Uslub- so’zlovchi va yozuvchining ifodalanayotgan fikrga, voqea, hodisaga shaxsiy munosabatidir. Shu yo’l bilan ayni bir jumlada qo’shimcha sub’ektiv ( modal) mazmun ham ifodalanadi. Nutq uslublari besh xil: so’zlashuv, rasmiy, ilmiy, ommaviy, badiiy uslub.
1. So’zlashuv uslubi- ona tilidagi bor imkoniyatlardan foydalanadi.
2. Rasmiy-idoraviy ( ish qog’ozlari uslubi)- shaxslar bilan shaxslar orasidagi, shaxslar bilan davlat idoralari orasidagi ijtimoiy munosabatlarni ifodalashga xizmat qiladi: ariza, tilxat, adres, xat, telegramma, farmoyish, tarjimai hol rasmiy uslub ko’rinishlaridir.
Qisqalik, aniqlik, soddalik rasmiy ish qog’ozlari uslubining asosiy belgilaridir. Ibora va jumlalar bir qolipda bo’ladi. So’zlar ko’chma ma’noda ishlatilmaydi.
3. Ilmiy uslub-fan-texnika tilidir. Ilmiy uslubning asosini atama, ta’rif, qoida, qonun va shartli belgilar tashkil etadi. Bu uslub termin ( atama) lar bilan ish ko’radi.
4. Ommaviy (ommabop, publisistik) uslub- matbuot, radio, teleko’rsatuvga xos bo’lgan tildir.
5. Badiiy uslub- badiiy tasvir vositalari ibora va asosan ko’chma ma’nodagi so’zlar asosida ish yurituvchi uslub.
Nutq uslublari stilistika ( uslubiyat) da o’rganiladi. Stilistika “ stil” ( “ yozish quroli”, “ ruchka”, “ pat”) ma’nosidagi so’zdan olingan.
Gapda, so’z qo’llashda ayrim xatolar mavjud bo’ladiki, ular uslubiy xato sifatida qaraladi. Masalan, g’o’za, paxta so’zlari juda yaqin tushunchani bildiradi. Shunga qaramay, “g’o’za terildi”, “ paxta gulladi” deyish xatodir.
LEKSIKOGRAFIYA Tildagi barcha so’zlar, ularning tarixi, izohi, imlosi kabi masalalar lug’atshunoslik (leksikografiya)da o’rganiladi. Lug’atlar ilmiy maqsadlarda tuziladi. Lug’atlarning, dastavval, ensiklopedik va lingvistik turi farqlanadi.
Ensiklopedik (qomusiy) lug’atlar ijtimoiy turmushning barcha sohasiga oid so’zlarni qamrab oladi. Ensiklopedik lug’atlarda so’zlar, birikmalar, ma’lum bir voqea-hodisalar izohlanadi. Lingvistik lug’atlarda esa faqat so’zlar beriladi.
Lug’atlar qo’llanish doirasiga ko’ra ikki xil bo’ladi: umumiy lug’atlar va maxsus lug’atlar. Umumiy lug’atlar barchaga mo’ljallangan bo’lib, ulardan turli soha vakillari foydalanishi mumkin. Masalan: “Imlo lug’ati”, “Izohli lug’at”, “Ruscha-o’zbekcha lug’at”. Maxsus lug’atlar esa ma’lum bir soha vakillari uchun mo’ljallangan bo’ladi: “Sinonimlar lug’ati”, “Matematik terminlar lug’ati”.
So’zligining bir til yoki bir necha tildan iborat bo’lishiga ko’ra tarjima lug’atlari va bir tilli lug’atlar farqlanadi.
I.Tarjima lug’atlarida bir tilning lug’aviy birligiga boshqa tildagi mos birlik beriladi. Masalan, “O’zbekcha-ruscha lug’at”.
II. Bir tilli lug’atlar (o’z til lug’atlari) ning so’zligi bir tilda bo’ladi. Bir tilli lug’atlarning quyidagi turlari bor.
Izohli lug’atda lug’aviy birliklarning (so’z yoki iboralarning) ma’nosi izohlanadi. Lug’aviy birlik ko’p ma’noli bo’lsa, uning barcha ma’nolari beriladi va izohlanadi. “O’zbek tilining izohli lug’ati” 1981 yilda 2 jild holida nashr etilgan bo’lib, oltmish besh mingga yaqin so’z izohlangan.
2.. Imlo lug’ati so’zlarning imlo qoidalariga binoan qanday yozilishini qayd etadi. Imlo lug’ati (orfografik lug’at) so’zlarning to’g’ri yozilishini ko’rsatadi. Katta hajmli imlo lug’ati 1976 yilda nashr etilgan, unda 65 ming so’zning to’g’ri yozilishi qayd qilingan. O’quvchilar uchun chiqarilgan maxsus imlo lug’atida 17 ming so’zning to’g’ri yozilishi berilgan.