Kurs ishining tarkibiy tuzilishi.Ushbu kurs ishi kirish, ikki bob, to’rt qism, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.
I bob. Ona tili darslarida matn va uni o‘rganish usullari
1.1 Matn yaratish ko‘nikmalarini shakllantirish orqali o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga o‘rgatish.
Respublikamizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari ona tili ta’limi tizimida, mustaqil fikrlash, fikr mahsulini og‘zaki va yozma ravishda to‘g‘ri, ravon ifodalash, o‘quvchilarda kommunikativ savodxonlikni ta’minlash vazifalarining Davlat ta’lim standartlari asosida tashkil etilishi o‘zbek tili o‘qitish metodikasi oldiga dolzarb vazifalarni qo‘ydi. Ular quyidagilar:
Umumiy o‘rta ta’lim maktablari va kasb-hunar kollejlarida ona tili mazmunini takomillashtirish, darsliklardagi o‘quv mashqlarini o‘quvchida ijobiy o‘quv motivlarini hosil qiluvchi lingvopsixologik topshiriqlar darajasiga ko‘tarish.
Lingvopsixologik o‘quv topshiriqlari, muammoli vositalarni tanlash va bajarish jarayonida o‘quvchining o‘z hoxish – intilishlari, qiziqishlari, mustaqilliklari ustuvorligini ta’minlash.
O‘quvchi shaxsini o‘zi va o‘rtoqlari nutqiy faoliyatini muntazam ravishda tanqidiy nazorat qilishga odatlantirish, uning o‘z nutqiy – intellektual qobiliyatini namoyish qilishga qaratilgan subyektiv-instinktiv haraktini qo‘llab-quvvatlash.
O‘quvchiga og‘zaki va yozma nutq jarayonida so‘z va iboralarni to‘g‘ri tanlash, uni nutqiy vaziyat taqazosiga ko‘ra, o‘rinli ishlatish ko‘nikmalarini singdirish v.h.3
Til shunday mo‘tabar “ne’matki”, u insoniyatga tafakkur gulshanlari darvozasini katta ochib bergan, tengi yo‘q robitai olamiyondir1.
XI asr sharqining buyuk allomasi Kaykovus o‘zining “Qobusnoma” asarida shunday bir hikoyatni aytadi: Bir kecha halifa Xorun ar-Rashid tush ko‘radi. Tushida uning barcha tishlari to‘kilib ketgan emish. Xalifa muabbirdan tushining ta’birini so‘raydi. Muabbir shunday deydi: -Ey amiralmo‘minin, sening oldingda barcha yaqinlaring, qarindosh- urug‘laring o‘ladi. Sendan boshqa hech kim qolmaydi. Buni eshitgan Xorun ar-Rashid: “Mening yuzimga shunday qayg‘uli gaplarni aytding”, - deb uni yuz tayoq urishni buyuradi. Keyin boshqa muabbirni chaqirib, undan tushining ma’nosini so‘raydi. Muabbir bunday deydi: “Ey amiralmo‘minin, sening umring barcha qarindoshlaring umridan uzoq bo‘ladi.” Shunda xalifa Xorun ar-Rashid: “Barcha aqlning yo‘li birdir va har ikki ta’birning negizi bir joyga borib taqaladi, ammo u ibora bilan bu iboraning orasidagi farq bag‘oyat ko‘pdir” deydi va uni o‘z ulamolariga namuna qilib ko‘rsatadi.
Bu ibratli hikoyatda o‘zaro muloqot chog‘ida tilning qanday ahamiyat kasb etishi, u inson qalbiga yo‘l topishi sir – sinoatlarini ochib berguvchi sehrli kalit ekanligini bilib olamiz. Til – dil kaliti, degan maqol shundan qolgan bo‘lsa ajab emas. Rus olimi A.A.Potebnya fikrlash jarayonida so‘zning o‘rnini juda to‘g‘ri izohlab bergan edi: “Inson so‘z vositasida fikrlaydi, fikr esa so‘z vositasida tartiblanadi, voqelanadi, zohir bo‘ladi”.4 Monografiyada so‘z yuritilayotgan mustaqil matn yaratish hodisasi ham inson tafakkuri mahsuli, uning o‘zgalar ongiga ta’sir etish vositalaridan biridir. Agar o‘quvchining so‘z boyligi nochor, lug‘at xazinasi qashshoq bo‘lsa, nasriy matn tuzish, mustaqil matn yaratish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Bizning asosiy maqsadimiz o‘quvchini nutqiy madaniyatga, muxtasar matn yaratishga o‘rgatish ekan, qarshimizdagi eng dolzarb vazifa – til satixlarini o‘zaro bog‘lab o‘rganish, ona tili mashg‘ulotlarida fanlararo aloqani mustahkamlash, uyadosh so‘zlar ustida ishlash orqali o‘quvchi so‘z boyligini oshirish, maqol, matal, hikmatli so‘z, ibora va tasviriy vositalar yordamida nutqiy zaxiralarni boyitishdan iborat. O‘quvchiga matn va uning gramatik xususiyatlari, tarkibiy qismlari (kirish, asosiy qism va xulosa), gap, obzas va MSB (murakkab sintaktik butunlik)lirni o‘zaro bog‘lovchi, uslubiy ravonlikni ta’minlovchi tanish belgilari, gramatik bog‘lamalar (olmoshlar, kirish so‘z va gaplar, modal so‘zlar) haqida to‘liq ma’lumot berish, ularni o‘quv amaliyotiga jadal tadbiq etish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat. Zero, “... lug‘at zaxirasi bisyor odamning tili biyron, nutqi ravon bo‘ladi..”.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ona tili ta’limining asosiy maqsadi o‘quvchilarning kommunikativ savodxonlik darajasini oshirish, ularni mustaqil va ijobiy fikrlashga yo‘naltirish, fikr muhsulini to‘g‘ri, ravon, o‘rinli ifodalashga o‘rgatish ekan, uni amalga oshirishning ishonchli omillaridan biri – matn yaratishning samarali texnologiyasini ishlab chiqish, uni o‘quv amaliyotiga izchil joriy etish, o‘quvchini muammoli o‘quv topshiriqlari orqali izlanish va kashf qilishga yo‘naltirish, o‘quvchi lug‘at boyligini kengaytirish jarayonida nutqiy faoliyatini shakllantirish, (so‘zning lug‘aviy ma’nolarini sharhlash) fikr ifodalash (og‘zaki nutq va matn yaratish)da so‘zni tanib va tanlab ishlatishni talab qiluvchi o‘quv topshiriqlari, nutqiy madaniyatni yuksaltiruvchi ko‘nikma va malakalar tizimi bilan qurollantirishdir.Bu muammolar orasida o‘quvchilarda mustaqil matn yaratish ko‘nikmalarini shakllantirishning intensiv – universal texnologiyasini yaratish, ana shu maqsadga xizmat qiladigan, matn yaratishning jadallashtirilgan, bosqichli tizimini ishlab chiqish va uni maktab amaliyotiga joriy etish masalasi alohida o‘rin tutadi. O‘quvchi so‘z boyligini oshirishning, uning nutqiy zaxirasini boyitishning eng samarali usuli sathlararo hamda fanlararo aloqadorlikni yo‘lga qo‘yish (undosh so‘zlar ustida ishlash, berilgan so‘zning leksik – semantik qurshovi: qaysi so‘zlar bilan ishlatilishi, xususiy belgilari miqdorini aniqlash, qaysi so‘z turkumlari bilan ifodalanishi, ularning nomlari soni, sifati, holati, harakatini belgilash v.h.) dan iborat. Demak, o‘quvchi nutqiy ko‘nik- malarini takomillashtirishning asosiy omillari tafakkur mahsulini izchil, to‘g‘ri, ravon ifodalash, nutqiy vaziyat talabiga ko‘ra mustaqil matn yaratish ko‘nikmalarini shakllantirishdir. Umuman olganda, DTS talablarini to‘la bajarish – o‘quvchi kommunikativ savodxonligini ta’minlash masalasi, ona tili ta’limida mustaqil matn yaratish ko‘nikmalarini shakllantirish texnologiyasini ishlab chiqish va uni muntazam ravishda takomillashtirib borishni taqozo etadi. Buning uchun egallangan bilim, ko‘nikma va malakalarning jadal amaliy tatbiqi, ya’ni mustaqil matn yaratish masalasi ona tili darslarida o‘rganilayotgan har bir mavzuning asosiy maqsadiga aylanishi lozim. Matn yaratishning mantiqiy davomi – matn ustida ishlash bilan esa matnning tili, mantiqiy va uslubiy shakllanganlik darajasi o‘rganiladi, o‘quvchining kommunikativ savodxonlik darajasi esa, matn yaratish mahoratini aniqlash jarayonida o‘z yechimini topadi.
Ona tilining yangi – yangi ifoda imkoniyatlarini izlab topish va uni dars jarayoniga tadbiq etish o‘quvchilarning ijodiy tafakkur, hodisalarni kuzatish, anglash, qiyoslash, analiz va sintez, tanlash, guruhlash, yaratish kabi bilish qobiliyatlarini takomillashtirib, ularda milliy mafkura, mustahkam e’tiqod, milliy dunyoqarashini tarkib toptirishga xizmat qiladi.5 Turli til hodisalari (so‘z va iboralarni) ma’nosini to‘liq anglash va uni xususiy nutqda qo‘llashga intilish – ulardan nutqiy vaziyatga mosini tanlash o‘z fikrini ixcham, aniq va ravon ifodalash malakalarining shakllanishi va rivojlanishiga zamin yaratadi.
O‘quvchi ta’lim o‘qituvchi tizimida tomonlarning o‘zaro hamkorlik, subyekt – subyekt munosabatlari faollashadi, DTS talablariga ko‘ra o‘quvchi ham ta’lim jarayonining faol subyekti sifatida o‘zi mustaqil faoliyat yuritishi: izlanishi, kuzatishi, bajarilgan ishni tahlil qilish, xulosalashi, baho berishi lozim bo‘ladi.
Shunday qilib, o‘quvchi va o‘qituvchi o‘rtasidagi doimiy ishonch o‘zaro hamkorlik faoliyatigina o‘quvchilarda mavjud bo‘lgan mustaqil va ijodiy tafakkurni qo‘zg‘atishi, matn yaratish ko‘nikmalarini shakllantirishi hamda rivojlantirishi mumkin.
O‘qituvchi o‘z o‘quvchilarining dars jarayonidagi ilmiy-amaliy faoliyatini samarali tashkil qilish – avvaldan rejalashtirilgan, aniq bir maqsadga – mustaqil matn yaratishga yo‘naltira bilishi uchun har bir dars rejasi va dars mavzusi bayonini puxta o‘rganib chiqishi, darslikdagi amaliy mashqlar yetarli bo‘lsa, zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida darsni tashkil qilish, kamroq bo‘lsa, yangi, qiziqarli mashq namunalarini tanlab, qo‘shimcha mashg‘ulot sifatida mavzuviy rejaga kiritishi, darsni o‘zaro musobaqa ruhida olib borishi nihoyatda foydali. O‘qituvchi doimiy ravishda o‘z o‘quvchilarini o‘quv amaliyoti jarayonida o‘rganganlari yuzasidan o‘z xulosalarini aytib berishga undashi, ular tomonidan kiritilgan izlanuvchanlik ruhidagi ijodiy taklif va mulohazalarni, o‘z “men”i, iqtidori, iste’dodini namoyish qilishga bo‘lgan urunishlarini ijobiy tushunishi, bunday ijobiy-kashfiyotchilik harakatlarini rag‘batlantirib borishi, ularga zaruriy shart – sharoit va imkoniyatlar yaratibberishi (monologik bellashuvlar (quvnoqlar va zukkolar klubi bellashuvi), turli shakl va mazmundagi (nutqiy mahoratni shakllantiruvchi) ko‘rik-tanlovlar, debatlar), lozim bo‘lsa, o‘quvchi shaxsini ma’naviy jihatdan qo‘llab- quvvatlashi zarur bo‘ladi. O‘qituvchi shu tariqa nafaqat o‘quvchi bilimini, balki o‘zidagi pedagogik mahoratni ham takomillashtira boradi: o‘quvchi shaxsi, uning nutqiy darajasi haqida hukm va xulosa chiqarishga shoshilmaslik, o‘z vazifasiga mas’uliyat hissi bilan yondashish, o‘zida intellektual salohiyatni o‘quvchi bilan baham ko‘rish, o‘zida bag‘rikenglik, komil ustozlik fazilatlarini tarbiyalashga o‘rganadi. Ona tili o‘qituvchisining o‘quvchi shaxsiga ana shunday ijobiy va ijodiy yondashuvigina, o‘quvchilarda ilmga chanqoqlik, izlanuvchanlik, yangilik yaratishga intilish xislatlarini tarbiyalaydi, erkin va mustaqil fikrlashga, o‘quvchi uchun juda muhim va zarur hisoblangan til hodisalarini tushunish, undan amaliy foydalanish bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalar hosil qilishga yordam beradi.
“Ona tili ta’limi mazmuni” o‘quv-metodik qo‘llanmasi mualliflari H.Ne’matov, A.G’ulomovlar o‘quvchilarni ijodiy yozma ish – matn ustida ishlashga o‘rgatishda egallangan bilimlarni quyidagi ko‘nikma va malakalar bilan mustahkamlashni tavsiya qiladilar1 .
-“Ijodiy yozma ish” (matn) tushunchasi: rasm asosida hikoya, manzara tasviri, shaxs, hayvon, narsa – buyum, voqyea – hodisa tasviri;
-o‘quvchi (muallif) va borliq; yozma ishning maqsadi; yozma ish – o‘quvchining (muallifning) o‘zligi;
- yozma ishga mavzu tanlash; uni tayyorlash; ayni bir narsa (buyum, manzara, voqyea - hodisa) hamda turli mavzuda matn yaratish;
-yozma ish mazmunining mavzuva uning nomlanishi bilan uyg‘unligini ta’minlash;
-berilgan mavzu, erkin mavzu ustida ishlash;
-mavzuni yoritish uchun zarur material: o‘quvchining bilimlari, kuzatishlari, taassurotlari, mushohadalari, qiyos va o‘xshatishlari, hukm va xulosalari;
-yozma ishning rejasi, unga qo‘yilgan asosiy talablari;
-tor reja, keng reja;
-manzilgohni yozish;
-mavzuni yoritishda mazmun izchilligi; “xat boshi” tushunchasi; yozma ish matni ustida qayta ishlash; uyadosh, ma’nodosh, shakldosh, zid ma’noli so‘zlardan foydalanish;
-matnning uslubi (gap qurilishi), imlosi va tanish belgilari ustida ishlash;
-ishni oqqa ko‘chirish;
-xatolar ustida ishlash v.h.6