Soliq qonunchiligi va soliq munisabatlarini huquqiy tartibga solish
Soliq huquqi predmeti, usuli va manbalari O‘zbekiston Respublikasida amaldagi holatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, soliq huquqining mustaqil soha sifatida shakllanayotganini ko‘rishimiz mumkin. Soliq huquqi - bu soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni belgilash, joriy etish, hisoblab chiqarish, to‘lash hamda soliq majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalar yig‘indisidan iboratdir. Soliq huquqining mazmunini ochib berishda u orqali tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar doirasi (predmeti), tartibga solish uslubi, tizimi va manbalari to‘g‘risida tushunchalarga ega bo‘lish lozimdir. Soliq huquqi ma’lum bir ijtimoiy munosabatlar guruhini tartibga solib, mazkur munosabatlar uning predmetini tashkil etadi. Soliq huquqi tomonidan tartibga solinadigan munosabatlarga, ya’ni predmetiga (O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga tayanib) quyidagilarni kiritish mumkin: 1) soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni belgilash bo‘yicha yuzaga keladigan munosabatlar; 2) soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni joriy etish bo‘yicha yuzaga keladigan munosabatlar; 3) soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish bo‘yicha yuzaga keladigan munosabatlar; 4) Davlat budjetiga soliqlarni to‘lash bo‘yicha yuzaga keladigan munosabatlar; 5) Davlat maqsadli jamg‘armalariga soliqlarni to‘lash bo‘yicha yuzaga keladigan munosabatlar; 6) soliq majburiyatlarini bajarish (javobgarlikni belgilash) bo‘yicha yuzaga keladigan munosabatlar. Qayd etilgan barcha ijtimoiy munosabatlarda davlat organi ishtirok etadi. Bu qonuniydir, chunki soliq solish davlat funksiyalarini amalga oshirish shakllaridan biridir. Soliq sohasida davlat nomidan harakat qiladigan va uning xohishirodasini ifodalaydigan davlat organi (mansabdor shaxs)ning ishtirokisiz, soliq huquqi predmetini tashkil etuvchi ijtimoiy munosabatlar bo‘lishi mumkin emas. Shu sababli ikki fuqaro o‘rtasida vujudga keladigan, xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida shartnoma munosabatlari soliq huquqi predmetiga kirmaydi. Chunki ular tegishli huquq sohalari normalari bilan tartibga solinadi. Soliq huquqining predmeti – soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni belgilash, joriy etish, hisoblab chiqarish hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamg‘armalariga to‘lash bilan bog‘liq munosabatlarni, shuningdek soliq majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq munosabatlarni tashkil etadi. Shuningdek, soliq huquqi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni belgilash, joriy etish, hisoblab chiqarish hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamg‘armalariga to‘lash bilan bog‘liq munosabatlarni, shuningdek soliq majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi normalar yig‘indisidan iboratdir. Soliq huquqining usuli. Huquqiy tartibga solishning maxsus usulini, xususan, davlat-hokimiyat ko`rsatmalari usuli soliq munosabatlarini tartibga solishga ham to`liq darajada xosdir. “Pozitiv majbur qilish, man etish, ba'zan ruxsat berish usulini qo`llashda ifodalangan maxsus yuridik tartibot” 12 soliq huquqida ham foydalanaladi. Soliq huquqi ham boshqa huquq sohalari singari o‘zining tartibga solish uslubiga egadir. Soliq huquqi tartibga solish funksiyasini amalga oshirib, soliq solish jarayonidagi munosabatlar ishtirokchilarining xulqatvorini tartibga soluvchi huquqiy vositalar yoki uslublarning muayyan majmuidan foydalanadi.
Tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar doirasi bo‘yicha, ya’ni predmet bo‘yicha amaldagi huquq tarmoqlari ko‘pincha o‘zaro juda yaqin bo‘lib, ayrim hollarda o‘zlarining asosiy ko‘rinishlarida hatto bir-biriga mos ham keladi. Huquqning har qanday tarmog‘i huquqning o‘z tabiatida joylashgan ijtimoiy munosabatlarga huquqiy ta’sir etishning uch uslubidan foydalanadi, bular: -yozma buyruq, ko‘rsatma - huquq normasida nazarda tutilgan sharoitlarda u yoki bu harakatni amalga oshirish, ya’ni boshqacha emas, balki aynan shunday harakat qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuridik majburiyatni zimmaga yuklashdir. (Masalan, soliqlarni to‘lash majburiyatini yuklanishi); -man etish, taqiqlash - amalda bu ham ko‘rsatma, ammo u teskari, ya’ni huquq normasida nazarda tutilgan sharoitlarda u yoki bu harakatlarni amalga oshirmaslik bo‘yicha yuridik majburiyatni zimmaga yuklashdir. (Masalan, soliqlarni natura shaklida to‘lanishini taqiqlanishi); -ruxsat berish - huquq normasida nazarda tutilgan sharoitlarda u yoki bu harakatlarni o‘z xohishi bo‘yicha amalga oshirish uchun yuridik ruxsat berilishidir. (Masalan, soliq solishni soddalashtirilgan tizimini joriy etilishi. Masalan, soliq to‘lovchi soliqlarni to‘lashda yoki umumbelgilangan soliqlarni to‘lashi yoki soddalashtirilgan soliq solish tizimiga ko‘ra soliqlarni to‘lashi mumkin. Ikkala holatda ham soliqni albatta to‘laydi, faqat to‘lash usulini o‘zi tanlash imkoniyati beriladi). Ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning ko‘rsatilgan usullaridan huquqni u yoki bu tarmog‘ining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, foydalaniladi.