Bozor tizimida raqobatning mukammal va nomukammal raqobatdan iborat ikki asosiy turi bor: Mukammal yoki sof raqobat shunday raqobatki, unda ko’pchilik qatnashadi. Erkin raqobatli bozorda sotuvchilar va haridorlar ko’pchilik bo’lib, ulardan hech biri monopol mavqeiga ega bo’lmaydi, bozorda zo’ravonlik qilib o’z izmini yurgiza olmaydi.
Nomukammal raqobat cheklangan raqobat, tabiatan monopol raqobatdir. Bunda ko’pchilik bo’lmagan, lekin tovarlarning katta qismini taklif etuvchi yoki sotib oluvchi firmalar raqobatlashadi. Nomukammal raqobatning oligopolistik raqobat degan turi ham borki, unda g’oyat ozchilik, lekin yirik firmalar qatnashadi. SHu boisdan raqobat tor doirada yuz beradi. Oligopolistik raqobatga misol qilib avtomobil bozoridagi raqobatni olish mumkin Masalan, Germaniyada «Mersedess-Benq», «BMV», «Folsvagen» va «Opelь» kabi firmalar avtomobil bozorida raqobatlashadilar, ularga bas keladigan firmalar umuman yo’q. Ammo ular ham jahon bozorida «Ford», «Tayota», «Pejo», «Volьvo» kabi firmalar raqobatiga yo’liqadi.
Nomukammal raqobatning yana bir turi sof monopolistik raqobatdir. Bu raqobatga xos belgi u yoki bu tarmoqda aynan bir firmaning hukmronlik qilishidir. Masalan, Toshkent traktor zavodi O’zbekistondagi traktor bozorida tanho hukmron, undan boshqa traktorsozlik zavodlari yo’q. Lekin chetdan, xorijiy mamlakatlardan keltirilgan traktorlar uning tovari bilan raqobatlashadi.
Sof monopoliya sharoitida hukmron firmalar resurs bozorida haridor sifatida bellashadilar. Ular sifatli va arzon resurslarni qo’lga kiritish, malakali ish kuchini sotib olish uchun raqobatga kirishadilar. Binobarin, ishlab chiqarish qanchalik ozchilik qo’lida to’planmasin, baribir raqobat yo’qolmaydi. Sof monopoliyani ikki omil yuzaga keltiradi: a) texnologik monopoliya — texnikaviy yangiliklar yirik firmalar qo’lida to’planadi, natijada o’zgalar ulardan foydalana olmaydilar yoki foydalangan taqdirda ham bunga katta pul to’laydilar, natijada ularning tovarlari qimmatga tushib, raqobatga chiday olmaydi; b) tabiiy monopoliya — yer osti va yer usti boyliklari ayrim firmalarning ixtiyorida bo’lib, boshqalar ulardan foydalana olmaydi. Masalan, bir firma neftga boy yerni sotib olgan bo’lsa, boshqa firmalar shu yerda neft qazib olib, neft bozorida raqobat qila olmaydi.
Bozor amaliyotida raqobat turlari yonma-yon turadi va hatto tutashib ham ketadi. Masalan, O’zbekistondagi dehqon bozori vabuyum bozorlarida sof raqobat, resurslar bozorida ham sof raqobat, ham nomukammal raqobat va uning har xil ko’rinishlari mavjud.