Mavzu: yoshlarda yuksak manaviy fazilatlarni shakillantirishda badiy adabiyotning tutgan o`rni kirish


«Farhod va Shirin» dostonida komil inson timsoli va uning yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyati



Yüklə 68,63 Kb.
səhifə4/7
tarix17.01.2022
ölçüsü68,63 Kb.
#51336
1   2   3   4   5   6   7
YOSHLARDA YUKSAK MANAVIY FAZILATLARNI SHAKILLANTIRISHDA BADIY ADABIYOTNING TUTGAN O`RNI

1.3.«Farhod va Shirin» dostonida komil inson timsoli va uning yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyati.
«Farhod va Shirin» Alisher Navoiyning mashhur asarlaridan, uni o`rganishga bag`ishlangan ilmiy-tahliliy ishlar ham ancha. Ammo shunga qaramay, bizning nazarimizda, dostonning g`oyaviy mohiyati, ulug` shoir ko`zlagan maqsad-muddao hali ochilgan emas. Darhaqiqat, nega Farhod boshqalarga o`xshagan emas, tug`ilganidan boshlab g`amgin, bezovta? Sehrli ko`zgu, Yunoniston safaridagi tilsimotlar, dev, ajdarho nimaning ramzi, bu yerlarda tog`larda istiqomat qiluvchi donishmandlar-chi, ular kimlar? Nega Navoiy voqealarni to‘g‘ridan- to‘g‘ri Shirin bilan uchrashishdan boshlamagan, asarning teng yarmi afsonaviy sarguzashtlar tasviriga bag`ishlangan? Bu va bunga o`xshagan savollarga, afsuski, mavjud tadqiqotlarda javob yo`q. Holbuki, Navoiy oddiy ertakchi shoir emas, uning har bir ifoda-obrazi, lavha va tavsillarida muayyan umumfalsafiy, kayhoniy-ilohiy ma’no bor. Buni u asarning muqaddimasidayoq qayd etib o`tadi:

Bu rangin sahfa, bilkim, dard bog`i,

Ayon har lolasida ishq dog`i.

ya’ni maqsad ishq dardini kuylash. Biroq bu oddiy, zaminiy ishq emas, balki ilohiy ishq, Farhod esa ana shu ilohiy ishqqa mubtalo soliqdir. Go`dakning vujudi «shuhlai dard» bilan yo‘g‘rilgan, tili chiqqan zahoti ishq va oshiqlik so`zini aytar, hazin va xastadil bo`lib o`sar, jismonan baquvvat bo`lsa-da, lekin olamga beparvo, g`alati edi. «Farhod» so`zining asl ma’nosi nurli siymo, baxti o`ziga yo`lboshchi demak. Ammo Navoiy bu nomning arab yozuvidagi harflariga ramziy tus berib, u firoq, rashk, hajr, oh va darddan iborat deb aytadi. Chunki ilohiy ishq yuragiga olov solgan odamning nasibasi hijron qiynoqlari; u o`zi bilan iloh orasida to`siq bo`lib turgan dunyo va jismdan qutulish iztiroblarini chekishi shart. Taqdiri azal bu bolaning peshonasiga shuni bitgan va u bundan qochib qutulolmaydi. Shuning uchun uning horiqulodda xislatlari kishilarni hayratga soladi. Farhoddagi rahmdillik, shohu gadoga barobar muomalada bo`lib, «el ozoridan ozor topishi», otasi taklif etgan taxt-tojdan voz kechishi ham uning darveshtabiatligi, qalban mol-dunyoga qiziqmaganidandir. Atrofdagilar esa Farhodning bu ahvolini tushunmaydilar. Xoqon o‘g‘lining hazin kayfiyatini ko`tarish maqsadida har xil tadbirdar qo`llaydi (tomoshalar uyushtiradi, to‘rtta qasr qurdiradi, tabiblarga ko`rsatadi va hokazo). Bu orqali Navoiy ilohiy ishq dardida yongan odam bilan ushbu saodatdan benasib «foniy dunyo» kishilari orasidagi ruhiy - ma’naviy tafovutni ko`rsatib bergan. Ammo shunisi ajibki, Farhodning o`zi ham boshida «ichiyu toshi asiri dard» bo`lishiga qaramay, nimaga bundayligini anglab yetmaydi. Faqat shuni biladiki, ixtiyori o`zida emas, allaqanday olov yonib- yondirib o`ziga chorlaydi, ko`ngli hamisha nimagadir mushtoq. Bu holning-da tasavvufiy talqini bor: Farhod dardining boisi nima ekanini bilishi, ya’ni o`zligini anglashi uchun suluk yo`liga kirib, ma’rifat manzillarini (maqomotni) bosib o`tishi lozim. Uning zo`r qobiliyat bilan egallagan bilimlari, jumladan, Qoran va Moniydan o`rgangan hunarlari ham, zohiriy (dunyoviy) bilimlar bo`lib, ular tilsimotlar, ya’ni ilohiy siru asrorni ochishga kifoya qilmaydi. Irfoniy-botiniy bilimlarni egallab, ilmulyaqin darajasidan haqqulyaqin darajasiga ko`tarilish, ko`ngil oinasida g`ayb jamolini aks ettira olish uchun esa u piri komil ta’limini olish kerak edi. Farhodning xazinadagi ko`zguni billur sandiq ichidan ololmay (chunki u tilsimlangan) Yunoniston safariga, Suqrot huzuriga otlanishiga zarurat shundan kelib chiqadi.



Yunoniston - hikmat mamlakati, zotan, sandiqdagi «hikmat jahoni» ko`zgu ham Iskandardan qolgan, uni Yunon donishmandlari yasaganlar. Hakimlar tog`larda, g`orda yashaydilar. Farhod va u bilan birga borgan odamlar avval Suhaylo ismli hakim bilan uchrashadilar. Suhaylo - Farhodning tariqat yo`lidagi birinchi piri, u Suqrot darajasida komil emas, oina sehrini ochishga qurbi yetmaydi. Ammo u Farhodga Suqrot huzuriga borish yo`lini ko`rsata oladi. Kezi kelganda shuni aytish kerakki, tariqatda bir necha pirning ta’limini olish rasm edi, shayxlar o`z darajalariga qarab, shuningdek, muridning istehdodini hisobga olib, uni o‘zlaridan kuchliroq pirlarga taqdim etganlar, natijada shogirdning irfoniy qobiliyati pirdan pirga o`tgani sari ochilib boravergan. Suhaylo ham «donoyi ogoh», ko`ngli bedor odam, u Farhod yengib o`tishi kerak bo`lgan to`siqlar - ajdarho va devdan xabar beradi. Ajdarho - nafs timsoli, dev - saltanat timsoli (hokimlik). Suhaylo Farhodga ajdarhoni yengish uchun samandar yog`ini tuhfa etadi. «Otashgohlarda yurib yiqqanman bu yog`ni», deydi u. Chunki samandar olov ichida yashaydigan jonivor. U - ishq ramzi. Farhod badaniga samandar yog`ini surtganda, ajdarhoning o`ti unga kor qilmaydi - ishq otashi nafs o`tini so`ndiradi, demoqchi buyuk mutafakkir Navoiy. O`shal ishqi ilohiy olovikim, Farhodni mard va qahramon qildi, ne-ne balo- ofatlarni yengishga qudrat berdi. Farhod Suhaylo so`ziga amal qilib dahshatli devni o`ldirgach, uning bo`ynidagi kumush lavhani olib, uning yordamida Jamshid jomini qo`lga kiritadi. Jom gardishida Suqrot huzuriga boradigan yo`lni ko`rsatuvchi yozuv bor. Jomi Jamshidni qo`lga kiritishi Farhodning suluk tadrijida muayyan martabaga erishganidan nishona edi. Chunki bu jomda «jahon holoti ravshan» ko‘rinadi, uning tashqarisida «komil zamiri» bo`lsa, ichi «andoqqi sohibdil zamiri». Demak, Farhodning irfoniy bilimi oshdi, zamiri ravshanlashdi, ruhiy olami boyidi. Ammo ko`zgu sehrini ochishga bu hali yetarli emas. Shuning uchun u Suqrot tomon intiladi, lekin bu yo`lda yana qanchadan-qancha mushkilliklarni yengishi lozim. Vodiy bilan Suqrot turadigan tog` oralig`ida ko‘pdan-ko‘p tilsimotlar bor, yo`l bag`oyat og`ir, ilon- chayonlarga to`la, o`r-qirlardan o`tish kerak. Tor so‘qmoqning ikki tomoni qirrali harsang toshlar, pastda vahimali daryo oqadi. Farhod shu yo`ldan hech qayoqqa qaramay, «tuz yurib», o`n bir ming qadam bosishi kerak, ozgina chalg`isa, halokatga uchraydi. Bu - solik Farhodning ruhiyatida yuz berayotgan o‘zgarishlar; uning irodasi, sidqu vafosining sinovlari. Solik butun diqqati, qalb torlarini iloh yo`liga qaratsagina, muvaffaqiyatga erishadi. Farhodga tilsimotlarni yechib, mazkur yo`lni bosib o`tishda Xizr rahnamolik qiladi. «Kelubdurmen sango bo`lmoqqa hodiy», deydi u yigitga qarab. Xizrni Farhodning ikkinchi piri deb qabul qilish mumkin, ammo aslida u ulug` maqsad sari tavajjuh etgan Farhodga g`aybdan kelgan madaddir. Farhod Xizr maslahatiga kirib, jomga qaraydi va unda Suqrot maskan tutgan tog`ni hamda g`orni ko`radi. Shayx qancha ulug` bo`lsa, u maskan tutgan tog` ham shuncha baland va mahobatli, unga yetishish azobi ham og`ir. G`orga borar yo`lda Farhodga sher va «temir paykar» odam - robot duch keladi. Sher - g`azab timsoli, g`azabkorlik esa hokimlar, podsholarga xos. Darveshda g`azab bo`lmasligi kerak. Shuning uchun Farhod she’rning og`ziga Ahriman devdan olgani Sulaymon xotami (bu ham hokimiyat ramzi) bilan urib, uni daf etadi. Keyin temir paykarni yengish navbati keladi. Uning ko`ksida ko`zgu bor, shu ko`zguni yuz qadam masofadan nishonga olib urish kerak, agar o`q ko`zgugu tegmasa, temir odam o`q otuvchining o`zini halok etadi, agar nishonga tegizilsa, u yonib yo`q bo`ladi. Temir paykar - ro`yo, yolg`on timsoli, ayni vaqtda dunyo mo`hjizalari ramzi, chunki dunyoning o`zi ham majoz - yolg`on deb hisoblangan. Dunyo mo`hjizalariga mahliyo bo`lgan odam ilohga, haqqa yetolmaydi, chalg`iydi. Farhod temir paykar ko`ksini nishonga olib, o`q otadi va ko`zgu sinib, haligi maxluq yonib nobud bo`ladi. SHunday qilib, Farhod Suqrot dargohiga musharraf bo`lishdan oldin anoniyat belgilari - nafs, davlat va boylik hirsi, g`azab, ro`yo - yolg`on qutqularini bartaraf etdi, uning ko`ngil ko`zgusi dunyo ishqi g`uboridan toza bo`ldi. Shu bilan birga, Farhodning ilmi g`aybdan xabardorligi, o`z- o`zini anglash jarayoni boshlandi, pardalar birin-ketin oradan ko`tarilmoqda edi.

Xiyla mashaqqat bilan g`orni topgandan keyin Alisher Navoiy quyidagi baytni keltiradi: Topib ko`p fikr ila g`or og‘zig‘a yo`l,

Kishi topqon kibi yor og‘zig‘a yo`l.

Bu o`rinda g`or og`zining yor og`ziga o`xshatilgani diqqatni tortadi. Ichi zimziyo bo`lgan g`or har qanday odamda vahima, qo`rquv hissini uyg`otishi tabiiy, biroq Farhod uchun bu g`or

vahimali emas, balki yor og`zini topgan kabi farahli. Albatta, yor deb Navoiy Suqrotni nazarda tutayotir, u solik Farhod uchun haqiqatdan ham aziz do`st - yor.

Qorong`i g`orga «jahonbin jomni» mashhal qilib kirib boradilar. Jom Farhodning musaffo qalbi ramzi ekanini aytgan edik, ya’ni Suhaylo va Xizr ta’limi madadlari tufayli ravshanlashgan solik qalbi mashhalday yo`lni yoritib, piri komil sari yetaklaydi. Bir qancha zinalardan ko`tarilgandan so`ng salobatli bino ko‘rinadi, uning ayvoniga chiqilgach, to`rdagi xona ichidan bir dasta nur ko`zga tashlanadi. Bu xona ichida go`yo maxfiy siru asror olami bo`lib Suqrot o`tiradi, nur - uning chehrasining ziyosi. Suqrot mehmonlar kelishidan ogoh, shuning uchun ularni ichkariga chorlaydi. Shu yerda Navoiy voqeaning borishini to`xtatib, Suqrot hakim tahrifiga o`tadi.

Suqrot, shoirning tavsifi bo`yicha, quyosh kibi porloq siymo, jismi pok ruhdan iboratday, shaxsi aqlning haykali bo`lib ko`zga tashlanadi. U barcha zohiriy va botiniy ilmlarning jamuljami; hamda axloqiy xislati, tamkini va zakovati hayratlanarli. Jismi toza jon kabi mukarram va safoli. Olami kubro, ya’ni Ilohiyot olamini mujassam etgan zot:

Kelib ko`ngli aningdek bahri zohir,

Ki anda zohir avval to ba oxir.

Yuzi mirhoti anvori ilohiy,

Ilohiy sirrini anglab kamohiy.

Xullas, Suqrot - kamolot cho`qqisini egallagan komil inson, o`zi bir joyda o`tirsa ham, lekin ruhi butun dunyoni kezib chiqadi. Jamshid jomi, Iskandar ko`zgusi uning ko`ngil ko`zgusi oldida xira. Ko`ngli «mahzani roz» bo`lgani sababli hamma narsadan ogoh, barcha voqeadan xabardor. Kimning peshonasida nima yozilgan, umri qanday tugaydi, muddao-maqsadi nima - suqrot buni oldindan biladi. Shuning uchun u nafaqat xoqon xazinasidagi sandiqni ochish sirini, balki Farhodning kelajagini ham bashorat etadi. Biroq Suqrot avval xaqon bilan uning vaziri Mulkoroni qabul qiladi. Farhodga hamroh bo`lib, mashaqqat chekkanlari evaziga ularga uzoq umr va beqiyos boylik vahda etadi, bardamlikni tahminlab turadigan «muhra» beradi. Ajdarho va dev jangida Farhod qo`lga kiritgan ganj bilan Sulaymon uzugi (xotam), Jamshid jomini ham hoqonga qaytaradi. Chunki bular Farhodga kerak emas edi. Xoqon va Mulkoro - dunyo odamlari, shu bois ularning talabi, xursandchiligi ham dunyoviy, ya’ni boylik, yeru mulk va hokimiyat. Suqrot xoqon va vazirni rozi qilib, chiqarib yuboradi-da, so`ng yoniga Farhodni chorlab, uni o`z farzandiday ehzozlaydi. Chunki bu yigit siymosida u e’tiqodi, sulukining davomini ko`rgan edi. Navoiy tasviriga ko`ra, Suqrot Farhodni necha yuz yillardan beri kutadi. «Hakimi jahonbin» Farhodga qarab deydi:

Muni bilkim, jahon foniydur asm,

Haqiqat ahli zindoniydur asm.

Ushbu baytda Navoiy Suqrot tilidan tasavvufning ikki muhim g`oyasini bayon etgan. Birinchi g`oya - dunyo o`tkinchi, shu sabab unga ko`ngil bog`lash xato. Ming yil yashab, yer yuzini olsang ham oqibat bir kun o`lasan. Xoqon umri uzayganiga xursand, lekin u, axir, abadiy emas. Faqat Mutlaq iloh abadiy, uning ishqida yongan oshiq ham abadiylik baxtini topadi:

Chu mahbubi haqiyqiy uldurur, ul,

Aning vasli sari qath aylamak yo`.

Gar ul mahbub vasli bo`ldi ummed,

Budur iqboli sarmad, baxti jovid.

Insonning yashashdan maqsadi «haq amrig‘a mahmur bo`lmoq», bundan o`zga ishlardan esa o`zini saqlashdir. Biroq haq va haqiqatni sevish, ilohiy ma’rifat jomini nush etmak oson emas. «Bu yo`l ichra behad dardu g`am bor», deb aytadi Suqrot. Negaki, haq oshig`i uchun tana- vujud va dunyoning o`zi bamisoli bir zindon. O`zlikdan qutulmay haq jamoliga yetish, baqoga musharraf bo`lish mumkin emas:

Biri - o`zlukni qilmoq bo`ldi foniy,

Yana bir - dog`i topmoq bo`ldi oni.

Bu bayt so`z o`yini asosiga qurilgan. Suqrot (Navoiy) fikriga ko`ra, haqqa yetishish yo`li ikki qadam masofadek gap, lekin bu ikki qadamni bosib o`tish uchun ming yillik mashaqqat sarflanishi kerak, zero, bu ikki qadamning biri - o`zlikdan voz kechish, ikkinchisi - o`zlikni topish, ya’niki o`zlikdan voz kechmay turib, o`zlikni topolmaysan. Navoiy talqinidagi ikkinchi tasavvufiy g`oya ana shu.

Shu tariqa Suqrot Farhodga dunyoning tuzilishi, odamizod xilqati va vazifasi, vahdat asrori, fano va baqo, ishqi haqiqiy va ishqi majoziy xususida gapirib beradi; oshiq yigitning «sarnavishti» - taqdirini, boshiga tushadigan mushkilliklaru topajak saodatini sharhlab beradi. Ishqning ikki turi haqida Navoiyning «Hayrat ul - abror», «Layli va Majnun», «Mahbub ul- qulub» va «Lison ut-tayr» asarlarida ham fikrlar aytilgan. SHoir har gal majoziy va haqiqiy ishqni solishtirar ekan, o`quvchiga tushunarli va ta’sirli bo`lishi uchun yangi-yangi qiyoslarni misolga oladi. Masalan, «Hayrat ul-abror»da majoziy ishqni yer qahridagi toshlarni lahlu olmosga aylantiruvchi haroratga, «Layli va Majnun»da esa «kimyo», ya’ni misni oltinga mubaddal etuvchi sehrli fanga o`xshatadi. («kimyo»lanish ham olov ta’sirida yuz beradi). «Farhod va Shirin» dostonida esa majoziy ishq tong yorug`i haqiqiy ishq, quyoshning o`ziga qiyos etilgan. Suqrot buning ma’nosini tushuntirib, majoziy ishqni solik vujuduni fano etuvchi, ilohiy vahdatga olib boruvchi kuch deb tahriflaydi. Modomiki, inson o`zlikdan qutilmay, ilohga yetolmas ekan, demak, ana shu jarayonni tezlashtiruvchi chora, vosita kerak:

Bu o`zlukdin qutulmoq chorasozi,

Nima yo`q, o`ylakim ishqi majoziy...

Majoziy ishq bo`ldi subhi anvar,

Haqiyqiy ishq anga xurshidi xovar.

Majoziy ishq jarayonida oshiq obdon sinovdan o`tadi, uning tani bir quruq xasday bo`lib qoladi va haqiqiy ishq «barqi choqilg`och», zumda yonib kulga aylanadi, ya’ni oshiq ruhi qutilib, abadiyat - vahdoniyatga erishadi.

Farhod ana shu jarayonni bosib o`tishi, ishqi majoziy o`tida o‘rtanmag‘i darkor, deb xabar beradi Suqrot. Ammo ishq majoziy «mazhar»siz sodir bo`lmaydi. «Mazhar» siymosida ilohiy jamol aks etgan kishi. Oshiq uni ko`rib, shaydo bo`ladi, o`zini borlig`ini unutib unga intiladi. Layli Majnun uchun, tarso qizi Shayx Sanhon uchun, amirning o‘g‘li Shayx Iroqiy uchun, mug`anniy ayol Shayx Ruzbehon uchun «mazhar» edi. Farhodning mahjoziy ishqi uchun “mazxar” (mazhar - zuhrlanish, inhikos demak) Shirindir. Mazhar Vujudi mutloqning sifatlari va beintiho Husnining qudratini namoyish etadi, u mirhot oraz, ilohiy fayz ayonlashgan obhekt («shayh»). Husn va ishq tortilishi (Navoiy buni «kashish» deydi), o`zaro mojarolari ushbu dostonda Farhod va SHirin timsolida davom etgan.





    1. Yüklə 68,63 Kb.

      Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin