O‘rta yoshli maktab o‘quvchilarining biologiya kursi bo‘yicha olib
boradigan o‘quv tadqiqot ishlari o‘quvchilarda mustaqil ishlash, tajribalar
o‘tkazish, kuzatishlar olib borish, natijalarni qayta ishlash, to‘g‘ri xulosalar chiqara
olish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratiladi va tadqiqot ishlarining algoritmini
egallashlariga imkon yaratadi. O‘quvchilarni tadqiqot ishlariga jalb etish uchun,
eng avvalo, ularning qiziqishlariga tayanish kerak. O‘rganilayotgan obyekt yoki
voqea, hodisa o‘quvchi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishi va qiziqishini
hamda bilim darajasini oshirishi lozim. Biroq taklif etilayotgan mavzular va
tadqiqot metodlari o‘quvchilarning psixofiziologik imkoniyatlari darajasidan
oshmasligi kerak. Tadqiqot faoliyati tushunarsiz va murakkabligi bilan
o‘quvchilarning o‘qishga, ishlashga xohish-istaklarini so‘ndirmasligi, aksincha,
ularni to‘g‘ri faoliyatga yo‘naltirishi kerak.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda o‘quvchilar uchun botanikadan
quyidagi tadqiqot turlarini taklif etish mumkin:
Tezkor (ekspress) tadqiqotlar. O‘quvchilar quyidagi mavzularda ekspress-
tadqiqotlar o‘tkazishlari mumkin: shahar ko‘chalarini ko‘kalamzorlashtirish uchun
ekiladigan daraxtlarni o‘rganish (daraxtning nomi, shox-shabbasining tuzilishi,
bargining morfologik tuzilishi, ahamiyati). O‘tkazilgan tadqiqot yuzasidan
o‘quvchi maxsus xarita tuzadi.
Dostları ilə paylaş: