Axborotga kim egalik qilsa, u dunyoga egalik qiladi
1. Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishida strategiyada belgilangan vazifalar: - maktab taʼlimi sifatini oshirish, kelgusi besh yilda maktablarda qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish hamda darsliklarni yangilash;
- barcha hududlarda maktabgacha taʼlimning qamrov darajasini 67 foizdan 80 foizga yetkazish;
- kamida 10 ta oliygohning nufuzli xalqaro reytinglarga kirishini taʼminlash;
- xususiy sheriklik asosida 100 ming o‘rinli talabalar
turar joylarini barpo etish;
- byudjetdan dori vositalari va tibbiy buyumlarga ajratiladigan mablag‘larni 3 baravarga oshirish;
- birlamchi tibbiyot xizmatlari sifatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, raqamli tibbiyotni keng joriy qilish.
“Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sogʻlom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz”, deya taʼkidladi Prezidentimiz joriy yil 26-yanvar kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida.
Yigʻilish yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni
2022-yil – “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini tashkil etish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan edi. Qabul qilingan yangi taraqqiyot strategiyasida yettita ustuvor yoʻnalish boʻyicha “Inson qadri uchun – 100 ta maqsad” belgilangan. Ular orasida adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirishga oid vazifalar bor.
Jamiyat qanday boʻlsa, ijtimoiy munosabatlar majmui hisoblangan inson kapitali ham unga mos boʻladi. Inson kapitali rivoji shaxsning ongi, odob-axloqi, maʼnaviyati, dunyoqarashi, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy munosabatlarga, ijtimoiy tuzum mohiyati va tabiatiga bevosita bogʻliq. Inson aql-idrok sohibi boʻlgani bois, real dunyodagi voqealarni tushunadi, ilmu tafakkuri, mehnati, salohiyati bilan dunyoni boshqaradi. Inson kapitalining yuksalishiga uni oʻrab turgan ijtimoiy muhitda roʻy berayotgan jamiki voqealar taʼsir koʻrsatadi.
Innovatsion inson kapitali yaratish uchun mamlakatning har bir oilasi va unda tugʻilgan farzandlarni kichik yoshidan boshlab bilim olishga yoʻnaltirish, qalbida ilmga havas, mehnatga muhabbat uygʻotish, ularni eng yangi texnologiyalar, jahon standartlari darajasidagi darslik va qoʻllanmalar bilan oʻqitish, oʻrgatish lozim.
Bilimlar jamiyatdagi bor imkoniyatlardan foydalanishni, koʻnikma-malakalar esa ijtimoiy taraqqiyot va iqtisodiy oʻsishni taʼminlaydi. Bu hodisa doimiy ravishda taʼlimni moliyalashtirib borishni taqozo etadi.
Inson kapitali darajasini bir nechta usulga asoslanib baholash mumkin. Anʼanaga koʻra, iqtisodchilar buni koʻproq taʼlim olgan odamlarning daromadi bilan hisoblashadi. Tadqiqotlar har bir qoʻshimcha taʼlim yili inson daromadini oʻrtacha 10 foiz oshirishini isbotladi. Taʼlimga kiritiladigan sarmoyalar ham jamiyatda ijtimoiy tengsizlikni kamaytiradi. Aksariyat mamlakatlarda nisbatan oʻziga toʻq oilalarda tugʻilgan farzandlar bolalikdanoq keng imkoniyatlardan foydalanishni boshlaydi va u butun umri davomida qator afzalliklarni, qulayliklarni qoʻlga kiritadi. Aksincha, nochor oilalar farzandi shunday imkoniyatlardan bebahra qoladi.
Inson kapitali uchun maxsus element sifatida taʼlim belgilanadi va uning asosiy qismlari toʻrt komponent birlashmasidan – madaniy va etnik xususiyatlar, umumiy taʼlim, kasb-hunar taʼlimi, asosiy malakadan tashkil topadi. Taʼlimga yoʻnaltirilgan investitsiya nafaqat mamlakatni rivojlantirishning maxsus strategiyasi, balki inson kapitali va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollarini yaxshilashga qaratilgan ijtimoiy siyosatdir. Buning natijasida inson kapitali takomillashib, moddiy farovonlik va sogʻlom turmush tarziga erishiladi. Inson kapitali har bir insonning individual kapital shaklidir. Qobiliyat, bilim, koʻnikma va tajriba har bir yoshning shaxsiy mulkidir.
Yoshlarni yuqori malakali kasb sohiblari etib tarbiyalash bugun yangi Oʻzbekistonning ustuvor davlat siyosatiga aylandi. Xususan, oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 25 foizdan oshdi. Oliy taʼlim muassasalari soni qisqa muddatda 78 tadan 157 taga yetkazildi. Sirtqi va masofaviy taʼlim shakllari, ilmiy darajalarga ega professor-oʻqituvchilar maoshiga 60 foizgacha ustama haq toʻlash tizimi joriy etildi.
2. Har qanday inson kapitalining mukammalligi uning eng muhim tarkibiy qismi boʻlgan taʼlim sifatiga bevosita bogʻliq. Zamonaviy oliy taʼlimga alohida urgʻu berilar ekan, endi diplomli mutaxassis emas, balki raqobatbardosh, malakali va irodasi mustahkam, yangi davr ruhiga mos fazilatlarga ega kadrlarga har joyda talab yuqori.
Inson kapitalining rivojlanish manbalari va omillarini oʻrganish natijalariga koʻra, inson kapitali uchun oila darajasidagi investitsiyaga eʼtiborni kuchaytirish maqsadga muvofiqdir. Chunki inson kapitalining barcha tarkibiy qismlari oila oʻz farzandiga kiritadigan investitsiya orqali shakllantiriladi va koʻpaytiriladi. Insonning intellektual va psixofiziologik qobiliyatlarini oilada rivojlantirish uning kelgusida kamolga yetishi va inson kapitali muntazam takomillashib borishining poydevoridir.
Har bir oila ijtimoiy munosabatlarni oʻziga xos tarzda aks ettiradi. Oilaning bolaga taʼsiri spetsifik boʻlgani uchun uning maʼnaviy-axloqiy qiyofasi shakllanishi ham oʻziga xos va takrorlanmasdir. Ijtimoiy kapital va resurslar manbalari vujudga kelishida oilaning oʻrni beqiyos. Oʻz navbatida, sogʻlom oila va farzandlar davlat uchun investitsiya hisoblanadi. Oila farovonligi moddiy farovonlik qatorida oila aʼzolari va farzandlar salomatligi, ijtimoiy turmush tarzi sogʻlomligi, tinchligi bilan belgilanadi.
Mikro darajaning asosiy omili ham oila boʻlib, birlamchi oʻzaro ijtimoiy munosabatlarning asosiy elementidir. Tadqiqotlarning koʻrsatishicha, oilada inson kapitali “sotsializator” sifatida taʼlim va tarbiya muassasalarining ongga taʼsirida ustunlik qiladi. Agar oila va maktab turli qadriyatlar hamda stereotiplar tizimini tarqatgan boʻlsa, bu raqobatda oila yutib chiqadi. Chunki oiladagi tarbiya uzluksizdir va u nafaqat ongli, balki ongsiz darajada ham amalga oshiriladi.
Inson kapitalini yakka shaxs miqyosida olib qaraganda, asosiy investor mazkur kapital egasining oʻzidir. Inson kapitaliga investitsiya kiritish ishonch darajasini ham oshiradi. Oʻqimishli insonlar boshqalarga koʻproq ishonadi, ishonch darajasi baland boʻlgan jamiyat odatda nisbatan yuqori iqtisodiy oʻsishga erishadi. Mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish sohasini optimallashtirish natijasida yangi ijtimoiy muhit, yangi maʼnaviy va axloqiy qadriyatlarga asoslangan inson kapitali paydo boʻldi.
“Bundan buyon faoliyatimizni mutlaqo yangicha, yaʼni “inson — jamiyat — davlat” tamoyili asosida tashkil etamiz. Bu maqsadga erishish uchun esa dunyodagi noyob demokratik tuzilma boʻlgan mahalla institutining katta imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, pirovard natijada mahallani jamiyatimizning hal qiluvchi boʻgʻiniga aylantirish vazifasini oldimizga qoʻymoqdamiz. Muxtasar aytganda, mahalla tinch boʻlsa, yurt tinch boʻladi. Mahalla obod boʻlsa, butun mamlakat obod boʻladi”, degan edi davlatimiz rahbari mahalla haqida gapirib.
Ha, Oʻzbekiston tajribasida inson omili va ijtimoiy kapital masalalarini belgilab berishda mahallaning oʻrni beqiyos. Odatda mahallaga ijtimoiy institut sifatida yondashiladi. Mahalla oʻz funksiyasi orqali aʼzolarining jamiyat hayotidagi ijtimoiylashuvini taʼminlaydi hamda jamiyatdagi meʼyor va tartiblarga amal qilishga chorlaydi. Mamlakatimizda jamoaviy turmush tarzimizning azaliy shakli boʻlgan mahalla tizimi qayta tiklanishiga erishildi. U dunyoda oʻxshashi boʻlmagan va aholiga eng yaqin ijtimoiy tuzilma sifatida oʻz ishini tizimli yurita boshladi. Mahalla nafaqat hududiy tinchlikni taʼminlovchi tashkilot, balki aholini toʻlaqonli maʼnaviy, iqtisodiy, ijtimoiy va ruhiy himoyalovchi va rivojlantiruvchi muassasa hamdir.
Inson kapitalining har bir tarkibiy qismi ijtimoiy muhit bilan oʻzaro munosabatlarda shakllangan shaxslar va ijtimoiy jamoalarni qoʻllab-quvvatlovchi mexanizmlar bilan oʻlchanadi. Binobarin, mahalladagi ijtimoiy muhit sotsial munosabatlar doirasida oʻz aʼzolarining yurish-turishini tartibga soladi.
3. “Axborotga kim egalik qilsa, u dunyoga egalik qiladi”, deb bejiz aytilmagan. 2019-yil yakunida Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2020-yilni “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qildi va ushbu yilda mamlakat raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda tub burilish yasashi kerakligini taʼkidlab, bunday dedi: “Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yoʻlidan borish imkoniyatini beradi”.
Taʼkidlash joizki, zamonaviy oʻzbek jamiyatida yoshlarning soʻnggi axborot texnologiyalaridan foydalanish va ularni oʻzlashtirish salohiyati baland.
Axborotlashgan jamiyatda maʼlumot berish va axborot olish har doim bilimga asoslangan, lekin ular oʻrtasida keskin farqlar mavjud. Xususan, sotsiumda moslashuvchan texnologiyalar vujudga kelib, jamiyatning axborotlar tizimini paydo qilishi postindustrial jamiyatga oʻtish sharoitida yaqqol koʻzga tashlanadi. Internet, interaktiv televideniye, ijtimoiy tarmoq va boshqa axborot texnologiyalarining inson kapitalini taʼminlashga asos vazifasini bajaruvchi vositaga aylanishi kuzatiladi. Hozir axborot raqamli texnologiyalar orqali uzatilmoqda, oʻz navbatida, fan va taʼlimga asoslangan jamiyatda inson kapitali qadri ham oʻzgarib bormoqda. Inson endi katta hajmdagi axborotni xotirada saqlay olmaydi, chunki uni istalgan vaqtda tarmoqdan topish imkoni bor. Endi mavjud maʼlumotlar bilan ishlash va yangilarini yaratish qobiliyati oldingi oʻrinlarga chiqdi. Inson kapitalining mohiyati ham shunga borib taqaladi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan bogʻliqlik oliy va undan keyingi taʼlim tizimi bilan mutanosib ravishda rivojlanib bordi hamda u bugun inson kapitali omiliga bogʻlangan. Namangan davlat universitetida ilm-fanni rivojlantirish, yoshlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida birgina tayanch doktoranturaga qabul koʻrsatkichlari joriy yilda avvalgi yillardagiga qaraganda qariyb 2,5 barobar ortib, 35 tadan 84 taga yetdi. Shuningdek, ixtisoslashgan kengashlar soni 4 tadan 6 taga, himoya qilinishi mumkin boʻlgan ixtisosliklar soni 9 tadan 12 taga, doktorantura ixtisosliklari soni 28 tadan 31 taga oshirildi.
Shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda yashayapmiz. Umumiy ko’rib chiqadigan bo’lsak, dastlab, shaxsiy kompyuterlarning yaratilishi, keyinchalik internetning ixtiro qilnishi insoniyat taraqqiyotining katta yangi bosqichga olib chiqqan bo’lsa, bugungi kunda sun’iy intellect tizimlarini ishlab chiqilishi fan va texnika taraqqiyotining aqlbovar qilmas darajada yangi va yuqori bosqichga ko’tarmoqda. Bill Geyst “Kim axborotga egalik qilsa — u dunyoga egalik qiladi” deganida axborot va uning oliy shakli bo’lgan bilimning jamiyatdagi, hayotdagi o’rni beqiyos ekanligini eng munosib va qisqa so’zlar bilan ifodalab bo’lgan edi. Zero, Sun’iy intellect asosida axborot, bilimlar bazasi yotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi SUN’IY INTELLEKT TEXNOLOGIYALARINI JADAL JORIY ETISH UCHUN SHART-SHAROITLAR YARATISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA PQ-4996-sonli qaroriga binoan “Raqamli O‘zbekiston — 2030” Strategiyasiga muvofiq hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish va ularni mamlakatimizda keng qo‘llash, raqamli ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini va ularning yuqori sifatini ta’minlash, ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qator muhim masalalar belgilab olindi. Asosda jamiyatni raqamlashtirish, fan, texnikani va boshqa qator soxalarni zamonaviy ko’lamda loyihalash bo’yicha turli isloxotlar olib borilmoqdaki, jahon tajribasida raqamlashtirish, bilimlar bazasi, sun’iy intellect tizimlarini turli soxalarga jalb etishda erishilayotgan yutuqlar, va jamiyat taraqqiyotidagi katta ahamiyati bunga asos bo’lmoqda. Shunday ekan, bilimlar bazasini loyihalash, “aqlli” tehnologiyalarni ishlab chiqish, rivojlangan davlatlar tajribasini o’rganish va bu yo’lda dunyoda o’z o’rniga ega bo’lish, bugunning dolzarb masalasiga aylanib ulgurgan.