Birinchidan, investitsiyalar jami xarajatlarning asosiy qismi hisoblanadi. Investitsiyalardagi o’zgarishlar jami talabga yetarlicha ta’sir ko’rsatadi, shuningdek aholining bandligi va yalpi milliy daromad hajmining ham o’zgarishini ta’minlaydi.
Ikkinchidan, investitsiyalar korxonaning asosiy fondlari jamg’arilishiga, ya’ni ko’payishiga olib keladi. Bunda ishlab chiqarish kuchlarini kengaytirishga sarf qilingan pul mablag’lari boshlang’ich bosqichda korxona faoliyati natijalariga ta’sir etmasligi mumkin, lekin kelajakda iqtisodiy o’sish uchun zarur bazani yaratadi.
Uchinchidan, investitsiyalarning noratsional sarf qilinishi ishlab chiqarish resurslari, xarajatlar o’sishiga olib keladi, natijada yalpi milliy daromad qisqaradi. Misol uchun, tugallanmagan qurilishning ko’payishi, moddiy resurslar sarfi oshishi, to’lanadigan ish haqining ko’payishi hamda ishlab chiqarishning qisqarishi shular jumlasidandir. Ular sarflanayotgan investitsiyalarning qiymati o’sishiga hamda samaradorligi pasayishiga ta’sir etadi.
Investitsiyalarning miqdori, dinamikasi va samaradorligi quyidagi omillarga bog’liq:
investitsiya amalga oshirilayotgan loyihaga;
mamlakatdagi va korxona faoliyatidagi iqtisodiy o’zgarishlarga;
davlatning soliq siyosati va banklarning foiz stavkasiga;
tashqi savdo bo’yicha yuritilayotgan siyosatga;
valyuta kursi o’zgarishiga;
mamlakatning siyosiy hayotidagi barqarorlikka.
2. Qishloq xo’jaligiga investitsiyalarni jalb etish yo’llari.
Qishloq xo’jaligining barqaror rivojlanishi tarmoqda mavjud bo’lgan ishlab chiqarish vositalari oqilona tarzda takror ishlab chiqarilishini talab etadi. Bu jarayon ishlab chiqarish vositalarini sotib olish, ta’mirlash, qurish, innovatsion hamda ijtimoiy munosabatlar yig’indisidan tashkil topadi.
Barcha investitsiyalar quyidagi yirik ikkita manbadan shakllantirilib, amalga oshiriladi:
korxonaning o’z mablag’lari hisobidan;
chetdan jalb qilingan mablag’lar orqali.
Korxonaning investitsiyalarni shakllantirishda qo’llaniladigan o’z mablag’lariga quyidagilar kiradi:
korxonaning sof foydasidan ajratilayotgan mablag’lar;
amortizatsiya fondidagi mablag’lar;
asosiy vositalarni tugatishdan, sotishdan kelib tushgan mablag’lar;
asosiy vositalarni ijaraga berishdan tushgan mablag’lar;
Qishloq xo’jaligi tarmog’ida ishlab chiqarish jarayonining mavsumiyligi mazkur tarmoqda faoliyat yurituvchi tadbirkorlarning investitsion imkoniyatlarini cheklab qo’yadi. Tarmoqda ishlab chiqarish vositalari sifatida tirik organizmlarning ishtirok etishi, mahsulot ishlab chiqarish jarayonida ularning ma’lum vegetatsiya davrini o’tishi lozomligi ishlab chiqarish jarayonining uzoq davom etishiga olib keladi. Masalan, kuzgi bug’doy oktabr oyida ekiladi va kelgusi yilning may oyida tayyor mahsulot olinadi, ya’ni 7-8 oy o’tgachgina tayyor mahsulot olinadi. Bunday holatda tarmoqda faoliyat yurituvchi tadbirkorlarning uzoq muddat davomida investitsiyani amalga oshirish uchun mablag’lari yetishmaydi.
Investitsiyalarni shakllantirishda chetdan jalb qilinadigan mablag’larga quyidagilar kiradi:
qishloq xo’jaligi uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablag’lar;
tijorat banklaridan olinadigan kreditlar;
hamkorlardan olinadigan mablag’lar;
qimmatli qog’ozlar chiqarib sotish orqali jalb etiladigan mahalliy va xorijiy korxonalar hamda fuqarolarning bo’sh turgan mablag’lari;
Xorijiy investitsiyalar chet mamlakatlardagi yuridik va jismoniy shaxslarning mablag’laridan tashkil topadi. Chet ellik investorlar tomonidan foyda olish maqsadida tadbirkorlik faoliyati va qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa turdagi faoliyat obyektlariga qo’shadigan barcha turdagi moddiy va nomoddiy boyliklar va ularga doir huquqlar, shu jumladan, intellektual mulkka doir huquqlar respublika hududida chet el investitsiyalari hisoblanadi. Ular O’zbekiston Respublikasi hududida quyidagi yo’llar bilan amalga oshiriladi:
respublika qishloq xo’jaligidagi yuridik hamda jismoniy shaxslarning Nizom jamg’armalarida va boshqa mol-mulkida ulush qo’shib qatnashish;
tarmoqda chet ellik investorgarga to’liq qarashli bo’lgan xo’jalik jamiyatlari va shirkatlari, bank, sug’urta va boshqa korxonalarni barpo etish va rivojlantirish;
mol-mulk, aksiyalar va boshqa qimmatli qog’ozlarni, shu jumladan, O’zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qarz mablag’larini sotib olish;
intellektual mullka, shu jumladan, mualliflik huquqlari, patentlar, firma nomlari va nou-xaularga, shuningdek, ishchanlik nufuziga (gudvillga) huquqlar kiritish va boshqalar.
Ularni chet davlatlar yoki bu davlatlarning quyidagi hududiy organlari amalga oshiradilar:
davlatlararo bitimlar yoki boshqa shartnomalarga muvofiq tashkil topgan yoki xalqaro ommaviy huquq subyektlari bo’lgan xalqaro tashkilotlar;
Ayni paytda xo’jaliklarga chetdan jalb qilinadigan mablag’larning manbalaridan biri xo’jalik a’zolarining vaqtincha bo’sh turgan mablag’larini jalb etish hisoblanadi. Bunday investitsiyani amalga oshirish uchun korxona o’z ichida qisqa muddatli obligatsiyalarni chiqarib, ularni a’zolariga ishonchli tarzda tarqatishi (sotishi) yoki huquqiy kuchga ega bo’lgan ishonchli dalolatnomalarni ham berishi mumkin. Xo’jalik a’zolari esa muomalaga berilgan mablag’larini ma’lum muddat o’tgandan so’ng belgilangan foizi bilan qaytarib olish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Bu turdagi investitsiya imkoniyatlaridan qishloq xo’jaligi korxonalarida unumli foydalanish kerak.