1. Egasi topiladigan gaplar Egasi topiladigan gaplarda egasini kesim orqali beriladigan so‘roq bilan topish mumkin bo`ladi. Bunday gaplar shaxsi aniq, shaxsi noaniq, shaxsi umumlashgan gaplarga bo‘linadi.
Shaxsi aniq gap. Kesimi, asosan, fe’l bilan, ba’zan fe’ldan boshqa so‘z bilan ifodalanib, harakatni bajaruvchi shaxsni aniq ko‘rsatib turadigan bir bosh bo‘lakli gap shaxsi aniq gap deyiladi.
Shaxsi aniq gaplarda ega lesik jihatdan shakllanmaydi va unga hech qanday ehtiyoj ham bo‘lmaydi; kesim vazifasida kelgan so‘z tarkibidagi tuslovchi affikslar shaxsni aniq ko‘rsatib turadi.
Shaxsi aniq gapning kesimi quyidagicha ifodalanadi:
1. Aniqlik (ijro) maylidagi fe’l va boshqa so‘z turkumlari bilan. Masalan: Ertalabki poezddan qolmaslik uchun shoshilib chiqib ketayotgan edi. (O‘.Hoshimov). Shaxsi aniq gap kesimining aniqlik maylidagi fe’l bilan ifodalanishi quyidagicha:
1) o‘tgan zamon fe’l shakllari bilan: Ular bilan ham murosa qilolmagan edingiz-ku ... (P.Qodirov). Abdukarimova haqida bilmoqchi edim. (F.Musajonov). 2) hozirgi zamon fe’l shakllari bilan: Endi ularning xatosini tuzatish uchun qancha mashaqqat chekamiz. (P.Qodirov). Gapimni tushuntirolmay qolamanmi deb qo‘rqyapman. (J.Abdullaxonov). 3) kelasi zamon fe’l shakllari bilan: Hech kim bilan hech qanaqa raqobat qilmoqchimasman. (J.Abdullxonov). Saviyasini tekshirmoqchimisan? (F.Musajonov). 2. Buyruq - istak mayidagi fe’l bilan: Xatlarni menga bering! – deb qoldi Tolib aka. (F.Musajonov). Gazeta ishidan misol keltiib gapiray. (F.Musajonov). 3. Shart maylidagi fe’l bilan:
Xulosangizga astoydil ishonsangiz, nimdan qo‘rqasiz? Tushuntirsangiz, tushunishadi. (J.Abdullaxonov). Shaxsi aniq gapning kesimi ba’zan fe’ldan boshqa so‘zlar bilan ham ifodalanishi mumkin. Masalan: Kelishgan, o‘qimishlisiz, buning ustiga yoshsiz. (F.Musajonov). Mulla Usmon, ... hammasidan xabardorsiz. (P.Qodirov). Shaxsi aniq gaplar badiy adabiyotda, ayniqsa dialogik nutqda ko‘p qo‘llanadi.Shaxsi noaniq gap. Kesimi, odatda, fe’l bilan ifodalanib, harakatni bajaruvchi shaxsni aniq ko‘rsatib turmaydigan bir bosh bo‘lakli gap shaxsi noaniq gap deyiladi.Shaxsi noaniq gapning kesimi uchinchi shaxsga qaratilgan bo‘lsa ham, bajaruvchisi noaniq bo‘ladi.
Shaxsi noaniq gapning kesimi quyidagicha ifodalanadi.
1. Aniqlik (ijro) maylidagi fe’l bilan:
1) o‘tgan zamon fe’l shakllari bilan: Axtargan topar, deb bejiz aytmaganlar. (J.Abdullaxonov). Xuddi shu kunning ertasiga kimdir uni qidirib yurganini aytdilar. (J.Abdullaxonov). Baribir to‘y-hashamlarda, gap-gashtaklarda uni goh Aleksandr Sergeevich Pushkin. goh Alisher Navoiy ... deb chaqirishardi. (S.Ahmad). 2) hozirgi zamon fe’li bilan: Yong‘oqni suv ombori deyishadi. (J.Abdullaxonov). Mehr ko‘zda deb bekor aytmadilar. (F.Musajonov). 3) kelasi zamon fe’li bilan: Ularni yarashtirishga urinishmoqchilar. (P.Qodirov). 2. Buyruq-istak maylidagi fe’l bilan: ... mayli, mehnatimdan qirsinlar. (A.Qahhor). 3. Shart maylidagi fe’l bilan: Bir oydan beri uchovidan birortasini ko‘rsatarmikin deb ko‘zim to‘rt bo‘lib qarayman. Hechki ko‘rsatishmasa! (P.Qodirov).Shaxsi umumlashgan gap. Kesimi fe’l bilan ifodalanib, umumga qaratilgan bir bosh bo‘lakli gap shaxsi umumlashgan gap deyiladi. Bunday gaplarda hayotiy xulosalar, hayotiy tajribalar, umumiy qoidalar, umumlashgan mulohazalar ifoda qilinadi.