SB da bog’lanish usullari. SB a‘zolari orasidagi bog’lanish, ya‘ni tobelanish uch xil: bitishuv, moslashuv, boshqaruv. Bu aloqa turlarining o’ziga xos xususiyatlari va farqlari a‘zolarni biriktiruvchi ko’rsatkichlar yoki boshqa vositalardan kelib chiqadi. Masalan, tez yurmoq, qalamni olmoq, kitobning varag’i. Ma‘lum bo’ladiki, birikmada tobe so’zning qaysi shaklda kelishi ko’pincha, uning hokim so’ziga (qalamni olmoq) bog’liq bo’lsa, ba‘zan har ikkala a‘zo bir-birining qanday shaklda bo’lishini belgilab qo’yadi (kitobning varag’i).
Bitishuvda birikkan so’zlarning o’zaro aloqasi, asosan, tartib va ohang bilan belgilanadi. Bitishuv aloqasi-tobelanishda morfologik ko’rsatkichlar bo’lmasa-da, tartib muhim vosita sifatida namoyon bo’ladi. Bunda tobe so’z ushbu mavqeda kelish uchun shakliy jahatdan o’zgarmaydi. Zero, tobe a‘zo sifatida namoyon bo’layotgan so’z ma‘noviy va vazifaviy jihatdan bunga xoslangan bo’ladi. Misollar: qizil gul, oq qog’oz. Ba‘zan ot turkumidagi so’zlar ham hech qanday vositasiz tobe vazifada kela oladi: oltin soat, tosh yo’l kabi. Bunda ular mohiyatan tobe a‘zolik doimiy belgisi bo’lgan sifat, son, ravish turkumlariga yaqinlashadi. Bu hodisa nutqiy bo’lib, oltin, tosh leksemalarining lisoniy mohiyatlari bilan belgilanmagan.
Quyidagi so’zlar bitishuv yo’li bilan bog’lanadi:
ravish +fe‘l: o’z-o’zidan gapirmoq
sifat+fe‘l: yaxshi so’zlamoq
son+ot: o’nta qalam, sakkiz daftar
ot+ot: kumush qoshiq, chang yo’l
olmosh+ot: hamma odam, qanday kitob
Ayrim manbalarda tobe so’z vazifasida ravishdosh (shoshilib gapirdi), sifatdosh (o’qigan bola)lar yuzaga chiqqan birikuvlar ham bitishuv aloqali qo’shilmalar sifatida qaraladi. Vaholanki, bu yerda ravishdosh ko’rsatkichi -b fe‘lni fe‘lga (shoshilib gapirdi), sifatdosh shakli (-gan) fe‘lni otga (o’qigan bola) bog’lash uchun xizmat qiladi. Shuningdek, bu shakllarning morfologiyada lug’aviy-sintaktik shakllar sifatida qaralishi ham ular hosil qilgan birikuvlarni bitishuvli emas, balki boshqaruvli birikuvlar sifatida qarashni taqozo etadi.
Bitishuvda a‘zolarning hokim-tobelik holatni, asosan tartib va joylashuv omillari asosida belgilanadi: (tobe a‘zo + hokim a‘zo), ya‘ni tobe so’z oldin, hokim so’z keyin keladi, hamda a‘zolar orasiga boshqa so’zni kiritib bo’lmaydi. (kumush qoshiq birikmasini kumush o’nta qoshiq deb o’zgartirib bo’lmaydi. Ba‘zan bitishuvda ham tartib ikkinchi o’ringa tushib qolgandek tuyuladi: Majlis bo’ladi - Majlis kechqurun bo’ladi.