ovqat hazim qilish va ovqatlanishning yoshga oid fizologiyasi va
Hazm a’zolarining taraqqiyoti Ovqat hazm qilish kanali pushtda birlamchi ichak nayi shaklida bo‘lib, homilada u og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, qizilo‘ngach, me’da va ichaklarga bo‘linadi. Hazm tizimi homila hayotining 4-oyidan faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Bu davrda homila ichagida bargrang mekoniy bo‘lib, uning tarkibiga epiteliy hujayralari, shilliq, o‘t, hamda homila yutgan amnion suyuqligi tarkibidagi moddalar bo‘ladi. Homila davrining so‘ngida hazm tizimi yangi tug‘ilgan bolaning hayotiy vazifalarini bajarish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Birlamchi ichak nayining boshlang‘ich qismidan rivojlanuvchi a’zolar bo’ladi.
Hazm tizimining oldingi uchi ektodermadan taraqqiy etadi. Bosh miyaning oldingi qismi tez o‘sishi natijasida peshona bo‘rtig‘i, uning ostida esa botiqlik - og‘iz ko‘rfazi hosil bo‘ladi. Og‘iz ko’rfazi chuqurlashib entodermadan hosil bo‘lgan birlamchi ichak nayini oldingi uchiga yaqinlashadi va uni qoplagan ektoderma birlamchi ichak entodermasi bilan qo‘shilib epitelial halqum pardasini (membrana pharyngea) hosil qiladi. Homila hayotining 3-haftasida bu parda so‘rilib, og‘iz ko‘rfazi birlamchi ichak bo‘shlig‘i bilan qo‘shiladi. Og‘iz ko‘rfazi yon va past tomondan I visseral ravoq hosilalari bilan chegaralangan. Bu ravoqning yuqori jag‘ o‘simtasidan: yuqori jag‘, tanglay, yuqori labning tashqi qismi, lunj, burun bo‘shlig‘ining yon devori hosil bo‘ladi. Juft pastki jag‘ o‘simtasining birikishidan esa pastki jag‘, pastki lab, og‘iz bo‘shlig‘ining tubi hosil bo‘ladi. Yuqori jag‘ o‘simtalari orasiga peshona bo’rtig‘ining o‘rta burun o‘simtasi kiradi va undan qattiq tanglayning keskich qismi va yuqori labning o‘rta qismi hosil bo‘ladi. Agar shu o‘simta yuqori jag‘ o‘simtalari bilan birikmasa, yuqori lablar birikmay quyon lab (labium leporinum), yuqori jag‘ o‘imtasining tanglay plastinkasi birikmay qolsa, bo‘ri og‘iz (palatum fissum) hosil bo‘ladi.
Tishlar (dentes) ovqat hazm qilishda ishtirok etib qolmay, odamda so’z bo’g’inlarini hosil qilishda ham qatnashadi. Ular yuqori va pastki jag’ning tish katakchalarida milklarning yuqorigi chekkasida joylashadi. Tishlar kimyoviy tarkibi va fizik xususiyatlari jihatidan suyaklarga o’xshaydi va ulardan kelib chiqishi bilan farq qiladi. Tish uch qismdan: toji, bo’yni va ildizidan iborat.
Tish toji (corona dentes) og’iz bo’shlig’ida ko’rinib turgan qismi bo’lib, to’rtta yuzasi bor. Tilga qaragan yuzasi (facies lingualis), og’iz dahliziga qaragan yuzasi (facies vestibularis)kesuv va kurak tishlarda lablarga qaragan (facies labialis), kichik va katta oziq tishlarda lunjga qaragan (facies buccalis) bo’ladi. Tishlarning o’zaro yondoshgan yuzasi (facies contactus) va chaynov yuzasi (facies occlusalis) tafovut qilinadi. Tish bo’yni (collum dentis) tish toji bilan ildizi o’rtasidagi toraygan qismi atrofidan milkning shilliq pardasi o’rab turadi. Tish ildizi (radix dentis) bittadan uchtagacha bo’lib, tish katakchalarida joylashgan. U ildiz uchi (apex radicis) bo’lib tugaydi. Tish toji ichidagi tish bo’shlig’i (cavitas dentis) ildizga kanal (canalis radicis dentis) bo’lib davom etadi. Bu kanal ildiz uchida ildiz uchi teshigi (foramina apicis dentis) bo’lib ochiladi. U orqali kirgan qon tomir va nervlar tish pulpasini (pulpa dentis) hosil qiladi.Tish pulpasi joylashgan joyiga qarab toj qismi ichidagi (pulpa coronalis) va ildiz ichidagiga (pulpa radicialis) bo’linadi.
Tishning moddasi dentindan (dentinum) iborat bo’lib, tish toji tashqi tomondan emal (enamalum) ildizi esa tsement (cementum) bilan qoplangan.
Odamda tish ikki marta chiqadi. Sut tishlari (dentes decidui) bola 5-7 oylik bo’lganida paydo bo’laboshlaydi va 2-2,5 yoshlarda ularning soni 20 taga etadi. Bola 5-7 yosh bo’lganida sut tishlari tusha boshlaydi va ularning o’rniga doimiy tishlar (dentes permanentes) chiqaboshlaydi. Katta odamda doimiy tishlar 32 ta bo’ladi. Yuqorigi va pastki jag’ning har bir tomonida 8 tadan tish joylashgan. O’rta chiziqdan lateral tomonga qarab: 2 ta kesuvchi (kurak), 1 ta qoziq, 2 ta kichik oziq va 3 ta katta oziq tishlar tafovut qilinadi. Tishlarning joylashish tartibi tish formulasini hosil qiladi.
Doimiy tishlarning joylashish tartibi (formulasi) quyidagicha 3.2.1.2. : 2.1.2.3
Tish toji va ildizining tuzilishiga qarab to’rt turga ajratiladi:
1.Kesuvchi (kurak) tishlar (dentes incisivi) jag’ning bir tomonida ikkitadan bo’lib, joylashishiga qarab tashqi va ichki kurak tishlar deb ataladi. Tish toji iskanaga o’xshash, og’iz dahliziga qaragan yuzasi biroz ko’tarilgan, til yuzasi botiq bo’lib, bo’yni sohasida tish bo’rtig'i (tuberculum dentis) bor. Chaynov yuzasi o’tkir kesuvchi chekka (margo incisalis) bilan tugaydi. Yuqorigi kurak tishlarning toji pastkisiga nisbatan sezilarli katta. Kurak tishni ildizi bitta konus shaklida, pastkisiniki yon tomondan siqilgan.
Og’iz bo’shlig’i bezlariga (glandulae oris) naychalari og’iz bo’shlig’iga ochiladigan katta va kichik so’lak bezlari kiradi. Kichik so’lak bezlari og’iz bo’shlig’i shilliq pardasida yoki shilliq osti asosida joylashib kattaligi 1-5 mm bo’ladi. Joylashgan joyiga qarab lab bezlari (glandulae labiales), lunj bezlari (glandulae buccales), tanglay bezlari (glandulae palatinae) va til bezlari (glandulae linguales) tafovut qilinadi.
Ishlab chiqargan suyuqligi tarkibiga qarab so’lak bezlari seroz, shilliq va aralash bezlarga bo’linadi. Seroz bezlar (til bezlari) oqsilga boy suyuqlik, shilliq bezlari (tanglay bezlati) shilliq, aralash bezlar (lab, lunj bezlati) aralash suyuqlik ishlab chiqaradi.
So’lak bezlari birlamchi og’iz bo’shlig’ini qoplagan ektoderma epiteliyidan rivojlanadi. Og’iz bo’shlig’i yon devori epiteliyi o’sib mayda lunj so’lak bezlarini, yuqori devori epiteliyi tanglay, lab sohasi epiteliyi esa lab bezlarini hosil qiladi.
Katta so’lak bezlariga quloq oldi, jag’ osti va til osti so’lak bezlari kirib, ular og’iz bo’shlig’idan tashqarida joylashsada, naylari og’iz bo’shlig’iga ochiladi.
Quloq oldi bezi (glandula parotoidea) seroz suyuqlik ishlab chiqaruvchi bez bo’lib, og’irligi 20-30 g. U eng katta so’lak bezi bo’lib, noto’g’ri shaklga ega. Quloq oldi bezi quloq suprasini oldida va pastida, pastki jag’ suyagi shoxining tashqi yuzasida joylashib, qisman chaynov mushagini yopib turadi. Uni tashqi tomondan fastsiya va teri qoplagan. Yuqorida bez yonoq ravog’igacha borsa, pastda pastki jag’ burchagigacha tushadi. Orqa tomondan to’sh-o’mrov-so’rg’ichsimon mushak va so’rg’ichsimon o’simtagacha etib boradi. Quloq oldi bezida yuzaki qismi (pars superficialis) va chuqur qismi (pars profunda) tafovut qilinadi. Uning chuqur qismi pastki jag’ shoxi orqasidagi chuqurlikda yotadi. Quloq oldi bezi yumshoq konsistentsiyaga ega, bo’laklari yaxshi ko’ringan. Bez tuzilishi jihatidan murakkab alveolyar bez bo’lib, tashqi tomondan biriktiruvchi to’qimali kapsula bilan o’ralgan. Uning tolalari bezni bo’lakchalarga ajratadi. Bez bo’lakchalari naychalari qo’shilishidan hosil bo’lgan quloq oldi bezining nayi (ductus parotideus,stenon nayi) bezning oldingi chekkasidan chiqadi. U chaynov mushagining ustidan yonoq ravog’idan 1-2 sm pastroqda yo’nalib, lunj mushagini teshib o’tadi va yuqori jag’ning ikkinchi katta oziq tishi sohasiga ochiladi. Chaynov mushagining yuzasida quloq oldi bezi nayi yonida ko’pincha qo’shimcha quloq oldi bezi (glandula parotis accessoria) yotadi.