Mavzu: Soliq qonunchiligi va soliq munisabatlarini huquqiy tartibga solish REJA: Soliqlarning kelib chiqishi
Soliqlarning tushunchasi va ahamiyati
Soliq huquqi predmeti, usuli va manbalari
Soliq huquqiy munosabatlar
Soliqlarning kelib chiqishi Soliq to‘lovchilar – Soliq kodeksiga muvofiq zimmasiga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash majburiyati yuklatilgan jismoniy shaxslar, yuridik shaxslar va ularning alohida bo‘linmalari.
Soliqlarning paydo bo‘lishi, ularning ilk ko‘rinishlari haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish har bir insonni qiziqtirishi tabiiydir. Soliqlarning qachon paydo bo‘lganligi haqida aniq ma’lumot tarixiy kitoblarda uchramasada, soliqlar tarixini yorituvchi manbalarning guvohlik berishicha, davlat paydo bo‘lishi bilan soliqlar jamiyatdagi iqtisodiy munosabatlarning zururiy bo‘g‘iniga aylangan. Davlat tuzilishi shakllari rivojlanishi bilan bir vaqtda soliq tizimi ham doimo o‘zgarib turgan. Soliqlarning ilk ko‘rinishi sifatida qurbonlik qilingan noz-ne’matlar e’tirof etiladi. Buning xususiyati shundan iboratki, qurbonlik qilish majburiy bo‘lmay, balki ixtiyoriy tarzda amalga oshirilgandir. Qilingan qurbonliklar esa kambag‘allarga, nochorlarga, yetimlarga, muhtojlarga ulashib berilgan. Keyinchalik joriy etilgan soliqlar esa bevosita qabila hamda urug‘lar o‘rtasida davom etib turgan urush-janjallarga bog‘liqdir. Bunday soliqlar natura shaklida bo‘lib, bir qabilani bosib olish yoki o‘zini muhofaza qilish uchun safarbar etilgan. Soliqlar tarixda inson sivilizatsiyasi bilan birga rivojlanib, uning ajralmas qismi hisoblanadi. Soliqlarning iqtisodiy munosabatlarda asosiy o‘ringa chiqishiga, avvalambor, davlatning shakllanishi, jamoalarning sinflarga bo‘linishi, qadimgi ijtimoiy tuzumning vujudga kelishi hamda ularning ma’lum moliyaviy manbaga ehtiyoj sezishlari sabab bo‘lgan. Ingliz iqtisodchisi S.Parkinson so‘zi bilan aytganda: “Soliqlar ko‘hnadir – huddi dunyodek, uning yuzaga kelishida qachondir bir mahalliy qo‘mondon o‘z hududida joylashgan daryo yoki tog‘dan savdogar hamda sayohatchi o‘tsa ulardan haq olishi sabab bo‘lgan”. Soliqlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi jarayonida ularning shakllari ham o‘zgarib kelmoqda. Agarda bugungi kunga kelib soliqlar asosan pul shaklida undirilayotgan bo‘lsa, ular qadimda bir qancha ko‘rinishlarda, jumladan, mehnat shaklida, natura shaklida undirilgan. Shu o‘rinda qayd etish lozimki, jamiyat iqtisodiy taraqqiyoti yuksalishiga mos ravishda soliqlarning pulli shaklda undirilishi ham tobora rivojlanib bordi. Soliqlarning rivojlanish tarixi. V.M.Pushkaryova soliqlar rivojlanish tarixini 3 bosqichga ajratib ko‘rsatadi. Ularning har biri u yoki bu xususiyatlari hamda afzalliklari bilan ajralib turadi. Birinchi bosqichda soliqlarning rivojlanishi qadimgi va o‘rta asrlar qishloq xo‘jaligi tizimiga xos bo‘lib, u tartibsiz hamda asossizligi bilan ajralib turadi. Shu davrdan e’tiboran soliqlar va ularni undirish mexanizmi joriy etildi. Soliqlarning joriy etilishi davlatning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lib, ularning amal qilishiga davlat apparatining shakllanishi, armiya, sud va ularning moliyaviy manbalar bilan ta’minlash zaruriyati, tovar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yilishi kabi omillar sabab bo‘lgan. Ilk soliqlar tizimsiz to‘lovlar ko‘rinishida bo‘lib, ular natura shakliga ega bo‘lgan. Aholi soliqlarni ekinlar hosilidan, savdo-sotiqdan hamda ovlagan hayvonlaridan to‘laganlar. Hozirgi davr soliq tizimiga mohiyatan o‘xshash ilk soliq tizimi qadimgi Rimda shakllangan. Bu soliqlar faqat urush xarajatlarini moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan. Rim aholisi o‘zining mol-mulki, turmush darajasi hamda oilaviy ahvolidan kelib chiqqanholda soliq to‘lashgan. Soliq summalari maxsus shaxslar tomonidan hisob kitob qilingan. XVII asrgacha Evropada soliqlar tartibsiz undirilganligi uchun yagona tizimga ega bo‘lmagan. Ularning taqdiri urush natijalariga bog‘liq bo‘lib, goh kamayib, goh ko‘payib ketar, natijada aholining tinkasini quritar edi. Faqatgina XVII asr oxiri XVIII asrboshlariga kelib soliqlar rivojlanishining ikkinchi bosqichi boshlandi. Ikkinchi bosqichning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, unda soliqlar davlat budjetini shakllantirishning asosiy manbasi sifatida ko‘rilgan. Soliq obyektlarini aniqlash va soliqqa tortish qonun-qoidalarini tartibga soluvchi ilk soliq tizimi yuzaga kelgan. To‘g‘ri va egri soliqlar ilk bor ajratilib, bu soliqlarning muhim va ahamiyatli jihatlari ochib berilgan. Soliqlar ichida asosiy o‘rinni aksizlar egallagan. Bular qonuniy ravishda shahar darvozalarida mamlakatga kiritiluvchi yoki undan chiqariluvchi tovarlardan undirilib, hamma daromadlar va tushumlar soliqqa tortilgan. Evropa mamlakatlarida demokratiyaning rivojlanishi natijasida soliqlarni hisoblash va undirish borasida aholining haq-huquqlarini himoya qilish masalalari o‘rtaga tashlandi. Natijada 1689 yil Angliyada qabul qilingan “Huquqlar tog’risidagi bill”da qat’iyan xalq vakillari organlariga davlat daromadlari hamda xarajatlari to‘g‘risida ma’lumot berishi belgilandi. Fransiyada esa faqatgina 1791 yil “Ulug‘ Fransuz revolyusiyasi”dan keyin davlat budjeti va soliqlari haqida ma’lumot berila boshlandi. Uchinchi bosqichning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, unda soliqlarning kamayishi hamda soliqlarni o‘rnatish va undirishga oid qonun-hujjatlarning kuchayishi yaqqol ko‘zga tashlanadi. XIX asrning ikkinchi yarmida ko‘p mamlakatlar yangi ilmiy nazariyalarni hayotga tatbiq etishga uringanlar, lekin faqatgina birinchi jahon urushidan so‘ng yangi ilmiy qarashlarning samarasi o‘laroq soliq solish tamoyillari hozirgi mukammal ko‘rinishga ega bo‘lgan. Ayni shu vaqtda zamonaviy soliq tizimining poydevori qurila boshlandi, to‘g‘ri soliqlarning ahamiyati ilmiy jihatdan asoslab berildi hamda budjet daromadlari ulushining katta qismini to‘ldiruvchi jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliqlarni progressiv stavkalari joriy etildi. Shu bilan birga tan olish lozimki, shu vaqtgacha biror bir davlatda mukammal soliq tizimi amal qilmaydi. Markaziy Osiyoda soliqlarning paydo bo‘lishi. Soliqlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishiga bevosita davlatchilik munosabatlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi bog‘liq bo‘lib, uning sababi sifatida shuni qayd etish lozimki, davlatning mavjud bo‘lishi, davlat xarajatlarini moliyalashtirish zaruratini келтириб чиқарди. Ma’lumki, davlatchilik munosabatlarining ilk ko‘rinishlaridan tortib hozirga qadar ham davlat xarajatlarini moliyalashtirshning soliqlardan boshqa samarali mexanizmi mavjud emas. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha Markaziy Osiyo hududida davlatchilik munosabatlari eramizdan avvalgi ming yillik boshlariga borib taqalib, uning hududidagi eng qadimgi davlatlar sifatida Katta Xorazm, Baqtriya va So‘g‘diyona davlatlari qayd etilgan. Ushbu davlatlarni boshqarish tizimi, ularda amal qilgan soliqlar borasida aniq ma’lumotlar saqlanmagan bo‘lsada, aytish lozimki, shak-shubhasiz u yoki bu ko‘rinishdagi soliqlar amal qilgan. Soliqlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishiga doir munosabatlar Markaziy Osiyo hududida ham dunyoning boshqa mintaqalarida bo‘lgani kabi davrlar nuqtai-nazaridan oddiylikdan murakkablik tomon rivojlanib borgan. Miloddan oldingi birinchi ming yillikning boshlaridayoq Markaziy Osiyo hududlarida ko‘chmanchilik sharoitida, o‘zlari uchun qulay joy izlab yurgan ko‘plab urug‘ va qabilalar, yer maydonlari, suv, o‘tloqlarni egallash maqsadida kurashib kelganlar, ayrim hollarda esa o‘zlaridan kuchliroq, yirik qabilalarga yer solig‘i, ya’ni o‘lpon to‘lab turganlar. Tarixiy manbalar podshoh xazinasining dastlabki asosiy manbai sovg‘a-salom bo‘lganligidan dalolat beradi. Lekin Doro hukmronligi davriga kelganda soliqlar joriy qilinadi. “Doroni forslar savdogar deyishlariga sabab, u birinchi bo‘lib soliqlarni joriy etganligidadir” deb yozgan edi Gerodot. Doro soliq tizimini faqat o‘z mamlakatida emas, balki zo‘rlik bilan qaram qilib olgan mamlakatlarga ham joriy etdi. Soliq miqdori satin pul birligi talant hisobida aniqlangan. Ahamoniylar hukmronligi davrida Markaziy Osiyoda yashovchi qabilalardan soliqlar salkam ikki asr mobaynida yillik xiroj va harbiy otryadlar yetkazib berish shaklida undirilgan. Bu davrda soliq turlari ham har xil bo‘lgan.
Aleksandr Makedonskiy Markaziy Osiyoni bosib olib, uni o‘z saltanati tarkibiga kiritgach, bu yerda istiqomat qiluvchilar soliqlarni yunonlar tamoyili bo‘yicha to‘lay boshlaganlar. Yunonistonda soliqqa tortish Markaziy Osiyodagidan farq qilib, soliqlar daromad solig‘i va ehsonlardan iborat bo‘lgan. Daromad solig‘i daromadning o‘ndan yoki yigirmadan biri miqdorida undirilgan va jamoat manfaatlarini himoya qilish maqsadlari yo‘lida ishlatilgan. Aleksandr Makedonskiy Markaziy Osiyoda asosan Ahamoniylar barpo etgan davlat apparati tuzilmasini saqlab, mahalliy zodagonlar tarkibidan satraplar hokimiyatini tuzgan. Maxsus soliq xizmati joriy qilmagan, soliq undirish vazifasi muayyan kishi zimmasiga yuklatilgan. Ular esa soliq to‘lovchilardan xazina bilan tuzilgan shartnomada belgilangandan ko‘ra ko‘proq soliqlar yig‘ib, o‘z manfaatlari uchun ham qo‘shimcha mablag‘lar to‘plab olishgan. Eramizdan oldingi 140 yilda Yunon-Makedon mamlakati barham topdi. I asrning oxiridan boshlab to hozirgi eramizning IV asr o‘rtalarigacha Markaziy Osiyoda Kushon podsholigi hukmronlik qildi. Bu davrda soliqlarni hisoblash va undirish tartibi haqida yetarli ma’lumot bo‘lmasa ham, lekin ayrim arxeologik topilmalar soliqlar oltin bilan hisoblanishini, undagi hujjatlar soliqlarni qabul qiluvchi xazinabon lavozimi bo‘lganligidan darak beradi. 651 yildan boshlab mamlakatimiz hududida arablar hukmronligi o‘rnatildi. Soliqqa tortish tizimi bir muncha murakkablashdi va soliqlarning turli xillari paydo bo‘ldi. Masalan, xayr-ehson ehtiyojlari uchun soliq - zakot (mol-mulkdan 2,5 foiz miqdorida) ijtimoiy keskinlikni yumshatish uchun mo‘ljallangan, kambag‘allar, yetimlar va yo‘lovchilarga xayr-ehson berishda foydalanilgan. Bundan tashqari, quyidagi soliqlar mavjud edi, vazifa - o‘lpon, juzya - jon solig‘i, xiroj - yer solig‘i. Xiroj quyidagi shakllarda undirilgan: Misaha - ishlov beriladigan maydon birligidan qat’iy stavkalarda; Muqota - qat’iy belgilangan summada; Muqosama - hosilning muayyan ulushida (1/3 qismi). Xiroj Navro‘z bayrami arafasida yig‘ib olingan. Juzyani musulmon bo‘lmagan fuqarolar (ozod erkaklar) to‘laganlar. Xotin-qizlar, keksalar, kambag‘allar va qullar bu soliqni to‘lashdan ozod qilingan. Juzyani hisoblashda o‘ziga to‘qlik darajasi hisobga olingan va soliq pul yoki natura shaklida undirilgan. Yuqoridagi soliqlardan tashqari chorvadorlardan, hunarmandlardan va savdogarlardan soliqlar olingan. Movaraunnahrda IX-X asrlarda yerlarni soliqqa tortish ular kimga tegishli ekanligiga bog‘liq edi. Yerlar uch toifaga bo‘lingan: Birinchi toifa yerlar - sultonga tegishli bo‘lib (mulki sultoniy), bunday yer ustidan nazorat keyinchalik “Mulki devoniy” deb nomlangan devon (mahkama) amaldorlari tomonidan amalga oshirilib, ushbu toifadagi yerlar haddan tashqari ko‘p edi. Bunday yerlarga asosan dehqonlar yerlari kirgan. Ikkinchi toifa yerlar - shaxsan hukmron sulolaning ayrim a’zolari, qadimiy dehqon zodagonlar, shunchaki boy dehqonlarga, sayyidlar (Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar xonadoni avlodlari), ayrim ruhoniylar, turk gvardiyasining ayrim rahbarlari, savdogarlarga tegishli bo‘lgan xususiy mulk yerlar. Uchinchi toifa yerlar - musulmon diniy muassasalariga, ya’ni masjid, madrasa, xonaqoh maqbaralarga vaqtincha yoki umrbod foydalanish uchun berilgan vaqf yerlar. Xiroj uchala toifa yerlaridan ham olingan bo‘lib, ular “mulki xiroj” deb atalgan, lekin bunda oliy musulmon ruhoniylarga, avvalo sayyidlarga tegishli yerlar soliqqa tortishdan to‘liq yoki qisman ozod qilingan. X asr boshlarida Movaraunnahrda “iqta’” soliq yig‘ishning asosiy manbaiga aylangan. “Iqtadorlar” o‘z navbatida dehqonlarning oddiy jamoatchiga aylanishiga zamin yaratdi. Yerlar muayyan muddatga “Iqtadorlar” foydasiga muayyan daromadni to‘liq yoki qisman olish huquqi bilan sovg‘a qilingan. “Iqta’” sohiblari dehqonlardan maxsus qaror bilan belgilangan soliqlarnigina olishi mumkin edi. “Iqta’”ga nafaqat yerdan, balki soliqqa tortishning boshqa obyektlaridan (tegirmon, hammom, bozordagi do‘konlar) olinadigan soliqlar va daromadlar ham berilishi lozim edi. 1221 yilda O‘rta Osiyoda mo‘g‘ullar hokimiyati o‘rnatildi. Bu hududlarda soliq siyosatini olib borish maqsadida ular tomonidan qurultoyda taklif etilgan tadbirlar hayotga tatbiq etila boshlandi va Mahmud Yalavoch boshchiligida o‘lkadagi xalqlardan turli xildagi soliqlarni undirar edilar. “Kalon” solig‘i dehqonlardan yig‘iladigan asosiy soliq bo‘lib, u hosilning o‘ndan bir qismini tashkil etgan. Chorvadorlardan “ko‘pchur” solig‘i olingan bo‘lib, uning miqdori har yuz bosh qoramoldan birga teng edi.