mavzu:Qishloq xo’jaligida investitsiyalar va ulardan foydalanish samaradorligi Reja: 1. Qishloq xo’jaligida investitsiyaning mohiyati va ahamiyati. 2. Qishloq xo’jaligiga investitsiyalarni jalb etish yo’llari. 3. Investitsiyalardan foydalanish samaradorligini tavsiflovchi ko’rsatkichlar va ularni aniqlash tartibi. 4. Qishloq xo’jaligiga investitsiyalarni jalb etish ko’lamini va samaradorligini oshirish yo’llari.
1. Qishloq xo’jaligida investitsiyaning mohiyati va ahamiyati. Barcha tarmoqlarda bo’lgani singari qishloq xo’jaligi tarmog’ida ham biror yo’nalishdagi tadbirkorlikni yo’lga qo’yishda investitsiyalar muhim ahamiyatga ega. Qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun avvalo turli xarajatlarni amalga oshirish, ya’ni investitsiya mablag’larini sarflash talab etiladi.
“Investitsiya” atamasi lotincha “invest” so’zidan olingan bo’lib, “pul sarf qilmoq”, “pul qo’ymoq” kabi ma’nolarni anglatadi. Investitsiya faoliyati subyektlari investitsiya loyihalarining barcha qatnashchilari: investorlar, investitsiya faoliyati obyektlaridan foydalanuvchilar, banklar, sug’urta kompaniyalari, vositachi tashkilotlar, investitsiya fondlari va boshqalar hisoblanadi.
Qishloq xo’jaligida ishlab chiqarish vositalariga sarflanadigan barcha mablag’lar investitsiyalar deb ataladi. Ular qishloq xo’jaligi korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlaydi va ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish, kimyolashtirish, elektrlashtirish, avtomatlashtirish natijasida mehnat unumdorligi oshadi, xarajatlar esa tejaladi. Natijada yetishtiriladigan mahsulotlar hajmi ko’payadi va sifati yaxshilanadi, olinadigan foyda summasi oshadi. Bu investitsiyalarni amalga oshirishning tub maqsadidir
Shularni e’tiborga olgan holda respublikada barqaror investitsion siyosat ishlab chiqilgan. U O’zbekiston Respublikasining “Investitsiya faoliyati to’g’risida”gi va “Chet el investitsiyalari to’g’risida”gi Qonunlari hamda boshqa me’yoriy hujjatlar asosida amalga oshirilmoqda.
Barcha sohalar singari qishloq xo’jaligini rivojlantirishda ham investitsiyalarning ahamiyati juda katta. Chunki tarmoqni ustuvor shaklda rivojlantirish uchun uning moddiy-texnika bazasini mustahkam ravishda barpo etish zarur. Buning uchun uni zamonaviy binoinshootlar, barcha turdagi zarur texnikalar, qishloq xo’jalik mexanizmlari, ichki irrigatsiya va melioratsiya inshootlari, serunum, tezpishar navlar, mahsuldor chorva mollari zotlari hamda aylanma vositalar va boshqa ishlab chiqarish vositalari bilan ta’minlash lozim.
Hozirgi davrda investitsion mablag’lar yangi, samarali texnologiyaga hamda intellektual mulkni barpo etishga sarflanishi maqsadga muvofiqdir
Demak, investitsiyalar natijasida qishloq xo’jaligining ishlab chiqarish vositalari barpo etilib, ularning ishga yaroqliligi tubdan yaxshilanadi.
Investitsiyalar maqsad va vazifalariga ko’ra quyidagi turlarga bo’linadi:
innovatsion investitsiyalar; - ijtimoiy investitsiyalar.
Asosiy va aylanma fondlarni barpo etishga va ularni takror ishlab chiqarishga, shuningdek, moddiy ishlab chiqarishning barcha shakllarini rivojlantirishga sarflangan investitsiyalar kapital investitsiyalar deb ataladi.
Texnika va texnologiyalarning yangi avlodini yaratish, mavjudlarini takomillashtirish va ularni o’zlashtirishga sarflangan investitsiyalar innovatsion investitsiyalardir.
Inson salohiyatini, malakasini va ishlab chiqarish tajribasini oshirishga, shuningdek, nomoddiy ne’matlarning boshqa shakllarini rivojlantirishga sarflanadigan mablag’lar ijtimoiy investitsiyalar deb ataladi.
Qimmatli qog’ozlarni (aksiya, obligatsiya, sertifikat va hokazo) shakllantirishga sarflangan mablag’lar esa moliyaviy investitsiyalar hisoblanadi.
Mamlakatimiz qishloq xo’jaligida moliyaviy investitsiyalar ko’lamini kengaytirish maqsadga muvofiqdir. Jumladan, fermer xo’jaliklari, agrofirmalarda qimmatli qog’ozlar chiqarib, sotilishini yo’lga qo’yish lozim.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida investitsion siyosatni shakllantirishda quyidagilarga alohida e’tibor berish kerak:
tender asosida raqobatbardosh loyihalarni tanlash. Bu qishloq xo’jaligida investitsion loyihalar bozori barpo etilishini ta’minlaydi; - qishloq xo’jaligi uchun mo’ljallangan investitsiyalarning iqtisodiy jihatdan asoslanganligi. Qishloq xo’jaligi tabiiy-iqtisodiy omillarining xususiyatlarini hisobga olgan holda loyihalarning iqtisodiy-ijtimoiy natijalari aniqlangan bo’lishi zarur. Chunki, ayrim hollarda loyihada belgilangan mablag’lar ko’zda tutilgan tadbirlarni bajarish uchun yetmaydi va oqibatda ko’zlangan maqsadga erishilmaydi. Bu hol investitsion loyihalar uzoq muddatga cho’zilishiga olib keladi;
chet el investorlarini va ularning investitsiyalarini qishloq xo’jaligiga jalb etish. Buning uchun xorijlik tadbirkorlarni mamlakatimiz qishloq xo’jaligida mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlar va ular uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtirish, reklamani to’g’ri yo’lga qo’yish hamda investitsion muhitni yanada yaxshilab borish lozim va boshqalar.
Investitsiyalarning mamlakat iqtisodiyoti va qishloq xo’jaligidagi ahamiyati ulkan.