10-MAVZU:OILA SHAXS TARBIYASINING SUB’EKTI SIFATIDA
REJA:
Oilada bolalarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash mazmuni.
Ota-onalar bilan olib boriladigan ishlar
Oiladagi o’zaro munosabatlar
Tayanch tushunchalar:E’tiqod, ma’naviy-axloqiy qiyof,axloq, ma’naviyat, tarbiya, ma’naviy axloqiy tarbiya, ma’naviy-axloqiy tushunchalar, ma-naviy-axloqiy xulq-atvor, ma’naviy-axloqiy tarbiya metodlari, oila.
Oilada bolalarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash mazmuni.
“Biz uchun muqaddas bo‘lgan oila asoslarini yanada mustahkamlash, xonadonlarda tinchlik-xotirjamlik, ahillik va o‘zaro hurmat muhitini yaratish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni aniq mazmun bilan to‘ldirishdan iborat bo‘lmog‘i zarur” Sh.M.Mirziyoev.Oila er-xotinlik ittifoqiga, qarindoshlik aloqalariga, umumiy xo‘jalik yuritadigan er va xotin, ota-ona va bolalar, aka-uka va opa-singillar va boshqa qarindoshlar o‘rtasidagi munosabatlarga asoslanadigan kichik ijtimoiy guruh, jamiyatning asosi, davlat qudratining manbai. Oilaning hayoti moddiy (biologik, xo‘jalik) va ma’naviy (axloqiy, huquqiy, psixologik) jarayonlar bilan xarakterlanadi. Oila-tarixiy kategoriya. Uning shakllari va funktsiyalari mavjud ijtimoiy munosabatlar xarakteriga, shuningdek jamiyatning madaniy taraqqiyoti darajasiga bog‘liq.
Oila– kishilarning nikoh yoki qon-qarindoshlik rishtalari, umumiy turmush tarzi, axloqiy mas’uliyat hamda o‘zaro yordamga asoslanuvchi kichik guruhi. «Jamiyat» va «oila» tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Bu bog‘liqlik jamiyatning oilalarsiz mavjud bo‘lmasligi hamda o‘z navbatida oilaning ma’lum bir jamiyat tarkibida vujudga kelishi va yashovchanligida ko‘rinadi. Oila hamda jamiyat o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlar ikki tomonlama aloqadorlik xususiyatiga ega. Har bir oila umumjamiyat talablari asosida faoliyat yuritadi. Jamiyat taraqqiyotining rivoji esa uning bag‘rida mavjud bo‘lgan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy qiyofasining shakllanganlik darajasiga bevosita bog‘liqdir. Chunonchi, ijtimoiy borliqning oilalar zimmasiga qo‘yadigan talablari ularning manfaatlariga zid bo‘lmasa, aksincha, oilalar farovonligi, tinchligini ta’minlashga yordam bersa, oilalar tomonidan ijtimoiy talablarning qo‘llab-quvvatlanishi, ularning amaldagi ijrosini ta’minlash ko‘rsatkichi shuncha yuqori bo‘ladi. Ilmiy-pedagogik, psixologik, fiziologik hamda falsafiy asarlarning tahlili shuni ko‘rsatdiki, oila bola uchun eng asosiy tarbiya muhiti bo‘lib, bu muhitda shaxs kamoloti uchun muhim hisoblangan xulq-atvor, iroda, xarakter va dunyoqarash shakllanadi. Bola oila timsolida jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy qiyofasini ko‘radi, jamiyat talablari mohiyatini ilk bora shu kichik jamoa orasida, oilaviy munosabatlarni tashkil etish jarayonida anglaydi. Oilaviy munosabatlar – ota-onalar yoki bolaning kamoloti uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar (buva-buvilar) hamda farzandlar o‘rtasida turli yo‘nalishlarda tashkil etiluvchi munosabatlardir.
Oilaviy munosabatlar farzandlarning aqliy, ruhiy kamolotini ta’minlab, ota-onalarda o‘ziga xos faollikni ham yuzaga keltiradi. Xususan, farzandlarning bevosita ta’siri tufayli ularning qiziqish hamda faoliyatlari doirasi kengayadi, o‘zaro aloqalari mazmunan boyib boradi, real hayot mohiyatini chuqurroq anglash, ya’ni, farzandlar kamoloti, kelajagi timsolida o‘z umri davomiyligini kurish holati ro‘y beradi. Shaxsning ma’naviy sifatlarga ega bo‘lishi, unda ma’naviy bilimlarni egallashga nisbatan ehtiyoj va qiziqishning paydo bo‘lishida oila tarbiyasi asosiy rolni bajaradi. Oilada qaror topgan sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhit farzandlarning yetuk, barkamol bo‘lib voyaga yetishlari uchun beqiyos ahamiyatga egadir. Sharqda azal-azaldan oila tarbiyasiga yuksak baho berib kelingan. Totalitar tuzum davrida esa oilaning shaxs tarbiyasida tutgan o‘rni inkor etilib, uni ijtimoiy borliq vositasida tarbiyalashga harakat qilindi.
Oila tarbiyasining mohiyati. Oila tarbiyasi, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, ota-onalar yoki shaxs kamoloti uchun mas’ul shaxslar tomonidan tashkil etiluvchi hamda farzandlarni har tomonlama yetuk, sog‘lom etib tarbiyalashga yo‘naltirilgan pedagogik jarayon. Ota-onalar o‘zlarining ijtimoiy burchlarini bajarar ekanlar, farzandlarida mehnatga, uni tashkil etuvchilarga nisbatan mehr-muhabbat, hurmat tuyg‘usini shakllantirish, ularni ijtimoiy-foydali mehnatga tayyorlash, turli ko‘rinishdagi munosabatlarni uyushtirish vaqtida tartib-intizomga amal qilish, ijtimoiy me’yorlarga og‘ishmay rioya etish, sog‘lom turmush tarzini yaratish, o‘z shaxsiy hayotlari mazmunini belgilashda maqsad, so‘z va faoliyat birligini ta’minlash borasida har tomonlama ijobiy ibrat namunasini ko‘rsatadi.
Oila tarbiyasini tashkil etish shakl, metod va vositalari. Oila sharoitida uyushtirilayotgan suhbatlar alohida diqqatga sazovordir. Ommaviy axborot vositalari orqali aholi e’tiboriga havola etilayotgan huquqiy mavzulardagi maqolalar, ko‘rsatuv, eshittirish, shuningdek, ommaviy-huquqiy adabiyotlar hamda ularda ilgari surilgan g‘oyalar yuzasidan o‘tkaziladigan suhbatlar bolalarda huquqiy tasavvur, idrok, savodxonlik, tafakkur, faollik, mas’ullik, e’tiqod va salohiyatni qaror topishiga olib keladi. Oila muhitida bolalarga ularning burchlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni berib borish, o‘z navbatida huquqlaridan foydalanish yo‘llarini ko‘rsatib berish bu borada yaxshi samara bera oladi. Oila bolalarda vatanparvarlik, insonparvarlik tuyg‘ularini hosil qiluvchi o‘ziga xos maskan sanaladi. Bolalar «Vatan», «xalq» tushunchalarining mohiyatini dastlabana shu maskanda o‘zlashtiradilar. Binobarin, oilaning o‘zi Vatanning bir bo‘lagidir. Oila sha’nini himoya qilish, uni saqlash to‘g‘risida qayg‘urishning Vatanning sha’ni,el-yurt manfaati uchun kurashish tuyg‘ulari bilan uzviy bog‘liq bo‘lishiga erishish oilada tashkil etilayotgan ijtimoiy-siyosiy tarbiyaning asosi bo‘lishi lozim.
Yuqorida qayd etilgan tarzda oila tarbiyasini tashkil etish komil insonni tarbiyalab voyaga yetkazish muvaffaqiyati uchun poydevor bo‘ladi. Farzandlarning har tomonlama yetuk bo‘lib voyaga yetishlarida ota-ona, oilaning boshqa a’zolarining dunyoqarashlari, hayotiy yondoshuvlari va ma’naviy dunyosi o‘ziga xos o‘rin tutadi. Shuningdek, ota-onalarning muayyan darajada pedagogik bilimlarga ega bo‘lishlari ham ahamiyatlidir. Oila va ta’lim muassasalari o‘rtasida tashkil etilgan hamkorlikning bosh g‘oyasi ota-onalar uchun pedagogik yordam ko‘rsatishdan iboratdir.
Ota-onalar bilan olib boriladigan ishlar:
I. Ota-onalar bilan o‘tkaziladigan suhbatlar.
Suhbatlar yakka va umumiy tarzda olib boriladi. Ilk suhbat chog‘ida o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, ularda ma’naviy-axloqiy madaniyat unsurlarini qaror toptirish muvaffaqiyatini ta’minlash kafolati bo‘lgan ota-onalar va farzandlarning ijtimoiy onglilik hamda faollik darajasini aniqlashga yordam beruvchi anketa so‘rovlarini o‘tkazish mumkin. So‘rovnomalar ikki turda bo‘lib, ulardan birinchisi har bir o‘quvchining umumiy portretini tasvirlovchi, diagnostik tavsifga ega, ikkinchi turdagi so‘rovnoma esa ota-onalarning ijtimoiy tarbiyani yo‘lga qo‘yish, farzandlar ma’naviy madaniyatini shakllantirishga nisbatan ularning shaxsiy munosabatlarini aniqlashga xizmat qiluvchi so‘rovnomalardir.
II. Maktabning o‘quv yili davomida ota-onalar bilan olib boradigan ishlari:
1. Sinf ota-onalar majlisi. Majlis o‘quv yili davomida besh marta o‘tkaziladi, ya’ni, o‘quv yili boshlanishi oldidan, I, II, III va IV choraklar yakunida. Majlislarda o‘quv yurti ichki-tartib qoidalari, umumjamoa ijtimoiy me’yorlariga rioya etish holatlari, yuzaga kelgan ziddiyatlar tahlil etiladi, navbatdagi davr uchun belgilangan ishlarni rejalashtirish, ularni hal etish yo‘llari, chora-tadbirlari belgilanadi. Maktabda ta’lim olayotgan, jamoa hayoti, shuningdek, tarbiyaviy tadbirlar faollik ko‘rsatayotgan, o‘qishda, mehnatda alohida o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilarning ota-onalariga minnatdorchilik izhor etiladi.
Ayrim o‘quv yurtida tashkil etilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etmasliklari aytib o‘tiladi va buning sabablari aniqlanadi, bunday holatlarga barham berish borasida fikrlashib olinadi.
Umummaktab ota-onalar majlisi. Ota-onalarning umumiy yig‘ilishida o‘quv yili davomida o‘quvchilar, ota-onalar bilan olib boriladigan tarbiyaviy ishlarning borishi va yakuni muhokama qilinadi. Ota-onalar maktab hayoti va o‘quvchilarning intizomi, xulq-atvori, ijtimoiy me’yorlarga amal qilishlari, o‘quvchilarni ma’naviy jihatdan tarbiyalash borasida erishayotgan natijalar bilan tanishtiriladi.
O‘quvchilarda ongli intizomlilikni tarbiyalash.Ijtimoiy jamiyat hayotining tartibli kechishini ta’minlash maqsadida axloqiy hamda huquqiy me’yorlar qabul qilingan. Jamiyat ijtimoiy hayotida muhim o‘rin tutuvchi ijtimoiy-huquqiy me’yorlar esa davlt tomonidan qabul qilinib, tegishli qonun aktlari asosida tartibga solinadi.
Intizom ijtimoiy-axloqiy va huquqiy me’yorlarga nisbatan ongli yondashuv, ularga to‘la amal qilish demakdir. Ongli intizom tushunchasi shaxs faoliyatining ijtimoiy-axloqiy hamda ijtimoiy-huquqiy me’yorlar talablari asosida aqliy quvvatga tayangan holda tashkil etilish ko‘rsatkichidir. Ongli intizom tarbiyasi o‘quvchilar tomonidan intizomning mohiyati, uning ijtimoiy jamiyat hamda shaxs hayotida tutgan o‘rnini to‘o‘ri baholash, shuningdek, ijtimoiy-axloqiy va ijtimoiy-huquqiy me’yorlar talablariga ongli munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan pedagogik jarayondir. Talabalar o‘rtasida ongli intizom tarbiyasini tashkil etish jarayonida quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:
Ijtimoiy-axloqiy va ijtimoiy-huquqiy me’yorlar mohiyatini o‘quvchilar ongiga singdirish, ongli intizom tushunchasini qaror toptirish.
O‘quvchilar tomonidan ijtimoiy burch mohiyatining o‘zlashtirilishiga erishish.
O‘quvchilarda ijtimoiy burchni ado etish jarayonida ongli va ixtiyoriy faoliyatini tashkil etish borasidagi ko‘nikma va malakalarni shakllantirish.
O‘quvchilarda kundalik hayotiy rejim asosida faoliyatni tashkil etish ko‘nikmasini hosil qilish.
O‘quvchilarda mehnatni ilmiy asosda tashkil etish (mehnat va dam olish faoliyati, aqliy va jismoniy mehnat faoliyati o‘rtasida o‘zaro mutanosiblikning qaror topishiga erishish) ko‘nikma va malakalarini hosil qilishga erishish.
O‘quvchilarda ta’lim muassasasi ichki tartibi qoidalariga bo‘ysunish hissini shakllantirish.
Intizomsizlikning oldini olgan holda intizomsizlikka qarshi kurashishga yo‘naltirilgan faoliyatini yo‘lga qo‘yish va boshqalar.
Ta’lim muassasalarining muhim vazifalaridan biri yosh avlodni ongli intizom ruhida tarbiyalashdir.
Ta’lim muassasalarida o‘rnatilgan intizom ta’lim muassasalari jamoasini jipslashtirish, ta’lim muassasasi ichki hayoti va faoliyatining mo‘’tadil kechishini ta’minlaydi. Intizom o‘quvchilardan hamjihatlik asosida faoliyat olib borish, o‘quv yurti manfaati uchun birgalikda kurashish, rahbariyat hamda vakolatli o‘quvchilar organlari, uning a’zolari talablarini to‘o‘ri talqin etish va ularning bajarilishini talab etadi.
Ongli intizom o‘quvchilarning o‘qish va mehnat faoliyatiga ongli munosabatda bo‘lish, o‘quv yurti ichki tartib intizomiga bo‘ysunish, jamoa tomonidan topshirilgan topshiriqni bajarishga vijdonan yondashgan holda xulq-atvor me’yorlariga qat’iy rioya etish zarurligini tushunib olishlari va ularga o‘z ixtiyorlari bilan itoat etish ko‘nikmalarining hosil bo‘lishiga sharoit yaratadi.
Ta’lim muassasalari o‘quvchilarida intizomlilik xislatining hosil bo‘lishi uchun ta’lim-tarbiya ishlarining sifatini yaxshilash, ularning samaradorligini oshrishga imkon beradi.
Ongli intizom jamoa yordamida olib borilgan tarbiyaviy ishlarning natijasigina bo‘lib qolmay, ayni vaqtda, tarbiya vositasi sifatida xizmat qiladi. Intizom ko‘rsatkichi qanchalik yuksak darajaga ko‘tarilsa, uning tarbiya vositasi sifatidagi ta’siri shuncha ortib boradi. Intizomli jamoa o‘z a’zolarini ichki tartibga rioya qilishga, muayyan xulq me’yorlariga amal qilishga, o‘qituvchilar topshiriqlarini bajarishga, o‘z tengdoshlariga namuna ko‘rsatishga, ijtimoiy burchni anglashga o‘rgatadi. Bunday jamoa o‘quvchi noto‘g‘ri harakat qilsa, uning xatosi ko‘rsatiladi, natijada o‘quvchi tomonidan o‘z xatosini anglashi, to‘g‘rilashga bo‘lgan urinish yuzaga keladi. O‘quvchi va jamoa o‘rtasida ongli intizomni qaror toptirish ikki tomonlama ta’sir kuchiga egadir. Talaba jamoa doirasida jamoaning salbiy xususiyatlarini yo‘qotish uchun kurashadi, jamoa esa o‘quvchidagi mavjud nuqsonlarni bartaraf etishga o‘z ulushini qo‘shadi.
Intizom o‘quv ishlariga g‘oyat katta ta’sir ko‘rsatadi. O‘qituvchilarning topshiriqlarini, jamoa qarorlarini bajarish, masho‘ulotlarga kechikmasdan yetib kelish hamda sababsiz bironta ham darsni qoldirmaslik, darsda tartibsaqlash, uy vazifalarini o‘z vaqtida bajarish kabi holatlar ta’lim jarayonining muvaffaqiyatini, shuningdek, o‘quvchilarning chuqur bilim olishlari uchun imkon yaratadi. Shunday ekan, qaysiki o‘quv yurtida o‘qituvchi va o‘quvchilar jamoasi intizom qoidalariga qattiq rioya qilsa, o‘sha o‘quv yurtida o‘zlashtirish yuqori darajada bo‘ladi, tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda yuksak natijalar qo‘lga kiritiladi.
O‘quvchilarning ongli intizomini qaror toptirishda kundalik hayotiy rejim hamda unga qat’iy amal qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Q‘at’iy dars jadvali, sinfdan va maktabdan tashqari tarbiyaviy tadbirlarni uyushtirish va ularni o‘tkazish, kundalik faoliyatni aniq rejalashtirish o‘quvchining shaxsiy hayotini muayyan tartibga solishga xizmat qiladi.
Ongli intizom tuyg‘usini o‘quvchilarda shakllantirish quyidagi mazmundagi faoliyatni tashkil etish asosida kechadi:
a) maqsadga muvofiq talablarning qo‘yilishi hamda ularning o‘quvchilar tomonidan bajarilishini uzluksiz, doimiy nazorat qilib borish;
b) ijtimoiy-axloqiy va ijtimoiy-huquqiy me’yorlar mohiyatini tushuntirish;
v) ongli intizom mezonlaridan biri bo‘lgan intizomli xulq, xarakter va iroda sifatlarini hosil qilish maqsadida mashq qildirish va o‘rgatish;
g) rag‘batlantirish va jazolash. Rag‘batlantirish – o‘quvchining namunali xulqi uchun boshqalarga ibrat qilib ko‘rsatish, faxriy yorliqlar bilan taqdimlash, devoriy gazetada ushbu o‘quvchi to‘o‘risida kichik ma’lumotnoma berish, uning suratini maxsus doskaga qo‘yish, ota-onasining nomiga tashakkurnoma yuborish va boshqalar. Jazolash – o‘quvchi (talaba)ning xatti-harakati va faoliyatini jamoa muhokamasiga qo‘yish kabi holat asosida tashkil etiladi.
NAZORAT UCHUN SAVOL VA TOPSHIRIQLAR
Oila deganda nimani tushunasiz?
Oilaning burch va vazifalari nimalardan iborat?
Oilaga bag‘ishlangan qanday huquqiy-me’yoriy hujjatlarni bilasiz?
Dostları ilə paylaş: |