Xorazmshohlar davlatining boshqaruv tizimi, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti. Xorazmshohlar davrida harbiy sohaga alohida ahamiyat berilgan. Bunda bir necha yuz minglik qo’shindan tashqari oliy hukmdorning maxsus shaxsiy gvardiyasi (Haros) katta mavqega ega bo’lgan. Sulton Muhammadning shaxsiy gvardiyasi 10 ming nafar kishidan tashkil topgan. Harbiy qismlarda Harbiy nazoratchi, sipohsalor, sohibi jaysh(viloyat qo’shini boshlig’i), Amir ul-umaro, Malik (10 ming qo’shin boshlig’i), Chovush (chopar), Josus (razvedkachi), Askar qozisi kabi mansablar ham mavjud bo’lgan. Xorazmshohlar sulolalariga mansub ma’rifatparvar hukmdorlarning ilm-fan va madaniyatga doimiy rag’bat berishlari orqasida ko’plab iste’dod sohiblarining salohiyati, ijodi o’sib, yuksalib borgan. O’sha davr hukmdorlari tashabbusi bilan bunyod etilgan va faoliyat ko’rsatgan kutubxonalarda sonsanoqsiz noyob, qimmatbaho kitoblar, qo’lyozmalar to’planganki, bulardan hozirgi avlod kishilari ham bahramand bo’lmoqdalar. Buyuk matematik, astronom va geograf olim Muhammad Muso al-Xorazmiy (783-850)nomi fan tarixida alohida o’rin tutadi. Olim o’zining «Hisob aljabr val Muqobala», «Hind arifmetikasi haqida kitob», «Quyosh soatlari haqida risola», «Astronomik jadvallar» singari asarlari bilan «Algebra» faniga asos soldi. Uning arifmetika risolasi hind raqamlariga asoslangan bo’lib, hozirgi paytda biz foydalanayotgan o’nlik hisoblash sistemasining Evropada tarqalishiga sabab bo’ldi. Allomaning «al- Xorazmiy» nomi «algoritm» shaklida fanda abadiy muhrlanib qoldi. Olimning «Kitob surat al-arz» nomli geografiyaga doir asari shu qadar fundamental ahamiyatga egaki, u arab tilida ko’plab geografik asarlarning yaratilishiga zamin yaratdi.