2. Jinoyatchilik sabablari to’g’risidagi asosiy nazariyalari Jinoyatchilik sabablari muammosi eng qadimgi muammolardan biridir. Bu muammoning juda ko’p kontseptsiyalari ishlab chiqilgan bo’lib, ular jinoyatchilik hodisasi va uning kelib chiqishini har xil nuqtai nazardan, chunonchi: teologiya va astrologiya, antropologiya va biologiya, bionika va kibernetika,genetika va psixologiya nuqtai nazaridan tushuntiradi. Tahlil bir ta’limotni ikkinchi ta’limotdan farqlash juda qiyinligini ko’rsatadi. SHu bois bu ta’limotlar tasnifi ancha shartli bo’lib qolayotir. Shundan kelib chiqib, biz jinoyatchilik sabablarini tushuntirishning turli oqimlariga oid materialni bayon etishga harakat qilamiz.Jinoyatchilik sabablarini tushuntirishga oid ijtimoiy adabiyotlarda asosan ikki yo’nalish: biologik va sotsiologik yo’nalishlar farqlanadi. Ammo masalaga yaqindan qaraydigan bo’lsak, ulardan tashqari, boshqa bir qancha ta’limotlarni ham ko’rishimiz mumkin.Muammoga xronologik nuqtai nazardan yondashadigan bo’lsak, ilohiyotni eng qadimgi ta’limot deb hisoblash mumkin. Uning jinoyatchilik sabablarini tushuntirish bilan bog’liq asosiy qoidalari qanday?
Birinchidan, shuni ta’kidlash lozimki, ilohiyotda jinoyat (jinoyatchilik) tushunchasi o’rniga kengroq va qamrovliroq bo’lgan gunoh atamasi qo’llaniladi. Ammo «gunoh» tushunchasi odamlar va jamiyat uchun o’ta xavfli bo’lgan inson xulq-atvori sifatidagi jinoyatni ham o’z ichiga oladi. Masalan, odam o’ldirish, birovning molini o’g’irlash, birovga zo’rlik ishlatish,odamning sha’ni va qadr-qimmatini yerga urish va hokazolar og’ir gunoh hisoblanadi. Asosiy dinlarda «odam o’ldirma», «o’g’rilik qilma» kabi aqidalar amal qiladi.
Ikkinchidan, ko’rib chiqilayotgan muammoga oid ilohiy qarashlarning asosiy g’oyasi shundan iboratki, inson (umuman, butun insoniyat) gunoh qilishga moyildir. Bunga Odam Ato va Momo Havoning o’g’illari Hobil va Qobil haqidagi mashhur rivoyat misol qilib keltiriladi va insonning gunoh qilishi o’shandan boshlangan deb ta’kidlanadi.Bu ta’limot nuqtai azariga ko’ra, insonning jinoiy (gunohkor) xulq-atvori uning «tabiiy», uzviy xossalaridan biridir. Binobarin, toki insoniyat bu yorug’ dunyoda mavjud ekan,uning bu xossasi yo’qolmaydi.
Astrologiya, ayniqsa, tibbiy trologiya ta’limoti ruhan ilohiyotga yaqin turadi.Tibbiy astrologiya Quyosh,Oy va boshqa sayyoralar, burjlar,yulduzlar va kosmik nurlanishlarning inson aurasiga ta’sirini o’rganadi. Bir burj belgisi ostida Oy harakatining bir bosqichida tug’ilgan odamlar odatda bir xil kasalliklarga chalinishga moyilligi qadimdayoq kuzatilgan. Masalan, Qo’y burji ostida «kuchli Oy» bosqichida, ya’ni oy to’lishiga yaqin davrda tug’ilgan odamlarning ko’pchiligi migrenь, buyrak kasalliklari bilan og’riydi, Oy to’lgan paytda Sigir burji ostida tug’ilgan odamlarning ko’pchiligi esa tomoq, siydik-tanosil tizimi kasalliklariga moyildirlar.
Astrologiya ta’limotiga ko’ra, odam bolasi dunyoga kelgan ilk lahzalardanoq kosmos energiyasini o’zlashtira boshlaydi, muayyan kosmik maromga moslashadi. Insonning hayot faoliyati,shuningdek nojo’ya qilmishlari u qancha qulay yoki noqulay paytda dunyoga kelganligiga bog’liq bo’ladi. Astrologiya inson sodir etgan muayyan qilmishning kosmos bilan sababiy bog’lanishi to’g’risidagi savolga aniq javob bermaydi, lekin inson taqdiri Quyoshga umumiy tarzda bog’liq ekanligini qayd etadi. O’n sakkizinchi asr o’rtalarida ishlab chiqilgan «omillar nazariyasi» jinoyatchilik sabablari va unga qarshi kurash chora-tadbirlari to’g’risidagi har xil ta’limotlar uchun eng rivojlangan, hatto klassik metodologik negiz bo’lib xizmat qiladi. Ijtimoiy taraqqiyot omillar nazariyasining asoschisi sifatida SHarl Monteskьe tan olingan.
O’zining «Qonunlar ruhi» (1748) asarida u inson xulq-atvoriga hal qiluvchi ta’sir ko’rsatadigan omillar qatorida quyidagilarni qayd etadi: davlat boshqaruv shakli, qonunchilik, mamlakatning geografik xossalari, iqlimi, tuprog’ining sifati, o’rni va katta-kichikligi,xalqning turmush tarzi (dehqonlar, ovchilar, cho’ponlar), erkinlik darajasi, dini, aholining moyilliklari va soni, boyligi, savdo-sotiq, urf-odatlari va udumlari. SHuni ta’kidlab o’tish lozimki, Monteskьening ushbu nazariyasi keyinchalik kriminologiyada jinoyatchilikni tushuntirishda ikki yo’nalish: geogra-fik omillar va iqlim omilining roli vujudga kelishini belgilab berdi.
Ushbu ta’limotning yirik namoyandalaridan biri bo’lgan ingliz huquqshunosi va axloqchisi Ieremiya Bentam (1748-1832) o’zining «Ma’naviyat va qonunchilik asoslariga kirish» nomli asarida inson xulq-atvoriga va umuman jinoyatchilikka ta’sir etuvchi 32 omilni sanab o’tdi. Ular orasida quyidagilar bor: inson sog’lig’i, kuchi, quvvati, jisman nomukammallik, bilim miqdori va sifati, aqliy qobiliyatlar kuchi, o’jarlik, moyilliklar, qiziqishlar, antipatiyaga moyillik, qiziqqonlik, ta’sirchanlik, simpatiyalar, pul bilan bog’liq holatlar, simpatiya orqali aloqalar, antipatiya orqali aloqalar, tana tuzilishi, ruhiyat, jins, yosh, ijtimoiy holat, tarbiya, iqlim, kelib chiqish, boshqaruv shakli, din va hokazo10.O’zining eng muhim asari «Deontologiya yoki axloq haqidagi fan» (1834)da Bentam insonning xulq-atvor motivlarini lazzat olishga ishqibozlik yoki jafokashlik bilan bog’laydi. Uning fikricha, axloqiylikni muayyan shaxsning biron-bir qilmishi (qilmishlari) natijasida olingan lazzat yoki chekilgan azob-uqubatlar nisbati tarzida matematik yo’l bilan hisoblab chiqarish mumkin.
XIX asrning birinchi yarmida belьgiyalik olim Adol`f Ketle statistik ma’lumotlarga asoslangan holda o’zining jinoyatchilik omillari nazariyasini ishlab chiqdi. Uning asosiy asari – «Statistik fizika» (Bryussel, 1869) yuqorida qayd etilgan yondashuvni asoslashga bag’ishlangan. «O’rtacha odamning jinoyatga moyilligi»ni aniqlash uchun Ketle axloqqa iqlim, jins va yosh omillarining ta’sirini tadqiq qilish va ularning ta’siri ehtimollik darajasini aniqlash imkonini berish yoki bermasligini farqlash vazifasini qo’ydi. O’z xulosalarini Ketle quyidagicha ta’riflab berdi: «Yosh jinoyatga moyillikning rivojlanishiga yoki kamayishiga jiddiy ta’sir ko’rsatuvchi sabab ekanligi shubhasizdir. Ushbu salbiy moyillik odamning jismoniy kuchi va ehtiroslari bilan teng darajada o’sib boradi...O’z ehtiroslari ta’siriga berilgan odam dastlab zo’rlik ishlatish va nomusga tegishga beriladi; deyarli shu vaqtda u o’g’rilik yo’liga kiradi va bu instinkt uni so’nggi nafasi chiqquncha tark etmaydi; kuchining rivojlanishi uni zo’ravonlik, odam o’ldirish, isyonkorlik va yo’llarda talonchilik qilishga da’vat etadi. Nihoyat, odam jinoyat yo’liga kirib, kuch bilan birga hiyla nayrang ishlata boshlaydi va o’z hayotining boshqa davrlaridagiga qaraganda ko’proq darajada yolg’onchi bo’lib qoladi».
Jinoyatchilikka yosh omilining ta’sirini aniqlab olgach, Ketle jins omilining ta’sirini aniqlashga o’tadi: «Jinoyat sodir etishga moyillikka jinslar o’rtasidagi farq ham katta ta’sir ko’rsatadi». Bu ta’sirni Ketle jinslarning odatlari,xususan, ayol mahdud (boshqalar uchun yopiq) muhitda hayot kechirishi, u erkakka qaraganda kuchsizroq ekanligi bilan tushuntiradi.Jinoyatchilikka fasllar o’zgarishining ta’sirini aniqlar ekan, Ketle «yil fasllari jinoyatchilikka moyillikka sezilarli darajada ta’sir ko’rsatadi; yozda shaxsga qarshi jinoyatlar ko’proq va o’zgalar mulkiga qarshi jinoyatlar kamroq sodir etiladi, qishda esa – buning teskarisi kuzatiladi», deb ta’kidlaydi. Shundan so’ng u jinoyatchilikka iqlimning ta’sirini aniqlashga harakat qiladi: «Iqlim shaxsga qarshi jinoyatlarga moyillikka ko’proq ta’sir ko’rsatsa kerak». Ketle jinoyatchilik omillari sifatida yosh, jins va omilga asosiy e’tiborni qaratib, boshqa omillar haqida ham unutmaydi. Ular qatoriga Ketle sanoat va savdo-sotiqning rivojlanganligi, kishilar o’rtasidagi tengsizlik, kasb-hunarlar roli, ma’rifat va kambag’allikni kiritadi.Omillar ko’pligi nazariyasini ishlab chiqqan ko’pgina huquqshunoslar quyidagi asosiy qoidalarni qabul qildilar:
1) jinoyatchilikning tub sabablarini tushuntirishda jinoyatchilikka ta’sir ko’rsatuvchi muayyan omillarni ajratishning zarurligi;
2) jinoyatchilikning rivojlanish qonuniyatlarini inson xulq-atvori alohida omillarining mexanik yig’indisi tarzida tadqiq qilish zarurligi;
3) jinoyatga fizik-biologik va ijtimoiy omillar mahsuli sifatida qarash.
Jinoyatchilikning doimiyligi, uning asosiy ko’rsatkichlari o’zgarmasligi shu qonuniyatlar bilan belgilanadi.Biologik nazariyalar. Jinoyatchilik sabablari haqidagi har xil biologik ta’limotlar jinoyatchilik sabablarini tushuntiruvchi nazariyalar orasida eng rivojlanganidir. Shuni ta’kidlab o’tish lozimki, jinoyatchilikni biologiyaga bog’lab tushuntirish hozirga qadar eng barqaror tendentsiyalardan biri bo’lib qolayotir.
Quyida shu haqda mufassalroq to’xtalib o’tamiz.Ital`yan vrachi va kriminalisti, Turin universitetining anatomiya fanlari professori Chezare Lombrozo (1830-1909) jinoyatchilikning biologik omillari va ularni tasniflash muammosi bilan maxsus shug’ullangan birinchi olimdir. U «antropologik maktab»ga asos soldi va unga rahnamolik qildi.Lombrozo ishlab chiqqan jinoyatchilik sabablari nazariyasi pozitivizm falsafasi (Kont, Spenser), psixiatriya va statistikaga asoslanar edi. Shuni ta’kidlab o’tish kerakki, Lombrozoning jinoyatchilik sabablariga nisbatan yondashuvi tadrijiy tarzda rivojlanib bordi. Ammo dastlabki «tug’ma jinoyatchi» talqinida jinoyatchilik omillarini tasniflashga zarurat yo’q yoki deyarli yo’q edi. Bu yerda mohiyat e’tibori bilan bir asosiy omil – tug’ma jinoyatchining biologik tabiati to’g’risida so’z yuritilardi. O’z ishiga izchil yondashishga o’rgangan Lombrozo avval jinoyatchilik omillari sxemasini emas, balki tug’ma jinoyatchining belgilari, alomatlari, «stigma»lari sxemasini ishlab chiqdi.
Buni Lombrozoning ikki asosiy asari – «Jinoiy odam» (1876) va «Jinoyatchilik, uning sabablari va davolash vositalari» (1899)ni qiyosiy o’rganish zarurligini tasdiqlaydi.«Jinoiy odam»da Lombrozo tug’ma jinoyatchini tavsiflovchi belgilar (ko’rsatkichlar)ni diqqat markazida tutadi. So’ngra u har xil antropologik, biologik belgilarni va, bundan tashqari, tug’ma jinoyatchini, axloqan buzilgan, epileptik, isterik shaxsni tavsiflovchi biopsixologik belgilarni izchil tadqiq qiladi.
Mana, uning taxminiy sxemasi: A. Bosh miya anomaliyalari, uning tuzilishi. Jinoyatchi, aqli noraso shaxs va normal odam bosh miyasining o’ziga xos xususiyatlari; B. Miya anomaliyalari; morfologik gistologik anomaliyalar; V. Ichki organlar: yurak, oshqozon va hokazolarning anomaliyalari; G. Antropometrik ko’rsatkichlar: bo’y, og’irlik, bosh, yuz, quloq, burun, og’iz,soch, terining o’ziga xos xususiyatlari. D. Tana: ko’krak, tomirlar va hokazolarning anomaliyalari; Ye. Biopsixologik xususiyatlar: tana temperaturasi, ta’sirchanlik, shafqatsizlik, mayga va qimor o’yiniga ishqibozlik, dindorlik, axloqiy sezgilar,vijdon qiynalishi, o’z qilmishidan pushaymon bo’lish, adolat tuyg’usi, dangasalik, yengiltaklik, tsinizm, yolg’onchilik, ma’lumot, jargon, imo-ishoralar, dastxat, tatuirovka.Bu shaxslarning barchasini tug’ma jinoyatchilar deb hisoblaganligi uchun, Lombrozo ularning biologik belgilarini tavsiflash bilan kifoyalandi. Biroq, tug’ma jinoyatchi tipi bilan bir qatorda, tasodifiy jinoyatchi tipi mavjudligini ham tan olgan Lombrozo kosmik, irsiy, etnik, shaxsiy va boshqa omillarning sxemalarini ishlab chiqishga ham ma’lum darajada e’tibor berdi.Lombrozo taklif qilgan jinoyatchilik omillari to’g’risidagi masalaning dastlabki yechimi ana shunday edi.
Oradan yigirma yildan ko’proq vaqt o’tgach, Lombrozo o’zining yangi tadqiqoti – «Jinoyat, uning sabablari va davolash vositalari» asarini e’lon qildi. Unda olim jinoyatchilik omillarining katta bir tizimini rivojlantirdi. Ushbu tadqiqotga yozgan qisqa so’zboshisida u shunday deydi: «Har qanday jinoyatga juda ko’p omillar sabab bo’ladi». Lombrozo ushbu tadqiqotida jinoyatchilikning har xil omillarini aniqlaydi va ko’p omilli jinoyatchilik yo’nalishiga qadam qo’yadi.U jinoyatchilik omillarini 15 guruhga ajratdi. Pirovardida ularni bir necha asosiy guruhlarga, chunonchi: fizik, biologik, psixologik va ijtimoiy omillar guruhlariga birlashtirish mumkin.Lombrozo ishlab chiqqan jinoyatchilik omillari ro’yxati quyidagicha:
1) Meteorologik omillar va iqlim omillari: haddan tashqari yuqori yoki past temperatura, mo’’tadil temperatura, yil fasllari, issiq yillar, jinoyatchilik kalendari, issiq mamlakatlar, boshqa ta’sirlar.
2) Geografik omillar: geologiya, geografiya, malyariya (bezgak), odamlar o’limi darajasi.
3)Irqiy omillar: irqlar ta’siri, jinoyatchilar markazlari,delixotsefallar, braxitsefallar, sochning sarg’ish yoki qoraligi, yahudiylar, bogemaliklar.
4) Ma’rifiylik va vahshiylik omillari: vahshiylik, odamlar ko’pligi yoki kamligi, emigratsiya, immigratsiya, tug’ilish,ma’rifiylik, shahar, qishloq.
5) Ovqatlanish omili.
6) Alkogolizm va narkotizm omili: alkogolning zararli ta’siri, pauperizm, nikotin, morfiy, buzilgan mais.
7) Ma’lumot omili: savodlilik, savodsizlik, ma’lumotlilik alomatlari.
8) Iqtisodiy omil: narx-navo va soliqlar, ishsizlik, maosh beriladigan kunlar, omonat kassalari, qishloq xo’jalik va sanoat hududlari, boylik, kambag’allar jinoyatchiligi keng tarqalganligi.
9) Din omili.
10) Tarbiya omili: noqonuniy tug’ilganlar, yetimlik, ota-onaning axloqsizligi, tarbiya.
11) Irsiy omil: atavistik irsiyat, ota-onaning ruhiy kasalliklari, ota-ona epilepsiyasi, alkogolizm ko’rinishidagi irsiyat, ota-onaning yoshi.
12) Yosh omili: barvaqt rivojlanish, yosh.
13) Jins omili: jins va yoshning o’zaro nisbati, jinoyatchilikning jins bilan bog’liq xususiyatlari, prostitutsiya.
14) Fuqarolik holati omili: fuqarolik holati, kasb-hunar,harbiy xizmat, ishyoqmaslik.
15) Boshqa omillar: turma, sensatsiya, taqlid.
Ko’rib turganimizdek, Lombrozo jinoyatchilik omillari nazariyasini ishlab chiqishda mazkur omillarni izchil tizimga solish maqsadini ko’zlamagan. Bu omillar uning asarida o’ta tartibsiz ko’rinishda berilgan. Ammo shu yerning o’zidayoq muhim va ikkinchi darajali, ta’sirchan va to’qima omillarning aralashuvi, ijtimoiy hodisalar va ularning qonuniyatlari bilan individual xulq-atvor o’rtasidagi farqlarni olim yaxshi tushunmaganligi, ijtimoiy hodisalar va jarayonlarni shaxsning o’ziga xos xususiyatlari bilan tushuntirishga intilish, ya’ni har xil hodisalar va jarayonlarni qo’pol ravishda biologiya bilan bog’lashga urinish ko’zga tashlanadi.
Lombrozo nafaqat tug’ma jinoyatchi nazariyasini, balki shaxsning tashqi belgilariga asoslangan holda jinoyatchilarning tiplari nazariyasini ham ishlab chiqdi. Uning fikricha, jinoyatchi, masalan, qotil ona qornidan jinoyatchi bo’lib tug’iladi. Bunday shaxs ibtidoiy odamlarga xos alohida fizik va ruhiy xususiyatlarga (atavizmga) ega bo’ladi.Lombrozoning qarashlari uning zamondoshlari tomonidan qattiq tanqid qilindi. Chunonchi, ingliz vrachi Gorant jinoyatchilar va oddiy odamlarni qiyosiy o’rganishga asoslangan antropologik nazariya xulosalarini tahlil qilib, jinoyatchilarning anatomik tipi mavjud emasligini aniqladi.
Boshqa bir mashhur kriminolog olim – Ferri jinoyatchi yashaydigan ijtimoiy muhit bilan bog’liq jinoyatlarning ijtimoiy omillari qatoriga quyidagilarni kiritadi: aholi zichligi, jamoatchilik fikri, axloq, din, oiladagi hayot tarzi, maktabdagi tartib, sanoatning rivojlanish darajasi, alkogolizm, iqtisodiy va siyosiy tuzum, ma’muriy idoralar, adliya,militsiya va qonunchilik qurilishi. Xullas, lombrozichilar uchun jinoyatchilik omillari tizimida odamning tug’ma belgilari birinchi o’rinda turadi. SHu sababli mazkur nazariya kriminologiyaga oid adabiyotlarda «tug’ma jinoyatchi» nazariyasi deb nomlanadi.Bu nazariyani izsiz yo’qolgan deb bo’lmaydi. Hozirda lombrozichilikning yangi yo’nalishi – neolombrozichilik ham mavjud. Masalan, jinoiy-biologik nazariyaga asosan, retsidivist jinoyatchilar, tasodifiy jinoyatchilardan farqli o’laroq, tegishli fizik va psixologik xususiyatlarga ega bo’ladilar, bu xususiyatlar ularga normal, jamiyat tomonidan ma’qullanadigan turmush kechirishga xalaqit beradi. Masalan,Krechmer fizik o’ziga xoslik tiplarini farqlaydi va jinoiy xulq-atvorni shularga bog’lab o’rganadi. Sheldon va Glyuk jinoyatchining «morfologik» tipi to’g’risidagi ta’limotga asos soldilar. Bu ta’limotda ular odamning fizik, tashqi o’ziga xosliklari bilan uning delinkvent salohiyati darajasi o’rtasida bog’lanish mavjudligini isbotlashga harakat qilganlar.
Genetik nazariya. Irsiyat hamda organizmlarning o’zgaruvchanligi qonunlari to’g’risidagi fan, ma’lumki, biologiyada nisbatan yangi yo’nalish – genetika vujudga kelishiga sabab bo’lgan. Inson xulq-atvori, shu jumladan g’ayriijtimoiy xulq-atvor sabablarining o’ziga xos xususiyatlari haqidagi biologik ta’limotlardan biri genetik nazariyadir.Ushbu nazariya tarafdorlari har qanday odam hayotida genlar muhim rolь o’ynaydi, degan g’oyaga asoslanadilar.Genlar – oqsil sintezi uchun javobgar bo’lgan, pirovardida shaxsning muayyan xossalari va alomatlarini belgilaydigan nuklein kislota qismlaridir. Ayni vaqtda, ushbu xossalar va alomatlar genlarda tayyor holda mavjud bo’lmasligini e’tiborga olish lozim. Genlar faqat tashqi muhitning muayyan sharoitida xossalar va belgilarning rivojlanish imkoniyatini belgilaydi, xolos.Genetiklar genlar har xil tiplar, biologik tarkiblarning rivojlanishiga va biologik jarayonlar faoliyatiga ta’sir ko’rsatishini nazarda tutgan holda, «ular ruhiy xossalar bog’liq bo’lgan muayyan tarkiblar va funktsiyalarga ham ta’sir ko’rsatadi, genotiplardagi farqlar xulq-atvordagi farqlarga ham sabab bo’lishi mumkin», deb taxmin qiladilar.
Egizaklar o’rtasidagi jinoyatchilik jinoiy xulq-atvorning genetik kod bilan bog’lanishini tasdiqlovchi inkor etib bo’lmaydigan dalillardan biri hisoblanadi. Ma’lumki, egizaklar ikki har xil tuxum hujayralari bir vaqtda urug’lanishi natijasida ham («ikki tuxumli» yoki dizigot egizaklar), bir urug’langan tuxum hujayrasi xromosomalar va genlar to’plami bir xil qo’shni tuxum hujayralariga bo’linishi natijasida ham tug’ilishi mumkin. So’nggi zikr etilgan holatda irsiy jihatdan bir xil egizaklar («bir tuxumli» yoki monozigot egizaklar) tug’iladi.Egizaklar metodining ahamiyati shundaki, bir tuxumli egideyarli bir xil genotipga ega bo’ladi. Ular ikki o’g’il yoki ikki qiz ko’rinishida tug’iladi. Bunday egizaklarni taqqoslab va juft doirasidagi muvofiqlik kattaligini baholab, ularning qaysi xususiyatlari genotip bilan, qaysilari –muhit va sharoit ta’siri bilan bog’liqligini aniqlash mumkin. Bunday egizaklar morfologik, fiziologik va fizik xususiyatlarining ajabtovur tarzda o’xshashligi bilan ajralib turadi. Ularning tug’ilish takroriyligi turli irq vakillariuchun har ming tug’ishga nisbatan 3,2 – 5 atrofidadir11.
Binobarin, bir tuxumli egizaklar o’rtasida biron-bir farq mavjud bo’lsa, ular faqat bu egizaklarning rivojlanish shart-sharoiti bilan belgilanadi, chunki ularning irsiyati bir xildir. Birinchi egizaklar jinoyatchiligi qayd etilgan hollarda ikkinchi egizaklar jinoyatchiligining takroriylik darajasini aniqlash uchun yuqorida zikr etilgan holatdan foydalanildi. Bunda, tabiiyki, irsiy o’xshashlik to’liq bir xil bo’lgan, ya’ni bir tuxumli egizaklarga oid ma’lumotlar tadqiqotga asos qilib olindi12. Tadqiqotchilar jami 249 juft egizaklar xulq-atvorini o’rganib chiqdilar. Ular bir tuxumli egizaklardan biri jinoyat sodir etgan bo’lsa, tadqiq etilgan holatlarning 62,6 foizida ikkinchi egizak ham jinoyatga qo’l urganligini aniqladilar. Bundan irsiy jinoiy «gen» mavjud degan xulosa kelib chiqadi.
Egizaklarni o’rgangan mualliflar aksariyat hollarda insonning intellekt darajasi irsiy omillar bilan belgilanadi, degan xulosaga keldilar. Bunda irsiyat ta’sirining ulushi 75-80%, muhit ta’sirining ulushi esa – 20-25% atrofida bo’ladi.Ammo ma’lumotlar ko’p jihatdan qarama-qarshi va sub’ektiv tarzda talqin qilinadi.Irsiy-genetik nazariyaning rivojlanishiga xromosomalar bilan bog’liq anomaliyalar haqidagi ma’lumotlar ham hissa qo’shdi. Mendelning tsitologik mexanizmlarini kashf etgan irsiyatning xromosoma nazariyasiga amerikalik biolog Morgan Tomas Xant (1866-1945) asos solgan. Ushbu nazariya hujayra ichki jarayonlari – hujayralarning bo’linishi, gametogenez va urug’lanish bilan genlarning aloqasini ko’rsatib berdi va organizmlar rivojlanishi irsiyatga bog’liqligi haqidagi ta’limotga asos soldi.
Odamning odatdagi hujayra mag’izi (yadrosi) 23 juft xromosomadan iborat bo’ladi. Xromosomalarning normal taqsimlanishi maxsus «XY» formula ko’rinishida ifodalanadi. Bu yerda «X» - erkak geterogametlik xususiyatiga ega bo’lgan turlarda ayoljinsining rivojlanishini yoki gaplofazada jinsni belgilaydigan xromosoma; «Y» - faqat erkak jinsiga mansub turlarda uchraydigan xromosoma. Ammo hayotda ba’zan (besh yuztadan bir va mingtadan bir holatda) 46 ta emas, balki 47 ta xromosomaga, ya’ni «nonormal» ortiqcha xromosomaga ega bo’lgan odamlar ham uchraydi. Ba’zi bir tadqiqotlar xromosoma anomaliyalariga ega bo’lgan shaxslar o’ziga xos fe’l-atvorga ham ega bo’lishini ko’rsatdi. Xususan, «XXY» anomaliyasiga ega bo’lgan shaxslar odatda hezalaktabiat, erksiz, intellektual darajasi past bo’ladi.Ortiqcha «Y» xromosomaga ega shaxslar baland bo’yi, emotsional beqarorligi, agressiv xulq-atvori bilan ajralib turadi. Bundan xulosa shuki, xromosoma anomaliyalari jinoyat sodir etmagan shaxslarga qaraganda jinoyatchilarga taxminan 80 baravar ko’proq xosdir.
Demak, «ortiqcha» xromosoma jinoyat sodir etishga turtki beruvchi irsiy (biologik) sabablardan biridir.Jinoyatchilik omillari biologik nazariyasining rivojlanishini «endokrinologik» oqim ta’limotida kuzatish mumkin.Ushbu nazariya jinoiy xulq-atvorni odamning ichki sekretsiya bezlari anomaliyalari bilan bog’laydi. Mazkur yondashuv tarafdorlari muayyan jinoyat sodir etishga moyil odamlar tiplarining o’ziga xos tasnifini ishlab chiqdilar.Psixologik nazariyalar. Jinoyatchilik omillarining psixologik nazariyasi hozirda eng keng tarqalgan va nisbatan izchil nazariyalardan biridir. Bu yerda mazkur nazariyaning ikki muhim yo’nalishi – psixopatik va psixoanalitik yo’nalishlarni qayd etish mumkin.
Birinchi yo’nalish shaxsning jinoyat sodir etishga psixopatik tarzda moyilligidan, ya’ni ruhiy sog’liq xususiyatidan kelib chiqadi. Nemis psixiatri Kurt Shneyder o’zining «Psixopatik shaxslar» asarida psixopatlarning 10 tipini qayd etib o’tgan. Uning fikricha, shu tiplardan kamida 7 tasi g’ayriijtimoiy qilmish sodir etishga muayyan darajada moyildir (xususan, melanxoliklar va xoleriklar).
Boshqa bir nemis psixiatri Ernest Krechmer (1899-1964) jinoyatchilarning quyidagi tiplarini farqlaydi: piknik tip (katta gavdali, kalta oyoqli odamlar); lepotosomik yoki astenik tip (uzun bo’yli, og’irligi uncha katta bo’lmagan odamlar); displastik tip (umumiy rivojlanishda muayyan anomaliyalar mavjud odamlar); atletik tip (tanasi proportsional jihatdan yaxshi rivojlangan odamlar). Biroq, E.Kerchmer o’z tasnifida antropologik nazariya g’oyalariga, xususan, jinoyatchilarni tashqi belgilariga qarab tavsiflash g’oyasiga yaqinlashadi.
Avstriyalik psixiatr Zigmund Freyd (1856-1940) ishlab chiqqan psixoanalitik nazariya ham o’zining juda ko’p izdoshlarini topdi (va hozir ham topmoqda). Uning «Tushlar ta’biri» deb nomlangan asosiy asari 1900 yilda e’lon qilindi. O’zining shu va keyingi tadqiqotlarida Z.Freyd shaxs ichki dunyosi tuzilishi, uning ehtiroslari va burch tuyg’usi o’rtasidagi to’qnashuvlar, ma’naviy kechinmalarning sabablari, insonning o’zi va o’zini qurshagan muhit haqidagi qarashlari bilan bog’liq muhim masalalarni yoritib berdi.Freydning muxoliflari «panseksualizm» deb nomlagan asosiy yondashuvi quyidagichadir. U isteriya kasalligiga chalingan bemorlarni, asosan qo’rquv, ta’sirchanlikni yo’qotish, ishtahasizlik, shaxsning ikkilanishi, gallyutsinatsiyalar, spazmlar va hokazo simptomlar (fobiya)ga ega bo’lgan ayollarni o’rganish jarayonida inson xulq-atvorini harakatlantiruvchi ikki muhim instinkt – o’zini o’zi asrash instinkti va seksual instinktni qayd etdi. Bunda u seksual instinkt (libido)ni o’z psixoanaliz nazariyasiga bayroq qilib oldi. Uning fikriga ko’ra, ongsiz sohasi «libido»ga to’liq bo’lib, lazzatlanish printsipidan boshqa hech narsani bilmaydi.
Ong ijtimoiy taqiqlar ta’sirida lazzatlanish erkinligini cheklashga tayyor bo’lganligi tufayli, libido energiyasi tashqariga chiqish uchun «aylanma» yo’llarni izlashga majbur bo’ladi. U aqliy, hatto tana reaktsiyalarida – nafaqat beozor, balki patologik reaktsiyalarda,chunonchi: psixonevroz, isteriya va hokazolar ko’rinishida va pirovard natijada g’ayrihuquqiy qilmishlarda namoyon bo’ladi.SHunday qilib, Freydning psixoanaliz nazariyasiga asosan,seksual (jinsiy) ehtiyojni qondirish inson xulq-atvorining asosiy yoki hal qiluvchi omili hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, uning qondirilishi ruhiy sog’lomlik negizini tashkil etadi, uning qoniqmasligi esa g’ayriijtimoiy qilmishlar ko’rinishini kasb etishi ham mumkin bo’lgan og’ir asabiy va ruhiy kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Freyd ta’limoti Emil Dyurkgeym (1858-1917) asarlarida (xususan, «Odam o’ldirish: normapatologiya» kitobida) aniq ko’rinish kasb etdi. Uning fikriga ko’ra, har qanday odam o’z ehtiyojlari to’la qondirilgan holdagina yashay oladi. Odamning oziq-ovqat, kiyim-kechakka bo’lgan ehtiyojlarini, uning jinsiy maylini tizginlash mumkin emas, ularni faqat jamiyat cheklashi mumkin. Ammo jamiyat shaxsiy ehtiroslarni tiyib turishga qodir emas, chunki uning o’zida beqarorlik omili mavjud. Binobarin, har qanday jamiyatda jinoyatchilik normal hodisadir, shu bois faqat patologik hodisalarga qarshi kurashni tashkil etish lozim. Frantsuz sotsiologi Emil Dyurkgeym o’zining ushbu nazariyasini «anomiya» deb nomladi. Freydizm g’oyalari Zigmund Freyd hayotlik paytdayoq qattiq tanqid qilindi. Freydning ilk muxoliflari A.Adler va K.Yungdir.
A.Adler jinsiy ehtiyojni qondirish usuli muayyan shaxsning turmush tarzi bilan belgilanadi, zotan, inson jinsiy emas, balki ijtimoiy mavjudot, uning asosiy ehtiyoji – o’zini o’zi tartibga solishdir, degan g’oyani ilgari surdi. Ammo Adler Freydning jinsiy onglizligini hokimiyatga ongsiz tarzda intilish bilan almashtirdi. O’z nazariyasini Adler «shaxsiy psixologiya» deb nomladi. Ushbu nazariya zamirida bola o’z hayotining dastlabki yillarida o’zlashtiradigan va umrbod o’zgarishsiz qoladigan «turmush tarzi» yotadi. Adlerning fikricha, bola «barkamollik»ka erishishi uchun unga to’la erkinlik berish lozim.Bu g’oya ayrim mamlakatlarda ro’yobga chiqarilgan. Bola 5 yoshga to’lgunga qadar unga hech narsa man etilmaydi, hamma narsaga ruxsat beriladi va faqat shu yoshdan keyin nima mumkin-u, nima mumkin emas degan savollar tug’iladi.
K.Yung Freydning yuqorida qayd etilgan g’oyalarini «sublimatsiya», «Edip kompleksi» sifatida rad etdi, ongsizlik fizikadagi «tugal shakl»ga kirish yoki muvozanat holatini egallash maqsadida bir turdan boshqa turga o’tuvchi energiyani eslatishini isbotlashga harakat qildi. Yung ko’pchilik uchun umumiy bo’lgan «kollektiv ongsizlik» g’oyasini ilgari surdi. Yungning «analitik psixologiyasi»da shaxslarning tiplarini aniqlashga katta ahamiyat beriladi. Uning tipologiyasi zamirida odamlarning o’zi va boshqalar haqidagi fikrlari yotadi. Ushbu mezonga ko’ra Yung odamlarni ikki tipga: o’ziga («ichga») qarab mo’ljal oluvchi va boshqalarga («sirtga») qarab mo’ljal oluvchi odamlarga ajratadi. K.Xorni va E.Frommning amerikacha freydizmi ham, hatto ruhiy kasalliklarni inqilobiy salohiyat, hokimiyat funktsiyasi (militsiya, sog’liqni saqlash va h.k.)ni esa – taraqqiyotga to’sqinlik vositasi sifatida talqin qiluvchi freydomanizm ham neofreydizm yo’nalishiga mansubdir. Ichki ongsiz kuchlar – mayllar inson xulq-atvorini harakatlantiruvchi kuchdir, degan g’oya neofreydizmning barcha yangi oqimlarida saqlanib qolayotir.
Fransuz olimi Gabriel Tard (1843-1904) ishlab chiqqan nazariyani jinoyatchilik sabablari haqidagi psixologik ta’limotlarning o’ziga xos tarmog’i deb hisoblash mumkin. U, jinoyat ijtimoiy hodisa, lekin uning zamirida inson ruhiy faoliyatining alohida ko’rinishlari, xususan, birovga taqlid qilish va boshqalarga ta’sir ko’rsatish qobiliyati yotadi, degan g’oyadan kelib chiqadi. Taqlid qilish va ta’sir ko’rsatish odamlarni qattiq o’ziga tortadi va shu tariqa shaxsning xulq-atvoriga ta’sir etadi. Taqlid qilish nazariyasi ayrim tadqiqotlarda «o’rgatish» nazariyasi deb ham nomlanadi. Gabriel Tard bu nazariyaning uch qonunini kashf etdi:
1) O’zaro yaqin munosabatda bo’lgan odamlar bir-birining xulq-atvorini tez o’zlashtiradi.
2) Yoshlar o’zidan kattalarga, kambag’allar – boylarga, dehqonlar– aristokratlarga taqlid qiladi.
3) Oldingi xulq-atvor yangi xulq-atvorga o’rin bo’shatadi, G.Tard fikricha, taqlidni modaga o’xshatish mumkin. Insoniyat taraqqiy etishi bilan jamiyatda taqlidning ta’sir doirasi kengayadi, binobarin, odamlar sodir etuvchi jinoyatlar soni ham ko’payib boradi.
Jinoyatchilik sabablarining sotsiologik nazariyalari.Jinoyatchilik sabablariga nisbatan sotsiologik yondashuvlar asosan XVIII-XIX asrlar oralig’ida shakllandi. Ushbu ta’limotlarning asosiy xususiyati shundan iboratki, ular avvalo ekzogen omillarga va ularning ko’pligiga e’tibor beradi.XVI asrdayoq Tomas Mor o’zining «Utopiya» asarida ingliz jamiyatida jinoiy xulq-atvor ayrim shaxslarning qashshoqligi va ayrim shaxslarning parazitik turmush tarzi bilan birligidan kelib chiqqan edi.Kampanella (XVII asr) «Quyosh shahri» asarida jinoyatchilik ko’pchilik odamlarning qashshoqligi bilan bog’liqligini, jamiyatni odillik va jamiyat a’zolarining tengligi printsiplarida qayta qurish zarurligini ta’kidlaydi.A.Morelli «Tabiat kodeksi»da inson tabiatan kamchilik qusurlardan xoli tug’ilishini qayd etadi.J.P.Marat (1743-1793), A.N.Radishchev (1749-1802) asarlarida jinoyatchilik bir odamning boshqa odamga zulm o’tkazishi, jamiyatdagi zo’ravonlik, adolatsizlik bilan bog’lanadi.J.P.Marat o’zining «Jinoyat qonunchiligi rejasi» (1789) asarida asosan jinoyatchilik ijtimoiy-iqtisodiy omillar bilan bog’liqligi to’g’risidagi g’oyani rivojlantirdi. U jamiyatda hukm surayotgan kamchilik vakillari tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarni qayd etib o’tdi.
Rus mutafakkiri va demokrati A.N.Radishchev o’zining «Peterburgdan Moskvaga sayohat» va «Qonun-qoidalar to’g’risida» nomli asarlarida jinoyatchilik jamiyat qurilishi xususiyati, Rossiyadagi krepostnoylik tuzumining ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoiti bilan bog’liq ekanligini ta’kidladi. Bundan tashqari, u jinoyatchilik sabablarini statistik ma’lumotlar negizida o’rganish dasturini maxsus ishlab chiqdi. Sotsialist-utopistlar jinoyatchilik sabablarini shaxsiy mulkning mavjudligi va adolatsizlik bilan bog’laydilar. A.Sen-Simon (1760-1858) asarlarida jinoyatchilikning odamlar turmush sharoiti zamirida yashirin tub sabablari ko’rsatiladi. Sotsialist-utopistlar chayqovchilik, sudxo’rlik bilan bog’liq jinoyatchilikka ishora qilib, zo’ravonlik va ekspluatatsiya, tarbiyasizlik va yomon qonunlar sharoitida jinoyatchilikka qarshi kurashish behuda ekanligini ta’kidlaydilar. XIX asr rus demokratlari A.N.Gertsen, V.G.Belinskiy, N.A.Dobrolyubov, N.G.Chernishevskiy ham jamiyatdagi jinoyatchilik sabablari to’g’risida shunga o’xshash xulosalarga keldilar.
Belьgiyalik olim, sotsiolog, statistik Adolf Ketle (1796-1874) o’z asarlarida jinoyatchilikning ijtimoiy munosabatlari bilan aloqasini tadqiq qildi, jamiyatning o’zi jinoyatlar sodir etilishiga turtki berishini ta’kidladi. Statistika yordamida u shaxs xulq-atvori, u tarbiyalangan muhit, uning ma’lumoti va hokazolar o’rtasidagi bog’lanishni aniqlashga harakat qildi. Golland kriminologi Van-Gamel (1842-1917) sotsiologik maktab doirasida ijtimoiy omillarga, ular orasida esa – iqtisodiy shart-sharoitlarga (ayniqsa, boyish ishtiyoqiga) alohida e’tibor berdi.
Nemis kriminalisti List (1851-1919) jinoyatchilikka nafaqat jamiyatning iqtisodiy sharoitlari, balki urush, alkogolizm, ba’zi bir urf-odatlar va udumlar, tarbiyadagi qusurlar va prostitutsiya ham ta’sir ko’rsatishini ta’kidladi. Belьgiyalik kriminolog Bonger (1876-1940) jinoyatchilikni avvalo ijtimoiy tuzum mahsuli deb tavsifladi. Bundan tashqari, u bolalar mehnati, uzun ish kuni, iqtisodiy tangliklar, ro’zg’ordagi kamchiliklar kabi ijtimoiy omillarni ham jinoyatchilik omillari sifatida qayd etdi.Amerikalik kriminolog Veron Foksning «Krminologiyaga kirish» asarida jinoiy xulq-atvor ontologiyasining ba’zi bir iqtisodiy nazariyalari, «tabaqalashtirilgan bog’lanish», «submadaniyatlar», «neytrallashtirish», «dreyf», «sigmatsiya» nazariyalari, nihoyat, jinoyatchilik sabablarini ekologik asoslantirish nazariyalari ko’rib chiqiladi.Xo’sh, ularning bir-biridan farqi nimada? E.Dyurkgeymning yuqorida qayd etib o’tilgan «anomiya» nazariyasi R.Merton taklif qilgan amerikacha variantida jinoyatchilikni ijtimoiy axloqning zavol topishi, jamiyat institutlari ijtimoiy-siyosiy jihatdan inqirozga uchrashi, buning natijasida shaxs jamiyatga qarshi isyon ko’tarishi yoki o’z joniga suiqasd qilishi bilan tushuntirishga harakat qiladi.
Amerikalik kriminolog Edvin Saterlend (1883-1950)ning «tabaqalashtirilgan bog’lanishlar» nazariyasi jinoyatchilik sababini jinoiy xulq-atvorga o’rgatish natijasi sifatida talqin qiladi. U ilgari surgan nazariyaga asosan, jinoiy xulq-atvor shaxs muhitida qonunbuzarlikka turtki beruvchi mezonlar qonunga bo’ysunishga majbur qiluvchi mezonlarga qaraganda ustunroq ekanligining oqibatidir.Kriminologiyaga oid ta’limotlar tarixida jinoyatchilik sabablarining nisbatan yangi kontseptsiyasi marksizmning sinflar nazariyasi ta’sirida vujudga keldi. N.F.Kuznetsova fikriga ko’ra, salbiy iqtisodiy, mafkuraviy, madaniy, tarbiyaviy, tashkiliy, boshqaruv, ijtimoiy-psixologik omillar majmui jinoyatchilikka sabab bo’ladi13.
L.I.Spiridonovning fikricha, jinoyatchilikning alohida sabablari mavjud emas: ayni bir maxsus hodisalar har xil sharoitda turli ijobiy yoki salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Kriminologiyaning vazifasi jamiyatda mavjud noantagonistik ruhdagi qarama-qarshiliklar odamlarning ijtimoiy xossalarida namoyon bo’lib, ularning u yoki bu darajadagi salbiy xulq-atvoriga qanday turtki berishini aniqlashdan iboratdir14. A.A.Piontkovskiy jinoyatchilik sabablarining asosiy mazmuni jamiyat a’zolarining muttasil o’sib boruvchi ehtiyojlari bilan ularni qondirish moddiy vositalari o’rtasidagi qaramaqarshilikdan iboratdir, deb ta’kidlaydi15. S.A.Domaxin esa,aksincha, ijtimoiy munosabatlar g’ayriijtimoiy qarashlar va jinoyatlarga sabab bo’lishi mumkin emas, degan fikrni ilgari suradi16.
V.N.Kudryavtsev g’ayrihuquqiy xulq-atvor sub’ekt xulq-atvori va qonun talablari o’rtasida muttasil ravishda keskinlashib boruvchi va ochiq-oydin konfliktga aylanuvchi har xil qarama-qarshiliklar asosida va shaklida vujudga keladi va rivojlanadi, deb yozgan edi. Uning fikricha, bu qarama-qarshiliklar psixologik, ijtimoiy yoki aralash ko’rinishga egadir17.V.N.Kudryavtsev qarama-qarshiliklar mavjud bo’lgan va namoyon bo’luvchi barcha hodisalar va jarayonlarni ob’ektiv va sub’ektivga ajratishni taklif qiladi.«Jinoyatchilikning ob’ektiv sabablari – bu ijtimoiy borliqdagi, odamlarning iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlaridagi muayyan qarama-qarshiliklar, g’ayriijtimoiy moyilliklarga sabab bo’luvchi qiyinchiliklar va kamchiliklardir, - deb ta’kidlaydi u. – Ob’ektiv shart-sharoit – bu huquqbuzarliklarning sub’ektiv va ob’ektiv sabablari ta’sirini quvvatlovchi, ba’zan esa – jonlantiruvchi tashkiliy, huquqiy, texnikaviy yo’sindagi kamchiliklardir».
V.N.Kudryavtsev fikriga ko’ra, jinoyatchilikning sub’ektiv sabablari – bu ijtimoiy psixologiya unsurlari, qusurli ehtiyojlar, qiziqishlar, maqsadlar, motivlar, sub’ektiv shart-sharoit esa – aholining demografik va ijtimoiy-psixologik xususiyatlari (fe’l-atvori, mijozi, jinsi, yoshi va h.k.)dir.Ammo jinoyatchilik bilan bog’liq hodisalarni guruhlashga nisbatan boshqacha, yanada oqilona yondashuv ham mumkin, deb ta’kidlaydi V.N.Kudryavtsev. Bu – shaxs, kichik ijtimoiy guruh,jamoa va umuman jamiyat. Mazkur yondashuvda jinoyatchilik sabablari jamiyat, sinf, mehnat jamoasi, kichik ijtimoiy guruh,shaxs kabi tizimlar doirasida elementlarning nomuvofiqlashuvi, shuningdek mazkur tizimlar, kichik tizimlar o’rtasidagi qarama-qarshiliklar tarzida amal qiladi.
Ko’rib turganimizdek, muallif qarama-qarshiliklarni faqatgina jinoyatchilik manbalaridan biri deb hisoblaydi.Falsafa fani vakillari ijtimoiy va shaxsiy munosabatlar o’rtasida quyidagi qarama-qarshiliklarni farqlaydilar:
1) kurash bilan bog’liq qiyinchiliklar ayrim shaxsiy ehtiyojlarni qondirishni vaqtinchalik cheklash yoki kechiktirishga majbur qilishidan kelib chiqadigan qarama-qarshiliklar;
2) jamiyat hayotini, mehnat va taqsimlash munosabatlarini va hokazolarni tashkil etishdagi kamchiliklar bilan bog’liq qarama-qarshiliklar;
3) shaxsning shaxsiy intilishlari va jamiyat ehtiyojlari o’rtasidagi qarama-qarshiliklar18.
Shaxs va jamiyat o’rtasidagi eng keskin to’qnashuvlardan biri bo’lgan jinoyatchilik jamiyatda mavjud ijtimoiy qarama-qarshiliklar bilan bevosita yoki izchil bog’liqdir.Nisbatan yangi «deformatsiyalar» nazariyasi «qarama-qarshiliklar» nazariyasiga yaqin turadi. A.Nomokonov har qanday qarama-qarshiliklarni emas, balki ijtimoiy taraqqiyotga to’sqinlik qiluvchi qarama-qarshiliklarnigina jinoyatchilik manbai deb hisoblaydi. Bunday qarama-qarshiliklarni u «jamiyat hayotidagi deformatsiyalar» deb nomlashni taklif qiladi19. Uning fikricha, muayyan mikromuhitda, shaxsning turmush tarzi yoki holatida namoyon bo’luvchi «deformatsiyalar majmui» muayyan jinoyatlarga sabab bo’ladi.Professor V.S.Ustinov A.Nomokonov asariga yozgan taqrizida har qanday qarama-qarshiliklar jinoyatchilik manbai bo’lishi mumkinligini ta’kidlaydi, chunki jamiyat taraqqiyotiga imkoniyat yaratuvchi omillar jinoyatchilikka qarshilik ko’rsatuvchi omillarga ko’p jihatdan qarama-qarshi bo’lishi mumkin (teng taqsimlash jinoyatlarning oldini olishga ko’maklashadi, lekin iqtisodiy taraqqiyot yo’liga g’os bo’ladi; demokratiya fuqaroning xulq-atvor variantlarini tanlash chegaralarini kengaytirib, jinoyatchilikning rivojlanishiga imkoniyat yaratishi mumkin; qo’rquvga asoslangan totalitarizm jinoyatlarni kamaytiradi, lekin turg’unlikka sabab bo’lishi mumkin).
Nima ma’qulligini jamiyatning o’zi hal qiladi.Madaniyat yetishmagan taqdirda demokratiya juda ko’p kamchiliklarga ega bo’ladi. Biroq, yuksak madaniyat, huquqqa hurmat, moddiy ne’matlar yetarliligi bilan mushtarak demokratiya juda kuchli antikriminogen omil bo’lib xizmat qiladi. Lekin, hatto birinchi ko’rinishda ham demokratiya nafaqat iqtisodiyot, balki inson huquqlarini himoya qilish uchun ham totalitarizmga qaraganda afzalroqdir, deb ta’kidlaydi V.S.Ustinov. Professor V.S.Volkov g’ayriijtimoiy xulq-atvor deformatsiyasining o’ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, jinoyatchilik sabablari va shartlarini uch guruh (kompleks)ga ajratishni taklif qiladi:
a) jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining o’ziga xos xususiyatlari bilan bog’liq sabablar va shartlar;
b) shaxsning jamiyatga integratsiyalashuvi, uning ijtimoiy-psixologik o’ziga xosliklari bilan bog’liq sabablar va shartlar;
v) ijtimoiy munosabatlarni ijtimoiy-huquqiy tartibga solish va huquqiy tartibotdagi, huquqbuzarliklarning oldini olishdagi kamchiliklar bilan bog’liq sabablar va shartlar20.
Garri S.Bekker va Isaak Erlixning jinoyatchilik iqtisodiy nazariyasi biz hozir boshdan kechirayotgan bozor munosabatlariga o’tish davriga bevosita daxldor bo’lgan jinoyatchilik sabablarining eng qiziqarli va zamonaviy nazariyalaridan biridir.Siyosiy iqtisodchi Garri S.Bekker birinchilardan bo’lib kriminologiya klassik maktabining quyidagi dalillarini tikladi: odam uning motivatsiyasi boshqa odamlar motivatsiyasidan farq qilganligi uchun emas, balki o’z harakatlarining sarf-xarajatlari va foydali tomonlarini tahlil qilib, o’z qarorlarini qabul qilish uchun boshqacha xulosalar chiqarganligi uchun jinoyatchiga aylanadi. Jinoyatchi mutlaqo oqilona qaror qabul qiladi. U o’z axborot imkoniyatlari doirasida o’zining imkoniyatlarini tekshirib ko’radi va eng kam xarajatlarda va ayniqsa, kamroq jazoga tortilish xavfi bilan ko’proq shaxsiy naf ko’rishni va’da qilgan harakatni tanlaydi. Boshqa siyosiy iqtisodchi Isaak Erlix fikriga ko’ra, jinoyatchilar bunday imkoniyatlarga jinoyatchilikka moyil bo’lmagan odamlar bilan bir xilda munosabatda bo’ladi. Jinoiy jazoga loyiq qilmishlarni, ayniqsa, mulkiy jinoyatlarni ular «bozordagi normal operatsiyalar» kabi sodir etadilar.
Jinoyatning og’irlik darajasi muskul kuchi va xarajatlarga qarab aniqlanadi. Har bir jinoyatchi xarajatlar va ko’rilishi mumkin bo’lgan nafni shunday tahlildan o’tkazadi. Isaak Erlix fikriga ko’ra, jinoiy qilmishlarning «yashirin bozori» huquqbuzarlar xulq-atvorini tartibga soladi va muvofiqlashtiradi.Boz ustiga, mazkur bozor jinoyatlardan jabrlanuvchilarning xulq-atvorini, shuningdek huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini ham tartibga soladi.Bundan tashqari, I.Erlix fikriga ko’ra, jinoyatlardan jabrlanishi mumkin bo’lgan shaxslar har xil ehtiyot choralari yordamida o’zlarini jinoyatlardan himoya qiladilar. Bunday ehtiyot choralari qatoriga, masalan, qo’riqlash signalizatsiyasi o’rnatish, seyf xarid qilish bilan bog’liq xarajatlarni kiritish mumkin.
Ko’rsatib o’tilgan ob’ektlarga tajovuz qilish imkoniyatlarining cheklanishi jinoiy qilmishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish xarajatlarini ko’paytiradi. Pirovard natijada jinoyatni daromadlar tengsizligi vujudga keltiradi, deb ta’kidlaydi iqtisodchi. Bu tengsizlikka barham berish uchun ma’lumot olish, bandlik va yetarli daromad olish imkoniyatlarini jamiyatning barcha vakillari uchun tenglashtirish zarur Vestfaliya universiteti kriminologiya institutining rahbari Gans Ioaxim Shnayder jinoyatchilik sabablarining uch iqtisodiy nazariyasini qayd etadi:
1) depressiya nazariyasi – kon’yunktura yuqori bo’lgan davrda jinoyatchilik kamayadi, iqtisodiy depressiya davrida esa – kuchayadi;
2) ekspansiya nazariyasi – iqtisodiyot o’sishi bilan jinoyatchilik ham o’sib boradi, iqtisodiy o’sish pasayishi bilan esa –pasayadi;
3) depressiya va ekspansiyaning uyg’unlik nazariyasi – iqtisodiyot yuksalgan va pasaygan paytlarda jinoyatchilikning o’sishi ro’y beradi21.
Jinoyatchilik sabablariga nisbatan asosiy yondashuvlarning qisqacha tahlilidan umumiy xulosa tariqasida quyidagilarni qayd etish mumkin.
Har qanday hodisa serqirradir. U minglab bog’lanishlar va o’zaro ta’sirlarga ega. Jinoyatchilik ham, uning sabablari ham bundan mustasno emas. Boz ustiga, ular eng murakkab hodisalardir.Buni tan olish ularni ko’p tomonlama tushuntirish imkoniyati va zarurligini nazarda tutadi. SHu sababli yuqorida qayd etib o’tilgan barcha nazariyalar yashash huquqiga egadir.
Jinoyatchilik sabablari muammosiga har xil yondashuvlar ilgari surilishi mumkin. Vazifa har xil omillar yig’indisida har birining o’rni va rolini aniqlash, ularni izchil bir tizimga solishdan iboratdir. Ammo buning uchun, albatta, juda iste’dodli «me’mor» zarur.SHu bilan birga, ko’rsatilgan omillarning zamon va makonda o’zaro ta’sirga kirishish, nafaqat barcha jinoyatlarga (umumiy) va muayyan jinoyatlarga (xususiy) nisbatan, balki jinoyatlarning muayyan toifalariga nisbatan (maxsus) namoyon bo’lish mexanizmini (shakllarini) aniqlashga harakat qilish lozim.