Medialis – agar a’zo o’rta sohaga yaqin bo’lsa,
Lateralis – agar a’zo o’rta sohadan uzoq bo’lsa,
Intermedius – agar a’zo ikkita hosilaning o’rtasida bo’lsa,
Proximalis – agar a’zo tanaga yaqin bo’lsa,
Distalis – agar a’zo tanadan uzoq bo’lsa,
Internus –agar a’zo ichki qismda joylashsa,
Externus – agar a’zo tashqi qismda joylashsa,
Profundus – agar a’zo chuqurda joylashsa,
Superficialis –agar a’zo yuzada joylashsa deb yuritiladi.
Ba’zi a’zolarning joylashgan o’rnini belgilashda tanadan bo’ylama chiziqlar (linea) o’tkaziladi. Oldingi o’rta chiziq – linea mediana anterior to’sh suyagi o’rtasidan, to’sh chizig’i – linea sternalis to’sh suyagi chekkasidan, o’rta o’mrov chizig’i – linea medioclavicularis(mamillaris) o’mrov suyagi o’rtasidan o’tadi. To’sh chizig’i bilan o’rta o’mrov chizig’i o’rtasida linea parasternalis chizig’i o’tadi. Oldingi qo’ltiq osti chizig’i – linea axillaris anterior, o’rta qo’ltiq osti chizig’i – linea axillaris media, orqa qo’ltiq osti chizig’i – linea axillaris posterior nomlariga mos sohadan, kurak chizig’i – linea scapularis kurak suyagidan, umurtqa yon chizig’i – linea paravertebralis umurtqa suyaglari ikki yonidan, orqa o’rta chiziq – linea mediana posterior umurtqa o’tkir qirralari ustidan o’tadi.
SUYAKLAR Odam skeleti ikki yuzdan ortiq alohida-alohida suyaklardan tuzilgan, og‘irligi o‘rtacha 5–6 kg yoki gavda og‘irligining 8–10% ini tashkil etadi. Skelet suyaklarining aksariyati juft suyaklardir. Suyak (os) asosan, suyak to‘qimalaridan iborat. Suyaklar qattiq va elastik bo‘lib, asosan, ikki xil moddadan tuzilgan, ularning 1/3 qismi organik moddalar (ossein, muguz modda) bo‘lsa, qolgan 2/3 qismi anorganik moddalardir (asosan, kalsiy tuzlari,ayniqsa fosfat ohak 51,04% ni tashkil etadi). Suyaklar elastikligini ossein moddalar bajaradigan bo‘lsa, mineral tuzlar ularga qattiqlik (pishiqlik) xossasini beradi. Organik va anorganik moddalarning suyaklar tarkibidagi nisbati kerakli bo‘lgan mustahkamlikni vujudga keltiradi va bu holat yoshga qarab o‘zgarib boradi. Yosh organizm suyaklari tarkibida ossein ko‘p bo‘lganligidan egiluvchan (elastik) va juda kam sinadigan bo‘ladi. Yosh ulg‘ayib borgan sayin suyaklarda mineral tuzlar miqdori ko‘payadi. Shuning uchun keksa odamlarning suyaklari elastiklik xususiyatini asta-sekin yo‘qotib, mo‘rt, tez sinadigan bo‘lib qoladi.
Suyaklar tarkibida organik va anorganik moddalardan tashqari, vitamin A, D va C ham bo‘ladi. Yosh bolalar suyaklari tarkibida kalsiy tuzlari va vitamin D yetishmasligi natijasida raxit kasalligi vujudga keladi. Bunda suyaklar nimjon bo‘lib qoladi va har tomonga qiyshayadi. Agar suyaklarda vitamin Ayetishmasa, suyaklar haddan tashqari yo‘g‘onlashib, ichidagi bo‘shliqlari, har xil kanalchalari kattalashib qoladi.
Ossein bilan anorganik moddaning qo‘shilishi natijasida normal suyak muhim fizik xossalarga ega bo‘ladi, ya’ni elastik va qattiq (pishiq) bo‘ladi. Normal suyak eman daraxtidan pishiq, granitdan qattiq bo‘lib, mis bilan temirga barobar keladi.
Suyakning ichki tuzilishini uni arralab qaragandagina ko‘rish mumkin. Suyak ikki xil: zich (qattiq – substantia compacta) va g‘ovak (ko‘mik – substantia spongiosa) moddalardan iborat. Uzun suyaklarning ikki uchi (yunoncha epiphysis – usti) epifizlari kalta suyaklarga o‘xshash tuzilgan bo‘lsa, diafizi (tanasi) – diaphysis (yunoncha dia – oraliq) uzunasiga joylashgan kavak silindr shaklli bo‘lib, devori qalin zich modda po‘stidan iborat. Uzun suyaklarning epifizlari bo‘g‘im yuzalari (facies articularis) bilan tugaydi. Ana shu kavak ilik kanali bo‘lib, bu kanal uzun suyakning ikkala uchi (epifiz)dagi g‘ovaklarga tutashib ketadi. Suyaklarning epifiz bilan diafiz oraliq qismi metafiz (metaphysis) deb ataladi. Bundan tashqari, suyaklarning tuzilishi shakli bilan vazifalariga bog`liq bo`ladi, ya`ni suyaklar vazifasiga qarab ham tuzilishi o`zgaradi yoki buning aksi bo`lishi mumkin.
Suyaklar asosan gavers plastinkalaridan tuzilgan ko`pdan-ko`p gavers kanalchalardan iborat. Gavers kanalchalari aksari suyaklar bo`yiga qarab joylashgan va o`zaro bir necha zich plastinkasi – kompakt modda o`ragan bo`ladi. Gavers sistemalar orasidagi bo`shliqlarni oraliq modda (plastinka) lar to`ldirib turadi.
Suyakning sirtqi yuzasi suyak usti pardasi (periost – periosteum) bilan qoplangan (suyakning bo‘g‘im yuzalari, paylar va boylamlar yopishgan joylarda periost bo‘lmaydi). Periost yupqa, pushti rang biriktiruvchi to‘qimadan iborat. Periostning o‘zi suyaklarning alohida teshiklaridan o‘tib, boradigan tolachalari vositasida suyakka mustahkam yopishib turadi. Periost ikki qavatdan, ya’ni tashqi qavati tolali fibroz to‘qimadan, ichki qavati esa nerv va qon tomirlarga boy suyak hosil qiladigan qismdan iborat. Qon tomirlar suyaklarga alohida oziq teshiklar (foramen nutricium) orqali boradi. Periostning ichki qavati suyaklarni eniga o‘stiradi. Suyaklarning bo‘g‘im hosil qiladigan sathlari bo‘g‘im tog‘aylari bilan qoplangan (bo‘g‘imlar haqidagi bobga qaralsin).
Suyak kavaklari, ilik bo‘shlig‘i (cavitas medullaris) hamma vaqt suyak iligi bilan to‘lgan bo‘ladi. Ko‘pincha naysimon suyaklarda ilik markaziy bo‘shliq qismida joylashganligidan uni ilik bo‘shlig‘i (cavitas medullaris) yoki kanali deb ataladi. Suyak iligi organizmda qon yaratadi va biologik himoya vazifasini bajaradi. Suyaklarda uchraydigan o‘siqlarga (do‘mboqcha, g‘adur-budur va hokazo) apofiz (apophysis – o‘siq) lar, bo‘yinga metafiz yoki suyak bo‘yni (collum), suyak boshchasiga (capitulum), bo‘g‘im chuqurchasiga (fossa articularis) g‘adir-budur tepachalar (condylus) kiradi.