2. Mоylоvchi mаtеriаllаrni ishlаb chiqаrish xususiyatlаri. Hozirgi kunda moylovchi materiallarning asosiy qismi neftdan ishlab chiqariladi. Moylarning va ba’zi maxsus texnik suyuqliklarning asosiy komponentlari mazutni qayta ishlab olinadi. Shu sabali ularni meneral moylar deb yuritiladi.
Dunyoda birinchi moylovchi materiallar ishlab chiqaruvchi zavod Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida 1876 yilda V.I.Ragozin tomonidan qurilgan. Moy ishlab chiqarish texnologiyasini ishlab chiqishda D.I.Mendeleyevning hissasi katta.
Xuddi yonilg‘ilar kabi moylar ham turli uglevodorodlarning aralashmasi hisoblanadi. Moy tarkibiga kiruvchi uglevodorodlar yuqori molekulyar massaga, hamda molekuladagi uglerod atomlari soni 50 taga yetadi. Bundan tashqari mazutdan olinadigan moylovchi materiallar tarkibida – naften (organik) kislotalari, oltingugurtli birikmalar va smola-asfaltli moddalar mavjud bo‘ladi.
Distillyat moylari mazutni qaynash harorati bo‘yicha kamida uchta fraksiyaga ajralgunga qadar haydash orqali olinadi:
yengil (300…400 ºC); – o‘rta (400…450 ºC);
og‘ir (450…500 ºC).
Shundan so‘ng ushbu fraksiyalar tozalanadi va moy olish uchun komponentlarga ajratiladi (5-rasm).
5-rasm. Moylovchi materiallarni ishlab chiqarish texnologik jarayoni sxemasi
Mazutni kreking jarayoni yuqori haroratlarda boshlanib, haydash atmosfera bosimidan past bosimda suv bug‘i purkash orqali amalga oshiriladi. Mazutdan yuqori haroratda qaynovchi qovushqoq moy distillyatlari ajratib olingandan so‘ng qolgan qoldiq gudron deb nomlanadi. Gudrondan asfalt ishlab chiqarishdagi bitumlar va plastik moylarni ishlab chiqarishda foydalaniladi.
Qoldiq moylar deb gudronni tozalashdan olingan moylarga aytiladi. Ularning tarkibida ko‘p miqdorda yuqori bug‘lanuvchi uglevodorodlar va smola-asfaltli moddalar mavjud bo‘lganligi sabali ular yaxshilab tozalanadi. Qoldiq moylardan transmissiya va aviatsiya uchun moylar ishlab chiqariladi.
Moylovchi materiallar assortimentining asosiy qismi moy distillyatlarining aralashmasi shaklida olinadi. Ba’zan distillyat va qoldiq moylarni aralashtirish – ya’ni, moylarni kompaundlash orqali ham ishlab chiqariladi.
Tovar moylovchi materiallari bazaviy moylarga prisadkalar qo‘shish orqali ishlab chiqariladi. Bazaviy moylar olinish usuliga ko‘ra mineral (neft moylari) va sintetik (sintez) moylarga bo‘linadi. Moylovchi materiallarning ekspluatatsion xossalarini yaxshilash maqsadida ularga turli prisadkalar (qo‘shimchalar) qo‘shiladi (6-rasm).
6-rasm. Tovar moylovchi materiallarini ishlab chiqarish sxemasi
Sintetik moylarni ishlab chiqarish. Sintetik moylar – organik moylovchi materiallar bo‘lib, ular kimyoviy sintez jarayoni natijasida olinib, dvigatellar, kompressorlar, reduktorlar va boshqa mexanizmlar hamda asboblarda moylovchi material sifatida qo‘llaniladi.
Sintetik moylar qovushqoqlik-harorat egri chizig‘ining yotiqligi (izoparafinli, poliorganosiloksanli, poli-alkilenglikolli, efir moyli), kam bug‘lanuvchanligi (poliorganosiloksanli, poli-alkilenglikolli, pentaeritritli, xloroftorli moylar), yaxshi past haroratli xossalarga egaligi (alkilbenzolli, poliorganosiloksanli, polialkilenglikolli moylar), kuyishga yuqori chidamliligi (fosfor kislotali, ftorli va xloroftorli uglevodorodlar asosidagi efir moylari), yaxshi moylovchi xossalarga egaligi (pentaeritritli, polialkilenglikolli, polifenilli moylar), yuqori termik va termooksidlovchi stabillikka egaligi (poliorganosiloksanli, polialkilenglikolli, pentaeritritli va ayniqsa polifenilli va ftorli moylar), kimyoviy inertligi (poliorganosiloksanli, polialkilenglikolli, polifenilli, xloroftorli moylar), radiatsion bardoshliligi (polifenilli va xloroftorli moylar) bilan xarakterlanadi.
Sintetik moylarni ayniqsa mineral moylar qo‘llash mumkin bo‘lmagan sharoitlarda, masalan, uchuvchi apparatlarning dvigatellari moylash tizimida, ya’ni raketa yonilg‘isi va oksidlar faol komponentlari bilan kimyoviy kontaktda bo‘lgan sharoitlarda hamda yuqori kuchlanishli elektr apparaturalarida qo‘llash samarali hisoblanadi. Chunki ko‘pgina sintetik moylar –100 dan 400 °C gacha bo‘lgan haroratlarda, vakuumda (1–10 MPa) ishchanlik qobiliyatini saqlab qoladi.
Shuningdek HNO3, H2, O2 va boshqa kuchli oksidlovchilar ta’siriga chidamli hamda kauchuklarga nisbatan inert hisoblanadi.