3. Zo’rlik ishlatib sodir etiladigan jinoyatlarning sabablari. Tahlil qilinayotgan jinoyatlar bo’yicha har uch jabrlanuvchidan biri mast holatda bo’lgan70;1 har o’n bir jabrlanuvchidan biri notanish odamlar bilan (ko’chada, barda, uyda, dala hovlisida) spirtli ichimliklar iste’mol qilib, jinoyatga muayyan darajada turtki bergan. Voyaga yetmaganlar ko’pincha kiyim-kechak va poyafzal (21,5%); mototsikllar, velosipedlar hamda ularga ehtiyot qismlar(33,4%); magnitofonlar, magnitolalar hamda radioapparatura (13,1%); audio va videoapparatura (7%); avtomobillar (2%);oziq-ovqat mahsulotlari (7%) o’g’irlaydilar. Jinoiy tajovuz narsalari orasida spirtli ichimliklar 6% ni tashkil etadi.
So’nggi yillarda huquqni qo’llovchi organlarning xodimlari ba’zan zo’rlik ishlatish yo’li bilan talonchilik, bosqinchilik, tovlamachilik qiluvchi va odam o’ldiruvchi uyushgan guruhlar va jinoyatchilarning uyushmalariga to’qnash kelmoqdalar71.Uyushgan jinoyatchilik – bu uch darajadagi jinoiy tuzilmalar (jinoiy guruhlar, tashkilotlar va uyushmalar) tuzish hamda ularning jinoiy faoliyat bilan shug’ullanishi72.
Birgalikda faoliyat olib borishning ijtimoiy-psixologik ko’rsatkichlari, guruh ishtirokchilarining miqdor va sifat xususiyatlari, faoliyat yo’nalishi va doirasi, tarkibiy tuzilishi va aloqalarining murakkablik darajasiga qarab jinoiy guruhlarni quyidagi turlarga ajratish mumkin: 1) umumjinoiy; 2)tamagirlik-xo’jalik; 3) aralash.
1.Ishtirokchilari soniga ko’ra:1) kichik (10 tagacha odam); 2) o’rtacha (11 tadan 20 tagacha odam);3) katta (20 kishidan ortiq).
2.Faoliyat doirasiga ko’ra: 1) mintaqalararo; 2) mahalliy.
3.Tarkibiy tuzilishi (ierarxiyasi)ning murakkablik darajasiga ko’ra: 1) oddiy; 2) murakkab; 3) ko’p darajali.
4.Aloqalarining tuzilishiga ko’ra: 1) to’liq; 2) aralash; 3) murakkab73.
Uyushgan jinoyatchilik – bu tamagirlik niyatida birgalikda jinoiy faoliyat bilan shug’ullanish hamda muayyan ijtimoiy sohada yoki hududda nazorat o’rnatishga erishish maqsadida uyushgan shaxslarning barqaror jinoiy birlashmasi. Bu yerda yana bir jihatga e’tibor berish lozim: Jinoiy uyushmalar o’z muhim ehtiyojlarini qondirganidan keyin oluvchi jinoiy daromad qonuniy biznesga, yaxshi daromad keltiradigan qahvaxonalar, restoranlar va hokazolarga joylashtiriladi. Bu yerda qonunlashtirilgan jinoiy daromad davlat nazoratidan chetda qoladi. Aybdorlar tergovda va sudda mazkur faoliyatni rad etadi va yashiradi74.
Bizning ma’lumotlarimizga ko’ra, bosqinchilik bilan shug’ullanuvchi jinoiy guruhlarning 9,0% ijtimoiy xavflilik va barqarorlik darajasining yuqoriligi bilan tavsiflanadi. A.Gurov professional jinoyatchilikning to’rt asosiy belgisini qayd etadi:
1) jinoiy mashg’ulotning barqaror turi (ixtisoslashuv);
2) muayyan bilim va ko’nikmalar (malaka)ga egalik;
3) jinoyat tirikchilik manbai ekanligi;
4) ijtimoiy muhit bilan aloqa75.
Bizning nazarimizda, A.A.Tayvakov professional jinoyatchilikni to’laroq tavsiflagan:
1. Jinoyatlar sodir etish tirikchilik uchun mablag’lar topishning asosiy usuli yoki asosiy usullaridan biri hisoblanadi (so’rovdan o’tkazilganlarning 78,0% shu holatni qayd etgan).
2. Professional jinoyatchilar tomonidan jinoyat sodir etish jinoyatga oldindan tayyorgarlik ko’rish, o’rganish, jinoiy kasb sirlarini o’zlashtirishni o’z ichiga oladi (bu omilning mavjudligini respondentlarning 80,0% ga yaqini qayd etgan).
3. Professional jinoyatchilar g’ayrihuquqiy qilmishlar sodir etishni yengillashtiruvchi maxsus, oldindan tayyorlangan va sinovdan o’tgan moslamalarga ega bo’ladi (so’rovdan o’tkazilgan jinoyatchilarning 75,0% bunday qurollarga ega bo’lgan).
4. Kriminal professionallarga jinoyat sodir etishning maxsus usullari va metodlari xos (respondentlarning 91,0% ularni biladi va ulardan o’z "amaliyoti"da foydalanadi).
5. Professional jinoyatchi jinoiy faoliyatni o’zining hayotdagi maqsadi sifatida tanlaydi.
6. Professional jinoyatchilik vakillari o’rtasida aniq ierarxiyaviy tabaqalanish mavjud (so’ralganlarning 87,0% bu holatni qayd etgan).
7. Professional jinoyatchilar o’z jinoiy jargoniga ega (so’rovdan o’tkazilganlarning 95,0% ulardan xabardor).
8. Professional kriminalitet vakillari professional, korporativ belgilarga ko’ra birlashadi (respondentlarning 82,0% bu holatni qayd etgan).
9. Professional jinoyatchilikka an’analar, odatlar, jinoiy "folьklor", jinoiy madaniyatning boshqa unsurlari xos (so’rovdan o’tkazilganlarning 71,0% mazkur hodisalar bilan u yoki bu darajada tanish).
10. Professional jinoyatchilar o’z bilimlari va ko’nikmalarini, g’ayrihuquqiy qilmishlar sodir etish usullarini boshlovchi jinoyatchilarga o’rgatish, o’zlariga o’rinbosarlar tayyorlashga qodirlar (so’rovdan o’tkazilganlarning 50,0% ga yaqini o’ziga xos «o’g’rilik maktabi»ni o’tagan).
11. Jinoyatdan keyingi xulq-atvor qat’iy belgilangan andozalarining mavjudligi (so’ralganlarning 92,0% o’g’irlik molni sotishning yaxshi yo’lga qo’yilgan kanallariga ega, jinoyat sodir etilgan joydan qochib yashirinishning sinashta yo’llarini biladi).
12. O’z kriminal kasbidan faxrlanish tuyg’usi hamda professional jinoyatchilar ruhiyatining boshqa shunga o’xshash unsurlari (respondentlarning 45,0% o’z jinoiy kasbidan g’ururlanishini aytgan)76.
So’nggi yillarda uyushgan guruhlardan bo’lgan professional jinoyatchilar yirik talonchilar va bosqinchilar bilan birlashishi xavfli kriminogen omilga aylanmoqda. Yirik talonchilar va bosqinchilar o’g’irlik molni sotish, uni qo’riqlash,raqiblardan himoyalanish, ularga tazyiq o’tkazish uchun uyushgan jinoyatchilarga muhtoj bo’la boshladilar. Ayni vaqtda, talonchilar va bosqinchilar jinoiy yo’l bilan topgan boyliklar uyushgan jinoiy guruhlar, avvalo ularning sardorlari e’tiborini tortmoqda.77 Endi ayollar jinoyatchiligi haqida. So’nggi 15 yilda sobiq SSSRda har yili 180-200 ming ayol qonunbuzarlik sodir etgan78.Ayollar jinoyatlarining tarkibi o’zgarmoqda. Ular azaldan ayollarga xos bo’lgan jinoyatlar – firibgarlik, mayda o’g’rilikdan erkaklarga xos bo’lgan jinoyatlarga o’tmoqdalar.1992 yil MDH mamlakatlarida sodir etilgan jinoyatlar tahlili ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan
ayollarning 75 foizi yoki uchdan ikki qismi u yerga mulkka va hayotga qarshi jinoyatlar uchun tushganligini ko’rsatdi79.O’zbekistonda jinoyat sodir etgan shaxslar orasida ayollar 12,5%ni, tamagirlik niyatida zo’rlik ishlatib sodir etilgan jinoyatlar bo’yicha – 4,3% ni tashkil etadi. Ayollar jinoyatchiligiga kriminologik tavsif berishda shuni ta’kidlash lozimki, bu hodisa ko’pgina ko’rsatkichlar bo’yicha erkaklar jinoyatchiligiga yaqinlashmoqda80.