2.3. Savdoning rivojlanishi va uning muammolari
Hozirgi paytda xizmat ko‘rsatish sohasida savdo, ovqatlanish va transport xizmatlari eng katta hissani tashkil etadi. Savdo va ovqatlanish korxonalari faoliyatining asosiy ko‘rsatkichi chakana tovar aylanishidir. Bu ko‘rsatkich hisobot davrida korxona tashkilotlariga (yuridik shaxslarga) hamda aholiga oxirgi iste’mol uchun sotilgan tovarlar qiymatlarining yig‘indisini bildiradi.
Savdo va ovqatlanish sohasidagi xizmatlar yildan-yilga rivojlanib, tovarlarni turlari ko‘payib, xizmat sifati yaxshilanib bormoqda. Natijada chakana tovar aylanmasining yildan-yilga muntazam ravishda yuqori sur’atlar bilan o‘sib borayotganligida ifodalanmoqda.
3.2-jadval
CHakana tovar aylanmasi hajmi
№
|
KO‘RSATKICHLAR
|
YILLAR
|
2000
|
2005
|
2010
|
2011
|
2012
|
2013
|
1
|
CHakana tovar aylanmasi, mlrd. so‘mda (joriy baholarda)
|
1787.5
|
5577.4
|
21448,9
|
28357,0
|
36917,8
|
47010,8
|
2
|
O‘sish sur’atlari %
|
|
|
A) Zanjirsimon usulda foizda
|
100
|
312,0
|
385,0
|
132,0
|
130,2
|
127,2
|
|
B) Bazis usulda, marta
|
1,0
|
3,12
|
12,0
|
15,8
|
20,6
|
26,3
|
Jadval ma’lumotlaridan ko‘rinib turibdiki, chakana tovar aylanmasi hajmi mamlakatimizda yildan-yilga muntazam ravishda yuqori sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Bunga asosiy sabab iqtisodiyotimizni samarali rivojlanganliga, aholi daromadlarining ko‘payib borayotganligi, xalq xo‘jaligi tarmoqlarining aholi ehtiyoji uchun zarur tovarlarni ko‘proq ishlab chiqarayotganligi hamda ularning sifatini yaxshilanib boryotganligidir.
Chakana tovar aylanmasi ushbu 13 yilda 26 baravardan ko‘proq ko‘paygan, ya’ni uning hajmi 2000 yilda 1787.5 mlrd. so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2013 yilga kelib, mamlakatimiz chakana tovar aylanmasi summasi hajmi 47010,8 mlrd. so‘mga etgan.
Chakana tovar aylanmasi muhim ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatgichdir. Chakana tovar aylanmasi bir tomondan aholi daromadlari va ularning turmush darajasini ifodalaydi. Ikkinchi tomondan chakana tovar aylanmasi ishlab chiqarilgan mahsulot va ko‘rsatilgan xizmatlarni iste’molchilar tomonidan qabul qilinganligini bildirib, ularni sotuvchilar (ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi tarmoq korxonalari) ishlab chiqarish harajatlarini qoplab, ma’lum miqdorda foyda olganligini bildiradi. Bu esa o‘z navbatida mahsulotlarni yanada ko‘proq ishlab chiqarishni va xizmat ko‘rsatishni davom ettirishni ta’minlaydi. Tovar va xizmatlar baholiriga qo‘shilgan turli soliqlar ham iste’molchiga sotilgan hisoblanib, davlat bydjeti daromadlarini ko‘paytiradi.
Chakana savdo va ovqatlanish hajmi o‘sib borganligi bilan bir vaqtda bu borada, to‘siq va kamchiliklar, muammolar ham mavjuddir.
Ular quyidagilarda o‘z aksini topadi:
Savdo do‘konlarining ko‘pchiligi xususiy bo‘lib, tovarlarni saqlash joylari va sotish maydonlari juda kichikligi. Ayniqsa, bu qishloq xo‘jaligidagi savdo do‘konlarida juda sezilarlidir. Bu muammo katta hajmdagi va keng assortimentdagi tovarlarni sotib olish imkonini cheklaydi;
Joylarda xududlar bo‘yicha ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlarning kamligi, ayrim tovarlarni iste’molchiga etkazib berishda muammolarning mavjudligi;
Savdo do‘konlarining barcha tovarlarini ham sifatli deb bo‘lmasligi;
Sotuvchilarning murakkab tovarlarni (musiqa asboblari, elektr tovarlari va shu kabilar) ishlatishni bilmasliklari, ko‘plarining o‘z kasbi bo‘yicha savodlari pastligi yoki umuman yo‘qligi;
Savdo do‘konlarining ko‘pchiligi kichik bo‘lishiga qaramasdan, turli tovarlarning (bir joyda yonma-yon saqlanishi mumkin bo‘lmagan) bir joyda saqlanib sotilayotganligi va buning natijasida tovarlarning sifati o‘zgarishi va shu kabi bir qator muammolarning mavjudligidir.
Savdo do‘konlari ko‘pchiligining joylari kichik bo‘lganligi sababli, hududlarda (katta yo‘llar kesishgan, transport aloqasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan joylarda) ulgurji tovarlar bazasini tashkil etish lozim. Bu bazalar maxsus jihozlangan bo‘lib, tovarlarni saqlash uchun etarli sharoitga ega bo‘ladi. Bu bazalarda ushbu tovar turlari bo‘yicha mutaxassislar ishlaydigan bo‘lsa, tovarlarning sifati dastlabki nazoratdan o‘tkaziladi. Ayniqsa, bunday bazalar kichik savdo do‘konlarini muntazam kerakli assortimentda tovarlar bilan ta’minlab turishda muhim vositachilik vazifasini o‘taydi. Ma’lumki, chakana savdo do‘konlari kichik hajmdagi va juda keng (ko‘p) assortimentdagi tovarlarni sotib oladi va aholiga sotadi. SHuning uchun ham ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqarish korxonalari bilan tayyor mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzishga qiynalishadi. CHunki ishlab chiqaruvchilar katta hajmda, lekin ma’lum (kichik) assortimentdagi mahsulotlarni ishlab chiqaradi va sotadi. Bu borada ulgurji savdo bazalari shunday ko‘p sonli kichik chakana savdo do‘konlari va bir necha turdagi tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘rtasida muhim rol o‘ynaydi. Demak, ulgurji savdo bazalari ishlab chiqaruvchilardan tayyor mahsulotlarning bir necha turini katta hajmda sotib olib, ularni chakana savdo korxonalariga kichik miqdorda (hajmda) lekin ko‘p assortimentda sotar ekan. Tovarlarning ishlab chiqaruvchi korxonalardan to iste’molchilarga etkazilganga qadar bo‘lgan harakati tovar harakati bo‘lib, bu harakat va harakat davri imkoni boricha juda qisqa bo‘lishi lozim.
Savdo do‘konlaridagi tovarlar sifatli bo‘lishi bilan bir vaqtda ular sotulguncha to‘g‘ri, tovarlar xususiyatidan kelib chiqib saqlanishi lozim. Buning uchun chakana savdo korxonalarida etarlicha jihozlar (polkalar, shkaflar, muzlatgichlar va shu kabilar) bo‘lishi, sotuvchilar ham tovarlarning xususiyatlarini va qanday foydalanishni bilishi kerak. Bugungi kunda chakana savdo do‘konlarida ishlayotgan sotuvchilarning ko‘pchiligi, maxsus bilimga ega emas. SHuning uchun ham o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlarida «Oziq-ovqat tovarshunosligi», «Nooziq-ovqat tovarshunosligi», «Madaniy-maishiy mollar tovarshunosligi» mutaxassislik yo‘nalishlarini ochib, maxsus bilimga ega bo‘lgan sotuvchi kadrlar tayyorlansa ijobiy ish qilingan bo‘lar edi.
Umuman olganda, xizmat ko‘rsatish sohasi sub’ektlari faoliyatlari ko‘rsatkichlarini to‘g‘ri aniqlash, aniq hisoblash, ma’lumotlarni to‘plash muhim ishlardan biri bo‘lib, bu ma’lumotlar asosida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha to‘g‘ri boshqaruv qarorlarini qabul qilish lozim bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |