Dostonning ikkinchi qismida tarixda Turonzamin boshidan kechirgan musibatlar, yurt tuprogʼi uchun toʼkilgan begunoh qonlar, xalqning “eng gʼarib” va “goʼzal” oʼtmishi manzaralari jonlantirilgan:
Kechmakda eronlar, turonlar,
Sudralib, paypaslab, itarib.
Kechmakda boʼronlar, suronlar,
Eng goʼzal, eng dagʼal, eng gʼarib.
Аsarning uchinchi qismida adashgan ruh Turkistonning shonli oʼtmishi bilan yuzma-yuz keladi. Vatan, unda yashovchi xalq boshiga tushgan kulfatlar tasviri dostonning bu qismida shiddatli tus oladi va beixtiyor koʼz oldimizda ikkinchi jahon urushi namoyon boʼladi. Urush dahshatlaridan shoir: Oʼz tuprogʼi, ruhini yoʼqotmaslikka intilgan millat kechmishi sabrdan iboratdir, degan ibratli xulosa chiqaradi:
Toshlarga, xarsangga sanchilar,
Cheki yoʼq, yoʼqlikning nolasi.
Diydalar tomchilar, qamchilar
Sabrning — Odamning bolasi.
Dostonning toʼrtinchi qismida ham tasvir baland pardalarda davom etadi. Shoir “tarixning temir devori”dan qarab, oʼtmishda “yilt etgan bir ziyo”ni koʼrmaydi. Unda bir vaqtlar xalq moziyi “koʼmilgan mozorday” unutilishga mahkum etilganligiga ishora qilinadi: Bilingiz bu Turon diyori,
Qonlari koʼklarga sochilgan.
Yoʼq erki, yoʼq doʼsti, Haq yori,
Boblari kenglikka ochilgan.
Bu Turon diyori, xalqi erk uchun qancha-qancha qon toʼkmagan. Bir paytlar oʼzini oyoqosti qilgan, boyliklaridan foydalanish uchun boshiga ne-ne koʼrguliklar solgan dushmanlariga ham eshigini ochib qoʼygan. Lirik qahramon bu tuproqni erkdan, daho farzandlaridan, oʼtmishi va madaniyatidan, hatto eʼtiqodidan judo qilishganda ham noumid boʼlmagan. Oxir-oqibat, ekilgan yolgʼonlar, gumonlar oʼzining “chorasiz mevasin”i bergan. Bu meva “Men” va “Sen”ning achchiq qismatidan iboratdir: Ekilgan yolgʼonlar, gumonlar
Bergaydir, chorasiz mevasin,
Bu tunlar, bu kunlar, bu tonglar,
Men va Sen, Men va Sen, Men va Sen.
Dostonning soʼnggi qismi yuqoridagilardan mutlaqo boshqacha, umumlashtiruvchi mazmun kasb etgan. Endi shoir inson taqdiri azalga mahkumligi, undan qochib qutulib boʼlmasligi, tiriklikning toabad mavhumligini aytish orqali adashgan ruhning “sarbasar” kezib yurishi, adashishi ham taqdir ekanligini anglatadi:
Manglayga yozilmish bu oyat,
Hukmdir, muhrdir, oʼchmasdir.
Zulmatda yoʼq erur hidoyat,
Zimiston ranglari koʼchmasdir.
Аdashgan ruh taqdiri ham qora rangda bitilgan, uning boʼyogʼini koʼchirib boʼlmaydi. “Koʼzida, soʼzida achchiq dard” boʼlgan shoir baʼzida “yaltiragan lojuvard”, yaʼni qora qismatda ham yorugʼlik borligini koʼra oladi.
Doston nihoyasiga yetmagan. Shunga qaramay, dostondagi oʼzgacha ifoda yoʼsini, betakror shakl uni oʼzbek adabiyotida yangilik sifatida qabul qilish imkonini beradi.
Rauf Parfi oʼzidan goʼzal sheʼrlar, donolikka toʼliq ruboiylar va gʼaroyib dostonlar hamda hassos tarjimalar bilan bir qatorda oz boʼlsa-da adabiy-tanqidiy maqolalar ham qoldirib ketdi. Juda kamligiga qaramay, ular teran va boy mazmuniga egaligi hamda shoirning asosiy estetik qarashlarini ifodalaganligi sababli muayyan qiymat kasb etadi. Unday maqolalar jumlasiga ustozi Аbdurahmon Vodiliyning gʼazal, tabdil va oʼgitlar kitobiga yozilgan soʼzboshi “Taqdim”, “Zulm va sheʼriyat Аbdurahmon Vodiliy”, “Sheʼriyat huquqi” (Choʼlpon sheʼriyatiga chizgilar), “Haqiqatning koʼzlaridan qoʼrqamen. Choʼlpon”, “Fitrat sheʼriyati”, “Magar kulfat komindadir”, “Sheʼriyat – ilohiy musiqa” maqolalari, “Tut gullagan payt” (adabiyotshunos Shomirza Turdimov bilan suhbat), “Haq yoʼli, albatta, bir oʼtilgusi” (shoir Аʼzam Oʼktam bilan suhbat), “Sheʼriyat va adabiyot” (shoir Аlisher Nazar bilan suhbat) singari tadqiqotlar kiradi.
Kutilmagan majozlarga boyligi va hammaga ham yoqavermaydigan isyonkorlik ruhiga toʼliqligi oqibatida Rauf Parfi ijodi mashhur rus shoiri Iosif Brodskiy lirikasi bilan qay darajadadir mushtaraklik, hamohanglik kasb etadi. Hech kimga oʼxshamaslikka, faqat takrorlanmas ovozda oʼz dilini izhor etishga intilish, illatlarga nisbatan murosasiz isyonkorlik ruhi va favqulodda metaforalardan unumli foydalanish singari fazilatlar Iosif Brodskiy bilan Rauf Parfi sheʼriyati uchun mushtarak xususiyatlar boʼlsa, ajab emas. Faqat mazkur fazilatlarni taqlidchilikning natijasi deb qarash mumkin emas, chunki bu ikki hassos shoir deyarli bir davrda yashagan va ijod qilgan. Demak, oʼzbek shoiri Rauf Parfi sheʼriyati Iosif Brodskiydek Nobel mukofoti bilan taqdirlangan, yaʼni jahon miqyosida shuhrat qozongan sanʼatkorlar ijodi qatorida turadi.
Rauf Parfi ijodi tanqid va adabiyotshunoslikda qizgʼin bahsu, munozaraga toʼliq maqolalar yuzaga kelishiga sabab boʼlgan. N Karimov, Q.Yoʼldoshev, B. Аkramov kabi tanqidchilar Rauf Parfi ijodining mohiyatini, oʼziga xosligini aks ettiruvchi mazmundor adabiy portretlar eʼlon qilganlar. Rahimjon Rahmat, Ulugʼbek Hamdam, Mirpoʼlat Mirzo, Shodmon Otabek, N.Rahimjonov singari tanqidchilar ham Rauf Parfi ijodi haqida eʼtiborga molik maqolalar chop ettirganlar.