19-modda. Katta yoshdagilarni oʻqitish va ularga ta’lim berish
Katta yoshdagilarni oʻqitish va ularga ta’lim berish butun umr davomida oʻqitishning markaziy tarkibiy qismi boʻlib, ta’lim berish hamda oʻqitishning jamiyat hayotida va mehnat faoliyatida katta yoshdagilarning ishtirok etishini ta’minlashga qaratilgan barcha shakllarini oʻz ichiga oladi, shuningdek rasmiy, norasmiy va informal oʻqitish jarayonlarining butun majmuini qamrab oladi.
Rasmiy ta’lim davlat ta’lim muassasalari hamda davlat tomonidan tan olingan akkreditatsiyadan oʻtgan nodavlat ta’lim tashkilotlari ishtirokidagi institutsionallashtirilgan (muayyan qoidalar va normalarni mujassamlashtiruvchi), aniq maqsadga yoʻnaltirilgan va rejalashtirilgan ta’limdir.
Norasmiy ta’lim ta’lim xizmatlari taqdim etilishini ta’minlovchi shaxs yoki tashkilot tomonidan institutsionallashtirilgan (muayyan qoidalar va normalarni mujassamlashtiruvchi), aniq maqsadga yoʻnaltirilgan va rejalashtirilgan boʻlib, shaxsni butun hayoti davomida oʻqitishdagi rasmiy ta’limga qoʻshimcha va (yoki) uning muqobilidir.
Informal ta’lim aniq maqsadga yoʻnaltirilgan, ammo institutsionallashtirilmagan (muayyan qoidalar va normalarni mujassamlashtirmagan), rasmiy yoki norasmiy ta’limdan koʻra kamroq tashkillashtirilgan va tarkiblashtirilgandir hamda oiladagi, ish joyidagi, yashash joyidagi va kundalik hayotdagi oʻquv faoliyatini oʻz ichiga olishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |