3. Ekologiya sohasidagi jinoyatlarning kelib chiqish sabablari. Ekologiya sohasidagi jinoyatchilikning sabablar majmuida ko’p sonli va rang-barang omillar o’zaro ta’sirga kirishadi. Umumiy va surunkali amal qiluvchi omillar inson bilan tabiatning o’zaro ta’sirlanish jarayoni, uning mazmuni va xususiyatini belgilovchi ijtimoiy munosabatlarga xos bo’lgan qarama-qarshiliklardan kelib chiqadi. Bu qarama-qarshiliklarning aksariyati zamirida so’nggi yillarda mamlakatimizda yuz berayotgan ijtimoiy va iqtisodiy o’zgarishlar natijasida yuz berayotgan salbiy jarayonlar yotadi.O’zbekiston rejali iqtisodiyotdan bozor munosabatlariga o’tishi muayyan ijobiy natijalar bilan bir qatorda jamiyat,davlat va uning fuqarolari iqtisodiy va ekologik manfaatlari o’rtasida mutanosiblikning yo’qolishiga olib keldi, atrof tabiiy muhitning beqarorlashish jarayonlarini tezlashtirdi,ekologiya sohasida jinoyatlar sodir etishning yangi omillari paydo bo’lishi uchun shart-sharoit yaratdi.Bu omillarning aksariyati ishlab chiqarish sohasida amal qiladi.
Atrof tabiiy muhitni zararlantiruvchi korxonalar ishi uni muhofaza qilish uchun katta xarajatlar qilishni taqozo etadi. Ishlab chiqarish jarayoni ishtirokchilari tabiatdan oqilona foydalanish talablariga rioya etmasdan, ishlab chiqarishning rentabelligini oshirishga harakat qilishi qonunbuzarlikka turtki beradi.Ekologiya sohasidagi jinoyatchilikning umumiy sabablari inson va tabiat o’zaro ta’sirga kirishish chog’ida yuzaga keluvchiqarama-qarshiliklar sohasida yotadi. Bu qarama-qarshiliklar iqtisodiy beqarorlik sharoitida ekologiya sohasida g’ayrihuquqiy va ba’zan jinoiy xatti-harakatlar uchun shart-sharoit yaratadi.
Ekologiya sohasidagi jinoyatlarga doir jinoyat ishlarini o’rganish mansabdor shaxslar tomonidan sodir etiladigan ekologiya sohasidagi jinoyatlar hamda mansab mavqeiga ega bo’lmagan shaxslar tomonidan sodir etiladigan ekologiya sohasidagi jinoyatlarni ajratish imkonini beradi. Bu jinoyatlar qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida sodir etilishi, tamagirlik yoki boshqa xususiyatga ega bo’lishi mumkin. Ekologiya sohasida mansabdor shaxslar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlar odatda ijtimoiy xavflilik darajasining yuqoriligi bilan ajralib turadi, ba’zan ekologiyaga juda katta, o’rnini to’ldirib bo’lmaydigan zarar yetkazadi. Bu asosan ekologiya sohasida mansabdorlik jinoyatiga sabab bo’lgan qarama-qarshiliklar zamirida tashkiliy-boshqaruv yoki ma’muriy- xo’jalik vazifalarini bajarish yotishi bilan bog’liq. Rejalashtirish, taqsimlash, operativ boshqarish, tashkiliy tuzilmalar tashkil etish, nazorat, jamiyatning atrof muhit bilan o’zaro ta’sirini texnik-texnologik jihatdan hamda resurslar bilan ta’minlash vazifalari ayni shu sohada amalga oshiriladi.SHunday qilib, ekologik jihatdan muhim qarorlar qabul qilish vakolatiga ega mansabdor shaxslar ko’p sonlidir.
Mazkur shaxslarning ekologiya sohasidagi g’ayrihuquqiy xulq-atvoriga quyidagilar salbiy ta’sir ko’rsatadi:
-ekologik ahamiyatga molik faoliyatda tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini o’z vaqtida o’tkazishdan voz kechish hisobiga foydali qazilmalar va xom ashyo resurslari olishni arzonlashtirishga harakat qilish;
-tabiiy resurslarni qayta ishlash hamda ulardan foydalanishni asossiz ravishda soddalashtirish yoki tezlashtirish va h.k.
Ishlab chiqarishning ayrim tarmoqlari hamda transportning atrof muhitni ifloslantirishda ishtirokini baholashga doir ma’lumotlarni keltirish mumkin. Birinchi o’rinni ko’p yillardan beri metallurgiya sanoati egallab keladi. Uning faoliyatidan ifloslanish ulushi qariyb 40% ni tashkil etadi. Atrof tabiiy muhitning ifloslanishida issiqlik elektrostantsiyalarining ulushi – 30%, neftь qazib olish hamda kimyosanoatining ulushi – 20%, avtomobilь transportining ulushi – taxminan 10-15%, ishlab chiqarish boshqa tarmoqlarining ulushi – 7-10%.
Ekologiya sohasida jinoyatlar qasddan ham, ehtiyotsizlik orqasida ham sodir etilishi mumkin. Qasddan jinoyat sodir etuvchilarga egoizm, jamoat manfaatlariga bepisandlik, ekologiya qonunchiligiga hurmatsizlik va hokazolar xos. Ekologiya sohasida ehtiyotsizlik orqasida mansabdorlik jinoyatlari odatda yengiltaklik, atrof muhitni muhofaza qilish masalalarini tartibga soluvchi qonunlarga hurmatsizlik, o’quvsizlik, boshboshdoqlik va nazoratsizlik xos bo’lgan shaxslar tomonidan sodir etiladi. Ekologiya sohasida mansab mavqeiga ega bo’lmagan shaxslar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlar jumlasiga avvalo ov hamda baliq ovlash qoidalarini buzish, daraxtlar, boshqa o’rmon ekinlarini g’ayriqonuniy kesish kiradi.
Ushbu toifadagi jinoyatlarning umumiy sabablari jumlasiga quyidagilar kiradi: ovchilik, baliqchilik va boshqa faoliyat sohalarini tartibga solishda mavjud jiddiy kamchiliklar; ehtiyojlarni qondirishning qonuniy vositalari lozim darajada rivojlanmaganligi; jinoiy faoliyatga nazorat choralari bilan samarali ta’sir ko’rsatilmasligi; ekologiya sohasidagi jinoyatlar uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan qonunchilik samarali qo’llanilmasligi (ayrim jinoyatchilarning jazosizligi) va h.k. Sub’ektiv sabablar jumlasiga quyidagilar kiradi: ekologik va huquqiy ong darajasining pastligi; aholi ayrim guruhlarining mazkur jinoyatlarga befarqligi.Ko’rsatib o’tilgan jinoyatlarning sabablari g’ayrihuquqiy faoliyat bilan shug’ullanishning ekologik-geografik shartsharoitlari bilan uzviy bog’liq. Bu asosan ov yoki baliq ovlash bilan faol shug’ullanish imkoniyati saqlangan hududlardir.So’nggi yillarda ekologiya sohasidagi jinoyatlarning yer osti boyliklarini g’ayriqonuniy qazib olish, dorivor giyohlar o’stirish kabi turlari ham rivojlanmoqda.
Ekologiya sohasidagi jinoyatchilikning mansabdorlik bilan bog’liq bo’lmagan iqtisodiy omillari rang-barangdir. Ularning jumlasiga, yuqorida sanab o’tilganlardan tashqari, turmush darajasining pasayishi, ishsizlik, bepul yoki imtiyozlidavolanish imkoniyatining yo’qolishi kiradi. Ayni shu sabablarga ko’ra brakonьerlik, yerni shaxsiy ehtiyojlar uchun o’zboshimchalik bilan egallab olish, alohida muhofaza qilinadigan hududlar rejimini buzish keng tarqalmoqda. Bu jinoyatlarni sodir etuvchi shaxslar iqtisodiy qiyinchiliklar natijasida qonuniy tirikchilik manbalarini yo’qotib, ko’pincha qonunni buzishga majbur bo’lmoqdalar. Ammo bu jinoyatlarni tamagirlik niyatida sodir etuvchi shaxslar soni ham anchagina.Ekologiya sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni qonun yo’li bilan tartibga solish asosan ishlab chiqarish va boshqa xo’jalik faoliyati salbiy oqibatlarining oldini olishga emas, balki bu oqibatlar yuzaga kelganidan so’ng ularni tugatishga qaratilganki, bu ekologik nuqtai nazardan ham, iqtisodiy nuqtai nazardan ham maqsadga muvofiq emas. Qonunchilikda ekologik cheklashlar hamda tabiatdan foydalanish rejimlari tizimi yetarli darajada o’z aksini topmagan, qonunchilikni ekologiyani muhofaza qilishga yo’naltirish kontseptsiyasi mavjud emas.Ekologiya sohasidagi jinoyatchilikka nazorat organlari hamda korxonalar mansabdor shaxslarining atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasidagi faolligi sezilarli darajada ta’sir ko’rsatmoqda.