Davriy parazitizmda-organizmlarning rivojlanish sikllarida parazitizm gallanadi. Ayrim organizmlar lichinkalik davrida parazit (larval parazitizm, masalan: mermitidalar). Ayrimlari esa voyaga yetgan davrida parazitlik qiladi.
Masalan: nematodalardan-Strongilidalar.
Doimiy parazitizmda parazit tashqi muhitga chiqmaydi. Rivojlanishning hamma bosqichlarini xo‘jayin tanasida o‘tkazadi. (bitlar, junxo‘rlar, parxo‘rlar, qichima kanalari va boshqalar).
Shuningdek, obligat hamda fakultativ xo‘jayinlar ham uchraydi.
Rivojlanishi uchun qulay sharoit bo‘lgan organizm parazitning obligat yoki haqiqiy xo‘jayini hisoblanadi.
Jigar qurtining haqiqiy xo‘jayini qo‘y, aksincha parazitning rivojlanishi uchun qulay sharoit yetarli bo‘lmagan organizm fakultativ xo‘jayin deyiladi. (o‘rdaklarda drepanidoteniylar).
Ayrim hollarda giperparazitizm (o‘ta parazitlik) uchraydi. Bunda bir parazit ikkinchi parazitning tanasida yashaydi.
Masalan, ayrim bir hujayrali hayvonlar apikomplekslar (sporalilar) dan nozemalar toksakara degan nematodaning jinsiy organlarida yoki tasmasimon chuvalchanglardan-moniyeziylarning tanasida parazitlik qiladi.
Parazitning jinsiy voyaga yetgan davri yashab, uning jinsiy yo‘l bilan ko‘payadigan davri kechadigan hayvon organizmi asosiy xo‘jayin hisoblanadi.
Masalan, exinokokkning asosiy xo‘jayinlari-itlar, bo‘rilar, tulkilar, mushuklar va boshqa go‘shtxo‘rlar, ya’ni yirtqich hayvonlardir, qoramol va cho‘chqa tasmasimon chuvalchanglarining asosiy xo‘jayini odam, toksoplazmaning asosiy xo‘jayini mushuklar hisoblanadi.
Oraliq xo‘jayinlarda parazitlarning tuxum va lichinkalik davrlari rivojlanadi. Parazitlar oraliq xo‘jayinlarida partenogenetik (jinssiz) yo‘l bilan ko‘payishi ham mumkin. Masalan, Jigar qurtining lichinkalari.