1.2.О’zbekiston Respublikasi davlat ramzlarining qabul qilinishi. O‘zbekiston hududida paydo bo‘lgan ilk davlat va huquq ramzlaridan biri tamg‘alar bo‘lgan. Tamg‘alar dastlab qadimgi urug‘larni bir-biridan farqlovchi belgilar vazifasini bajargan bo‘lsa, keyinchalik davlatga taalluqlilikni ifodalab, bayroq, muhr, pullar, yorliqlar va boshqalarda aks ettirilgan.
Amir Temur davlatida tamg‘a – bir-biriga bog‘langan uch xalqadan iborat tasvirdan iborat bo‘lgan. Bu tasvir tangalar, muhrlarga tushirilgan. Tamg‘ada uch xalqa tasviridan tashqari “rosti-rusti” iborasi ham yozilgan. Ushbu ibora Oqsaroy darvozasining peshtoqida ham bo‘lgan. Uning mazmuni ayrim tadqiqotchilar tomonidan “agar adolatli bo‘lsang, har bir ishda omad yor bo‘ladi” degan ma’noda ta’riflangan bo‘lsa, boshqalari tomonidan “kuch – adolatdadir” sifatida tavsiflanadi. Har ikki talqin ham bu ibora davlatni adolatli boshqarish to‘g‘risida davlat shiori bo‘lganligini ko‘rsatadi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi jarayoni qanday muddat va bosqichlarni qamragan? 1991-yil 15-fevralda «O‘zbekiston davlat bayrog‘i va davlat gerbi emblemalarini ishlab chiqish to‘g‘risida»gi parlament qarori qabul qilingan. Davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasini ishlab chiqish bo‘yicha konstitutsiyaviy komissiyaning ekspert guruhi tuzilgan. Uning tarkibida Fanlar akademiyasi prezidenti M. Salohiddinov, xalq yozuvchisi P. Qodirov, akademiklar A. Asqarov va B. Ahmedov bo‘lgan. Davlat bayrog‘i va gerbi chizmalari bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida maxsus parlament komissiyasi tuzilgan. Parlament komissiyasi tarkibiga taniqli rassom va san’atshunoslar, madaniyat va san’at arboblari, jumladan, B. Jalolov, R.Ahmedov, J.Umarbekov, N. Ahmedova, shuningdek, huquqshunos va siyosatshunos olimlar kirgan.Davlat gerbi loyihasiga tanlov o‘tkazilgan. 1991-yil iyun oyida e’lon qilingan gerb loyihasiga dastlabki tanlovda mutaxassislar bilan birga keng jamoatchilik ham ishtirok etgan.Davlat gerbi loyihasi umumxalq muhokamasi uchun matbuotda e’lon qilingan. Muhokamalarda turli ijtimoiy qatlam vakillari ishtirok etgan, barcha viloyatlardan ko‘p sonli maktub, loyiha, taklif va istaklar kelgan.Davlat gerbi loyihalarini yaratishda B. Jalolov, T. Komilov, S. Qurbonov, I. Sattorov, A. Satnikov, B. Nishonov kabi san’atkor va ijodkorlar salmoqli hissa qo‘shgan. 1991 yil 18 noyabda bo‘lib o‘tgan parlamentning sakkizinchi sessiyasida Konstitutsiyaviy komissiya ekspert guruhiga Davlat gerbi loyihasini ishlab chiqish ishlarini davom ettirish topshiriladi. Ekspert guruhi gerb loyihasi bo‘yicha taqdim etilgan takliflarni o‘rganib chiqadi va loyihaning uchta muqobil varianti matbuotda e’lon qilinadi.Matbuotda e’lon qilingan birinchi va ikkinchi variantlarda bosh tasvir sifatida Humo qushi tasviri tanlanadi. Humo qushining davlat qushi, baxt va qut-baraka keltiruvchi qush, oliyjanoblik va fidoyilik, mehr-oqibat va sadoqat kabi qadriyatlarni ifodalaydigan milliy ramz ekanligi uning Davlat gerbida bosh tasvir sifatida tanlanishiga asosiy sabab bo‘lgan. Shuningdek, loyihada Humo qushi qanoti baland ko‘tarilgan holatda tasvirlanib, O‘zbekistonning tog‘lari, adirlari, vodiylari, bog‘larini quchoqlab turgandek ko‘rinish bergan. Bu Humo qushining asosiy obraz sifatida qabul qilinishida muhim ahamiyat kasb etgan.
Davlat gerbi loyihasining uchinchi variantida bosh tasvir sifatida oltin quyosh keltirayotgan yo‘lbars tanlangan. Loyiha asoschilari ushbu tasvirni mustaqil mamlakatning gullab-yashnashi ramzi mazmunida tavsiflaganlar.
Bu loyihaning markaziy qismida tinchlikni ifodalaydigan moviy rangda musulmon madaniyatiga mansublik ramzi yarim oy hamda yuqori qismida qizil rangda zarhal bilan yozilgan “O‘zbekiston Respublikasi” yozuvi hamda mukammallik ramzi – sakkiz qirrali musamman, pastida O‘zbekiston milliy boyliklari tasvirlangan edi. Tanlov to‘qqiz oy davom etganidan keyin Konstitutsiyaviy komissiyaning ekspert komissiyasi ishlab chiqilgan gerb loyihalarining asosiy ikki muqobil variantini xalq muhokamasi uchun matbuotda e’lon qilgan.O‘zbekiston parlamentining 1992-yil yanvar oyidagi to‘qqizinchi sessiyasida tanlovga qo‘yilgan birinchi variant – Humo tasvirlangan loyiha parlament deputatlarining ko‘pchiligi ovozi bilan asos sifatida olingan. Lekin asos sifatida qabul qilingan loyihani takomillshatirish ishlari davom ettiriladi.Bunda keng jamoatchilikning bildirgan fikrlari muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Masalan, loyiha bo‘yicha kelib tushgan maktublarda loyihaning ayrim nuqsonlari ko‘rsatilgan.
Shunday nuqsonlardan biri sifatida Humo qushining boshi egik holda tasvirlangani ko‘rsatilgan bo‘lib, gerbni takomillashtirish davomida boshi dadil ko‘tarilgan va ko‘zlari gavharday porlab turgan Humo tasviri shakllangan.
Qolaversa, Humoning atrofi huvillagan uyday bo‘sh qoldirilgani bilan bog‘liq nuqson ham tuzatilgan. Ya’ni, Davlat gerbiga mamlakatning hayot yo‘li nurli bo‘lishini ifodalaydigan, nihoyatda go‘zal tabiatini ko‘rsatib turadigan quyosh tasviri va rizq-ro‘zimiz – g‘alla, asosiy boyligimiz – paxta timsollari ham kiritilgan.
Takliflar inobatga olingan holda, nuqsonlari tuzatilgan va dastlabki tanlovga qo‘yilgan uchinchi loyihada tasvirlangan sobitlik hamda barqarorlik ramzi – sakkiz qirrali musamman ham loyiha elementi sifatida qabul qilinadi. Lekin musamman ichida qanday tasvir bo‘lishi masalasida munozara kelib chiqadi.
Bu holat Humo qushi tasvirlangan yangi ikki loyiha muqobil variantlarining 1992-yil 2-aprelda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishiga sabab bo‘ladi. Birinchi variant ikkinchisidan musamman ichiga oy va yulduz tasviri tushirilganligi bilan farq qilgan.
Mazkur loyihalar 1992-yil 2-iyulda parlament o‘ninchi sessiyasi o‘z ishini boshlagunga qadar uch oy davomida umumxalq muhokamasida bo‘lgan. Ayni jarayonda Konstitutsiyaviy komissiyaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan jami 543 ta maktub, 6 ta telegramma kelib tushgan.
Ana shu murojaatlar o‘rganilganda, oy va yulduz tasviri tushirilgan loyihaning birinchi variantini 168 ming 938 nafar kishi, ikkinchi variantini 9 ming 642 nafar kishi qo‘llab-quvvatlagani aniqlanadi. Shu tariqa murojaat qilganlarning 90 foizidan ortig‘i loyihaning birinchi variantini ma’qullagani ma’lum bo‘ladi.
Shundan keyin loyiha parlamentda ovozga qo‘yilib, deputatlarning ko‘pchiligi ovozi bilan birinchi variant Davlat gerbi sifatida qabul qilinadi. 1992-yil 2-iyul kuni Davlat gerbi tavsifini tasdiqlagan va undan foydalanish munosabatlarini tartibga solgan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinadi.
–Davlat gerbidagi tasvirlar ma’nosining talqinida O‘zbekiston xalqi va davlat hokimiyatining qanday maqsadlari ifodasini ko‘rish mumkin?
–Gerb qalqonidagi tasvirlar – oliy irodaga ega tinchliksevar va sofdil (Humo qushining kumush rangi) xalq abadiy ozod, farovon va baxtu saodatda yashash uchun qayta tiklandi (Humo qushi), bu musaffo (daryolarning kumush rangi) va ozod (vodiylar va tog‘larning yashil rangi) diyor (vodiy, tog‘lar, daryolar) rivojlanishning (ko‘tarilayotgan quyosh) yuksak hayotiy kuchlariga (zarrin nur sochayotgan oltin quyosh) ega, deganidir.
Gerb chambaridagi tasvirlar – bu xalq o‘zining (bu yerga g‘o‘za shoxlari va bug‘doy boshoqlari bog‘langan Davlat bayrog‘i ranglaridagi shior lentasi talqini qo‘shiladi) ozodligi (g‘o‘zaning yashil shoxlari), sofdilligi (oq paxta), boyliklari (oltin chanoqlar, bug‘doy boshoqlari) bilan buyuk (chambar) ekanini anglatadi.
Qalqon tepasidagi tasvirlar – xalqimizning taqdirida ulug‘ (sakkizqirra yulduzning oltin hoshiyasi) sharaf (sakkizqirra yulduzning ko‘k foni) keltiradigan keng qamrovli, ko‘pjihatli (sakkiz qirrali yulduz) buyuk o‘zgarishlar (yulduz) va tinchlik (yarim oy va yulduzning oq rangi) davri boshlandi (yarim oy), degan ma’nolarni ifodalaydi.
Shior lentasidagi tasvir va yozuvlar – bu boy («O‘zbekiston» yozuvining oltin rangi) xalq va davlatning nomi O‘zbekiston deb atalishidan dalolatdir.