaqtni olmasligi kerak.
Pedagog mashg'ulot davomida bolalarning individual xususiyatlarini nazarda tutib, bolalarni ishda faol qatnashishga jalb qiladi, ularda o'quv faoliyati malakalarini tarkib toptiradi, o'z harakatlarini baholash va nazorat qilish qobiliyatlarini o'stiradi. O'quv vaziyatidan bolalarda o'rtoqlariga nisbatan xayrixohlik bilan munosabatda bo'lish, chidam, maqsadga intilganlikni rivojlantirishdan foydalaniladi.
Mudira e'tibor beradigan asosiy ob'ekt, bu bolalar hamda bo'ladigan mashg'ulotning boshlanishi va davomiyligi xatti-harakatlaridir. U bolalarning mashg'ulotlarda xatti-harakat qoidalarini bajarayotgan yoki bajarmayotganliklarini kuzatadi. Mashg'ulotlarda bolalar to'g'ri o'tirishlari, chalg'iyvermasliklari, tarbiyachi va o'rtoqlarining gaplariga diqqat bilan quloq solishlari, faqat tarbiyachi so'ragandagina javob berishlari kerak; javob berayotganda o'rinlaridan turishlari, agar kerak bo'lsa, stol yoniga kelishlari lozim; rasm bo'yicha gapirganda ko'rsatkichdan foydalanishlari lozim. Kattaroq bolalar o'z ish joylarini darhol tayyorlay olishlari, kerakli materialni (bo'yoq, suv, plastilin va shu kabilarni) olib kelishlari, zarur mavzuda ishlay olishlari kerak.
Mashg'ulot davomida asosiy e'tibor dastur materialining bolalar tomonidan o'zlashtirilishiga, bolalar bilimining sifatiga, nutq, qo'l va harakat ko'nikmasi hamda malakalarining rivojlanganlik darajasiga qaratilishi lozim. Mashg'ulot kuzatilar ekan, ayrim bolalar qanday ishlayotganligini qayd etish, ayrim topshiriqlarni bajarish vaqtida yuzaga kelgan qiyinchiliklarni aniqlash muhimdir. Mudira dalillarni qayd etadi, keyin shular asosida bolalar tomonidan bilimlarning egallanishi, ko'nikma va malakalarning shakllanganligi haqida xulosalar chiqaradi.
Shuningdek, maktabgacha ta'lim muassasasining mudiralari (bir guruhda turli yoshdagi bolalar tarbiyalanadigan) yoshga qarab guruhchalarga bo'lish qanday tashkil etilganligi (kichik va katta guruhchalar qayerda va qanday joylashtirilganligi, guruhchalar ishini qanday boshlaganliklari - bir vaqtda boshlagan yoki boshlamaganligi, qaysi guruhcha oldinroq shug'ullana boshlaganligi) va har qaysi yoshga ko'ra bo'lingan guruhchalar uchun mashg'ulotning davomiyligi, mashg'ulot yakunida kichik bolalar nima bilan mashg'ul bo'lishgan hamda katta bolalar ishda davom etib turishganda ular o'zlarini qanday tutishgani, tarbiyachi barcha bolalarning faol faoliyatlarini qanday usullar bilan ta'minlagani, u o'z diqqatini bolalarning ikki-uch guruhchasiga taqsimlay olgan yoki olmaganligi, har bir bola faoliyatini nazardan qochirgan-qochirmaganligi, bolalarda e'tiborning to'planganligi va mustaqillikning tarbiyalangan-tarbiyalanmaganligi haqida qo'shimcha tarzda tushuntirishi kerak.
Mudira qanchalik ko'p narsani ko'ra olsa va eslab qola olsa, u mashg'ulotning ijobiy tomonlari va nuqsonlarini shunchalik chuqur tahlil qila oladi, u chiqaradigan xulosalar shunchalik ishonchli bo'ladi.
Kuzatishlar vaqtida yozib borish kerakmi va u qaysi sxemada bo'lishi kerak? Yozuvlar ko'rilganlarni, kuzatilayotgan narsalar haqida o'z fikrini, ijobiy yoki salbiy dalillarni qayd etish uchun zarurdir. Mashg'ulotlarni tahlil qilishda xulosalarni isbotlashga asoslashga yordam beradi.
Qanday yozish kerakligi haqidagi masala printsipial masala emas: har kim o'ziga qanday qulay bo'lsa, shunday yozaverishi mumkin.
Kuzatish va dalillarni to'plash ishning birinchi yarmi bo'lsa, ikkinchisi dalillarni tahlil qilish va pedagogik jarayonning yutuqlari va kamchiliklari haqida asosli xulosalar chiqarishdan iborat. Amalda esa quyidagi kabi holatlar uchraydi: mudira tarbiyachining ishini tahlil qiladi va xulosalar chiqaradi, ammo ularni aniq dalillar, ishonarli misollar bilan tasdiqlamaydi. Bunday hollarda xulosalar tasodifiy, sub'ektiv tuyulishi mumkin. Boshqacha ham bo'ladi: mudiri mashg'ulotni diqqat bilan kuzatgan, ko'pgina dalillarni yozgan va eslab qolgan, ammo bu dalillarni tahlil qilmagan, ularni umumlashtirmagan, shuning uchun chiqarilgan xulosa va tarbiyachiga berilgan tavsiyalar bunday vaqtda retseptiv xarakterda bo'lib qoladi. Demak, mudira o'zida kuzatish, dalillarni ko'rish, shuningdek, ularni tahlil qilish, umumlashtirish ko'nikmasini tarkib toptirish kerak. Mashg'ulotlarni tahlil qilish uchun: 1) mashg'ulotning tashkil etilishini; 2) dastur mazmunini; 3) mashg'ulotni o'tkazish metodikasini; 4) uning natijalarini (ya'ni tekshirish vaqtida bolalardagi bilim, ko'nikma, malaka hamda ularning xatti-harakatlarini) ko'rib chiqish kerak bo'ladi.