Mulk muammosi – eng murakkab muammolardan biri. U turlicha talqin etiladi. Sharhlariga va bir-biridan farqiga to‘xtalmay, ularning eng keng tarqalganlarini misol keltiramiz. Mulk – bu ishlab chiqarish omillari, xodimlarni ishlab chiqarish vositalari bilan bog‘lashning usullaridan biri. Taqsimot usuli mulkning asosiy mazmunini tashkil etadi. Mulk ishlab chiqarishni boshqarishda ishtirok etish shakli bilan tavsiflanadi. Nihoyat, mulkni ifodalash uchun butun iqtisodiy munosabatlar tizimini ochib tashlash zarur, bu demak, u o‘zini jamiki iqtisodiy munosabatlar yig‘indisida namoyon etadi.
Bizning fikrimizcha, ana shu sifatlardan birini eng to‘g‘risi, deb tanlashga urinish, nuqtai nazarlardan har birining tarafdorlari o‘z mulohazalarini yoqlashiga qaramay, o‘zini oqlamaydi. Shunga qaramay, ana shu sifatlarni diqqat bilan o‘qib chiqishga harakat qilib, o‘ylab ko‘raylik-chi: umuman, shu o‘rinda munozara uchun ob’ekt bormi? Nahotki shu nuqtai nazarlar bir-biri bilan murosaga kelmaydigan darajada bo‘lsa?
Bizning javobimiz bitta. Ana shu nuqtai nazarlarning hammasi to‘g‘ri.
Bunday xulosa quyidagi mulohazalardan kelib chiqadi:
Mulkning birinchi sifati-birgina va bevosita ishlab chiqarishga aloqador. Bu demak, u xodimning ishlab chiqarish jarayonining o‘zidagi ishlab chiqarish vositalariga munosabatlarini tavsiflaydi. Ikkinchi sifati -taqsimot munosabatlari bilan chegaralanadi, ya’ni kim taqsimotni amalga oshirsa, mulkiy munosabatlarni ham u amalga oshiradi. Uchinchi sifat -mulkchilik munosabatlarini ishlab chiqarishni boshqarishga dahldorlik ko‘zgusi orqali ko‘rib chiqadi va nihoyat, to‘rtinchi sifat - bizni mulkchilik munosabatlariga xo‘jalik sub’ektlari kirishadigan jamiki iqtisodiy munosabatlar nuqtai nazaridan kelib chiqib, nazar tashlashimizga turtki vazifasini o‘taydi.
Barcha nuqtai nazarlar to‘g‘ri, zero, ularning har biri mulkka iqtisodiy munosabatlarning qandaydir bir kesmasini (ishlab chiqarishdagi, taqsimotdagi, boshqaruvdagi, umuman, iqtisodiyotdagi) aks ettiradi, ularning har biri boshqa tavsiflarni to‘ldiradi, boyitadi, deb xulosa chiqarish mumkin. Bu pirovard natijada, so‘nggi serqamrov sifatda o‘z ifodasini topadi. Ammo bundan, aynan shu sifat to‘g‘ri, deb xulosa chiqarish mumkin emas. Sababi, tahlil doirasida biz voqelikning o‘ziga xos jihatlarini alohida-alohida olib (mazkur holda mulkning), chuqur ko‘rib chiqamiz, bu bizni yangi bilimlar bilan boyitadi. Mulkning iqtisodiy munosabatlar tizimi sifatidagi tavsifi esa, o‘sha mulkchilik munosabatlari turli tomonlarining sintezidir. Mulkchilik munosabatlarini tadqiq etishga aynan shunday yondashuv, bir tomondan, samarasiz munozaralarni iloji boricha kamaytiradi, ikkinchi tomondan, mulkni har tomonlama, turli qiyofada ko‘rib chiqish imkonini ochib beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Gossen. «Entwicklung der Gesetze des menschlichen Verkehrs und der daraus fliessenden Regeln für menschliches Handeln», 1854
Iqtisod nazariyasi. Vahobov A., O‘lmasov A. 2014.
А.Смит. «Исследование о природе и причинах богатства народов». М.: Директ-Медиа, https://biblioclub.ru/index.php?page=book_red&id=560822014
А.Ўлмасов, М.Шарифхўжаев. Иқтисодиёт назарияси. Т.: Меҳнат, 1995. - 265 б.
Алексей Михайлович Волков. Швеция: социально-экономическая модель. Справочник. М.: Мысл, 1991
Альфред Маршалл. Принципы политической экономии. В трех книгах. М.: Прогресс, 1983
Dostları ilə paylaş: |