Ahmad al-Farg‘oniy ilmi-hay’at (falakiyotshunoslik-astronomiya), riyoziyot (matematika) va jo‘g‘rofiya (geografiya) fanlari bilan shug‘ullanib, qator ilmiy asarlar yozib qoldirdi. Ahmad al-Farg‘oniy halifa al-Ma’mun topshirig‘iga binoan Damashqdagi rasadxonada osmon jismlari harakati va ularni aniqlash, yangi “Zij” yaratish ishlariga rahbarlik qildi. Ahmad al-Farg‘oniyning “Kitob al-harakat as-samoviya va javomi’ ilm an-nujum” (Samoviy harakatlar va umumiy ilmi kitobi) astronomik asari hisoblanadi. Bu asar “Astronomiya asoslari haqidagi kitob" nomi bilan ma’lum bo‘lib, 1145-1175 yillarda Yevropada lotin tiliga tarjima etilgan. Olim “Alfraganus” nomi bilan G‘arbda shuhrat topadi. Uning asarlaridan asrlar davomida Yevropa universitetlarida asosiy darslik sifatida foydalanilgan. Ahmad al-Farg‘oniyning “Yerdagi ma’lum mamlakatlar va shaharlarning nomlari va har bir iqlimdagi hodisalar haqida” asari ham mashhur. Uning asarlarida yerning yumaloqligi, bir xil osmon yoritqichlarining turli vaqtda ko‘tarilishi, tutilishi va bu tutilishlar har bir joyda turlicha ko‘rinishi yani masofalar o‘zgarishi bilan ularning ko‘rinishi ham o‘zgarishi haqida qimmatli mulohazalar bildirilgan.
Abu Rayhon Beruniyning “Al osor al-boqiya ani-l-qurun al-holiya" (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” yoki “Xronologiya”), “Qonuni Mas’udiy” asarlarida xronologiya faniga oid ko‘plab ma’lumotlar berilgan. “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” nomli asarda Yunon, Arab, Eron, So‘g‘d, Xorazm kalendarlari hamda asosiy vaqt birliklari, turli vaqt tartiblari haqida batafsil ma’lumot berilgan. Olim vaqt hisobi hamda kalendarlarning bir-biridan farqlarini yoritgan.
Abu Rayhon Beruniy Movarounnahr otashparastlari, ya’ni Xorazm va So‘g‘d aholisi ishlatadigan oylarni bayon etadi. Movarounnahr kalendaridagi oylarning soni va yilning uzunligiga ko‘ra eronliklar kalendariga o‘xshashi, faqat oylarning boshlanishi orasida farq borligini ko‘rsatib o‘tadi. Olim xorazmliklar kalendaridagi kunlarning nomlarini ham keltirib o‘tadi. Xorazmliklar “isfandorajiy” (o‘n ikkinchi) oyining oxiriga qo‘shiladigan ortiqcha besh kunning birinchisini oyning birinchi kuni nomi bilan atab, qolgan kunlarga ham birin-ketin kelgan kunlarning nomlarini berishlarini aytgan.
“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asaridan turkiy xalqlarning o‘n ikki hayvon nomi bilan ataluvchi muchal kalendari va ularning nomlari haqida ham ma’lumot bor. Eronliklar kalendaridagi o‘n ikkita oy nomini ham uchratish mumkin. Eronliklar kalendarida har bir oy 30 kundan hisoblanib, qo‘shimcha 5 kun o‘n ikki oy oxiriga qo‘shilgan. Abu Rayhon Beruniyning yozishicha, bu 5kun qadimgi eron tilida “panji”, “andargoh” deb atalgan. Keyinchalik bu nom arabchalashib, “andarjoh” deb o‘zgartirilgan. Bu besh kun “o‘g‘irlangan kun”, deb ham atalgan. Eronliklar ularni “obonmoh” bilan “ozarmoh” o‘rtasiga qo‘yib, har bir oy kunlariga berilgan nomlarda boshqa nomlar bilan ataganlar. Eron kalendarida bir yilda uch yuz oltmish besh kun bo‘lgan.Ular chorak kunlar bir oy bo‘lmaguncha hisobga olmaganlar. Bu bir yuz yigirma yilda bir marta bo‘lgan. Shunda ortiqcha oyni yil oylari qatoriga qo‘shganlar va u o‘n uchinchi oy bo‘lgan. O‘sha yilni kabisa yil deb, ortiqcha oy kunlarini boshqa oylar nomlari ataganlar. Abu Rayhon Beruniyning ma’lumot berishicha, ular dastlab haftadan foydalanmaganlar. Olim bu haqida shunday ma’lumot beradi: “Dastlab haftalarni ishlatgan Shom va uning tevaragida yashovchilar bo‘lganlar.
Beruniy Misr kalendaridagi eski va yangi oy nomlarini yoritadi. Misrliklar qo‘shimcha besh kunni “abag‘amno” (kichik oy), kabisali yilni esa “anqnaqt” (alomat) deb ataganlar. Qo‘shimcha kun so‘nggi “musriy” oyining oxiriga qo‘shilgan. Beruniy “Shom mamlakati” kalendaridagi o‘n ikki oy nomlari va to‘rt yilda bir marta beshinchi (shubat) oyga bir kun qo‘shib hisoblashganlari haqida yozadi. Bu manbaga ko‘ra “Shom mamlakati” kalendaridagi oy nomlari keng tarqalgan, hatto arablar ham “dala ishlariga tegishli vaqtlarni” shu oylar bilan belgilar ekan.
Abu Rayhon Beruniy “Qonuni Mas’udiy” asarida kadimgi arab kalendaridagi o‘n ikkita oy nomini keltiradi, lekin ularning faqat ikkitasining lug‘aviy ma’nosini berib o‘tadi. “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”da zamonaviy arab kalendaridagi o‘n ikkita oy va yetti hafta kunlarning nomi va ta’riflari keltiriladi. Abu Rayhon Beruniyning yozishicha, arablar yahudiylardan yilga qo‘shimcha oy qo‘shishni o‘rganganlar va bu oyni “ayyom an-nasi” deb ataganlar. Beruniy o‘z asarida milodiy yil hisobiga ham to‘xtalib o‘tadi. U mazkur kalendarni “Rumiy kalendari” deb ataydi va kalendarga birinchi marta kabisa yilini Yuliy Sezar kiritgan deb yozadi. Olim milodiy yil hisobini qadimgi xalqlarning qator yil hisoblari bilan qiyoslaydi. “Qonuni Ma’sudiy” asarining ikkinchi kitobi xronologiya masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida ko‘rilgan masalalar to‘ldirilib, davom ettiriladi. Asarda Eron, Bobil, Rum podshohi va arab halifalari hukmronlik qilgan yillarning xronologik jadvallari keltirilib, ularning nomlari yunoncha transkripsiyada berilgan. Shuningdek, mazkur asarda insoniyat tomonidan qo‘llanilgan eralar, jumladan Yazdigard, Aleksandr, Filipp, “Buxtanassar” (Nabonassar) erasini aniqlash masalalari xususida ham so‘z boradi.
Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston” asarida bu o‘lkada yashovchi xalqlarning urf-odatlari, geografiyasi va u bog‘liq astronomiyasi ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, olim burjlar, oy fazalarining o‘zgarishi, hind eralari, Oy va Quyosh kalendarlari va oltmish yillik Yupiter davriyligi nomlarini keltirib o‘tgan.
Sharqning eng yirik Isfahon rasadxonasini 1076 yili Umar Xayyomning iltimosiga ko‘ra Malikshoh qurdirgan edi. Olim bu rasadxonada olib borgan ko‘p yillik kuzatishlari natijasida o‘zining “Malikshoh ziji” asarini yozadi. Umar Xayyomning xronologiya faniga qo‘shgan hissasi kalendar islohotiga tegishlidir. Malikshoh Umar Xayyomga yil boshi Navro‘z bahorgi tengkunlik bilan mos tushadigan yangi kalendar tuzishni topshiradi. Umar Xayyom bu davrda qo‘llanib kelingan Yulian kalendarining xatosi 128 yilda bir kunga teng ekanligi va bu xatoni takrorlamaslik uchun, yangi kalendar yillarini yangi kombinatsiyada tuzishni taklif qiladi. Yangi kalendar loyihasiga ko‘ra har o‘ttiz uch yillik davrning dastlabki yigirma sakkiz yilida kabisa yillari yettinchi kabisa yildan, sakkizinchi kabisa yili esa odatdagidek uch yildan so‘ng emas, to‘rt yildan so‘ng beshinchi yili qabul qilinadigan bo‘ldi. Natijada, Umar Xayyom kalendarning yil uzunligi 365 sutka 5 soat 49 minut 5,5 sekundga teng bo‘ldi. Ayni vaqtda Umar Xayyom kalendarining xatoligi aniqlangan bo‘lib, u 19,5 sekundni tashkil etdi. Bu kalendardagi xatolik 4500 yildagina bir sutkani tashkil etadi. Mazkur natija kalendar qanchalik mukammal tuzilganligidan dalolat beradi.
Umar Xayyom kalendari Malikshoh tomonidan 1079 yil (hijriy qamariy 471 yil)da qabul qilinib, Eronda XIX asrning o‘rtalariga qadar qo‘llanilgan. Bu kalendar Umar Xayyom kalendari deyilishi bilan birga Malikshoh sharafiga “Jaloliy kalendari” ham deb yuritilgan. Uning xronologiya faniga oid yana bir mashhur asari “Navro‘znoma”dir. Asarda Quyosh kalendari tarixi Navro‘z bayramining qanday nishonlangani to‘g‘risida ma’lumotlar hamda oy nomlarining lug‘aviy ma’nosi ham berilgan.
Umar Xayyom kalendarida kabisa yillari hisobi yulian kalendaridan farq qiladi. Unda 28 yil ichida yulian kalendaridagidek har to‘rtinchi yili, keyingisi o‘ttiz ikkinchi yilda emas, balki besh yil o‘tkazib o‘ttiz uchinchi yilda qo‘shiladi. Demak, yulian kalendari bo‘yicha 32 yilda sakkizta kabisa yili bo‘lsa, Umar Xayyom kalendarida 33 yilda sakkizta kabisa yili bo‘ladi. Bu esa tropik yildan 0.0002 sutka ortiq, xolos. Demak, Umar Xayyom kalendarida 4500 yildan ortiq vaqtda bir sutka xato kelib chiqadi.
Mirzo Ulug‘bek “Ziji Ko‘ragoniy” asarida vaqtni hisoblash masalalariga to‘xtalib o‘tgan. Olim yil kitobining Sharq halqlari qabul qilgan usullarini bayon etib, yunon, malikiy, xitoy va uyg‘ur eralari hamda ular orasidagi farqlar, mazkur eralardagi bayram kunlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot beradi. Hijriy-qamariy kalendaridagi arab davriyligi, yil boshi, oylarni aniqlash jadvallari va formulalarini ko‘rsatib o‘tadi. Yevropada Mirzo Ulug‘bek va Nasriddin Tusiyning yulduzlar jadvali katologi 1648 yilda Oksford universitetida astronom Jon Grivs tomonidan nashrga tayyorlangan.1650 yilda Mirzo Ulug‘bek asarlarining xronologiyaga oid ma’lumotlari, Sharq xalqlarida yil hisobi va kalendarlarga doir qismlari “Xronologiya” nomi bilan nashr etiladi. Mirzo Ulug‘bekning yulduzlar katalogi 1665 yilda Tomas Xayd tomonidan lotin va fors tillarida nashr qilinadi.
Oksfordda nashr etilgan mazkur ishlar Ulug‘bek ilmiy merosini o‘rganishga va ommalashtirishga qaratilgan dastlabki bosqich bo‘ldi. “Ulug‘bek ziji” milodiy II asrda ishlab chiqilgan Giparx-Ptolomey jadvalidan so‘ng o‘z sohasida ikkinchi bo‘lib tarixga kirgan ilmiy kashfiyot ekanligi e’tirof etiladi.