11-MAVZU. MUSTAQILLIK YILLARIDA QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI....
4.Qoraqalpog‘iston Respublikasida ekologik ahvol. Orol fojiasi. Ekologik holatni yaxshilash borasidagi davlat siyosati. Orol dengizi boy tabiiy resursi bilan mashhur bo‘lgan. Bu dengiz biologik jihatdan boy ekotizim sifatida e’tirof etilgan. 1964-yilgacha dengiz hududi 68,9 ming kvadrat kilometrni tashkil etgan. Yiliga 30-35 ming tonnagacha baliq etishtirilgan. Noyob flora va faunasi dunyoga mashhur edi. Afsuski, suvdan noto‘g‘ri va tartibsiz foydalanish natijasida so‘nggi 50-55 yil ichida suv hajmi 15 barobarga tushib, sathi 29 metrga pasaydi. Dengizning qurigan hududini oq tuz konlari egalladi. Hayvonot va o‘simlik dunyosi tobora yo‘qolib bormoqda.
Dengizning qurib qolgan tubida vaqti-vaqti bilan chang va sho‘r bo‘ronlar kuzatiladi. Jumladan, har yili 100 million tonnaga yaqin qum-tuz bo‘ronlari bo‘lib, 400 kilometrdan ortiq masofaga tarqaladi. Bu esa insonlarning sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Hududda nafas yo‘llari, onkologik, surunkali bronxit kabi kasalliklar kuzatilmoqda. Atrof-muhitning buzilishi iqtisodiy ko‘rsatkichlar pasayishiga ham sabab bo‘ladi. Hududda chorvachilik va baliqchilik sohasi oqsamoqda. Iqtisodiy zarar ko‘rsatkichi ortib bormoqda.
Orol dengizi fojiasi natijasida yuzaga kelgan suv resurslari tanqisligi, yer degradatsiyasi, cho‘llanishning kuchayishi, bioxilma-xillikning keskin kamayishi va boshqa jiddiy iqlim o‘zgarishlari jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.
Orol halokati oqibatlarini yumshatish bo‘yicha mintaqa hududida 500 dan ortiq keng miqyosli loyihalar amalga oshirildi, qurigan dengizning 350 ming gektar maydoniga saksovul va sho‘rga chidamli o‘simliklar ekilib, butazorlar barpo etildi. Bugun bunday hududlarning umumiy maydoni qariyb 700 ming gektarga etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017-2021yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi qabul qilindi. Moliya vazirligi huzurida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish jamg‘armasi tuzildi va unga 200 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Hozirda ushbu mablag‘lar hisobidan amaliy ishlar qilinmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisining suv ta’minoti, turmush sharoitini yaxshilashga ko‘maklashilmoqda.
Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faol birlashtirish, BMT tomonidan Orol fojiasidan jabr ko‘rgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 2017 yil qabul qilingan maxsus dastur to‘liq amalga oshirilishi masalasiga jahon hamjamiyati e’tiborini qaratgan edi.
Shuningdek, joriy yilning 7-8 iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar: yangi yondashuvlar, innovatsion echimlar va investitsiyalar” mavzusidagi xalqaro anjumanda qabul qilingan rezolyusiya bu borada amaliy echim sifatida xizmat qilishi shubhasiz.
Darhaqiqat, hozirgi kunda Orolbo‘yi hududida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, mintaqaning suv va ekologiya bilan bog‘liq muammolariga echim topish bo‘yicha qo‘shni davlatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish lozimligi yanada yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda.
Yaqinda Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining majlisida Prezidentimiz ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratdi. O‘z navbatida, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishda mintaqadagi davlatlarning o‘zaro hamkorligi borasida ustuvor ahamiyatga molik konstruktiv yo‘nalishlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Prezidentimiz Orol muammosi mintaqa hayoti va kelajagiga daxldor dolzarb masala ekani, muzokaralarda anchadan buyon to‘planib qolgan savollar ochiq va konstruktiv muhokama qilinganini, endi qog‘ozdan amaliy ishga o‘tilishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Ayniqsa, mintaqa davlatlari umumiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda, ushbu fojia oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, mintaqaning suv va ekologiya bilan bog‘liq muammolariga echim topish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarni birlashtirish lozimligi qayd etildi. Darhaqiqat, mintaqa davlatlarining barchasi Jamg‘arma faoliyatida, jumladan, Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha to‘rtinchi Dasturni ishlab chiqish va o‘zaro kelishish jarayonida to‘laqonli qatnashishi bu boradagi umumiy muammolarni hal etish va tahdidlarni bartaraf qilishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasizdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish yuzasidan taklif etilgan konstruktiv yo‘nalishlar xalqaro jamoatchilik tomonidan ham e’tirof etilmoqda.