4-bob. O‘quv-metodik majmuaga qo‘yiladigan talablar 14. O‘quv-metodik majmuaning yangi avlodini ishlab chiqish prinsiplari hamda ularning mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan talablar:
o‘quvchilarda tayanch kompetensiyalarni shakllantirish;
“Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” prinsipi mazmun va mohiyatini o‘quvchilarning ongu tafakkuriga singdirish;
o‘quvchilarni muvaffaqiyatli ijtimoiy hayotga tayyorlash;
faol fuqarolik pozitsiyalarini mustahkamlash;
mas’uliyat, majburiyat, huquqiy ong va huquqiy madaniyat, teran dunyoqarash, sog‘lom e’tiqodlilik, teran ma’rifatlilik, bag‘rikenglik kabi fazilatlarni shakllantirish vazifalarini belgilaydi.
Tarbiya fani o‘quvchilarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, ularning har tomonlama ijtimoiylashuviga ko‘maklashish, samarali hamkorlik qilish, vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy, ma’naviy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish, o‘zlarining intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
15. Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasida uchrayotgan salbiy holatlarning asl sabablarini aniqlash va oldini olish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni keskin kamaytirishga qaratilgan quyidagi profilaktik ishlar natijadorligini oshirishga zamin yaratadi:
o‘quvchilarda milliy g‘urur va iftixor, moddiy va ma’naviy merosni asrab-avaylashga qaratilgan insonparvarlik tuyg‘usini tarkib toptirish;
davlat ta’lim standartlari talablari asosida o‘quvchilar tomonidan bilim va hayotiy ko‘nikmalarning to‘liq o‘zlashtirilishiga erishish;
o‘quvchilarda mustaqil va erkin fikrlashni hamda ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish;
yangi avlod o‘quv-metodik majmualarini yaratish va amaliyotga joriy etish;
umumta’lim fanlarining o‘qitish metodologiyasini takomillashtirish asosida ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish.
16. O‘quv-metodik majmuani ishlab chiqish prinsiplari:
mazkur fan bo‘yicha o‘quvchilarga sifatli bilim berish, ularni to‘g‘ri tarbiya yo‘liga yo‘naltirish, zarur bilim va hayotiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga, mustaqil hayotga moslashishlariga ko‘mak ko‘rsatish, turli vaziyatlarda huquqiy, ma’naviy mezonlarga asoslangan holda qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan estetik jihatdan zamonaviy bezatilgan, qiziqarli va psixologik-pedagogik materiallarga boy quyidagi o‘quv-metodik majmualar kompleksini talab qiladi:
o‘quv-metodik majmua ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari asosida yaratilganligi;
o‘quvchilarning aqliy va jismoniy imkoniyatlari, yoshi, psixofiziologik xususiyatlari, bilim darajasi, qiziqishlari, layoqatlari hisobga olinganligi;
o‘quvchilarda vatanparvarlik va milliy iftixor tuyg‘usini shakllantirishga qaratilganligi;
umumiy o‘rta ta’limining zarur hajmi berilganligi, o‘quvchilarda mustaqil ijodiy fikrlash, tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilganligi;
mavzularning mazmunan izchilligi, ilg‘or pedagogik texnologiyalar, media-mahsulotlardan unumli foydalanilganligi.
17. Darslikka qo‘yiladigan didaktik talablar:
o‘quvchilar tomonidan o‘quv materiallarining to‘liq o‘zlashtirilishini ta’minlash;
matnlar axborot berishga emas, balki o‘quv fani mazmun-mohiyatining o‘quvchilar tomonidan anglash va hayotga tatbiq qilish maqsadlariga xizmat qilishi;
qiziqarli, lo‘nda va hamma uchun qulay va tabaqalashtirilgan bo‘lishi;
ilmiy dunyoqarashni shakllantirish, vatanparvarlik va millatlararo totuvlik talablariga javob berishi, aniq dalillarga asoslangan materiallardan tarkib topishi;
ta’limning kundalik hayot va amaliyot o‘rtasidagi bog‘liqligini ta’minlashga, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llay olish iqtidori shakllantirilishiga, boshqa o‘quv fanlari bilan uzviy bog‘liqlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan bo‘lishi;
rasmlar ko‘rinishidagi illyustratsiyalar: xaritalar, chizmalar, sxemalar, jadvallar, diagrammalar, fotosuratlar, infografikalardan iborat mediamahsulotlar bilan bezatilgan bo‘lishi;
o‘quvchilar psixo-fiziologik rivojlanish darajasiga mos yangi tushunchalar, atamalar, qoidalar, ta’riflar va shu kabi lug‘at ko‘rinishida ifodalangan bo‘lishi lozim.
18. Darslikka qo‘yiladigan ilmiy-metodik talablar:
fan-texnikaning so‘nggi yutuqlarini o‘zida aks ettirishi;
o‘quv fani mavzularining mazmunan yaxlitligi ta’minlangan bo‘lishi;
o‘quv fani mavzulari adabiy til qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda oddiy, sodda, tushunarli va ravon tilda bayon qilinishi;
mantiqiy ketma-ketlik va izchillikka amal qilinishi;
O‘zbekiston xalqining mentalitetiga zid bo‘lmagan tegishli illyustratsiyalar bilan boyitilishi;
savol va topshiriqlarning aniq ifodalangan bo‘lishi;
o‘quvchilarni fikrlashga, yozishga, tasvirlashga, chizma chizishga, hisoblashga, amaliy ishlarni bajarishga, tajribalar o‘tkazishga o‘rgatishda pedagogik texnologiyalardan foydalanish nazarda tutilgan bo‘lishi;
bir tushunchaning ikki xil atama bilan ifodalanishiga, sanalarni keltirishda noaniqlikka yo‘l qo‘yilmasligi;
o‘quvchilarni muvaffaqiyatli ijtimoiy hayotga yo‘naltirishga oid matn va rasmlar, izohli lug‘at, texnik ijodkorlik, mantiqiy va innovatsion tafakkurni o‘stirishga qaratilgan loyihalash hamda modellashtirish topshiriqlarini qamrab olgan bo‘lishi lozim.
19. Darslikka qo‘yiladigan pedagogik-psixologik talablar:
keng jamoatchilik tomonidan tan olingan ilmiy asoslangan ma’lumotlar, o‘quvchilarning bilim darajalari, eslab qolish qobiliyatlari, tafakkuri inobatga olingan holda, voqea va hodisalarning mohiyatini anglashga hamda amaliy qiziqishlarini rivojlantirishga, bilim olish va amaliy faoliyat bilan shug‘ullanishga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi;
o‘quv fani mavzularining o‘quvchi yoshi va psixo-fiziologik xususiyatlariga mos holda berilishi, ma’lum bir faktlar, tushunchalar, qoidalar va fanlararo bog‘liqlikni hisobga olgan holda tushunarli bayon qilinishi;
o‘quvchilarning yangiliklarni qabul qilish qobiliyatlari, oldin olgan bilimlarini o‘zlashtirganlik darajasi hisobga olinishi lozim.
20. Darslikka qo‘yiladigan estetik talablar:
belgilangan talablar darajasida yorqin, rangli, chiroyli bezatilgan, zamonaviy dizayniga mos bo‘lishi;
matnlar va illyustratsiyalarning uyg‘unligi va o‘quvchilar yoshiga mosligi;
bo‘lim, bob, mavzular matnlarining turli shakl va ranglar bilan ajratilishi, ularning mutanosibligi ta’minlanishi lozim.
21. Darslikka qo‘yiladigan gigiyenik talablar:
matn va illyustratsiyalar sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mos bo‘lishi;
harflarning kattaligi va qog‘ozning sifati (og‘irligi, qalinligi, oqligi va shaffofligi) ta’lim muassasalari uchun matbaa mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamenti talablariga mos bo‘lishi lozim.
5-bob. Yakunlovchi qoida 22. Konsepsiyada nazarda tutilgan maqsad va vazifalarga erishishning moliyaviy xarajatlari O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.