Kurash choralari – Zaharli begona o’tlar kampirchopon, ko’kmaraz, achchiqmiya hamda boshqalardan inson va chorva mollari zaharlanishining oldini olish maqsadida quyidagilar amalga oshirilishi zarur:
tormoqadan yig’ib olingan donlarni 1,5-2 millimetrli elakdan tozalash;
donning tozaligi haqida ma’lumotnoma bo’lmasa, hosilni tegirmon, qabul qilish maskanlarida qabul qilmaslik.
Zaharli begona o’tlarga qarshi kurashishda yuqorida ta’kidlab o’tilgan chora-tadbirlardan tashqari qo’llaniladigan agrotexnik va kimyoviy kurash choralarini o’z vaqtida sifatli amalga oshirish – eng muhim omil hisoblanadi. Buning uchun g’alla o’rib olinishi bilan angiz chuqur shudgor qilinishi kerak. Shuningdek, ikki pallali begona o’tlarga qarshi granstar va banvel gerbisidlarini gektariga 0,15-0,5 litrdan me’yorida qo’llash tavsiya etiladi.
Moyli ekinlar etishtirish agrotexnikasi– Xalqimizning arzon va sifatli yog’-moy mahsulotlari bilan ta’minlash hamda lalmikor maydonlaridagi erlardan samarali foydalanishda moyli ekinlar: masxar, zig’ir, kunjut muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda lalmikor erlarda qadimdan dehqonchilik qilib kelingan, xususan bug’doy, arpa, poliz va moyli ekinlar ekilib, ekologik toza mahsulotlar etishtirilgan.
Respublikamizda dehqonchilik qilish mumkin bo’lgan lalmikor er maydonlari 1228,4 ming gektarni tashkil qiladi va bu erlarning asosiy qismi Jizzax (24,2%), Qashqadaryo (28%), Surxondaryo (14,9%), Samarqand (28,4%) viloyatlarida joylashgan. Lalmikor dehqonchilikka tegishli erlar tuproq va iqlim sharoiti bo’yicha quyidagi mintaqalarga bo’linadi:
1. Nam bilan ta’minlangan tekislik. Lalmikor erlarning eng quyi qismida joylashgan bo’lib, erlari och tusli, bo’z tuproqlardan iborat, yillik o’rtacha harorat +13,3 0S, yog’in miqdori 250 millimetrdan oshmaydi.
2. Nam bilan o’rtacha ta’minlangan adirlik, dengiz sathidan 450-750 metr balandlikda joylashgan. Erlari tipik bo’z tuproqli, o’rtacha yog’in miqdori 250-350 millimetr, o’rtacha yillik harorati +12+13 oSga to’g’ri keladi.
3. Nam bilan ta’minlangan (tog’ oldi) mintaqa dengiz sathidan 600-900 metr balandlikda joylashgan. Erlar to’q bo’z tuproqli, yillik o’rtacha yog’ingarchilik 350-400 millimetr va undan ortiq bo’ladi. Yillik o’rtacha harorat +11+12 oS.
4. Nam bilan yaxshi ta’minlangan (tog’li) mintaqa. Dengiz sathidan 200-900 metr balandlikda joylashgan, erlari unumdor, gumusga boy bo’z tuproqda iborat, yillik yog’in miqdori 400-700 millimetr va undan ko’proq tushadi. O’rtacha harorat +10,1oS.
Moyli ekinlarni ko’pincha g’alla ekishdan qolgan bo’sh maydonlarga ekishga to’g’ri keladi. Bu erlar kech kuzda 20-22 santimetr chuqurlikda haydab qo’yiladi. Erni ekishdan oldin 12-14 santimetr chuqurlikda chizel borona qilinadi. Shunday qilinganda, tuproq mayinlashib, urug’larning to’liq va bir tekis, unib chiqishiga sharoit yaratiladi, o’rib-yig’ib olishdan nobudgarchilik kam bo’ladi.
Moyli ekinlarni o’z vaqtida ekish mo’l hosil olishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Ekish muddatidan kechikkanda hosildorlik 50-60 fizga, dondan yog’ chiqishi esa 20-30 foizga kamayib ketadi. Zig’ir, masxarni fevral oyining oxiri va mart oyining boshlarida, kunjutni esa 2 apreldan 5 maygacha ekish lozim. Moyli ekinlarni ekishda urug’larning unuvchanligi va tozaligi, urug’ sarfi hisobga olinadi.
Masxar qator oralig’i 30 yoki 45 santimetr sxemasida, bir gektar maydonga 18-20 kilogramm miqdorda g’alla seyalkasida ekiladi, bunda har 15 santimetrga bitta urug’ tushishini me’yorga keltirish va urug’ni 3-4 santimetr chuqurlikka qadash lozim.
Zig’ir urug’i bir gektarga 16-18 kilogramm miqdorda ekilib, qator oralig’i 15 santimetr qilib 1m2 maydonda 250-350 ta o’simlik bo’lishini ta’minlash kerak, urug’larning ko’mish chuqurligi 2- 3 santimetrdan oshmasligi va ular nam tuproqqa ekilishi zarur.
Kunjutni tuproq qatlamida +4+5 0S issiqlik yoki havo harorati +12+13oS bo’lganda qator oralig’i 45-60 santimetr qilib gektariga 4-6 kilogramm urug’ sarflab ekish kerak, har 12 santimetrda bitta o’simlik bo’lishi lozim.
Moyli ekinlarni ekishda urug’larni qo’lda sepish yaramaydi, chunki urug’lar qo’lda sepilganda erga bir tekis tushmaydi, ba’zi joylarda qalin va siyrak chiqib hosilning pasayishiga olib keladi. Keyinchalik boshqa agrotexnik tadbirlarni o’tkazishda ham qiyinchilik tug’ildi.
Moyli ekinlar o’suv davrida ikki marotaba begona o’tlardan tozalanadi, birinchi marotaba kakra, yantoq paydo bo’lganda, ikkinchisi o’rim-yig’im oldidan.
Urug’lar o’rib olingandan keyin tozalanadi va quyoshda 10-15 kun qizdirilsa, uning fiziologik etishishi 20-25 kunga tezlashadi.
Moyli ekinlar urug’ini saqlash uchun don tarkibida namlikni 10-12 foizga etkazib, omborga kiritish lozim.