20-30-yillar о‘zbek bolalar adabiyoti.
Maʼrifatparvarlikni bayroq qilib koʻtargan Abdulla Avloniy, Hamza, Fitrat, Elbek, Munavvarqorilar tomonidan yozilgan darslik va qoʻllanmalarda bolalar hayoti, oʻqishi, axloq-odobi haqida materiallar beriladi.
Abdulla Avloniyning (“Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”, “Maktab gulistoni”, “Turkiy guliston yoxud axloq”), Hamza Hakimzoda Niyoziyning (“Yengil adabiyot”, “Axloq hikoyalari”, “Qiroat kitobi”) asarlarida yangi davr nafasi ufura boshladi.
Oʻtgan asrning 20yillarida Fitrat, Choʻlpon, Usmon Nosir, Gʻafur Gʻulom, Gʻayratiy, Shokir Sulaymon, Oybek va boshqalarning katta yoshdagi bolalar uchun yozgan asarlarida ilm va mehnatga chaqiriq keng oʻrin oldi.
Kattalar adabiyotining joʻshqin kuychisi Usmon Nosir oʻzining “Bogʻim” sheʼrida inson mehnat qilsa, bogʻ yaratsa, uning mehnati hech qachon yoʻq boʻlmasligini, ayniqsa, u bogʻ barpo qiladigan boʻlsa, uning dov-daraxti mangulikka daxldor ekanligini quyidagicha taʼrifladi, bolalarni mehnat qilishga, bogʻ-rogʻlarni koʻpaytirishga chorladi:
Bargdek uzilib ketsam,
Unutmas meni bogʻim.
Ishimni hurmat qilur,
Gullardan haykal qurur.
Sheʼrlarim yangrab qolur,
Ming yillardan keyin ham
Unutmas meni bogʻim.
Inson hayotda ishonch bilan yashashi kerak. Ayniqsa, odamlarga, xalqqa ishonch har bir bolada boʻlishi lozim. Insonni inson qiladigan ham, uni bor qiladigan ham, yer bilan yakson qiladigan ham xalq. Xalqni sevish, xalqqa ergashish azaldan bor boʻlgan. Shoir Choʻlpon ham xalqning naqadar buyuk kuchqudratga ega ekanligini, bolalar yurish-turishda, oʻqishda, odobaxloqda xalqqa ergashsa, xalqning ogʻirini yengil qiladigan boʻlsa, oʻsib, ulgʻayib har qanday ishning qulogʻini ushlaydigan boʻlsa, aslo kam boʻlmasligini “Xalq” asarida juda xalqona ohangda, hikmatlar shaklida aytadi:
Xalq dengizdir, xalq toʻlqindir, xalq kuchdir,
Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq oʻchdir.
…Butun kuchni xalq ichidan olaylik,
Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!
Bolalar adabiyoti yildan yilga shakllanib, koʻzga tashlana boshladi. Ayniqsa, bu yillarda yuqoridagi qalamkashlarning safiga Z. Diyor, D. Oppoqova, M. Fayziy, I. Muslim, A. Rahmat, Sh. Saʼdulla, S. Joʻra, M. Oqilova, Q. Muhammadiy, H. Nazirlarning kelib qoʻshilishi katta voqea boʻldi. Ular bolalarni yaxshi oʻqishga, ilm-fan nurlaridan bahramand boʻlishga, davrning haqiqiy oʻgʻil-qizlari boʻlib kamol topishga targʻib etadilar.
Bolalar adabiyoti yildan yilga rivojlanib bordi. 30yillarga kelib, oʻzining professional shoir va yozuvchilariga ega boʻldi. Poyeziya (Zafar Diyor, Adham Rahmat, Ilyos Muslim, Shukur Saʼdulla, Sulton Joʻra, Mahmuda Oqilova, Quddus Muhammadiy), proza (Majid Fayziy, Dorjiya Oppoqova, Hakim Nazir), dramaturgiya (Zafar Diyor, Dorjiya Oppoqova) sohalarida bolalar ijodkorlari yetishib chiqdilar. Sadriddin Ayniy, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Oybek, Shokir Sulaymon, Elbek va Gʻayratiylar ham oʻzbek bolalar adabiyotini yuksaltirish ishiga oʻz hissalarini qoʻshdilar.
Bu davrda Zafar Diyorning “Qoʻshiqlar” (1933), “Tantana” (1936), “Sheʼrlar” (1939), “Muborak” (1940), “Sheʼr va hikoyalar” (1940) toʻplamlari va “Mashinist” (1935) poyemasi, “Baxtli yoshlik” dramasi, “Joʻnatish”, “Nojoʻyaliklar” hikoyalari; A. Rahmatning “Dum” (1938), “Baxtli yoshlik” (1939), “Zavqli allalar” (1940), “Sheʼrlar” (1940), “Hiylagar tulki” (1940) kitoblari; Sulton Joʻraning “Fidokor” (1940); Ilyos Muslimning “Oʻsuv” (1932), “Zaharxandalar” (1932) toʻplamlari, “Miqti keldi” poyemasi (1934); Shukur Saʼdullaning “Hayqiriq” (1933) toʻplamlari bosilib chiqdi.
Bu davrda qardosh xalqlar adabiyotidan juda koʻplab asarlar oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Buning natijasida oʻzbek bolalar adabiyoti har tomonlama boyib bordi. Ayniqsa, “Yosh turkistonliklar”, “Bolalar yoʻldoshi”, “Bolalar dunyosi”, “Oʻzgaruvchi yoshlar”, “Yosh kuch” kabi nashrlarning yoʻlga qoʻyilishi bolalar adabiyotining har tomonlama rivojlanishiga sabab boʻldi.
Xullas, bolalar adabiyotining mavzu doirasi kengaya bordi. Yoshlik, maktab hayoti, ona yurt tabiati, xalqlar doʻstligi, ilm, hunar va texnikaga muhabbat mavzulari bolalar adabiyotidan keng oʻrin oldi.
Hamza XX asr oʻzbek adabiyotiga tamal toshini qoʻyganlardan biri. XIX asr oxiri XX asr boshidagi oʻzbek madaniyatining eng yirik namoyandalaridan, faol maʼrifatparvar shoir, oʻqituvchi, jamoat arbobi. U sheʼriyatni hayotga va xalqqa yaqinlashtirish, hozirgi zamon nasrini oʻzbek adabiyotida qaror topdirish, ayniqsa drama, komediya, tragediya yaratish bobida va teatr sanʼatini rivojlantirishdaulkan izlanishlar va kashfiyotlar qilgan sanʼatkordir. Hamza kompozitor, rejissyor, jurnalist, pedagog va darsliklar muallifi sifatida ham keng maʼlumdir. Hamzaning “Milliy ashulalar uchun milliy sheʼrlar majmuasi” (1915–1917), “Zaharli hayot” (1916), “Paranji sirlaridan bir lavha yoki yallachilar ishi” (1927), “Maysaraning ishi” (1926) kabi dramatik asarlari oʻzbek adabiyotida yangi hodisadir.
Hamza 1889 yilda Qoʻqonda tabib oilasida tugʻildi. Otasi maʼrifatli, ilgʻor ziyoli edi. Hamza eski maktabda, rus-tuzem maktabida va madrasada oʻqidi, fors, arab va rus tillarini oʻrgandi. Shu bilan birga Fuzuliy, Navoiy, Hofiz kabi mashhur Sharq shoirlari, Furqat, Muqimiy asarlari ustida mustaqil mutolaa qildi, ulardan oʻrgandi, ilhomlandi va ular taʼsirida 1905 yildan boshlab “Nihon” taxallusi bilan sheʼrlar yoza boshladi va 25 yoshdayoq “Devon” tuzdi. Ularda Sharq sheʼriyatiga xos muhabbat, diniy tematika bilan birga maʼrifatga chaqirish muhim oʻrin egallaydi. Hamza oʻzining pedagogik faoliyatini 1910 yilda Toshkentda Qashqar mahallasida, 1911 yilda Koʻqonda, 1914 yilda Margʻilonda va yana Qoʻqonda maktablar ochib, bolalarni oʻqitishdan boshladi. Hamza bu maktablarda dars beribgina qolmasdan, ayni choqda “Yengil adabiyot”, “Oʻqish kitobi”, “Qiroat kitobi” (1914–1915) kabi darsliklar ham yozdi. U bir shaharda usuli savtiya maktabini ochib quvgʻin qilinsa, ikkinchi shaharda yana shunday jadid maktabini tashkil qildi, koʻproq kambagʻal bolalarni va kambagʻallarni oʻqitishga intildi. Hamzaning maorif-oʻqitish ishlaridagi yutugʻi shunda boʻldiki, islomni usuli savtiya bilan bogʻlay oldi – Qurʼon va Xadislarni faol yordamga tortib, xalqni ilm-maʼrifatga, yangilikka daʼvat etdi.
1913–1914-yillarda Hamza chet ellarda Afgʻoniston, Hindiston, Suriya, Turkiya mamlakatlarida, Makkada sayohatda boʻldi, u mamlakatlar hayotida roʻy berayotgan oʻzgarishlar bilan tanishdi. 1915–1917-yillar davomidaHamza qator asarlar yaratib, undaxalqhayoti, uning orzu-intilishlarini ifodaladi, oʻzining insonparvarlik gʻoyalarini xalq tili bilan sodda va ravon uslubda bayon etdi, ommani ilm-maʼrifatgachaqirdi, bidʼatni qoraladi. Uning “Yangi saodat” povesti, “Gul” turkumidagi toʻplamlari (“Milliy ashulalar uchun milliy sheʼrlar majmuasi”) shu davrlarda yozilgandir. U maʼrifatparvarlik gʻoyalarini ommalashtirishda teatrdan ham unumli foydalandi.1915–1916-yillarda “Feruzaxonim”, “Ilm hidoyati”, “Loshman fojiasi” kabi qator drama va komediyalar yozib, baʼzilarini oʻzi tuzgan “Havaskor truppa”sida sahnalashtirdi.
Hamzaning 1917 yilga qadar boʻlgan faoliyati va ijodi oʻz davri madaniy-maʼnaviy hayoti, maʼrifatchilik va jadidchilik taʼsirida shakllanib, uning faol ishtirokchisi boʻlganligi, mustamlaka zulmiga qarshi xalq orasida maʼrifat tarqatish yoʻlida tinimsiz kurash olib borganligini koʻrsatadi. U jadidlarga ergashdi va jadidchilikning ilgʻor vakillaridan biriga aylandi. Jadidlar otasi Ismoil Gʻaspirali vafot etganda Hamza marsiya yozib, “Dod qil davri falaqdin, botdi xurshidi jahon”, deb yozdi. Munavvar qorini “muhtaram ustozi oliy”, “maʼnaviy ota”, deb atadi. Hamza bir maqolasida bunday deb yozdi: “Agar bu ahvolda yashayversak, bir muddatdan soʻng bu bidʼatlar orasida bir millat tugʻulub butun islom faqat ismi bor, jismi yoʻq bir holgʻa kelib qolur. Oʻzimizning bidʼatlargʻa mubtalo boʻlgʻonimiz yetar, oʻzimizdan keyingi avlodlarimizning xurshid saodatlarin zavolga yetkurmaylik va hozirdan budardlarning davosiga kirishub, chorasini izlayluk… Buning kabi bidʼat va majusiyat odatlarini yoʻq qilmak uchun yolgʻiz ikki kalima soʻzni yaxshi tushunmak lozim: oʻqimoq va oʻqimoq”. Yana boshqa bir maqolasida u “oʻquv-oʻqituv usullarini zamonga muvofiq tahsil qilmoq choralarini axtarmoq lozim”ligini uqtiradi. Hamza darsliklar yozib, yangi uslubdagi maktab ochib, jurnallar chiqarib jadidchilikni targʻib qilish bilan cheklanmadi, balki ayni chokda oʻzining badiiy asarlarida jadidchilik ruhini keng, dadil va teran targʻib etdi. Maʼlumki, jadidchilikka rus mustamlakachilari ham, boylar va mutaassib ruhoniylar ham qarshi turgan. Shuning uchun Hamza oʻz asarlarida ana shularga qarshi kurash olib bordi. “Zaharli hayot” dramasida Maryamxon “Shariatda jabr harom!”, “Shariatda adolat bor”, “Islomiyat oʻlmaydi”, deydi. Hamza “pora olib, dindan kechib” xalqni aldaganlarni “millat hisi yoʻq ekan” deb taʼkidlaydi.
1917 yil fevral voqeasi munosabati bilan yozgan maqolasida Hamza bunday deydi: “Mana bu kun haqiqatan, hurriyat vositasi bilan eski xoin va zolim, mustabid hukumati 50 yildan beri boʻyin, qoʻl va oyogʻimizga sezimsiz solub kelgan umrlik ogʻir zanjirlarni qoʻlga koʻrsatub yechdi, xolos qildi. Bu haqiqat, musovot vositasi bila, bir taraf, zolim amaldorlar, ikkinchi tarafdan, rahmsiz, shafqatsiz talonchilar temir tirnogʻi ostida poʻstlari butun sidirilub, yuraklari ezilub, choʻkub xonimonlaridan ajrob kelub turgan mazlum, nohaq faqiru bechora, yetim, gʻariblarning burgutlarning panjai margidan raho qildi… Bu kun Ostroumov, Ilminskiy kabilarning tarbiyasida yashagan va aning maslakiga xizmat etuvchi, vatandagi oʻz oramizdan chiqqan din xoinlarini xiyonatlarin haqiqat maydoniga otur. Nohaqlarni sharmanda va marnigun qilur”. Hamza oʻz asarlarida hurriyat, baxt-saodatga birlashish, oʻqish-oʻrganish, mehnat va kurash orqali erishish mumkinligini taʼkidlab: “Birlashsun emdi boshimiz, maslakda karshi yoshimiz”, “Birlashing, Turkiston!”, “Qoʻl ushlashing, birlashing emdi, Turkiston!”, “Haq yoʻlida jon bersak, boʻlsak millat qurboni”, deydi. 1917 yili oʻrtalarida yozgan “Uyon Vatan” sheʼrida Hamza “Ey Islom eli! Bu kun millatga oʻlsun harna himmatimiz!”, “Bitdi istibdod! Yetsun hurriyat! Bitsun nazorat, qullik, asorat!” deb hayqirdi. “Turkiston muxtoriyatina” sheʼrida “Toʻrt yuz yillik Romanov bitgach davlati koʻtarildi asorat, xoʻrlik illati”, “Bir sanjoqda toʻplansin islom davlati” deb kuylaydi.
Hamza sheʼriyati, xususan, uning “Milliy ashulalar uchun milliy sheʼrlar majmuasi” uning ijodidagina emas, balki umuman XIX asr oxiri XX asr boshidagi oʻzbek sheʼriyatida olgʻa tashlangan katta bir qadamdir. Hamza bu realistik turkumda Turkiston xalqining haqqoniy ahvolini, oʻz soʻzi bilan aytganda “Turkiston qissasini” koʻrsatib beradi. Toʻplamdagi sheʼrlarni sodda tilda va xalq qoʻshiqlari pardasida, yoʻsini, yoʻli va ohangida yozadi, har bir sheʼr boshida xalq orasida mashhur boʻlgan biror ashulani koʻrsatib, undan parcha keltirib oʻtadi. Uning “Yangi saodat” povesti ham yangicha proza asarlari yaratish sohasida qoʻyilgan muhim qadamdir. Unda ham maʼrifat, erkin-baxtli hayotga intilish ruhi yetakchilik qiladi. Asarning soʻngida shunday soʻzlarni oʻqiymiz: “Xudo zolim emas, birovga berub, birovga bermay qoʻymas. Xudoyi taborak va taolo saodat ilmda, razolat jahlda, har bir ish bandaning oʻz harakatiga muvofiq, deb kalomida takror xabar bergani bor”.
Hamza dramalari oʻzbek adabiyotiga yangilik boʻlib kirdi. “Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari” asari rosmana fojia, yaʼni tragediyadir. U “Istibdod qurbonlari” (“Loshmon fojialari” trilogiyasining uchinchi qismi, qolganlari topilganicha yoʻq) asarida istibdod toʻgʻrisida soʻzlab, rus chinovniklarini qahr-gʻazab bilan fosh etadi va aytish mumkinki, bu davr oʻzbek adabiyotida rus chorizmini Hamzadek fosh qilgan yozuvchi boʻlmasa kerak. Oʻzbek adabiyotida haqiqiy maʼnodagi komediya janrining tugʻilishi va rivoji ham Hamza nomi bilan bogʻliq. Hamza “Maysaraning ishi” (“Burungi qozilar yoki Maysaraning ishi”) asari bilan oʻzbek adabiyotida komediya janriga asos soldi. Hamza komediyalari, eng avvalo, oʻzbek xalq ijodi – xalq qoʻgʻirchoq teatri, askiyachilik va Nasriddin Afandi latifalari, shuningdek, xalqning hazil-hajviy ertaklari zaminida tugʻildi. Shuning uchun komediyalarida xalq ijodi anʼanalarining salmogʻi katta.
Hamza oʻz davrida maktab maorif sohasida ishladi, dram truppalar tuzdi. U toʻgʻri soʻzligi, haqiqatgoʻyligi va murosasizliga tufayli biror yerda muqim ishlay olmadi. Buxoroda, Toshkentda, Fargʻona, Xoʻjaylida, Avval qishlogʻida – yurt boʻylab koʻchib yurdi. 1929 yili 18 martda Shohimardonda fojiali oʻlim uni hayotdan olib ketdi.
Hamzaning maʼrifatchilik faoliyati Turkistonda XX asrning boshidagi umumiy maʼnaviy oʻzgarishlar, ilgʻor pedagogik va ijtimoiy-falsafiy fikrlar, jadidchilik harakati rivojiga muhim taʼsir koʻrsatdi. U oʻz ijodi bilan oʻzbek milliy adabiyotining taraqqiysi, undagi realistik yoʻnalishning borgan sari rivoj topib borishida katta ahamiyatga ega boʻldi. Oʻz xalqi, vatanining farovonligi, maʼnaviy rivoji yoʻlida charchamay, nihoyatda foydali ishlarni amalga oshirdi.
Dostları ilə paylaş: |