Ishlab chiqarishda qatnashadigan asosiy fondlar yillar o‘tishi bilan eskiradi va o‘z sifatini yo‘qota boradi. Espublika sanoati asosiy fondlarining eskirish dinamikasi 19-jadvalda ko‘rsatilgan.
Asosiy fondlar jismoniy va ma’naviy jihatdan eskirishi mumkin.
Jismoniy eskirish deganda, asosiy fondlarning ishlab chiqarish jarayonida qatnashishi natijasida butunlay yoki qisman tuzishi, emirilishi tushuniladi. Ma’lum vaqt o‘tgach, jismoniy jihatdan butunlay yoki qisman yaroqsiz bo‘lib qolgan mehnat qurollarini yangisiga almashtiriladi yo bo‘lmasa modernizatsiya qilinadi yoxud ayrim qismlari kapital ta’mirlanadi. Jismoniy eskirish natijasida asosiy fondlarning qiymati yo‘q bo‘lib ketmaydi, balki tayyorlangan mahsulot qiymatiga ko‘chadi.
Korxonalarda faqat ishlayotgan mashina va asbob-uskunalargina emas, balki bekor turganlari ham to‘ziydi (emiriladi). Mashina va asbob-uskunalarning jismoniy eskirish darajasi ularning xizmat muddati va to‘zish (emirilish) darajasiga nisbatan aniqlanadi.
Fan-texnika taraqqiyoti va mehnat unumdorligi o‘sishi tufayli ishlab turgan mashina va asbob-uskunalar qiymatining kamaytirilishi, nisbatan unumli va tejamli yangi mashinalarning va asbob-uskunalarning ishlab chiqarishga joriy qilinishi natijasida ishlatilayotgan mashinalarning jismoniy eyilish muddati tugamasdan turib qadrsizlanishi - asosiy fondlarning ma’naviy eskirishi, deb ataladi. Ma’naviy eskirish fondlarning bahosini vaqti-vaqti bilan qayta ko‘rib chiqishni shart qilib qo‘yadi. Eskirgan asosiy fondlarni yangilari bilan almashtirish rejali ravishda eng kam mehnat va mablag‘ sarf qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Asosiy fondlar ishlab chiqarish jarayonida asta-sekin eskirib, o‘z qiymatining ma’lum qismini amortizatsiya sifatida ishlab chiqarilayotgan tayyor maxsulot qiymatiga oz-ozdan ko‘chirib boradi.
Amortizatsiya - (lotincha amortisatio - qoplash), asosiy kapital (fondlar) amortizatsiyasi - asosiy kapital (mashina va mexanizmlar, jihozlar va uskunalar, binolar va inshootlar)ning ekspluatatsiya jarayonida eskirishi va ayni paytda ular qiymatining muayyan davr davomida ishlab chiqarilayotgan tayyor maxsulotga o‘tib borishi.7 Asosiy vositalar moddiy yoki jismonan va ma’nan eskiradi. Moddiy eskirish mehnat vositalaridan foydalanish jadalligi va ularning korxonada ishlatilgan muddatlari bilan belgilanadi. Ma’naviy eskirish fan va texnika taraqqiyoti natijasida mehnat vositalarining arzonlashuvi hamda iqtisodiy jixatdan mukammal bo‘lgan yangi mexnat vositalarining yaratilishi va joriy qilinishi bilan bog‘liq. Amortizatsiya me’yori asosiy fondlar turiga, xizmat qilish muddatiga ko‘ra tabaqalashtiriladi. Amortizatsiya qiymati ishlab chiqarilgan mahsulotning tannarxiga kiritib boriladi. Mahsulot sotilgach, bu qiymat amortizatsiya ajratmalari ko‘rinishida eskirgan jihozlar o‘rniga yangisini sotib olish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar summasi tarzida jamg‘ariladi.
Amortizatsiya ajratmalari - mahsulot tannarxiga kiritiladigan asosiy fondlar amortizatsiyasi summasi; asosiy fondlarni qisman tiklash (kapital ta’mir va yangilash) va to‘liq tiklash (renovatsiya) fondlarini yaratishga xizmat qiladi. Amortizatsiya ajratmalari me’yorlari asosiy fondlar qiymatiga mutanosib, ya’ni taxminiy foydalanish muddatiga tekis taqsimlanishi yoki kamayib boruvchi balans usulida - jadallashtirilgan tartibda hisoblanishi mumkin. Jadallashtirilgan tartibda foydalanishning birinchi yilida amortizatsiya me’yori 2 marta oshiriladi, ikkinchi yili qoldiq qiymatining 20 foizi miqdorida va shu tarzda ajratmalar nazarda tutiladi va bu ish shu tarzda davom ettiriladi. Natijada asosiy fondlar qiymatining 2/3 qismi ular xizmat muddatining yarmidayoq amortizatsiyalanadi. Amortizatsiya me’yorlarining pasaytirilishi asosiy fondlarning yangilanishini sekinlashtiradi, oshirilgan me’yorlar mahsulot tannarxini qimmatlashtiradi. SHu sababli amortizatsiya ajratmalari davlat tomonidan tartibga solinadi. Amortizatsiya ajratmalari ta’minlanishi kerak bo‘lgan asosiy shart asosiy fondlar eskirishining to‘liq qoplashi va ularning takror yaratilishiga erishishdir. Bozor iktisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda davlat amortizatsiya ajratmalari normativlarini belgilab, jadallashtirilgan amortizatsiya orkali tadbirkorlarga solikka tortiladigan foyda summasini kamaytirishga imkoniyat yaratib beradi. Ayni paytda asosiy fondlar qiymatini hisobdan chiqarishni tezlatish tadbirkorni asosiy fondlarning ma’naviy eskirishi bilan bog‘liq ehtimoli bo‘lgan zarar kurishdan saklaydi, yangi texnika va texnologiyani tezroq joriy etishga rag‘batlantiradi.
Amortizatsiya ajratmalari asosiy fondlarning o‘zini yokiuning ba’zi qismlarini yangilash vaqti kelguncha shu shaklda ma’lum fondda jamg‘arilib turiladi va bu fondni amortizatsiya fondi deb ataydilar. Demak, amortizatsiya fondi - amortizatsiya ajratmalari hisobiga shakllanadigan maxsus fonddir.
Asosiy vositalar va ishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo‘lgan moddiy aktivlar amortizatsiyasi degan tushuncha ham mavjud.
Asosiy vositalar va ishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo‘lgan nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi bo‘yicha xarajatlar tarkibiga quyidagilar kiradi:
- asosiy ishlab chiqarish fondlarining dastlabki qiymatidan kelib chiqib hisoblangan amortizatsiya ajratmalarining summasi (hisoblangan eskirish);
- lizing bo‘yicha va belgilangan tartibda tasdiqlangan normalar, qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, jadallashtiriladigan amortizatsiya summasi.
Ishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo‘lgan nomoddiy aktivlar eskirishi, har oyda xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan dastlabki qiymati va ulardan natijali foydalanish muddatidan (biror xujalik faoliyati yurituvchi sub’ekt muddatidan ortiq emas) kelib chiqib hisoblanadigan mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga tegishli bo‘ladi. Natijali foydalanish muxlatini aniqlash imkoni bo‘lmagan nomoddiy aktivlar bo‘yicha eskirish me’yori 5 yilga hisoblanadi.