2017-2018 yillarda mamlakatda bank-moliya sohasida keskin burilishlarga sabab bo'lgan islohotlar, xususan, valyuta bozorini liberallashtirish, moliya bozolarini rivojlantirish, pul-kredit siyosatini, shu jumladan, uning instrumentlarini takomillashtirish, ichki pul va valyuta bozorlarini rivojlantirish, tijorat banklari faoliyatini tartibga solishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish bo'yicha qator islohotlar amalga oshirildi. Bunda, asosan Xalqaro valyuta jamg'armasi, Jahon banki, Evropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilindi.
Bundan tashqari, 2017 yil oktyabrda Evropa investitsiya banki (EIB) va O'zbekiston Respublikasi o'rtasida Vashingtonda O'zbekistonda EIB faoliyati uchun huquqiy asosni belgilovchi, jumladan, moliyaviy va texnik yordam ko'rsatish bo'yicha shartnoma imzolandi. Bank O'zbekistonda infratuzilma, energetika va energiya samaradorligi bo'yicha davlat va xususiy sektor hamda mamlakatdagi kichik va xususiy tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishi bo'yicha kelishib olindi.
Mamlakatning bu yangi yondashuvi, Evropa tiklanish va tarraqqiyot bankining mamlakatda o'z faoliyatini qayta tiklashga, Toshkentda yangi ofis ochishga va 2018 yil sentyabr` oyida esa ETTB Direktorlar Kengashi tomonidan mamlakat bo'yicha yangi strategiyani qabul qilinishiga imkon berdi.
2018 yilda xalqaro suveren reytingni olish va mamlakat investitsion jozibadorligini oshirish maqsadida Standard and Poor’s, Moody’s, Fitch, JR Morgan and Chase kabi xalqaro moliya institutlari va reyting agentliklari bilan hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2018 yilning oktyabr` oyida birinchi bor O'zbekiston suveren kredit reytingini oldi va “Fitch Ratings” tashkiloti “O'zbekiston makroiqtisodiy barqarorlik va o'sish istiqbollarini yaxshilashga, shuningdek, davlat tomonidan katta darajada nazorat qilinadigan iqtisodiyotda institutsional va boshqaruvdagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan ulkan va keng qamrovli islohotlar dasturini amalga oshirishga kirishdi” deya e'tirof etdi.