5.Ishlab chiqarish quvvati va ulardan foydalanishni yaxshilash yo‘llari Ishlab chiqarish samaradorligini oshirishning asosiy yo‘llaridan biri mavjud ishlab chiqarish fondlaridan foydalanishni yaxshilashdir. Ulardan samarali foydalanish masalasi ayniqsa, bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida yanada dolzarblashadi. SHuning uchun ham O‘zbekistonda ulardan har taraflama unumli foydalanishga alohida e’tibor berilmokda.
Ishlab chiqarish quvvatlaridan qanchalik to‘la va unumli foydalanilsa, ko‘proq mahsulot ishlab chiqariladi, mahsulotning tannarxi kamayadi, korxonaning foydasi va samaradorligi oshadi.
Korxonaning ishlab chiqarish quvvati vaqt birligi ichida belgilangan assortiment va nomenklatura, mavjud dastgohlar, ishlab chiqarish maydonlaridan to‘liq foydalangan holda mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatini ifodalaydi.
Korxonaning ishlab chiqarish quvvati natura birligida o‘lchanadi. Masalan, metallurgiya sanoatida ishlab chiqarish quvvati tonnada, to‘qimachilikda yigirilgan ip tonnada, gazlamalar metrda, avtotraktor tarmoqlarida avtomobillar va traktorlar donalab o‘lchanadi.
Ishlab chiqarish quvvati korxonaning texnik darajasi, unumdorligi, kadrlar malakasi, xomashyolarning sifati va mahsulotlarning assortimentiga qarab o‘zgarib boradi.
Korxonalarda ishlab chiqarish quvvatini hisoblash uchun quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi lozim:
a) mavjud uskunalar va agregatlarning soniga ta’mirlashdagi uskunalar, rejalashtirish davrida yangidan kiritilgan uskunalar qo‘shiladi. Lekin jismoniy va tabiiy sharoit ta’sirida emirilgan uskunalar hisobga kiritilmaydi;
b) korxonalar va tsexlarning ishlab chiqarish maydonlari
haqidagi ma’lumot;
v) korxonalarning ish rejimi, ya’ni smenalar soni (ta’mirlashga to‘xtash vaqtisiz), ish vaqti fondi;
g) uskunalar, agregatlarning unumdorlik normasi.
Ayrim tarmoqlarning korxona va tsexlarida yig‘uv, quyuv, mebel, konserva ishlab chiqarish quvvati, maydon bo‘yicha quyidagi formulaga asosan hisoblanadi:
Q=(M : Mn) * (F : Vt), Bu erda: M - korxonaning yoki tsexning ishlab chiqarish maydoni (kv.m);
Mn - norma bo‘yicha ish joyiga taalluqli ishlab chiqarish maydoni (kv.m);
F - ish joyining yillik rejali ish vaqti fondi (soat);
Vt - mahsulotning mehnat talabchanligi - texnologik vaqt (soatda).
Yil boshida belgilangan ishlab chiqarish quvvati, kirish quvvati, yil oxiridagisi esa, chiqish quvvati, deyiladi. O‘rtacha yillik ishlab chiqarish quvvati quyidagi formula yordamida aniqlanadi:
Ko‘r = Kk + (Km * P2) / 12 - (Kch * P1) / 12, Bu erda: Kk - kirish davridagi (rejalashtirilayotgan yil boshidagi) quvvat;
Kt - yil davomida ishga tushirilgan quvvat;
Kch - chiqish davridagi (yil oxiridagi) quvvat;
P1 - rejalashtirilayotgan davrdagi ishlab chiqarish quvvatidan foydalanilmagan oylar soni;
P2 - rejalashtirilayotgan davrda ishga tushirilgan ishlab chiqarish quvvatidan foydalanilgan oylar soni.
Asosiy fondlardan va ishlab chiqarish quvvatidan foydalanishni yaxshilash ijtimoiy ishlab chiqarishning samaradorligini oshirishga, kapital mablag‘ sarflamay, qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarishga, mehnat unumdorligi va samaradorlik o‘sishiga xamda mahsulot tannarxini kamaytirishga imkon yaratadi. SHuning uchun ham hozirgi sharoitda respublikada ulardan unumli foydalanishga katta e’tibor berilmokda.
Sanoat asosiy fondlari va ishlab chiqarish quvvatlari samaradorligini oshirishda korxonalarda texnologik uskunalarning ish smenasini ko‘paytirish katta ahamiyatga ega.
Uskunalardan intensiv foydalanishni yaxshilash uchun korxonaning texnika va texnologiyasini takomillashtirish, mashinalarning ish tezligini oshirish, metall quyishga, kimyoviy jarayonlarga sarflanadigan vaqtni qiskartirish, shuningdek, kadrlar malakasining texnikaviy saviyasini oshirish, korxonalarni yiriklashtirish, ixtisoslashtirish va diversifikatsiya qilish asosida mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish zarur.