Mavzu: xulosa chiqarishning umumiy mantiqiy tavsifi



Yüklə 60,97 Kb.
səhifə4/4
tarix07.01.2024
ölçüsü60,97 Kb.
#204550
1   2   3   4
XULOSA CHIQARISHNING UMUMIY MANTIQIY TAVSIFI.

Analogiya

Analogiya (grek. – moslik, o‘xshashlik) bavosita xulosa chiqarish-ning bir turidir. Deduktiv xulosa chiqarishda fikr umumiylikdan juz’iylikka qarab, induksiyada juz’iylikdan umumiylikka qarab harakatlansa, analogiyada bir juz’iy holatdan boshqa juz’iy holatga qarab harakatlanadi.
Analogiyada predmetlarning o‘xshash xossalariga asoslanib xulosa chiqariladi. Tabiat va jamiyatda obyektiv turli-tumanlik bilan bir qatorda, obyektiv o‘xshashlik ham mavjud. Ular inson ongida o‘z ifodasini topadi. Obyektiv reallikning turli sohalariga oid qonun va qoidalar tuzilishi jihatidan o‘xshash bo‘lsa, ular aks ettirgan voqelikdagi turli narsa va hodisalar ham ma’lum ma’noda o‘xshash bo‘ladi.
Analogiya bo‘yicha xulosa chiqarish obyektiv reallikning cheksiz ko‘rinishlari hamda unda mavjud bo‘lgan turli sistemalarning xossalari, munosabatlari, tarkibidagi o‘xshashliklarga asoslanadi. Masalan, sayyoralar, davlatlar, ijtimoiy tuzumlar mohiyatida o‘xshashlik bor. Bilishda muhim va nomuhim xossalar o‘xshashligi asosida analogiya bo‘yicha xulosa chiqariladi.
Analogiya vositasida bir predmetdan (modeldan) boshqa predmetga (prototipga) axborot o‘tkaziladi. Xulosa asoslari modelga, xulosa prototipga taalluqli bo‘ladi. Masalan, qadimgi greklarning “Dedal va Ikar” afsonasida aytilishicha, ota va bola qullikdan ozod bo‘lish uchun o‘zlariga qanot yasashadi va uchib ketishadi. Bunda xulosa chiqarish quyidagi ko‘rinishda bo‘ladi:
Qush tirik mavjudot, uning qanoti bor, u uchadi.
Inson ham tirik mavjudot, uning qanoti yo‘q, u uchmaydi.
Insonning ham qanoti bo‘lsa, u, ehtimol, uchadi.
Analogiya bo‘yicha xulosa chiqarish boshqa xulosa chiqarishlar kabi asos, xulosa va asos bilan hamda xulosa o‘rtasidagi mantiqiy aloqadan iboratdir. Uning xulosasi ehtimoliy shaklda bo‘lib, keyingi tekshirishlarni talab qiladi. Aniq asoslardan ba’zan aniq, ba’zan ehtimoliy xulosa chiqadi.
Analogiya o‘zining obyektiv asosiga ega. Bular predmetlar, ularning xossalari o‘rtasidagi aloqa va munosabatlardir.
2. Analogiya’ning turlari
Modeldan prototipga o‘tkazilayotgan axborotning tabiatiga ko‘ra, analogiya’ning ikki turi farqlanadi: xususiyatlar analogiyasi va munosabatlar analogiyasi.
Xususiyatlar analogiyasida ikki yakka predmet yoki bir turdagi ikki predmet sinfi o‘xshash belgilariga ko‘ra o‘zaro taqqoslanadi. O‘xshash belgilarga asoslanib, birida mavjud bo‘lgan belgining boshqasida ham bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa chiqariladi. Masalan, Yer va Quyosh qator muhim xossalariga ko‘ra o‘xshashdir, ya’ni ular bir sayyoralar tizimiga kiruvchi osmon jismlaridir, ikkisi ham harakatda, kimyoviy tarkibi ham o‘xshash. Ana shu o‘xshashliklarga asoslanib, olimlar Quyoshda topilgan yangi element – geliy Yerda ham bo‘lsa kerak, degan xulosaga kelganlar. Analogiya yo‘li bilan chiqarilgan bu xulosaning chinligi ko‘p o‘tmay tasdiqlandi – Yerda ham geliy elementi topildi.
Bu misolda ikki predmetning o‘xshashligiga asoslanib, birida mavjud bo‘lgan belgining boshqasida ham borligi haqida xulosa chiqarildi. O‘xshatilayotgan predmetlarni A va B harflari bilan, belgilarni a, b, c harflari bilan ifoda qilsak, xususiyatlar analogiyasini quyidagi formula orqali ifodalash mumkin:
A predmet a, b, c, d belgilarga ega.
B predmet a, b, c belgilarga ega.
Ehtimol, B predmet d belgiga egadir.
Bu analogiya bo‘yicha xulosa chiqarishning keng tarqalgan shaklidir. Unda bir predmet haqidagi bilim shunga o‘xshash boshqa predmet haqidagi bilimdan xulosa shaklida keltirib chiqariladi.
Munosabatlar analogiyasida ikki yakka predmet yoki bir turdagi ikki predmet sinfi o‘rtasidagi munosabatlar o‘xshashligiga asoslaniladi. Ikki turdagi (a R b) va (m R1 n) munosabatlarni taqqoslasak, a m ga, b n ga o‘xshash emas, lekin ular o‘rtasidagi R-R1 munosabatlarning o‘xshashligi bizga xulosa chiqarish imkonini beradi. Masalan, I.Kepler Planetalar harakatining qonunini ochganda, samoviy jismlarning o‘zaro tortishish kuchini insonlar o‘rtasidagi muhabbatga taqqoslaydi, shu asosda astronomiyaga “tortishish kuchi” tushunchasini kiritadi.
Munosabatlar analogiyasida ikki predmet o‘xshashligi asosida emas, ikki predmet o‘rtasidagi munosabatni o‘rganish asosida boshqa ikki predmet o‘rtasidagi munosabat haqida xulosa chiqariladi.
Analogiya’ning chin bo‘lish shartlari.
Analogiya’ni turlarga ajratganda xulosaning aniqlik darajasiga ham e’tibor beriladi. Shu jihatdan analogiya’ni qat’iy (aniq), qat’iy bo‘lmagan, noaniq va xato analogiyaga ajratamiz. Qat’iy analogiya’ning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ko‘chirilayotgan va o‘xshatilayotgan belgilar o‘rtasidagi aloqa zaruriy bo‘ladi. Aniq fanlardagi modellashtirishda fikr qat’iy analogiya shaklida yuritiladi.
Qat’iy bo‘lmagan analogiyada o‘xshash bo‘lgan va ko‘chirilayotgan belgi o‘rtasidagi zaruriy aloqa ehtimollik darajasiga ega bo‘ladi. Ijtimoiy, tarixiy voqealarni o‘rganishda va aniq, tabiiy fanlarda ilmiy tadqiqot ishlari olib borilganda fikr yuritish qat’iy bo‘lmagan analogiya tarzida bo‘ladi. Masalan, nemis olimi Shpenglerning ta’kidlashicha, jamiyat ham tirik organizmlar kabi to‘rtta rivojlanish bosqichini bosib o‘tadi. Bular: paydo bo‘lish, rivojlanish, yetuklik davri va yemirilish davri.
Analogiya bo‘yicha chiqariladigan xulosaning aniqlik darajasini oshirish uchun, ya’ni xulosaning chin bo‘lish ehtimolini oshirish uchun ma’lum shartlarga rioya qilish zarur. Bular quyidagilardan iborat:
1. Taqqoslanayotgan predmetlarning o‘xshash belgilari imkoni boricha ko‘proq aniqlanishi lozim. Shunda xulosaning chinlik darajasi, chin xulosa chiqarish imkoni ortadi.
2. Taqqoslanayotgan predmetlarning o‘xshash belgilari predmetlar uchun muhim belgilar bo‘lishi kerak. Shunda xulosa chin fikrga yaqinlashadi.
3. Taqqoslanayotgan predmetlarning ko‘chirilayotgan belgisi bilan boshqa belgilari zaruriy aloqada bo‘lishi kerak. Shunda xulosaning ishonarli, aniq bo‘lish shartlari bajarilgan bo‘ladi.
4. Taqqoslanayotgan predmetlarning ko‘chirilayotgan belgisi bilan o‘xshash belgilari bir turda bo‘lishi kerak.
5. Taqqoslanayotgan predmetlarning farq qiluvchi belgilari miqdori kam bo‘lishi va bu belgilar zaruriy, muhim bo‘lmasligi shart. Agar predmetlar muhim, zaruriy belgilari bilan bir-biridan farq qilsa, analogiya’ning xulosasi xato bo‘ladi.
Yuqoridagi qoidalarning buzilishi yolg‘on analogiyaga, ya’ni xulosaning xato bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Analogiya va modellashtirish
Analogiya modellashtirish metodining mantiqiy asosini tashkil etadi. Modellashtirishda (konkret yoki abstrakt) obyektlar modellarda, ya’ni shartli obrazlar, shakllar, obyektning kichraytirilgan nusxalarida tadqiq etiladi.
Ma’lum sabablarga ko‘ra, tekshirilayotgan obyektni tabiiy sharoitlarda o‘rganish qiyin bo‘lganda yoki mumkin bo‘lmaganda modellashtirishdan foydalaniladi. Bu, o‘z navbatida, bilish jarayonini yengillashtiradi.
Izomorfizm.
Modellarni uch turga bo‘lish mumkin:
1. Tabiiy modellar o‘rganilayotgan obyekt bilan bir turda bo‘ladi va undan faqat o‘lchamlari, jarayonlarining tezligi va ba’zi hollarda yasalgan materiali bilan farq qiladi.
2. Matematik modellar prototip (asl nusxa)dan jismoniy tuzilishi bilan farq qiladi, lekin prototip bilan bir xil matematik tasvirga ega bo‘ladi.
3. Mantiqiy matematik modellar – belgilardan iborat bo‘lib, abstrakt model hisoblanadi va tafakkur jarayonini o‘rganishda qo‘llanadi.
Modellarning bu turlaridan alohida-alohida va birgalikda foydalaniladi.
So‘nggi vaqtlarda modellashtirish ko‘pincha kompyuter vositasida amalga oshirilmoqda. Masalan, yangi avtomobilning modeli kompyuterda yasalib, uning o‘lchamlari, turli afzalliklari matematik modellashtirish vositasida aniqlanadi.
Xulosa chiqarish bilan bog‘liq xatolar
Fikr yuritish jarayonida eng ko‘p uchraydigan mantiqiy xatolar xulosa chiqarish bilan bog‘liq. Bunga sabab xulosa chiqarishning har bir turiga xos bo‘lgan qoidalarni bilmaslikdir. Shunday xatolardan ba’zilarini ko‘rib chiqamiz.
Umumiy mulohazalarga asoslanib (sillogistik) xulosa chiqarishda keng tarqalgan xatolardan biri sillogizm I figurasining qoidasi buzilishining natijasida vujudga keladi. Bunga ko‘ra, I figura bo‘yicha kichik asos inkor mulohaza bo‘lganda hosil qilingan xulosa noaniq (ko‘pincha xato) bo‘ladi. Masalan:
Hamma advokatlar yuristdir.
Bu kishi advokat emas.
Bu kishi yurist emas.
Xulosaning noaniq bo‘lishiga sabab, yuristlar faqat advokat emas, balki o‘qituvchi yoki olim bo‘lishlari ham mumkin.
Yana bir xato sillogizm II figurasi qoidasi buzilishining natijasida vujudga keladi. Masalan:
Hamma okulistlar shifokordir.
Bu ayol shifokor.
Bu ayol okulistdir.
Shifokorlar faqat okulist (ko‘z shifokori) emas, balki stomatolog, kardiolog, xirurg bo‘lishlari ham mumkin.
Yakka mulohazalarni umumlashtirib (induktiv) xulosa chiqarishda eng ko‘p uchraydigan mantiqiy xato “undan keyin, demak, shu sababga ko‘ra”, deb ataladi. Bu xato oldinma-ketin kelgan hodisalarning hammasida avvalgisi sabab, keyingisi oqibat bo‘ladi, degan fikrga asoslanish natijasida yuzaga keladi.
O‘xshatish (analogiya)ga asoslanib xulosa chiqarilganda, taqqoslanayotgan hodisalarning nomuhim belgilari asos qilib olinsa, mantiqiy xatoga yo‘l qo‘yiladi. Masalan:
Aziza va Robiya bir sinfda o‘qiydi, yoshlari va bo‘ylari teng.
Aziza ingliz tilini yaxshi biladi.
Demak, Robiya ham ingliz tilini yaxshi biladi.


Adabiyotlar ro‘yxati

O‘quv adabiyotlari


1. Sharipov M., Fayzixo‘jayeva D. Mantiq. O‘quv qo‘llanma –Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot, matbaa korxonasi, 2004. –B.216.
2. Sharipov M., Fayzixo‘jayeva D. Mantiq. O‘quv qo‘llanma. Falsafa bakalavr yo‘nalishi talabalari uchun – T., 2005(lotin grafikasida).
3. Sharipov M. Mantiq. O‘quv qo‘llanma. -Toshkent: Faylasuflar milliy jamiyati, 2012.
4. Fayzixo‘jaeyva D. Mantiq: izohli lug‘at. –Toshkent, 2015.
5. Qodirov M. Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharqning falsafiy tafakkuri (o‘rta asrlar).O‘quv qo‘llanma.- T., 2010
Yüklə 60,97 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin