Uchinchidan, oliy ta’limning qamrovi va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Keyingi yildan boshlab oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshiriladi.
Oliy o’quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga ko’paytirib, 2 mingtaga etkazamiz. A’lo baholarga o’qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etiladi.
Hozirgi vaqtda yoshlar eng nufuzli oliygohlarga kirish uchun intiladi, lekin oliy o’quv yurtlari o’rtasida bilimli va iqtidorli yoshlarni jalb qilish bo’yicha raqobat yo’q. Shu sababli xususiy oliygohlarga ham zarur mutaxassislarni tayyorlash bo’yicha davlat buyurtmasi berish tizimi yo’lga qo’yiladi.
Oliygohlar va ta’lim tizimining quyi bo’g’inlari o’rtasidagi uzviylikni kuchaytirish maqsadida 65 ta akademik litsey oliy o’quv yurtlari tasarrufiga o’tkaziladi. Shuningdek, 187 ta texnikum ham o’z yo’nalishi bo’yicha turdosh oliygoh va tarmoq korxonalariga biriktiriladi.
Nufuzli xorijiy universitetlar, ilmiy va innovatsion markazlar bilan aloqalarni kuchaytirish, ular bilan kadrlar tayyorlash bo’yicha hamkorlikni yanada kengaytirishimiz zarur.
Shu munosabat bilan kelgusi yilda “El-yurt umidi” jamg’armasi orqali etakchi xorijiy oliy o’quv yurtlarining magistratura va doktoranturasida o’qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshiriladi. Bu dastur orqali ilk bor bakalavr yo’nalishida chet ellarga 100 nafar o’g’il-qizlarimizni yuboramiz. Keyingi yillardan ularning soni 2-3 barobarga ko’paytiriladi.
Yangi yilda yurtimizdagi 30 ta etakchi oliygohga o’quv dasturlarini ishlab chiqish, qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni mustaqil hal qilish huquqi beriladi.
To’rtinchidan, mamlakat taraqqiyotining zamini, hech shubhasiz, ilm-fan va innovatsiyalardir.
Kelgusi yilda ilm-fan sohasida oliygohlar va ilmiy tashkilotlardagi doktorantlar soni 4,5 mingtaga yetkaziladi yoki 2017 yilga nisbatan 3 barobarga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun byudjetdan qo’shimcha 240 milliard so’m ajratiladi.
Ilg’or xalqaro amaliyot asosida dotsent va professor ilmiy unvonlari, falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini berish vakolati o’z yo’nalishi bo’yicha nufuzli bo’lgan oliygohlarning ilmiy kengashlariga o’tkaziladi.
Joriy yilda ilk bor matematika, kimyo-biologiya va geologiya fanlarini ta’lim va ilmning ustuvor yo’nalishi sifatida belgilab, ularni kompleks rivojlantirish choralari ko’rildi. Jumladan, 98 ta ixtisoslashgan maktablar hamda Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi. O’quv dasturlari tubdan qayta ko’rib chiqildi, o’qituvchilarning ish haqi oshirildi.
Endi keyingi yil uchun ustuvor ilm-fan yo’nalishlarini belgilab olishimiz kerak.
Agar tarixga nazar tashlaydigan bo’lsak, dunyodagi deyarli barcha kashfiyot va texnologiyalarni yaratishda fizika fani fundamental asos bo’lganini ko’ramiz. Haqiqatan ham, fizika qonuniyatlarini chuqur egallamasdan turib, mashinasozlik, elektrotexnika, IT, suv va energiyani tejaydigan texnologiyalar kabi bugun zamon talab qilayotgan sohalarda natijaga erishib bo’lmaydi.