NASLLARNING NAVBATLASHISHI YOKI GALLANISHI
Yuksak o’simliklar tuban o’simliklardan farqlanib, ularning zigotasi ko’p hujayrali murtakni hosil qiladi. Ayrim o‘simliklar faqat jinssiz, ayrimlar esa jinsiy, lekin uchinchi xil o‘simliklar borki, ular ham jinsiy, ham jinssiz ko‘payadi.
Nasllarning gallanishi organizmning yashash davrida ikki xil nasl paydo bo‘lishi va ikki xil yo‘l bilan ko‘payishidir. Bu ularning biri jinsiy, ikkinchisi esa jinssiz ko‘payishdir. Jinsiy nasl gametofit, jinssiz nasl esa sporafit deb ataladi.
Sporalarning o‘sishidan hosil bo‘lgan nasl - gametofit gaploid (n) xromosomlidir, chunki ular meyoz yo‘li bilan bo‘linib, hujayralar hosil qiladi. Biroq, gametofitda keyingi bo‘ladigan jinsiy jarayonda ikkita jinsiy hujayra - gametaning qo‘shilishi natijasida diploid (2n) xromosomali zigota hosil bo‘ladi (67-rasm).
Zigotaning o‘sishidan hosil bo‘lgan jinssiz nasl - sporofit ham diploidli, lekin ular hosil qilgan sporalar yana gaploidli bo‘ladi. Shunday qilib, o‘simliklarda dastlab jinsiy ko‘payish, keyinroq jinssiz ko‘payish sodir bo‘ladi. Demak, yil davomida ana shunday ikki xil ko‘payishni gallanib (navbatlashib) ko‘payish deyiladi. Gallanib ko‘payishni yo‘sintoifalar, plauntoifalar, qirqbo‘g‘imtoifalar va qirqquloqtoifalarda uchratamiz.
67-rasm. O’rmon qirqqulog’ining (Dryopteris filix mas) taraqqiyot davrlari:
A – umumiy ko’rinishi; B – barg bo’lagining ostidagi soruslarini ko’rinishi; C – sorusning ko’ndalang kesimi; D- sporaning o’sishi; E – ikki jinsli gametofit o’simtaning ostki tamoni; F – arxegoniy; J – anteridiy, chiqayotgan ko’p xivchinli spermatozoidlar; H- yosh o’simlik: 1 – soruslar; 2 – sporangiyalar; 3 – platsenta; 4 – induziy pardasi; 5 – rizoidlar; 6 – arxegoniy; 7 – anteridiy.
Urug‘ yordamida ko‘payish. Urug‘li o‘simliklar sporali o‘simliklardan farqlanib, spora yordamida emas, balki urug‘ yordamida ko‘payadi. Urug‘ sporaga nisbatan bir necha afzalliklarga ega. Sporali o‘simliklarda spora bitta, uncha yaxshi himoyalanmagan hujayradir. U qulay sharoitga tushgandagina o‘sib gametofit rivojlanadi. Urug‘ esa bu ko‘p hujayrali murakkab tuzilishdagi ona o‘simlikda rivojlanadigan ma’lum miqdorda zahira oziq moddalar va qalin po‘stga ega. Urug‘dan murakkab tuzilishdagi yangi o‘simlik, ya’ni sporofit rivojlanadi. Urug‘ning kelib chiqishi o‘simliklar dunyosining evolyutsiyasida muhim davr hisoblanadi. Urug‘ o‘simlik murtagini uzoq vaqtlargacha noqulay sharoitlardan himoya qilish imkonini yaratadi. Urug‘li o‘simliklar gametofit naslning yanada reduksiyalanishi va sporofitni esa murakkablashishi kuzatiladi. Gametofit nasl o‘z mustaqilligini yo‘qotadi. Endi u tuproqda emas, balki sporofit naslda rivojlanadi. Urug‘lanish jarayoni ham suv muhitiga muhtoj emas. Erkak gametalar harakatchanligini yo‘qotadi va urg‘ochi gametaga chang yo‘li orqali yetib boradi. Urug‘li o‘simliklarni har xil sporali o‘simliklarga kiritiladi. Sporofit naslda meyoz bo‘linish natijasida meyosporalar bilan birga mikro- va megasporalar hosil bo‘ladi. Ammo mikro-megasporalar tashqariga sochilmaydi, aksincha sporangiylar ichida o‘sadi. Shunday qilib, erkak va urg‘ochi gametalarning rivojlanishi mikro-va megasporangiyalar ichida boradi. Urug‘ urug‘kurtakdan kelib chiqadi. Urug‘kurtak shakli o‘zgargan megasporangiydir. Uning ichida esa urg‘ochi gametofit rivojlanadi va urug‘lanish jarayoni sodir bo‘ladi. Keyinchalik zigota va yangi sporofit naslning murtagi shakllanadi. Urug‘lanishdan so‘ng urug‘kurtak urug‘ga, uning tashqi qobiqlari urug‘ yetilgan vaqtda urug‘ po‘stiga aylanadi. Zahira oziq moddalar esa ochiq urug‘li va yopiq urug‘li o‘simliklarda turli yullar bilan hosil bg‘ladi. Yuksak o‘simliklarning ochiq urug‘lilar va yopiq urug‘lilar bo‘limlari birgalikda urug‘li o‘simliklar deb ataladi. Ular spora bilan emas, urug‘ yordamida ko‘payadilar va tarqaladilar.
Mustahkamlash uchun savollar
1. O’simliklarni ko’payishi va o’z-o’zini yangilashini aytib bering?
2. Vegetativ ko’payish va uning xillarini ayting?
3. Payvandlash va uning turlarini ayting?
4. Jinssiz ko’payish qanday kechadi?
5. Jinsiy ko’payish va uning turlarini sanab o’ting?
6. Nasllar gallanishi nima, sporofit va gametofit haqida nimalarni bilasiz?
7. Urug’ yordamida ko’payivchi o’simliklarni aytib bering?
http://fayllar.org
Dostları ilə paylaş: |