SHaxs tarbiyaning natijasi sifatida shakllanadigan ijtimoiy mavjudotdir.
SHaxsning ko‘pdan-ko‘p xislatlari bir-biridan ajratilgan emas, balki o‘zaro mustahkam bog‘langan. Tarbiya jarayonida bolaning shaxsiyati ayrim-ayrim emas, balki yaxlit ravishda rivojlanadi.
Bola o‘sib va rivojlanib borgani sari tarbiya vazifalari murakkablashib, chuqurlashib, tabahalashib boradi.
Har tomonlama etuk shaxsni tarbiyalash unga izchil ravishda aqliy, g‘oyaviy-siyosiy, axloqiy, mehnat, estetik, jismoniy, ekologik, iqtisodiy hamda huquqiy tarbiya berish, o‘quvchilarning ongi, xulq-atvori va faoliyatining birligi, shuningdek, tarbiya jarayonini tashkil etishning yakka, guruhli va ommaviy shakllarini qo‘shib olib borilishini ta’minlaydigan pedagogik tizimlarni vujudga keltirish va bu tizim g‘oyalariga amal qilishni talab etadi.
Ijtimoiy tarbiya jarayoni shaxsning ijtimoiy fazilatlarini shakllantirish, uning atrof-tevarak, jamityat, odamlar hamda o‘ziga nisbatan munosabatlari doirasini vujudga keltirish va uni kengaytirishga qaratilgan. SHaxs ishtirok etadigan ijtimoiy munosabatlar tizimi qanchalik keng, xilma-xil va chuqur bo‘lsa, uning ma’naviy dunyosi shunchalik boy bo‘ladi.
O‘z tabiatiga ko‘ra tarbiya jarayoni ko‘p omilli xarakterga ega. YA’ni, bola shaxsining qaror topishi oila, ta’lim muassasasi, jamoatchilik, ijtimoiy muhit, shuningdek, vaziyatlar xilma-xilligi, bevosita va bilvosita ta’sirlar ostida ro‘y beradi.
Tarbiya jarayonining natijalari odatda bir xil xarakterda bo‘lmaydi. Bu narsa o‘quvchilarning psixologik (individual, tipologik), fiziologik va jismoniy xususiyatlari, ularning hayotiy va ma’naviy tajribasi, shaxsiy pozitsiyasiga bog‘liq.
Tarbiya jarayoni, odatda, o‘z-o‘zini tarbiyalash, o‘z-o‘zini qayta tarbiyalash, bolaning atrof-muhitdagi u yoki bu hodisalar bilan salbiy aloqasi natijasida vujudga keladigan munosabatlar va ularning xususiyatlarini bartaraf etish bilan olib boriladi.
O‘zini o‘zi tarbiyalash shaxsni o‘zida ijtimoiy qadrga ega bo‘lgan fazilatlarni hosil qilish va takomillashtirishga hamda salbiy xislatlarni bartaraf etishga qaratilgan ichki faoliyat sifatida ta’riflanadi.
O‘z-o‘zini qayta tarbiyalash shaxsning o‘zidagi salbiy odatlar, xarakteridagi zararli sifatlarni yo‘qotish, ularni bartaraf etishga qaratilgan ichki faoliyati jarayonidir. Bola xulqidagi «og‘ish»lar oiladagi nosog‘lom muhit, ota-onaning tarbiyada yo‘l qo‘ygan xatolari, o‘qituvchi faoliyatidagi kamchiliklar asosida vujudga keladi. qayta tarbiyalash jarayonida salbiy xulqni hosil qilgan sabab, sharoit o‘zgartiriladi, qayta tarbiyalashda maktab va shaxsning shaxsiy ta’sirini oila, shu jumladan, ota-ona ham ma’qullashi lozim.