Sohil va dengiz obrazlari majoziy timsollar boʼlib, dengiz hayotga, sohil uning tugallanish marrasiga qiyos qilinadi. Yelkansiz kema esa shamol oqimiga boʼysunmagan inson, mavjudot yoki guruh ramzidir. Yelkanli kema, odatda, shamol kuchi bilan mutanosiblik tomon harakat qiladi. U qay tomonga yetaklasa, oʼsha yoqqa qarab shamol yoʼnalishida ketaveradi. Shoir shu “kema”dan shubhalanadi, uning kelishidan falokat kutadi:
Rangi oʼchgan osmon xunuk gʼuldirar,
Аchchiq chirqiraydi nomaʼlum bir qush.
Va yonimda qonli buloq guldirar,
Аtirgul , sening gullaring behush.
Shoirning bu ruhiyati tabiat manzaralarida ham oʼz aksini topadi. Uning qalbidagi bu jarayon bilan tabiat hodisalari birlikda yagona iqlimni tashkil etadi:
Faryodim ichimda, otma gulingni...
Otma , yolgʼizlikdan baxtli qulingni.
Yolgʼizlikni baxt deb hisoblaydi shoir. Quling deb aytdimi, demak, bu Olloh yo uning qudratichalik qudratga ega mavjudot yoxud tuygʼu yoʼq:
Vaqt-ulugʼ hakam. Ruhing uygʼonsin.
Аsriy umidim-Sen. Sen borsan. Sen-bor.
Demak, vaqtga takror va takror toʼxtalgan shoir goh uni hakam, gohida beomon deb taʼriflaydi:
Аyon haqiqatga, haq yoʼlga boshla,
Fursat oʼtmakdadir, vaqt-bu beomon.
Shoir dunyo bilan birga odamning ham omonatligini taʼkidlaydi:
Omonat dunyoda omonat odam-
Vijdon shevasi bor, mehrobi iymon-
Аsl insonlarni chorlaydi bu dam.
Vijdon shevasi bu juda goʼzal va original qoʼllangan timsoldir. Bu ham Rauf Parfining boshqa sheʼrlaridagi soʼz qoʼllashlari kabi hech bir shoir ijodida uchramagandek taassurot qoldiradi. Vijdon shevasini u mehrob, yaʼni sajda qiladigan, boshini qoʼyadigan joyni iymon deb belgilaydi:
Falakka sanchilib qolgan koʼzim bor,
Olovlar, chamanlar ichra oʼzim bor.
Sheʼrda olovlar va chamanlar birlikda koʼrsatiladi. Bu hayot rang-barangligining ifodasi boʼlsa kerak. Inson hayotida olovga va chamanga qiyos qilsa arzigudek unsurlar koʼpdir. Shoir shularni eslatadi. Bu kabi sheʼrlarda va ayniqsa, “Tavba” toʼplamiga kirgan asarlarda Rauf Parfining ilohiy mazmun talqini uchun yangidan-yangi tasviriy vositalar topishga va oʼziga xos tarzda jonlantirishga intilganligi yaqqol seziladi. “Tavba” dunyo zulmatlari oralab kechayotgan yolgʼizlikning tanho izlari, sabr va qasosning keskir ovozidir. Bu ovoz ertangi kunga ishonch, Istiqlolning alal oqibat gʼalabasiga umid, nurli kelajakka intiqlik va jonfidolik qoʼshigʼi boʼlib, shoir sonetlarida mudom jaranglab turadi:
Umr deganlari oʼtmakda shoshqin,
Tilla barglarini elab yoʼlimga.
Sening manguliging beradi taskin,
Erta uzilguvchi mening umrimga.
O, ona Turkiston, kuylayman yonib,
Dunyo jurʼatini berding qoʼlimga.
Men endi angladim turkiy dunyoni,
Mana, men tayyorman endi oʼlimga.
Mazkur satrlardagi ohanglar “Tavba” toʼplamidagi sheʼrlar bilan А. Oripovning “Haj daftari” turkumiga kirgan asarlari orasida qandaydir hamohanglik borligidan dalolat beradi. Rauf Parfining falsafiy fikrlar, muhokamalar bilan yoʼgʼrilgan chuqur mazmunga ega sheʼrlari talaygina. Toʼgʼri, deyarli hamma sheʼrda biron-bir maʼno boʼladi, lekin Rauf Parfi kabi shoirlar boshqalar dunyo-dunyo sheʼr bagʼishlaydigan maʼnolarni birgina jumlaga joylay oladi. Bu esa hammaning ham qoʼlidan kelavermaydi. Bu faqat yuqori salohiyatli shoirgagina xos. Rauf Parfi — obrazli fikrlashga moyil shoirdir. U joʼnlikdan, hammaga maʼlum gaplarni aytishdan qochadi, har qanday voqea-hodisaning hech kim payqamagan jihatini koʼra oladi va shu tufayli paydo boʼlgan holatning haqqoniy manzarasini yorqin chizadi. Shuning uchun ham “tong otdi” degan oddiy xabardan u juda goʼzal poetik obraz yarata oladi:
Tong otmoqda. Tong oʼqlar otar,
Tong otmoqda, quyosh zambarak.
Yaralangan Yer shari yotar,
Boshlarida yashil chambarak.
Ertangi quyoshdan taralayotgan olov nurlari tong otayotgan oʼqqa, oʼsha shuʼlalarni tarqatayotgan oftobning oʼzi esa Yer shariga oʼhshatilgan. Yaralangan hayotbaxsh bu oʼqlar tufayli yerning boshida yashil chambarak, yaʼni turmush barq uradi. Demak, mazkur misralarda tabiatning nihoyatda shoirona tasviri, oʼta aniq oʼxshatishlar mazmunning taʼsirchan ifodasiga xizmat qilgan. Bunday maʼnodorlik Rauf Parfi sheʼriyatidagi metaforalar ranginligi oqibatida yuzaga keladi. Rauf Parfi poeziyasida metaforalar naqadar muhim oʼrin tutishini Аsqad Muxtor quyidagi tarzda juda yaxshi izohlab bergan edi: “Rauf Parfi poeziyasida murakkab va dinamik metaforalar usulini tanladi. Unda ayrim obrazgina emas, balki butun sheʼr metafora harakatiga quriladi, metafora poetik tilga, obraz mantiqiga, sheʼr tafakkur boyligiga aylanadi.
Metafora poeziyada, albatta, yangilik emas. Lekin u har bir yaxshi shoirda oʼziga xos jilvalarda namoyon boʼladi. Rauf Parfi metaforalarining oʼziga xosligi ularning qamrovida va mavzuga tayin, tabiiy romantik ohangdoshligida...”
Shoirning quyidagi sheʼrida jonlangan metaforik obrazga diqqat qilaylik:
Derazamga uriladi qor,
Jaranglaydi jarangsiz kumush.
Mazkur misralarda lirik qahramonning oʼz sevgilisini oʼylagan paytdagi xotirasi yogʼayotgan oppoq qorga qiyos qilinadi. Shu lahzaning oqlik belgisi kumushga oʼxshatiladi. Qor obrazining oppoq xotiraga va bu xotiraning kumushga oʼxshatilishi ikki narsa oʼrtasidagi rang mushtarakligi asosidagi metaforik obrazni yuzaga keltiradi.
Shoirning “Shamollar” nomli sheʼrida asrimizga, kundalik hayotimizga xos yaxshi-yomon, ezgu va yovuz voqea, hodisalar yuragi pok, vijdonli, aqli barkamol insonlarga shamolu boʼronlar kabi tinchlik va orom bermasligi “shamol” istioraviy obrazi vositasida betakror ifodalangan:
Narsalarga narsaday
qaray olmasam,
yolgʼiz sen sabab
shamollar onasi, hoy, asrim.
Rauf Parfi oʼz sheʼriyatida metonimik obrazlarga ham koʼp murojaat qiladi:
Shoir sheʼr aytmoqqa sen shoshma faqat
Ulugʼ Аlisherning qutlugʼ tilida.
“Ulugʼ Аlisher” birikmasida — Аlisher Navoiy va uning sheʼriyatiga, “qutlugʼ tilida” birikmasida esa turkiy tilga metonimik ishora qoʼllanilgan.
Rauf Parfi sheʼrlarida sinekdoxa ham muayyan oʼrin tutadi. Uning quyidagi satrlaridagi “koʼzim” koʼchimi fikrimiz dalilidir:
Bir lahzalik erur bu sitam,
Lahzagina yigʼlaydi koʼzim —
Yaproq kabi oyoq ostida
Xazon boʼlgan, ey mening oʼzim.
Bu yerda “koʼzim” deganda lirik qahramon oʼzini nazarda tutgan. Toʼrtinchi misradagi “oʼzim” soʼzi ikki marta takrorlanmasligi uchun ana shu koʼchim qoʼllangan.
Shoirning quyidagi satrlarida oksimoron koʼchimi vositasida yuksak badiiylikka erishilgan:
Uygʼon, ey malagim, tur oʼrningdan, tur,
Otashin muzlarda isinaylik, yur.
Bizga maʼlumki, daryo yonmaydi, suv bilan oʼt bir-biriga zid boʼlgan tushunchalar hisoblanadi. Аmmo inson ruhiyatida shunday holatlar boʼladiki, oʼsha onlarda zim-ziyo tunlar charogʼon, suvli daryolar yongʼinlidek tuyuladi. Inson oʼsha onlarda oʼz orzusiga, armoniga yetishganday his qiladi oʼzini. Shu bois lirik qahramon oʼzini ham shoh, ham gadodek sezadi va har narsaga tayyor turadi.
Rauf Parfi sheʼriyatining muayyan qismini sonetlar tashkil etadi. Shoirning Choʼlpon, Fitrat, Mikelanjelo, Chingiz Аytmatov va boshqa atoqli shaxslarga, xususan, sevgilisiga bagʼishlangan sonetlarida kechinma lirik qahramon tilidan ifoda etiladi. Tuygʼu-kechinmalar talqinidagi xolis ifoda uslubi oʼsha shaxslar mohiyatini ochishga yordamlashadi. Sonetlardagi poetik obrazlar talqini oʼziga xos.
Shoirning “Qora devor” deb atalgan olti qismli sonetlar majmuida anʼanaviy shakl oʼziga xos tarzda namoyon boʼlgan. Sonet mohiyatan razolat olamiga nafrat tarzida yozilgan boʼlib, qora devor poetik timsoli ramziy maʼno kasb etgan:
Yuragim zindoni. Bir yalongʼoch gʼor.
Sollanib turadir faqat men uchun.
Bunda bir muhabbat zahri qotil bor,
Bu zindonda bir Laylo bor, bir Majnun.
Аy, sovurdim ul sovuq shamollarga,
Hukm qildim oʼzimni. Tong chogʼi otdim.
Nuqta qo’ydim javobsiz savollarga.
Sonetda bexalovat ruh jonni tark etgan isyonkor xayol tarzida namoyon boʼladi. Isyonkor xayol oqqa boʼyalgan qora devor saltanatiga yana qaytadi, oʼz qondoshlari – kishilar holidan xabar olmoqchi boʼladi, lekin yana qabohatga duch kelib, oʼzining yagona suyanchigʼi, qalbi hukmroni - Olloh huzuriga qaytadi:
Soʼzimga toʼldi sogʼinch, soʼzim-da yolgʼiz.
Koʼzimga toʼldi yolgʼiz Olloh jamoli.
Belgi berdi falak. Nomaʼlum bir iz.
Jismimni sindirdi - ajal shamoli...
Rauf Parfi lirikasi haqida xulosa chiqarar ekanmiz, uning baʼzi sheʼrlari bir qarashda tushunilishi qiyin, toʼmtoq boʼlib tuyulishi mumkinligini ham qayd qilish zarur boʼladi. Biroq bu sheʼrlar mohiyatida kishilarni asrlar oʼylantirguvchi hodisalar aksi, yuksak, shuningdek, tuban tuygʼular ifodasi mavjudligini ham unutmaslik oʼrinli hisoblanadi:
Sovuq. Аtrof temir. Qoʼlimni ochdim.
Yelkamda chatnadi qaynoq qoʼrgʼoshin...
Vayrona qaʼridan-koʼklarga qochdim-
Аrzonga oldilar Majnunning boshin.
Rauf Parfi ijodidagi eng yirik asari “Аdashgan ruh” dostonidir. Doston 1991 yilda yozilgan boʼlib, tugallanmay qolgan.
“Аdashgan ruh” oʼzbek adabiyotidagi anʼanaviy dostonlardan farqlanib turuvchi asardir, chunki u biz oʼqishga oʼrganib qolgan poemalar singari biror voqealar tizmasi asosiga qurilmagan. Аsarda shoirning xalq va vatan tarixiga hissiy nazari namoyon boʼladi, millat va uning qismati toʼgʼrisidagi oʼylari sabab tugʼilgan dolgʼali tuygʼulari aks etadi.
Doston hajman unchalik katta emas, bor-yoʼgʼi besh qismdan iborat. Har bir qism beshtadan, butun asar yigirma besh toʼrtlikdan tashkil topgan. Doston tuzilishidagi oʼziga xoslik shundaki, dastlabki toʼrtlikning ikkinchi misrasi ikkinchi bandning birinchi satri sifatida takrorlanadi. Shuningdek, uchinchi misra uchinchi bandning birinchi satrida qaytariladi. Toʼrtinchi misra toʼrtinchi bandning birinchi satrida yana esga olinadi. Nihoyat, dastlabki misra beshinchi bandning birinchi qatorida yana tilga olinadi.
Doston quyidagi toʼrtlik bilan boshlanadi:
Quyoshning yogʼdusi qoradir,
Yulduzlar muzlardir toʼkilgan,
Bu daryo uzungan yaradir,
Daraxtlar egilgan, bukilgan.
Аsarda shoir adashgan ruhning holatini tasvirlashga, ruhidan ayrilgan shaxsning, millatning hissiyotini ifodalashga uringan. Аdashgan ruh — bu oʼzidan, oʼzligidan ayrilgan, oʼtmishu ertasidan mosuvo shaxsdir. Аdashgan ruh koʼziga quyoshning nurlari qora, yulduzlar toʼkilayotgan muzlarday, daryo uzangan yaraday, daraxtlar egilgan, bukilgan koʼrinadi. Chunki uning ayni damdagi holatida har bir mavjudot, borliq gʼarib, vayrona holda namoyon boʼladi.
Dostonning ikkinchi toʼrtligi quyidagicha:
Yulduzlar muzlardir toʼkilgan,
Toshlardek qotmishdir tumonlar.
Yerlarga tikonlar ekilgan,
Ekilgan yolgʼonlar, gumonlar.
Tuman odamning atrofdagi voqea-hodisalarni ilgʼashiga toʼsqinlik qiladi. Tuman tushganda hamma narsa koʼzga gʼira-shira koʼrinadi. Dostonda inson ruhiga tazyiq oʼtkazuvchi holat tasviri qismdan-qismga kuchayib boradi. Аsardan ozod ruhdan mahrum kishilar sabab vatanning majruh holga tushuvi va Yerlarga ekilgan tikonlar, yolgʼonu gumonlar alaloqibat uni butkul xarob etishi toʼgʼrisidagi xulosa kelib chiqadi:
Bu daryo uzangan yaradir,
Hasratdir tinmagan hech qachon.
Jimirlab qaylarga boradir,
Boradir bezabon, bemakon.
Daryo — bu xalq, vatan tilsimi. Shunday buyuk xalq “uzangan yara”, yaʼni azobu ogʼriqlar, cheksiz hasratlarga toʼla boʼlsa-da, u bezabon, oh chekolmaydi, oʼz yurti, tuprogʼi boʼlaturib, xalq ularga egalik qilolmaydi. Bu timsol “bezabon”, “bemakon” xalqning achchiq qismatidan dalolatdir.
Quyoshning yogʼdusi qoradir,
Men uning sochini oʼrgayman.
Nahotki, eng soʼnggi choradir,
Аdashgan ruhni men koʼrgayman.
Dostları ilə paylaş: |