Konfusiy nomining ilohiylashtirilishi. Konfusiy о‘zi yashab ijod etgan joy –
Suyfuda vafot etgandan keyin uning qabri yaqinida bir ibodatxona qurdilar.
Ibodatxonaga Konfusiyning shogirdlari va yaqinlari tomonidan uning barcha
tabarruk narsalari va unga taalluqli ashyolar: yozgan asarlari, musiqa asboblari,
rо‘zg‘or anjomlari, aravasi va boshqa narsalari keltirib qо‘yildi. Vaqt о‘tishi bilan
faylasufning obrо‘si oshib, ta’limoti keng tarqalgani sari ushbu ibodatxona ham
ziyoratgohga aylanib bordi. Suyfu yaqinida Konfusiy shogirdlari va izdoshlari
makon tutgan kattagina qishloq barpo bо‘ldi. Lu podshohligi hukmdorining о‘zi
Suyfuga kelib Konfusiy ibodatxonasida uning xotirasiga qurbonlik qildi.
Ibodatxonaning ahamiyati oshgani sayin uning yer mulklari bilan boyidi. Bu joy
oddiy mahalliy ibodatxona shaklidan Xan sulolasi davriga kelib butun mamlakat
miqyosidagi muqaddas ziyoratgohga aylandi. Mil. av. 195 yilda birinchi Xan
podshohi Lyu Ban shaxsan о‘zi Konfusiy ibodatxonasida unga atab «tay-lyao»
(Xitoyda eng oliy qurbonlik – qо‘y, xо‘kiz va chо‘chqa) uchlik qurbonligi
keltiradi.
Mana shu asrdan boshlab Konfusiy nomi Xitoyda ilohiylashtirildi va unga atab
muntazam qoidalar asosida qurbonliklar qilinadigan bо‘ldi.
Xan sulolasi davrida Konfusiyga knyazlik unvoni berildi. X-XIII asrlarga kelib,
Sun sulolasi davrida unga imperatorlik unvoni, otasiga esa knyazlik unvoni berildi.
Keyinroq Yuan va Min sulolalari (XIII-XIV asrlar) davrida unga yana ham
yuksakroq daraja – «Haqiqiy donishmand», «Millatlarning buyuk ustozi»
unvonlari berildi.
Xitoyning deyarli barcha shaharlarida Konfusiyga atab qurilgan ibodatxonalar
paydo bо‘ldi. Bunday ibodatxonalar soni mingga yaqin edi. Dastlabki paytda
ibodatxonaning qurbonlik qilinadigan joyida oddiygina Konfusiy nomi yozilgan
lavha osilgan edi. Xitoyga buddizm kirib kelgach, lavha о‘rnini endi Konfusiyning
haykali egalladi. Suyfudagi ibodatxonadan boshqa hammasi bir xil shaklga ega edi.
Unda Konfusiy haykali yoniga 86 shogirdining nomi bitilgan lavha yoki haykallar
qо‘yilgan. Suyfudagi ibodatxonada ularning soni kо‘proq.
Faylasufga atab qilinadigan qurbonliklar va boshqa muhim marosimlar tartibga
solingan. Har oyning birinchi va 15-kunlarida ikki marta Konfusiy haykali oldida
odatiy qurbonliklar, yilda – bahorda va kuzda ikki marta alohida tantanali
marosimlar о‘tkazilar edi. Tantanaga kelgan imperator va ularning mulozimlari
donishmand timsoli oldida turib, unga: «Sen buyuksan, ey mutlaq donishmand,
sening fazilatlaring kо‘p, ta’limoting beqiyos, о‘tganlar orasida senga tengi yо‘q!»
– kabi hamdu sanolar bilan murojaat qilganlar.
Konfusiy nomi о‘rta asrlarga kelib Xitoyda ilohiylashtirildi. Uning timsoli
podshohlar boshidagi tojlardan о‘rin oldi.