O`lchash xatoliklari va o`lchov asboblari haqida umumiy ma`lumotlar
O`lchash xatoliklari va o`lchov asboblari haqida umumiy ma`lumotlar O`lchash natijasida, odatda, o`lchanayotgan kattalikning haqiqiy qiymatidan farq qiladigan qiymati topiladi. Ko`pincha, fizik kattalikning haqiqiy qiymati noma`lum bo`ladi va shu kattalikning qiymati o`rnida uning tajriba yordamida topilgan qiymaglaridan foydalaniladi. Bu qiymat kattalikning haqiqiy qiymatiga shuncha yaqin bo`ladiki, ko`zda tutilgan maqsad uchun undan foydalanish mumkin. Kattalikning o`lchash usuli bilan topilgan qiymati o`lchash natijasi deyiladi.
O`lchash natijasi bilan o`lchanayotgan kattalikning haqiqiy qiymati orasidagi farq o`lchash xatoligi deyiladi. O`lchanayotgan kattalik birliklarida ifodalangan o`lchash xatoligi o`lchashning absolyut xatoligi deyiladi:
∆𝑋 = 𝑋 − 𝑋h (1.3)
bunda ∆X – absolyut xatolik; X –o`lchash natijasi; Xh –o`lchanayotgan kattalikning haqiqiy qiymati. O`lchash absolyut xatoligining o`lchanayotgan kattalikning haqiqiy qiymatiga nisbati o`lchashning nisbiy xatoligi deyiladi.
O`lchash xatoliklari ularning kelib chiqishi sabablariga ko`ra muntazam, tasodifiy va qo`pol xatoliklarga bo`linadi. Muntazam xatolik deyilganda faqat bitta kattalikni qayta-qayta o`lchaganda o`zgarmas bo`lib qoladigan yoki biror qonun bo`yicha o`zgaradigan o`lchash xatoligi tushuniladi. Ular aniq qiymat va ishoraga ega bo`ladi, ularni tuzatmalar kiritish bilan yo`qotish mumkin.
Kattalikni o`lchash natijasida olingan qiymatga muntazam xatolikni yuqotish maqsadida qo`shiladigan qiymat tuzatma deb agaladi. Odatda, muntazam xatoliklar instrumental (o`lchash asboblari), o`lchash usullari, sub`ektiv (noaniq o`qish), o`rnatish, metodik xatoliklariga bo`linadi. Instrumental xatolik deyilganda qo`llanayotgan o`lchov asboblari xatoliklariga bog`liq bo`lgan o`lchash xatoliklari tushuniladi. Yuqori aniqlikda o`lchaydigan asboblar qo`llanganda o`lchov asboblarining takomillashmagani orqasida kelib chiqadigan instrumental xatoliklar tuzatma kiritish usuli bilan yo`qotiladi.
Texnik o`lchov asboblarining instrumental xatoliklarini yo`qotib bo`lmaydi, chunki bu asboblar ularni tekshirilganda tuzatmalar bilan ta`minlanmaydi.
O`lchash usuli xatoligi deyilganda usulning takomillashmaganligi orqasida kelib chiqadigan xatolik tushuniladi. Ular, ko`pincha, yangi usullar qo`llanganda, mikdorlar orasidagi haqiqiy bog`lanishni taxminiy approksimasiya qiluvchi tenglamalardan foydalanilganda paydo bo`ladi. O`lchash usuli xatoligi o`lchov vositasi, xususan, o`lchash qurilmasi, ba`zida esa, o`lchash natijasi xatoliklarini baholashda e`tiborga olinishi lozim.
Sub`ektiv xatoliklar kuzatuvchining shaxsiy xususiyatlaridan masalan, biror signal berilgan paytni qayd qilishda kechikish yoki shoshilishdan, shkala bir bo`limi chegarasida ko`rsatuvni noto`g`ri yozib olishdan, parallaksdan va hokazodan kelib chiqadi. Parallaksdan hosil bo`lgan xatolik deyilganda sanash xatoligiga kiradigan, shkala sirtidan biror masofada joylashgan strelkani shu sirtga perpendikulyar bo`lmagan yo`nalishda vizirlash (belgilash) natijasida kelib chiqadigan xatolik tushuniladi. O`rnatish xatoligi o`lchov asbobi strelkasining shkala boshlang`ich belgisiga noto`g`ri o`rnatilishi natijasida yoki o`lchash vositasini e`tiborsizlik bilan, masalan, vertikal yoki gorizontal bo`yicha o`rnatilmasligi natijasida kelib chiqadi.
O`lchash metodikasi xatoliklari kattaliklarni (bosim, temperatura va b. ni) o`lchash shartlari (metidikasi) bilan bog`lik bo`lgan va qo`llanayotgan o`lchash asboblariga bog`lik bo`lmagan xatoliklardan iborat.
O`lchashlarni, ayniqsa, aniq o`lchashlarni bajarishda o`lchash natijasini muntazam xatoliklar anchagina buzishi mumkin. SHuning uchun o`lchashlarni bajarishga kirishishdan avval bu xatoliklarning barcha manbalarini aniqlash va ularni yo`qotish choralarini ko`rish zarur. Ammo muntazam xatoliklarni topish va yo`qotish uchun uzil-kesil qoidalar berish amalda mumkin emas, chunki turli kattaliklarni o`lchash usullari g`oyatda turli-tumandir.
Tasodifiy xatolik deyilganda faqat bitta kattalikni qayta-qayta o`lchash mobaynida tasodifiy o`zgaruvchi o`lchash xatoligi tushuniladi. Tasodifiy xatolikning borligini faqat bitta kattalikni bir xil sinchkovlik bilan qayta-qayta o`lchangandagina sezish mumkin. Agar har bir o`lchash natijasi boshqalaridan farq; qilsa, u holda tasodifiy xatolik mavjud bo`ladi.
Shu xatoliklarni baholash ehtimollar nazariyasi va matematik statistika nazariyasiga asoslangan bo`lib, ular o`lchash natijasi o`lchanayotgan kattalikning haqiqiy qiymatiga yaqinlashish darajasini baholash metodlarini, xatolikning ehtimoliy chegarasini baholash imkonini beradi, ya`ni natijani aniqlash, boshqacha aytganda, o`lchanayotgan kattalikning haqiqiy qiymatiga anchagina yaqin qiymagini topish va bir karrali kuzatish natijasini topish imkonini beradi.