Palpatsiya. Yurak sohasini palpatsiya qilish yurak uchi zarbi seziladigan joyni hamda shu zarbning xarakterini bilib olishga, ko‘krak qafasida deformatsiya («yurak bukrisi») bor-yo‘qligini aniqlashga imkon beradi. Yurak uchining zarbi ko‘tarilib qolgan (aortal poroklar, gipertoniyada), manfiy (bunda qorinchalar sistolasi vaqtida ko‘krak qafasi do‘mbayib chiqishi o‘rniga ichga tortilib turadi — adgeziv perikarditda), yoyilgan (yurak bo‘limlari kengayib ketganida) bo‘lishi mumkin. Past chastotali shovqin- larning akslanishida «fremissment cataire»ni, fransuzchadan tarjima qilganda «mushuk xirillashi» ma’nosini bildiruvchi hodisani aniqlash uchun palpatsiya qilib ko‘rish katta ahamiyatga ega.