11-MAVZU. MUSTAQILLIK YILLARIDA QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI....
2. Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘zgarishlar. Ma’naviy-madaniy sohadagi yangilanishlar.
Davlatimiz rahbari 2017-yil 20-21 yanvar kunlari Qoraqalpog‘istonda bo‘lib, hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni belgilab bergan edi. O‘tgan vaqt mobaynida ular to‘la amalga oshirildi.
Tashrif yakunlariga ko‘ra ishlab chiqilgan dasturga muvofiq, sanoatni rivojlantirish borasida umumiy qiymati 160 milliard so‘mga yaqin 242 loyiha bajarildi. Bu qariyb 4 ming ish o‘rni yaratish imkonini berdi.
Masalan, Qorao‘zak tumanidagi "Qoraqalpoq sement" korxonasida birinchi bosqichda yiliga 200 ming tonna sement, Nukus shahridagi "Texnik global" korxonasida "Samsung" brendi ostida yiliga 150 ming televizor, "Nukus polimer" korxonasida yiliga 8 ming tonna polietilen quvurlar va xo‘jalik buyumlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. To‘rtko‘l tumanidagi "Vegateks global" korxonasida yiliga 5 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarilmoqda.
Qoraqalpoq aholisi uchun nihoyatda muhim va dolzarb masala bo‘lgan ichimlik suvi muammosi yillar davomida hal etilmay kelayotgan edi. Shuni inobatga olib, qisqa vaqtda 101 kilometrlik "Qo‘ng‘irot – Mo‘ynoq" suv quvuri va "Qo‘ng‘irot" suv taqsimlash inshooti qurib bitkazildi. Buning natijasida Mo‘ynoq tumanidagi 25 ming aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, investitsiya dasturiga muvofiq byudjet mablag‘lari va Orolbo‘yi hududini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mavjud suv tarmoqlari rekonstruksiya qilindi va yangilandi. Shu tariqa 35 aholi punktida 50 mingdan ziyod odam ichimlik suvi bilan ta’minlangani bu boradagi ishlarning izchil davomi bo‘ldi.
Nafaqat Qoraqalpog‘iston, balki butun mamlakatimizning faxri bo‘lgan, dunyoda "Sahrodagi Luvr" deb shuhrat qozongan I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyining muhtasham ikkinchi korpusi qurilib, yuksak xalqaro standartlar asosida jihozlandi va foydalanishga topshirildi.
Qoraqalpoq davlat o‘lkashunoslik muzeyi binosi, O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov nomidagi iqtidorli bolalar maktabi, Amir Temur nomidagi istirohat bog‘i, zamonaviy imkoniyatlarga ega yirik sport majmuasi bunyod etildi. Imom Eshon Muhammad jom’e masjidi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Bunday o‘zgarishlar barcha tumanlarda, qishloq va ovullarda ro‘y berdi. Hudud iqtisodiyoti rivojlandi, aholi turmush darajasi oshdi. Eng muhimi, odamlar buni o‘z hayotlarida sezmoqda.
Prezidentimizning 2016-yil 29-dekabrdagi "2017-2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilinib, maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jumladan, qishloq aholi punktlarida yangi ana shunday inshootlar qurish, ularni zamonaviy uskunalar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, multimedia resurslari bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 30-sentyabrdagi "Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bilan Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Yangi vazirlikning asosiy vazifalari bosqichma-bosqich barcha bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olish, o‘zaro raqobat qiluvchi davlat va nodavlat MTMlari tarmog‘ini yaratish, amaliyotga maktabgacha ta’lim va bolalarni tarbiyalashning muqobil shakllarini joriy etishdan iborat.
Mazkur qaror va farmon ijrosi yuzasidan bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Hududda 318 ta maktabgacha ta’lim muassasasi bo‘lib, ularning 3 tasi xususiy, 7 tasi turli tashkilotlar tasarrufida. Ularda 48 ming 106 nafar, umumiy bolalarning 32 foizi ta’lim-tarbiya olmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev ta’kidlaganlaridek, “Yoshlar tarbiyasiga bugun e’tibor bermasak, ertaga kech bo‘lishi mumkin. Maktabgacha ta’lim muassasalarini Qoraqalpog‘istonning iqlim sharoitidan kelib chiqib qurish kerak. Har bir xonani isitiladigan pol bilan ta’minlash zarur. Bundan tashqari, bu soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini ham qayta ko‘rib chiqish, buning uchun oliy ta’lim muassasalari qoshida maxsus kurslar tashkil qilish lozim. Tarbiyachilar saviyasi bolalar kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega”.
Qoraqalpog‘istonda farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ichki bozorni mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli preparatlar bilan to‘ldirish maqsadida bu borada mutaxassislar tayyorlash tizimi takomillashtirilmoqda.
Shu maqsadda qizilmiya bu hudud iqlimi va sharoitiga mos kelganligi uchun Chimboy tumanidagi "Lanextrakt" qo‘shma korxonasida ushbu o‘simlik ildizidan ekstrakt ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Korxonada yiliga 30 ming tonna qizilmiya ildizi qayta ishlanib, 1,3 ming tonna ekstrakt tayyorlanadi. Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan korxonada 200 ish o‘rni yaratilgan.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 3-maydagi "Nukus-farm", "Zomin-farm", "Kosonsoy-farm", "Sirdaryo-farm", "Boysun-farm", "Bo‘stonliq-farm" va "Parkent-farm" erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida"gi farmoni ijrosi yuzasidan hududda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlari va resurslar salohiyatidan samarali foydalanish orqali yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hududda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish yo‘nalishida 2018-2019 yillarda qiymati 27 million dollarga teng 17 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar doirasida 37 turdagi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqariladi va ularning bir qismi eksport qilinadi.
Nukus shahridagi "Nukus Med Tex" MCHJ tomonidan tibbiy buyumlar, "Berlin farm" MCHJ tomonidan onkologik dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. To‘rtko‘l tumanidagi "To‘rtko‘l shisha idishlari" MCHJda farmatsevtika shisha idishlari tayyorlanadi.
Qoraqalpog‘istonda ikki bosqichda sellyuloza ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, amalga oshiriladigan mazkur loyiha qog‘oz ishlab chiqarishdan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga oladi.
Taxiatosh tumanida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, 11 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2018-2019 yillarda komleks rivojlantirish dasturi doirasida yana 1 ming 309 loyiha rejalashtirilgan. Ularni amalga oshirishga tashabbuskor korxonalar va tijorat banklari mablag‘lari, xorijiy investitsiyalar yo‘naltiriladi. Buning natijasida yangi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi, mahalliylashtirish va qayta ishlash darajasi oshadi, 10 mingga yaqin ish o‘rni tashkil etiladi.
Hudud sanoatini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida mamlakatimizdagi yirik korxonalar ham jalb etilgan. Xususan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati Taxiatosh tumanida metall konstruksiyalar va nostandart jihozlar, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Qorao‘zak tumanida temir-beton mahsulotlar va qum-shag‘al ishlab chiqarishi rejalashtirilgan.
Tebinbuloq konini o‘zlashtirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda metall mahsulotlar mavjud shunday buyumlarni eritish orqali ishlab chiqarilmoqda. Tebinbuloq koni temir rudasining ulkan zaxirasiga ega. Ushbu konni o‘zlashtirish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Natijada 2021-yildan boshlab yiliga 1 million tonna po‘lat ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu boradagi ishlarni tashkil etish maqsadida "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati tarkibida direksiya tashkil etildi.
Samarasiz foydalanilayotgan ob’ektlar negizida yangi korxonalar tashkil etish loyihalari haqida ham ma’lumot berildi. Qoraqalpog‘istonda 6 ta kichik sanoat zonasi tashkil etish rejalashtirilgan. Ulardagi ob’ektlar 5 yil muddatga keyinchalik mulk huquqini rasmiylashtirish sharti bilan bepul beriladi. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish va tiklash ishlari davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi. Shu tariqa ushbu zonalarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur sharoit yaratiladi.