6. Latent jinoyatchilik va uning turlari. Nihoyat, «latent», ya’ni «yashirin» jinoyatchiliksiz jinoyatchilikning holati umumiy tushunchasining tavsifi to’liq bo’lmaydi, deb o’ylaymiz.Latent jinoyatchilik umuman olganda ikki qismdan iborat.
Birinchi qism hisobga olinmagan yoxud davlat idoralari, avvalo huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ro’yxatga olinmagan jinoyatlarni qamrab oladi. Bu asosan jinoyatlar hisobini yuritish va ularni ro’yxatga olish qoniqarsiz tashkil etilganligi natijasidir. Ammo jinoyatlar haqidagi har xil axborotlarni hisobga olishdan har xil sabablarga ko’ra (avvalo muayyan qonunbuzarliklardan xolilik muhitini soxta ravishda vujudga keltirish uchun) ongli tarzda yashirish holatlari ham uchrab turadi.Davlat organlari tomonidan ro’yxatga olinadigan jinoyatlar «muztog’» («aysberg»)ning suv yuzasidagi qismi ekanligi,uning to’rtdan uch qismi yashirinligi umum e’tirof etilgan.Masalan, o’g’riliklar soni juda ko’pligi shubhasiz.
Lekin amalda har uch o’g’rilikdan biri ro’yxatga olinadi.Latent jinoyatchilikning ikkinchi qismi amalda mavjud bo’lgan va ko’pchilik jinoyat sifatida qabul qiladigan, lekin hozirgacha davlat tomonidan jinoyat sifatida rasman tan olinmagan ijtimoiy xavfli qilmishlardan iborat. Ilgari amal qilgan analogiya instituti, garchi bu qonuniylikka zid bo’lsada, qonunchilikdagi muayyan kamchiliklar o’rnini to’ldirish imkonini berardi. Ma’lumki, 1959 yil O’zSSR Jinoyat kodeksi qabul qilinganidan so’ng, analogiya, ya’ni muayyan moddada mufassal yoki to’g’ridan-to’g’ri nazarda tutilmagan qilmishni jinoiy deb topish bekor qilindi.
Masalan, ekologiya sohasidagi jinoiy qilmishlar, «xalqaro» jinoyatlar, «oqyoqalilar»ning jinoiy qilmishlari (mansabdorlik jinoyatlarining har xil turlari), aksariyat iqtisodiy jinoyatlar (noqonuniy kreditlash, daromadni hisob va soliqdan yashirish, korxona uchun foydasizligi ayon bitim tuzish,soxta korxona tashkil etish, narx-navoni sun’iy tarzda oshirish, qalbaki tovarlar chiqarish va b.) va kompьyuter jinoyatchiligi asosan latent (yashirin) bo’lib qolayotir. Ularni kriminologik jihatdan har tomonlama o’rganish va ularning jinoyat-huquqiy ko’rsatkichlarini aniqlash hozirgi davrning mushkul va dolzarb vazifalaridan biridir. Zotan, latentlik hodisasi juda ko’p salbiy oqibatlarga sabab bo’ladi. U jinoyatchilikning haqiqiy miqyosi, shakllari va tarkibi, jamiyat, davlat va fuqarolarga yetkazilgan ma’naviy va moddiy zararning miqdori va xususiyati haqida noto’g’ri tasavvur beradi. Latentlik natijasida jinoyatlar sodir etilishiga imkoniyat yaratuvchi barcha holatlarni aniqlash, jinoyat uchun jazoning muqarrarligi printsipini ro’yobga chiqarish qiyinlashadi, jinoyatchilarda va aholining boshqa qatlamlarida jazosizlik tuyg’usi shakllanadi, davlat va jamiyatning turli mintaqalarda va butun davlat miqyosida jinoyatchilikni prognoz qilish imkoniyati cheklanadi, bu esa jinoyatchilikning oldini olish sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi.