Talab – ta'lim va tarbiya jarayonida o‘qituvchining tarbiyalanuvchiga nisbatan shaxsiy munosabatlarida namoyon bo‘ladi. O‘quvchining u yoki bu xatti-harakati o‘qituvchi nazoratida bo‘lib, ijobiy jihatlari rag‘batlantirib boriladi yoki aksincha nojo‘ya xatti-harakati to‘xtatib qo‘yiladi.
Istiqbol – ta'sirchan pedagogik usul bo‘lib, o‘quvchilarda mustaqil fikr yuritishni, ma'lum bir maqsadga, orzuga erkin intilish hissini takomillashtiradi. Bu maqsadlar ularning shaxsiy intilishlarida, qiziqish va muddaolarida namoyon bo‘ladi. Ushbu usul maktab o‘quvchilarini shaxs sifatida eng muhim insoniy fazilatlaridan biri bo‘lgan maqsadga intiluvchanlikni rivojlantiradi.
Rag‘batlantirish va jazolash– tarbiyaviy ta'sirning eng an'anaviy usuli bo‘lib, o‘quvchilar xulq-atvoriga ijobiy ta'sir etishdan iborat. Yaxshi xulq, foydali mehnat va xatti-harakat, axloqiy hislat, topshiriqlarning so‘zsiz bajarilishi uchun o‘quvchi rag‘batlantiriladi. Nomaqbul xatti-harakat, tartibbuzarlik, o‘z burchini bajarmaslik jazolash orqali bartaraf etiladi. Ushbu usul axloqiy ta'sir ko‘rsatishni ta'minlaydi, uni qo‘llash jarayonida o‘qituvchidan nihoyatda ehtiyotkorlik, sezgirlik va hushyorlik talab etiladi.
Jamoatchilik fikri – tarbiyaviy ta'sir ko‘rsatishning eng muhim usuli bo‘lib, o‘quvchilarning ijtimoiy foydali faoliyatini bajarilish natijalariga qarab muntazam rag‘batlantirib borishda namoyon bo‘ladi. Jamoaning tarbiyaviy vazifalarini ma'lum bir yunalishda amalga oshirilishini ta'minlaydi, o‘quvchilarning bir-birlariga do‘stona munosabatini shakllantiradi.
O‘qituvchi tarbiyalanuvchilarning o‘zaro tarbiyaviy ta'sirga ega ekanliklarini, ularning o‘zaro kommunikativ munosabatlari hamda faoliyatlari o‘rtasidagi bog‘lanishning mavjudligi, uning samaradorligini belgilashini unutmasligi shart. O‘qituvchi sinf jamoasiga va alohida tarbiyalanuvchiga pedagogik ta'sir ko‘rsatishida muvaffaqiyatlarga erishishi uchun, o‘quvchilar orasida o‘zaro pedagogik munosabatlar tizimini oqilona rejalashtirishi va psixologik muhitni ijobiy tomonga o‘zgartirishi lozim. To‘g‘ri tashkil etilgan va har jihatdan mukammal bo‘lgan, yosh avlodning qalbi va ongini asrashga, ularni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qaratilgan pedagogik munosabatlar tizimini tashkil etish uchun o‘qituvchi har bir o‘quvchi ruhiyatini chuqur bilib olishi, ularning ichki imkoniyatlaridan xabardor bo‘lishi, axborot berishi, fikr almashishi, ular qayg‘usini, tuyg‘ularini tushunishi va hamdard bo‘lishi zarur. Pedagogik munosabatda muvaffaqiyatlarga erishish uchun o‘qituvchi:
o‘quvchilar bilan bo‘lajak munosabatni modellashtira olishi;
munosabatda bo‘ladigan sinf jamoasi xususiyatlarini oldindan
bilishi;
bevosita samimiy va hamjihatlikka asoslangan munosabat o‘rnatish;
munosabatda ustunlikka ega bo‘lib, uni demokratik talablar asosida
munosabatning ijobiy va salbiy jihatlarini uzluksiz tahlil etib
borishi lozim.
O‘qituvchi tarbiyachi sifatida tarbiyalanuvchi o‘quvchilarni o‘zi uchun hamisha tarbiya obekti deb hisoblashi kerak. Biroq tarbiyalanuvchi o‘qituvchi-tarbiyachi bilan erkin va ongli munosabatda bo‘lishga erishsagina, tarbiyaviy munosabatlar samarali xarakter kasb etadi. Tarbiyaviy faoliyatning kommunikativ munosabatlar jarayonida o‘ziga xos qator qoidalari ham mavjud bo‘lib, o‘qituvchi o‘quvchilarga pedagogik ta'sir ko‘rsatishda ushbu qoidalarni mukammal bilishi lozim. So‘z bilan og‘zaki ta'sir o‘tkazish o‘qituvchining madaniy saviyasida va o‘quvchi muloqotida muhim ahamiyat kasb etadi.