Immom Buxoriy, at-Termiziy, Immom Maturudiy va Ahmad Yassaviylarni islom ilmini rivojlanishiga qo\'shgan hissasi.
Immom Maturudiy hayoti va ijodi.
Moturidiy (Abu Mansur al-Moturidiy; Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiy) (870-yil Samarqand – 944-yil Samarqand) – imom, fiqh olimi, kalom ilmining moturidiylik oqimi asoschisi. „Imom al-hudo“, „Imom al-mutakallimin“ („Hidoyat yoʻli imomi“, „Mutakallimlar imomi“) nomlari bilan ulugʻlangan. Moturid qishlogʻida (hozirgi Jomboy
tumanidan) tavallud topib, to umrining oxirigacha shu yerda yashagan, bu yerda
katta bogʻ ham barpo etgan.
Moturidiy Samarqanddagi al-Ayoziy madrasasida oʻqidi, mahalliy hanafiy faqihlardan taʼlim oldi, Abu Bakr Ahmad al-Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad ibn al-Husayn al-Iyodiy, Nusayr ibn Yahyo al-Balxiy, Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy unga ustozlik qilishdi. Keyin oʻzi fiqh va kalom ilmlaridan dars berdi. Abu Ahmad al-Iyodiy, Abul Hasan Ali ibn Sayyid ar-Rustugʻfaniy, Abu Bakr as-Samarqandiy, Makhul an-Nasafiy, Abul Mu’in an-Nasafiy, Abulyusr al-Pazdaviy kabi shogirdlar yetishtirdi. Vasiyatiga koʻra, Samarqanddagi Chokardiza qabristoniga dafn etildi.
Moturidiyning asosiy asarlari „Kitob at-tavhid“ („Yakkaxudolik haqidagi kitob“), „Taʼvilat ahl as-sunna“dir („Sunniylik anʼanalari sharhi“). „Kitob at-Tavhid“ bilish nazariyasi bayon qilingan musulmon ilohiyotshunosligining birinchi asari hisoblanadi. Kitobning kalom ilmi taʼrifi berilgan muqaddimasida bilimning 3 manbai: hissiy (sezgi) aʼzolari vositasida, naql – rivoyatlar vositasida va aql-idrok vositasida axborotlar olish mumkinligi haqida gapiriladi. Moturidiy sof din doirasidan chiqmagan holda aql-idrokni ulugʻlaydi va mantiqan asoslangan bilimning ahamiyatini taʼkidlaydi. Kitobda oʻsha davrdagi adashgan firqalar qarashlarining haqiqatdan yiroq ekanligi tahlil etilgan. Moturidiy „Din yoʻlidagi barcha adashuvlarning sababi – riyokor kimsalarga koʻr-koʻrona ergashishdadir“, deb taʼkidlagan edi.