Meni qiziqtirgan tayanch tushunchalarim-www.fayllar.org
«top-toza taxtaga» o‘xshatadi. Uning fikricha, bolaning «top-toza taxta» tarzidagi ruhiga nimalarni yozish mutlaqo katta odamlar ixtiyorlaridadir. Shuning uchun bolaning qanday odam bo‘lib yetishishi, ya’ni unda qanday shaxsiy fazilatlarning tarkib topishi bola hayotdan oladigan tajribaga, o‘zgalar bilan muloqot jarayonida oladigan hayotiy tushuncha va tasavvurlariga bog‘liqdir, deb ta’kidlaydi. Har ikkala yo‘nalishning namoyandalari, o‘z manfaatlarining tashqi jihatdan bir-biriga qarama-qarshi bo‘lishiga qaramay, insonning psixik xususiyatlarini yo nasliy, biologik omillar ta’siri ostida yoki o‘zgarmas muhit ta’sirida avvaldan belgilangan va o‘zgarmas narsa, deb e’tirof etadilar.
Ma’lumki, odam shaxs sifatida muntazam, qandaydir faoliyatda tarkib topib boradi, rivojlanadi, uning faolligi namoyon bo‘ladi. Agarda hayvonlar tevarak-atrofdagi tashqi muhitga passiv moslashib, hayot faoliyatlarida tabiatdagi, ya’ni tashqi muhitdagi tayyor narsalardan foydalansalar, odam esa tevarak-atrofidagi tashqi muhitga faol ta’sir ko‘rsatib, uni o‘z irodasiga bo‘ysundiradi hamda o‘zgartirib, o‘z ehtiyojlarini qondirishga xizmat qildiradi.
Kuzatishlar jarayonida shu narsa ma’lum bo‘ldi-ki, odamdagi tug‘ma irsiy mexanizmlari uning psixik rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi-yu, biroq uning mazmunini ham, shaxsiy fazilatlarini ham belgilab bera olmaydi. Ta’kidlash zarurki, muhit ham bola psixikasida rivojlantirishda muayyan rol o‘ynaydi. Faqat, buning uchun bolani o‘qitayotgan kishilarning ta’siri natijasida bola ana shu muhitni faol ravishda o‘rganib olishi, tabiiydir.
Inson shaxsi tuzilishida biologik (tabiiy) va ijtimoiy omillarning o‘zaro nisbati masalasi hozirgi zamon psixologiyasidagi eng murakkab va munozarali masalalardan biridir.
Psixologiyada shaxsda ikkita omil - biologik va ijtimoiy omillar ta’siri ostida shakllangan ikkita asosiy kichik struktura borligini alohida ta’kidlaydigan nazariya sezilarli o‘rin egallaydi.
Yosh davrlari psixologiyasi ontogenezdagi turli yosh davrlari psixik taraqqiyotining umumiy qonuniyatlarini, psixik rivojlanishini hamda psixologik xususiyatlarini o‘rganadi.
Yoshning ulg‘ayib borishi, psixik jarayonlarning inson rivojlanishidagi qonuniyatlari, undagi yetakchi omillar hamda inson hayot yo‘lining turli bosqichlarida uning shaxsiga xos xususiyatlar - yosh davrlari psixologiya fanining tadqiqot predmeti hisoblanadi. Ma’lumki, shaxs tarkib topish jarayonining psixologik qonuniyatlarnni, uning ilmiy asoslarini mukammal bilmay turib, ta’lim va tarbiyaning nazariy hamda amaliy masalalarini muvaffaqiyatli hal etib bo‘lmaydi.
Psixologiya fanida yosh davrlarini tabaqalash bo‘yicha turlicha usullar mavjuddir. Bu inson shaxsini tadqiq qilishga turli nuqtai-nazardan yondashuv mazkur muammoning mohiyatini turlicha yoritadi
Shu vaqtgacha psixologiya ilmida shaxs taraqqiyotini davrlarga bo‘lib o‘rganishga juda katta e’tibor qaratilgan. Bir qancha davriy jadvallar ham taklif etilgan, Lekin shu sohada astoydil ijod qilgan har qanday olim o‘zining “davrlarini” taklif etavergan. Zero insonning hayotiy yo‘li va uning asosiy lahzalari tarixiy taraqqiyot mobaynida o‘zgaradi. Bir avloddan ikkinchi avlod taraqqiyotiga o‘tishning o‘zi ham qator o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.
Davrlarga bo‘lishga qaratilgan tasniflarning o‘zi ham ikki turli bo‘ladi: juz’iy (alohida davrlarni yana qo‘shimcha davrlarga bo‘lish – “davrlar ichidagi davrlar”) va umumiy ( inson umrining barcha bosqichlarini o‘z ichiga olgan). Masalan, juz’iy tasnifga J.Piajening intellekt rivojlanishidagi bosqichlarga bo‘lishni kiritish mumkin.