Taqqoslash – tahlilda eng ko’p qo’llaniladigan usul hisoblanadi. Uning gorizontal, vertikal, trendli usullari tarkiblanadi. Amalda taqqoslashning muhim shartlariga amal etish talab etiladi. Ular qatoriga o’lchov birligi (hajm, qiymat, miqdor ko’rsatkichlar), davriy oraliqlari, faoliyat shakli, ishlab chiqarish sharoitlari, ishbilarmonlik muhiti bir xilligi, hisobkitoblarning metodik jihatdan yagonaligini kiritish mumkin. Taqqoslashning mazmuni – qiyoslashdan iborat. Taqqoslash asosida o’rganilayotgan obyektdagi o’zgarishlar, ularning rivojlanish tendensiyalari va qonuniyatlari o’rganiladi. Qiyosiy tahlil quyidagi turlarga ajratib o’rganiladi: gorizontal, vertikal, trend va shuningdek bir o’lchamli va ko’p o’lchamli tahlillar Gorizontal tahlil tayanch (bazaviy) ko’rsatkichi (reja, o’tgan yil, o’rtacha, ilg’or xo’jaliklar ko’rsatkichi)dan haqiqiy ko’rsatkichning mutlaq va nisbiy o’zgarishlarini aniqlash va baholash uchun qo’llaniladi. Vertikal tahlil iqtisodiy hodisalar tuzilmasini o’rganish maqsadida uning alohida qismlarini jamidagi salmog’ini hisoblash yo’li bilan amalga oshiriladi. Trend tahlili ko’rsatkichlarni bir qator yillar mobaynida nisbiy miqdorlarda o’sish va qo’shimcha o’sish sur‘atlarini o’rganishda qo’llanadi. Bir o’lchamli tahlilda taqqoslash bir obyektning bitta yoki bir nechta ko’rsatkichlarini, yoki bir nechta obyektni bitta ko’rsatkichini taqqoslash yo’li bilan amalga oshiriladi. Ko’p o’lchamli tahlilda bir nechta korxonalarni katta spektrdagi ko’rsatkichlari taqqoslab o’rganiladi. Bu tahlil korxonalar va ularning bo’linmalari faoliyatini kompleks baholashda keng qo’llaniladi. Taqqoslashda real voqelikning, haqiqatdagi ko’rsatkichlarning reja, o’tgan yillar, bazis yili, o’rtacha tarmoq, ilg’or, qoloq, xorij ko’rsatkichlariga nisbatan o’zgarishlariga, ularning dinamikasiga, mutlaq va nisbiy ifodalarda baho beriladi. Korxona mahsulot (ish, xizmat)larni sotishdan sof tushum rejaga qiyosan 800 mln so’mga kam bo’lgan. Bu esa mahsulot (ish, xizmat)larni sotish rejasi 99.18 foizga bajarildi degani. Choraklar bo’yicha birinchi va to’rtinchi choraklar bo’yicha tushum rejasi bajarilmagan. Ikkinchi va uchinchi choraklar bo’yicha reja nisbiy ifodada 102.9 va 107.1 foizga bajarilgan. Iqtisodiy tahlilda o’rganiladigan hodisa va jarayonlar miqdoriy o’lchamga ega bo’lib, ular mutlaq va nisbiy miqdorlar bilan ifodalanadi. Mutlaq miqdorlar iqtisodiy hodisa va jarayonlarni hajmi, miqdori, o’lchami va darajasini ifodalaydi. Nisbiy miqdorlar bir mutlaq miqdorni ikkinchi mutlaq miqdorga bo’lish natijasida olingan hosilani ifodalaydi. Nisbiy miqdorlar turli shaklda: koeffitsiyentlarda (taqqoslash bazasi 1), foizlarda (taqqoslash bazasi 100), promillarda (taqqoslash bazasi 1000) va promillarda (taqqoslash bazasi 10000) ifodalanishi mumkin. O’rtacha miqdorlar. Mutlaq va nisbiy miqdorlarning hodisa va jarayonlarni o’rganish, baholash va tahlil etishdagi ustunliklari, ijobiy tomonlari bilan bir qatorda, ularning qator kamchiliklari ham mavjud. Ya‘ni ular o’rganilayotgan hodisa va jarayonlarga umumlashtirib ta‘rif bera olmaydi. Bu vazifani o’rtacha miqdorlar bajaradi. O’rtacha miqdorlardan rejalashtirish, boshqarish, ilmiy-tadqiqot ishlarida keng qo’llaniladi. O„rtacha miqdorlar deb, bir xildagi va bir turdagi hodisalarni o’zgaruvchan belgilari asosida umumlashtirib xarakterlovchi, ta‘riflovchi miqdorlarga aytiladi. Moliyaviy tahlil jarayonida o’rtacha miqdorlarning qator turlaridan foydalaniladi: o’rtacha arifmetik miqdorlar; o’rtacha garmonik miqdorlar; o’rtacha geometrik miqdorlar; o’rtacha xronologik miqdorlar; o’rtacha kvadratik miqdorlar. O’rtacha miqdorlarning sodda va amaliyotda keng qo’llaniladigan turi bu o’rtacha arifmetik miqdordir. O’rtacha arifmetik miqdor o’z navbatida oddiy va tortilgan ko’rinishga bo’linadi. Guruhlash deganda o’rganilayotgan to’plamni taalluqli belgilari bo’yicha sifat jihatdan bir xil bo’lgan guruhchalarga ajratish tushiniladi. Agar statistikada guruhlash hodisalarni umumlashtirish va tiplarga ajratish maqsadida foydalanilsa, tahlilda o’rtachalarni mohiyatini tushintirishga, bu o’rtachadagi alohida birliklarni rolini ko’rsatishga, o’rganilayotgan ko’rsatkichlar orasida o’zaro bog’liqliklarni aniqlashga yordam beradi. Hal qiladigan masalalari (vazifalari) nuqtayi nazardan guruhlashlar tipologik, strukturali va analitik turlarga bo’linadi. Tipologik guruhlash – to’plamni sifat jihatdan bir xil bo’lgan guruhlarga ajratishni; Strukturali guruhlash – ko’rsatkichni ichki tuzilishini, uning alohida qismlarini o’zaro nisbatlarini o’rganish maqsadida guruhlarga ajratishni; Analitik guruhlash – ko’rsatkichlar orasidagi bog’lanishlarni o’rganish maqsadida amalga oshiriladigan guruhlashlarni anglatadi. Tuzilishining murakkabligi jihatdan oddiy guruhlashlar va kombinatsiyali guruhlashlar tarkiblanadi. Bitta belgi bo’yicha amalga oshirilgan guruhlashlar oddiy guruhlash deb aytiladi. Agar bitta belgi bo’yicha bitta guruhlashni, shu guruhga kiruvchi boshqa bir belgi bo’yicha yana boshqa guruhlashni amalga oshirilsa, bunday guruhlash kombinatsiyali guruhlash deb aytiladi. Guruhlarni tuzishda to’plamni guruhlarga bo’lish, guruhlar sonini belgilash va guruh intervalini aniqlash masalasiga jiddiy yondashish zarur. Guruhlashlar algoritmini quyidagi ketma-ketlikda belgilash mumkin: • tahlilning maqsadini aniqlash; • axborotlarni yig’ish; • guruhlash uchun asos qilib olingan belgi bo’yicha to’plamni ranjirlash; • to’plamni taqsimlash intervali (oralig’i)ni tanlash va uni guruhlarga ajratish; • guruhlash va omilli belgilar bo’yicha o’rtacha guruh ko’rsatkichlarini aniqlash; • olingan o’rtacha miqdorlarni tahlil qilish, o’zaro bog’liqlarni va natijaviy ko’rsatkichga omilli ko’rsatkichlarni ta‘sir yo’nalishini aniqlash.